لِلَّهِ مُلْكُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ يَخْلُقُ مَا يَشَاء يَهَبُ لِمَنْ يَشَاء إِنَاثًا وَيَهَبُ لِمَن يَشَاء الذُّكُورَ
أَوْ يُزَوِّجُهُمْ ذُكْرَانًا وَإِنَاثًا وَيَجْعَلُ مَن يَشَاء عَقِيمًا إِنَّهُ عَلِيمٌ قَدِيرٌ
Alloh taolo marhamat qiladi: “Osmonlar va Yerning hukmronligi Allohga (xos)dir. (U) xohlagan narsani yaratur. Xohlagan kishisiga qizlarni hadya etur va xohlagan kishisiga o‘g‘illarni hadya etur. Yoki ularga o‘g‘illar va qizlarni qo‘shib berur va xohlagan kishisini farzand ko‘rmaydigan qilib qo‘ygay. Albatta, U (buning hikmatini) biluvchi va (o‘zi xohlagan narsani yaratishga) qodirdir” (Sho‘ro, 49-50).
Ushbu oyatning avvalida Alloh taolo Yeru Osmonning yaratuvchisi, egasi, Yeru Osmon uning tasarrufida ekanining xabar bermoqda. U zot nimani xohlasa, o‘sha bo‘ladi, nimani xohlamasa, u bo‘lmaydi. U zot xohlaganiga beradi, xohlaganini mahrum qiladi. Uning berganini man’ qiluvchi, man’ qilganini esa beruvchi yo‘q. U zot O‘zi xohlagan kishisiga O‘zi xohlagan narsasini ato qiladi. Chunki u zotgina bandasiga nimaning foydasi ko‘prog‘-u, nimaning foydasi kamroqligini yaxshi biladi. Alloh – buyuk bilim sohibi.
Qur’oni karimda qiz bolaning o‘g‘il boladan oldin zikr etilishi ham qiz farzandning o‘g‘ilga nisbatan fazilatli va barakali ekaniga dalolat qiladi.
Alloh taolo oyatning davomida bandalarni to‘rt qismga bo‘lmoqda:
Alloh taolo kimga nima berishni o‘zi biladi va uni yaratishga qodir. Bu ilohiy taqsimotga itoat etish ham ibodatdir. Alloh har bir bandaning foydasini ko‘zlab shu ishni bajaradi. Banda esa goho bunga shoshqaloqlik bilan yondashadi. Bu Alloh bandasini yomon ko‘radi, degani emas. Shunday bo‘lganida o‘zining insonlar orasidan suyukli qilib tanlab olgan payg‘ambarlariga har ikkisidan ham bergan bo‘lmasmidi? Alloh kimga, nimani, qanday, qancha va qachon berishni o‘zi biladi.
Hayotda insonlar to‘rt xil holatda yaratilgan: Odam alayhissalom erkak va ayolsiz tuproqdan, Havvo onamiz ayolsiz faqat erkakdan, ya’ni Odam alayhissalomning chap qovurg‘asidan, Iso alayhissalom erkaksiz faqat ayoldan, ya’ni Maryam onamizdan, qolgan insonlar esa erkagu ayoldan. Banda buni fikr qilishi va farzanddek buyuk ne’matni shukronalik ila qabul qilmog‘i shart. Bunga noshukur bo‘lish – gunohi azim.
Alloh taolo oyatda qiz farzandni birinchi o‘rinda keltirdi. Bu Allohning xohishi, ota-onaning xohishi emas. Ota-ona ko‘pincha o‘g‘il istaydi. Allohning irodasi esa bandaning irodasidan ustun. Farzandning o‘g‘il bo‘lishida na ota-ona va na tabiblarning mahorati qo‘l keladi. Qo‘l kelganida bormi?... Bunga faqat Alloh qodir.
Johiliyat davrida ba’zi arablar qiz bolani or-nomus sanab tiriklay ko‘mib yuborardi. Ular qiz bolani odam sanashmas, unga hayvondan-da past nazar bilan boqar, bir-birini o‘g‘il tug‘ilganda, qiz esa ko‘milganda qutlashardi. Alloh taolo esa mazkur oyat bilan qiz bolaga birinchi o‘rinda e’tibor qaratib, bandalarni ham shunga chorladi. Shu ilohiy xitob qiz bolalarning saqlanib qolishiga, naslning davom etishiga sabab bo‘ldi.
Shunday ekan, qiz bolani yomon ko‘rish, qiz tug‘ilganda xafa bo‘lish, qiz tuqqan ayolini koyish johil odamlarning odatlaridan. Aksincha, qiz bolani yaxshi ko‘rish, sovg‘a-salomni ham o‘g‘ildan oldin qiz bolaga berish solihlarning odatlaridan. Qiz bola o‘g‘ilga qaraganda mehribonroq bo‘lishi ham tabiiy hol.
“Qaysi birlariga qiz (ko‘rgani haqida) xushxabar berilsa, g‘azabi kelib, yuzlari qorayib ketadi. U (qiz)ni kamsitgan holda olib qolish yoki (tiriklay) tuproqqa qorish (to‘g‘risida o‘y surib), o‘ziga xushxabar berilgan narsaning “yomon”ligidan (oriyat qilib) odamlardan yashirinib oladi. Ogoh bo‘lingizki, ularning bu hukmlari juda yomondir” (Nahl, 58-59).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Kimda uchta qiz bo‘lib, ularning tarbiyasidagi qiyinchilikka sabr etsa va topgan molidan ularning kiyim-kechaklarini but qilsa, ular bu kishiga do‘zaxdan parda bo‘ladi" (Imom Buxoriy rivoyati).
"Har bir musulmon kishining ikkita qizi bo‘lib, ularni yaxshi axloq, yaxshi muomala bilan tarbiyat qilsa, qizlari albatta uning jannatga kirishiga sababchi bo‘ladi" (Imom Buxoriy rivoyati).
"Kimning uchta qizi bo‘lib, ularni o‘z qo‘lida tarbiya qilib katta qilsa va ularga marhamat nazari bilan qarasa, jannatga kirishi, albatta, muqarrardir" (Imom Buxoriy rivoyati).
“Oisha roziyallohu anho o‘z yaqinlarida farzand tug‘ilganda qiz yoki o‘g‘illigini so‘ramasdan ona va bolaning bus-butunligini so‘rardilar. Sog‘lomligini eshitgach, “Allohga shukur”, deb duo qilardilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
“Bir nechta qizi bo‘lgan bir kishi Abdulloh roziyallohu anhu huzurida bo‘lgan vaqtida ularning o‘lishini orzu qildi. Shunda Abdulloh u kishiga qattiq g‘azab bilan: "Qizlarning rizq-ro‘zini sen o‘zingning rizqingdan berasanmi?" deb koyigan edilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Yusuf Ya’qub aytadilar: «Yettita qizim bor. Har qiz tug‘ilganda imom Ahmad huzurlariga borardim. U zot: “Ey Abu Yusuf! Payg‘ambarlar ham qizlarning otalari bo‘lganlar”, derdilar. Bu gapdan keyin mendan xafalik alomati yo‘qolardi».
Bir oilada qiz farzand tug‘ilganda eru xotin o‘rtasida katta janjal chiqibdi. Hatto erkak bir necha kun ayoli bilan gaplashmay qo‘yganida hijron alangasi qalbini tilka-pora qilgan bechora ayol bir parcha qog‘ozga shunday maktub bitibdi:
Erimga ne bo‘ldi, gaplashmay qo‘ydi,
Charog‘on uyimiz zulmatga to‘ldi.
Shirin so‘zlarining gadosi bo‘ldim,
Gul edim, bir kunda quridim, so‘ldim.
Dedim: gapimga bir quloq soling, siz,
Ko‘z ochib ko‘rganim jonim, dilimsiz.
Dehqonim bo‘ling, men yeringiz bo‘lay,
Nimaki eksangiz, shuni o‘stiray.
Darhaqiqat, farzand beruvchi ham, rizqini beruvchi ham yagona Alloh. Undan ko‘ra o‘zimizning ota, juftimizning ona, ota-onamizning nevaralik baxtiga sababchi bo‘lgan jigarbandlar bilan xursand bo‘lib, farzand ne’matini nasib etgan Yaratganga shukrona qilaylik. Kunlar kelib shu qizimiz bizni baxtli etar; oilamizni obod, turmushimizni zavqli etar; hadislarda o‘rganganimizdek, jannatga kirishimizga sababchi bo‘lar. Fikrimizni bir joyga qo‘yib, o‘ylab ko‘raylik: agar Xudo qalbimiz rayhonlari bo‘lmish farzand bermaganda, nima qilardik. Shunday ekan, ularning sog‘ligini, salohiyatini, dinu diyonatga, millatu mamlakatga manfaati tegadigan shaxs bo‘lib yetishini so‘raylik, ilmu ma’rifatli, ma’naviyati yuksak bo‘lishini tilab duo qilaylik. Zero, ota-onaning farzandiga qilgan duosi shaksiz mustajobdir.
Qiz bola nafaqat bizning qizimiz, balki xolamiz, ammamiz, opamiz va singlimiz, qolaversa onamiz ekanligini bir dam bo‘lsa-da unutmaylik.
Erkin QUDRATOV,
Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
O‘MI Matbuot xizmati
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.