So‘nggi vaqtlarda muslim.uz ijodkorlari yangidan-yangi loyihalarni muxlislarga taqdim etishmoqda. Ayniqsa, “Onlayn ziyorat”, “Sog‘lom e’tiqod saboqlari” ruknlari ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Bularning bari din xizmati, xalq g‘ami va og‘irini yengil qilish uchun qilinmoqda.
Navbatdagi yangi “Fototanqid” loyihasida o‘ziga xos uslubni ishga solgan holda bino-inshootlardagi kishining dilini xira qiladigan holatlar, odamlarga noqulaylik tug‘diradigan vaziyatlar hamda dinimiz va o‘zligimizga to‘g‘ri kelmaydigan voqea-hodisalar haqida tanqidiy fotoreportajlar e’lon qilinadi.
Bu ishimiz bilan birovni xafa qilish, kamsitish yoki qandaydir foyda topishdan mutlaqo yiroqmiz. Maqsadimiz xarobani obod qilish, egrini to‘g‘rilash, johillikni yo‘qotish, beparvolikdan saqlanish va doimo diqqatli bo‘lishga chorlash kabilardan iborat. Zero, “Tanqid – kelajak mevasi” degan naql bir necha yildirki hayotda o‘z tasdig‘ini topmoqda.
Mashoyixlarning isloh qilishni oldin o‘z nafsingda boshla, degan hikmatlariga amal qilgan holda tanqid orqali tuzatishni avval o‘zimizning yon-atrofimizdan, masjid-madrasalardan boshladik.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Cavol: Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda ba’zan avtobusdan yo‘lkirani bermasdan tushib ketardim. Bu ishning og‘ir gunoh ekanini anglab yetdim. Buni qanday to‘g‘rilasam bo‘ladi? Taxminiy hisoblab, sadaqa qilsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu ishingiz uchun avvalo istig‘for aytib, tavba qilasiz. To‘lamagan yo‘lkiralaringizni taxminiy hisoblaysiz hamda o‘zingiz foydalangan avtobuslar boshqarmasidan yo‘lkiralar to‘lanadigan hisob raqamlari bo‘lsa, qarzlaringizni shunga o‘tkazib qo‘yasiz va shu bilan zimmangizdagi yukdan qutilasiz, inshaalloh. Agar ularda bunday imkoniyat bo‘lmasa, sadaqa qilib yuborasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.