Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Haydar Ali YILDIZ: «Turkiyaliklar O‘zbekistondagi muqaddas qadamjolarga ziyorat qilishni orzu qilishadi»

6.03.2018   2764   2 min.
Haydar Ali YILDIZ: «Turkiyaliklar O‘zbekistondagi muqaddas qadamjolarga ziyorat qilishni orzu qilishadi»

— Bugungi kunda O‘zbekiston jadal sur’atlarda taraqqiy topmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yuritilayotgan oqilona siyosat tashqi aloqalar rivojida muhim o‘rin tutayapti.
Jumladan, mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, fan-ta’lim, transport, madaniy hamda gumanitar, turizm sohalarida 60 dan ziyod shartnoma va bitimlar imzolangan bo‘lib, hamkorligimiz yildan-yilga mustahkamlanib borayotir. Parlamentlararo aloqalar xususida ham ana shunday iliq fikr bildirish mumkin.
O‘zbekiston barcha sohada juda katta yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Buni bugun jahon hamjamiyati ham ko‘rib, bilib turibdi. Xususan, Turkiya bilan hamkorlikning kuchayishida ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlar muhim asos bo‘layapti.
E’tirof etish joizki, O‘zbekiston rahbariyati sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha yangi, samarador chora-tadbirlarni ko‘rmoqda. Ko‘plab davlatlar fuqarolariga viza berish tartibi soddalashtirildi. Shular qatorida joriy yilning 10 fevralidan boshlab, Turkiyadan kelayotgan turistlarga ham O‘zbekistonda 30 kungacha vizasiz bo‘lishga ruxsat berildi.
O‘zbekiston ham, Turkiya ham turizm sohasida ulkan imkoniyatlarga ega. Ushbu salohiyatdan to‘liq foydalanish, turistik almashinuvni o‘stirish iqtisodiyot rivojiga katta turtki beradi. Bizning fuqarolarimiz Toshkent, Buxoro, Samarqand, Xiva kabi shaharlarning diqqatga sazovor joylarini ko‘rish, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Baxouddin Naqshband majmualari kabi muqaddas qadamjolarga ziyorat qilishni orzu qilishadi. Hozirgi kunda O‘zbekistondan Turkiyaga, Turkiyadan O‘zbekistonga qo‘shimcha aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borayapmiz. Nega deganda, buning uchun salohiyat ham, imkoniyat ham yetarli. Bundan unumli foydalansak, ayni muddaodir. O‘tgan yili Turkiyadan O‘zbekistonga 50 ming nafar kishi turist sifatida keldi. Bu, albatta, ko‘p emas. Tashrif chog‘ida ana shu masalalarni ham muhokama qilayapmizki, kelgusida bu ko‘rsatkich sezilarli darajada ortadi.
Turkiya O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. O‘zaro savdo aylanmasida o‘sish kuzatilmoqda. Biroq bu hali ikki do‘st mamlakatning mavjud salohiyatini to‘la aks ettirmaydi. Shu bois kelgusida savdo hajmini 2-3 marotaba oshirish ko‘zda tutilgan.
Dilimdagi yana bir gapni aytmoqchiman. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalariga Murojaatnomasini katta hayajon bilan o‘qidim, tanishib chiqdim. Unda parlament oldiga ulkan masalalar qo‘yilgan, qonun ustuvorligini ta’minlash, ijtimoiy masalalarni bosqichma-bosqich hal qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Ayniqsa, Murojaatnomada tadbirkorlikni rivojlantirish, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha istiqbolli g‘oya hamda takliflar ilgari surilgani katta taassurot qoldirdi.
Ishonamizki, o‘zaro ishonch va manfaatga yo‘g‘rilgan ikki davlat aloqalari bundan keyin jadal rivojlanaveradi.


O‘zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   5187   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.