Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Munosabat: Olijanob rejalar, istiqbolli loyihalar samarasi bo‘lmoqda

6.03.2018   3661   5 min.
Munosabat: Olijanob rejalar, istiqbolli loyihalar samarasi bo‘lmoqda

Navoiy viloyati respublikamizning yer maydoni katta, tabiiy boyliklari mo‘l, ishlab chiqarish sanoati yaxshi rivojlangan, “Qosim shayx” ziyoratgohi, Jaraquduqdagi “Tosh o‘rmon”i, “Raboti Malik” karvonxonasi, “Mir Said Bahrom” maqbarasi, “Nurota Chashma” tarixiy me’moriy majmuasi kabi qadimiy ziyoratgohlari ko‘plab madaniy obidalarga boy, bir million atrofidagi turli millat vakillari ahil-inoqlikda hayot kechirib kelayotgan o‘lka hisoblanadi.
O‘tgan kuni viloyatga tashrifi yakunlangan davlatimiz rahbari viloyat aholisi hayoti bilan yaqindan tanishdi, oddiy odamlar bilan muloqotlar qildi. Viloyatning istiqboldagi taraqqiyot strategiyasini belgilab berar ekan odamlarni ish bilan ta’minlash, o‘sib kelayotgan yoshlarimizga yangi ish o‘rinlari yaratib borish masalasiga e’tibor qaratdi.
Mehribon Parvardigorimiz “Yerda o‘rmalagan narsa borki, barchasining rizqi Allohning zimmasidadir. U Zot ularning turar joylarini ham, borar joylarini ham bilur. Hamma narsa ochiq-ravshan Kitobda bordir”(Hud, 6), deb bandalarini xotirjam qilib qo‘yar ekan, insonlarga o‘sha O‘zi va’da qilgan rizqni topishga davlat rahbarlarini vasila qilib qo‘yadi.
Rabbimizning ushbu oyatiga muvofiq ish tutgan prezidentimiz “Odamlarning dunyoqarashi, mehnatga munosabati o‘zgarmoqda. Dunyoqarashni nima o‘zgartiradi – ilm, daromad, manfaat”, der ekan xalqimizning ko‘nglidagi e’tirofni topib aytdi.
Haqiqatan, keyingi vaqtlarda odamlarning hayotga munosabatida kuchli o‘zgarish yuz bermoqda, yangi-yangi loyihalar, rejalar tuzmoqda. Chunki xalqimiz endilikda qilingan mehnatlari besamar ketmasligiga, albatta, ularning ijobiy natijalar berishiga ishonch hosil qilmoqda. Mehnatining mahsulidan bahramand bo‘lishidan haqli ravishda umid qilib shijoat bilan ishlamoqda.
Viloyatda yangi ochilayotgan yangi ish o‘rinlariga e’tibor qiling:
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2026 yilga borib 30 mingdan ortiq qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi;
Karmana tumanidagi «Karmana golden eggs» mas’uliyati cheklangan jamiyatida ellik ish o‘rni yaratildi. 2019 yilda yana 100 kishi ish bilan ta’minlanadi;
«Navoiy» erkin iqtisodiy zonasida 2010-2016 yillarda 22 ta loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, 904 ish o‘rni yaratilgan. 2017-2019 yillarda 32 ta loyiha amalga oshirilib, 1659 ta ish o‘rni yaratiladi;
Shuningdek, «To‘dako‘l» suv havzasida ochiladigan baliqchilik majmuasiga 1200 gektar yer ajratiladi. Bu yerda eronlik investorlar bilan birgalikda yiliga 5000 tonna baliq, 4000 tonna qayta ishlangan baliq mahsulotlari (baliq filesi, farshi, dudlangan baliq) tayyorlanadi;
Nurota tumanida 10 ming gektar lalmi yerda intensiv pista plantatsiyalari loyihasi tashkil etiladi. Natijada 850 kishi doimiy ish bilan ta’minlanadi;
Xatirchida bog‘ va zamonaviy issiqxona barpo etiladi, meva-sabzavotlar qayta ishlanadi, Navbahor tumanida tomchilatib sug‘orish usulida bodom va pista plantatsiyalari ochiladi, qorako‘lchilik, tivit junli echkilarni ko‘paytiriladi;
“Uchquduq tekstil” MCHJda joriy yilda tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada 320 kishi ish bilan ta’minlanadi;
“Qizilqum marvaridi” korxonasida gidroponika usulida issiqxona barpo etiladi;
Zarafshon shahrida yiliga 4,5 ming tonna armatura, 10 million kvadrat metr oyna, 250 million dona shisha idish ishlab chiqarish, qariyb 2 ming boshga mo‘ljallangan qoramolchilik kompleksi, sig‘imi 500 va 200 tonna bo‘lgan muzlatkichli omborxonalar barpo etish, 100 ming boshdan ziyod parranda boqish, baliqchilik xo‘jaligi, issiqxonalar tashkil etish loyihalari amalga oshiriladi.
Tomdi, Konimex tumanlarida ham shu kabi istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etiladi. Natijada ikki yil ichida 4 ming ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Konimex tumanida ming bosh tuya va 500 bosh naslli echki boqishga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi barpo etish rejalashtirilyapti. Bu joy nafaqat tuya va echkichilik majmuasi, balki yiliga 10 ming sayyohni qabul qiladigan zamonaviy ekoturizm markaziga aylanadi;
Tomdi tumanidagi Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli 4 ming bosh qo‘y boqishga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi ham shunday istiqbolli loyihalardan bo‘lib, viloyatda qorako‘lchilikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi. 

Bundan tashqari, yana qanchadan-qancha yangi o‘rinlari ochilmoqdaki, inshoalloh, yaqin yillarda viloyatda ishsizlar soni keskin kamayadi va aholining turmush darajasi yuksaladi.
Bugungi dunyoda shunday davlatlar borki, ularning poytaxti va industriya shaharlari beqiyos darajada taraqqiy etib ketgan. Ular xorijlik sayyohlarga ham diplomatlarga ham o‘sha joylarni namoyish etadi. Mamlkatning chekka hududlari esa taraqqiyotdan juda ham ortda qolib ketgan, aholi nochor ahvolda yashaydi. Prezidentimiz davlatning ana shu kabi stixiyali rivojlanishining oldini olish masalasiga ham e’tibor qaratmoqda. O‘zbekiston megapolislari rivojlanib ketib chekka hududlar ortda qoladigan davlatlardan bo‘lmasligi kerak. Mamlakatning barcha hududi rivojlanish bosiqichini hamohangda bosib o‘tmog‘i; bir hududning aholisi yaxshi yashab, boshqasi qiynalib yashamasligi darkor.
Yurtboshimiz: “Olisda joylashgan bu shaharlar aholisi yaxshi yashashga haqli”, deganda ana shu prinsipni nazarda tutib gapirdi.
Ta’bir joiz bo‘lsa, aynan ana shu holat, ya’ni mamlakatning barcha aholisiga bir xil sharoit yaratib berish – prezidentimizning dunyoning juda ko‘plab davlatlari rahbarlari yetisha olmayotgan adolati hisoblanadi.
Qur’oni karimda: «Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar...» (Niso, 58).
Alloh taolo yurtimizga bosh bo‘lib, tunu kun xalqimiz farovonligini o‘ylayotgan, adolatni dasturulamal qilib olgan davlatimiz rahbarining ishlarini barakali qilsin, sog‘ligini mustahkam aylasin.


O‘MI Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

10.01.2025   2128   2 min.
Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.