Foto: O‘zA
2017 yil yakunlariga ko‘ra, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi “Global Go To Think Tank Index Report” dunyodagi tadqiqot va tahlil markazlari yillik reytingiga kiritildi.
2018 yilning 31 yanvar kuni dunyo “aql markaz”larining eng nufuzli reytingi hisoblanuvchi «Global Go To Think Tank Index Report» tadqiqot va tahlil markazlari reytingi e’lon qilindi. Mazkur hisobot Pensilvaniya universiteti (AQSH) tomonidan 2008 yildan buyon dunyo miqyosida hukumat va fuqarolik jamiyati “aql markaz”larining rolini o‘rganish hamda ularning salohiyatini va samaradorligini oshirish maqsadida “Tahliliy markazlar va fuqarolik jamiyati” dasturi doirasida muntazam tayyorlab kelinadi.
Reytingni tuzish jarayonida 7815 ta “aql markaz”larining o‘tgan yildagi faoliyati tahlil qilingan. Unda turli nominatsiyalar taqdim etilgan bo‘lib, ular, o‘z navbatida, 4 ta asosiy guruhga bo‘lingan. Reyting TACTSP Global Think Tank Database ma’lumotlar bazasiga kiritilgan 62 mingdan ortiq nufuzli ekspertlar, jurnalistlar, siyosatchilar hamda iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar sohasi mutaxassislari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari asosida tuzilgan.
O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra O‘zbekistonning “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” markazi, “Amerika siyosati milliy jamg‘armasi”, Niderlandiyaning “Integratsiya va jamiyat ilmiy platformasi” kabi qator nufuzli institutlar qatorida “2017 yilning yangi tashkil etilgan eng yaxshi “aql markazi” nominatsiyasi bo‘yicha elliktalik reytingida e’tirof etildi. Ushbu nominatsiyada so‘nggi 24 oy davomida tashkil etilgan va ilg‘or xorijiy tajriba hisoblanadigan “aql markazlari” ko‘rib chiqildi.
Ushbu ro‘yxatga, qoida tariqasida, islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun konkret takliflar ishlab chiqadigan, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi o‘zgarishlarga jamiyatning o‘z hissasini qo‘shishiga yordam beradigan hamda davlatning dunyoga yuz tutishida faol ishtirok etadigan “aql markazlari” kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi o‘z faoliyatini bir nechta yo‘nalishlarda olib boradi. Markaz, avvalambor, Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan tadbirlarning bajarilish holati to‘g‘risida keng jamoatchilikka axborot berib boradi. Shuningdek, turli forum, anjuman, jamoatchilik muhokamalari va ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish orqali davlat va fuqarolar o‘rtasida ochiq muloqot o‘rnatishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, markaz Davlat dasturida ko‘zda tutilgan islohotlar amalga oshirilishiga ko‘maklashish maqsadida xorijiy va xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahliliy va ta’lim muassasalari bilan faol hamkorlik qiladi.
Markaz mutaxassislari qonun loyihalariga muntazam ekspertlik xulosalarini taqdim etadi, Harakatlar strategiyasi doirasida tahliliy ma’ruzalar tayyorlaydi, shuningdek, aholi fikrlari hamda xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish natijasida davlat dasturlari loyihalariga takliflar kiritadilar.
Ma’lumot uchun: “GlobalGoToThinkTankIndexReport” tadqiqot va tahlil markazlarining yillik reytingi “Ekspertlik-tahliliy markazlar va fuqarolik jamiyati” dasturi doirasida 2008 yildan buyon e’lon qilinib kelinadi. Ushbu reyting mintaqaviy va global siyosiy institutlar hamda hamjamiyatlar tarmog‘ini yaratish imkonini beradi. Bu esa jamiyat hayotining turli sohalarida ro‘y berayotgan siyosiy sa’y-harakatlar samaradorligini oshirishga hamda dunyo miqyosida demokratik va fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda Yevropa siyosiy strategiyalar markazi, Siyosiy tadqiqotlar instituti (AQSH), Alibaba aql markazi (Xitoy), Yevropa xalqaro munosabatlar markazi, Amerika taraqqiyot markazi singari dunyoning yetakchi institutlari “2017 yilning eng yaxshi yangi “aql markazi” nominatsiyasida eng yaxshi aql markazlari sifatida e’tirof etilgan edi.
Manaba: http://uza.uz
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.