Islom olamida ayanchli oqibatlarga sabab bo'layotgan, jaholat tufayli fitnalarga zamin yaratayotgan “takfir” tushunchasini mazmun-mohiyatini sharhlab o'tamiz. “Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma'nolarini anglatadi.
Dinda g'uluvga ketish – haddan oshish oqibatida asrimizning dolzarb masalasiga aylangan muammolardan biri musulmonlarni «kofir» deb fatvo chiqarishning ko'payganidir. Bu masala keyin chiqqan masalalardandir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vaqtlarida biror kishini kofir deb hukm chiqarilganini hech kim bilmaydi. Chunki, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o'zlari musulmonlarni bu ishdan qattiq qaytarar edilar.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: «Uch narsa iymonning aslidir: «Laa ilaha Illallohu» degan kimsaga tegmaslik; gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz; amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz», dedilar». Abu Dovud rivoyat qilgan.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Uch narsa iymonning aslidandir», demoqdalar. Bu, masalani bayon qilishning eng kuchli usullaridan biridir. Avval bayon etiladigan narsalarning adadini, ahamiyatini aytib, keyin birin-ketin ular vasf qilinadi. Demak, biz o'rganadigan narsalarning adadi uchta. Ular eng muhim narsalar, chunki iymonning aslidan hisoblanadilar. Musulmon kishi uchun dunyoda iymondan muhimroq narsa yo'q. Iymonning asli esa eng muhimidandir.
«Laa ilaha Illallohu», degan kimsaga tegmaslik.» Ya'ni, kalimai shahodatni aytib, o'zining musulmonligini bildirib turgan kishiga tegmaslik, uning joniga, moliga zarar etkazmaslik zarur. Zohirida musulmon bo'lib ko'rinib, Islomning zohiriy amallarini qilayotganlar bilan musulmoncha muomala qilinaveradi. Kishilarning ichki sirlari va hisob-kitoblari Allohning O'ziga havola.
«Gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz.» Ya'ni, «Laa ilaha Illallohu»ni aytib, zohirida musulmon bo'lib ko'ringan odamni qilgan gunoh ishi tufayli kofirga chiqarmaymiz. U kofir emas, osiy mo'min bo'ladi.
«Amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz.» Ya'ni, kalimai tavhidni aytib, Islomni zo-hiridan ko'rsatib turgan odamni amali tufayli Islom dini, Islom millatidan chiqarmaymiz. Bunday odamlarga amaliga yarasha tayin qilingan shar'iy jazo beriladi.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim mo'min kishini kofirga chiqarsa, uni o'ldirgandek (gunohkor) bo'ladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Hanafiy ulamolardan Ibn Nujaym: “Agar kofir deyish uchun tӯqson tӯqqizta dalil bӯlsa- yu, kofir demaslik uchun birgina dalil bӯlsa, tӯqson tӯqqizni qӯyib, ӯsha bir dalilni olish kerak “,- deydilar.
Hozirgi kunimizda yoshlarimiz, ba'zi bir Soxta salafiylarning jim-jimador suhbatlari qurboni bo'lib qolishdan saqlanishlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali tinch va osuda yashab kelayotgan va diniy ibodatlarni qilayotgan, ayniqsa, diniy- dunyoviy rahbarlarni kofirga chiqarib obrӯsizlantirishga urinayotgan, tinch yurtimizni barbod qilib, notinch qilish kabi gunoh ishlarga chaqirayotgan kimsalardan ogoh va ehtiyot bӯlishlari talab etiladi.
Alloh taolo yurtimiz musulmonlarini, musulmon ummati birligiga rahna soluvchi ma'naviy tahdid bӯlgan “takfir “dan saqlasin.
Muhammadxon Abdurahmanov
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi
Al-Kisoiy al-Kufiy 119/737 yil Kufada dunyoga kelgan.
To‘liq ismi: Ali ibn Hamza ibn Abdulloh ibn Bahman ibn Fayruzm al-Kisoiy al-Kufiy. Imom al-Kisoiy yoshligida ilm o‘rganishga juda intilardi, lekin boshlang‘ich davrda muvaffaqiyat qozona olmasdi. Bir safar Qur’onni yod olishda qiynalgach, ustoziga: “Men hech narsani yodlay olmayapman, charchadim”, dedi.
Ustoz unga sabr qilishni va Qur’onning barakasiga ishonishni tavsiya qildi. Shundan so‘ng, Imom al-Kisoiy sabr bilan harakat qilib, Qur’onni mukammal yod oldi va keyinchalik mashhur qiroat imomlaridan biri bo‘ldi. Bu voqea sabr va mehnatning samarasini eslatadi.
Hayoti: Al-Kisoiy Kufada tug‘ilgan va tilshunoslikda ham, qiroatda ham yuqori maqomga ega bo‘lgan. Undan nega «Kisoiy» deb nom olganligi haqida so‘rashganida u, – "chunki men hajda kisoda (kiyimda) ehrom bog‘laganman", deb javob bergan ekan. U asli fors bo‘lib, Bani Asad qabilasining qullaridan edi.
Ilmiy faoliyati: Uning asosiy ustozlari Hamza al-Kufiy va boshqa yirik qiroatchilar bo‘lgan. Bundan tashqari Kufa maktabini asoschisi hisoblanadi.
Muoz al-Harro va Abu Ja’far Ruasiylarda nahvdan tahsil oldi. Ular-dagi ilmlarni olib bo‘lib, ulardan qoniqmay qolgach, Basraga kelib Iso ibn Umar, Abu Amr ibn al-Alo va Al-Xalil ibn Ahmaddan ilm o‘rgangan. Qiroatni esa Sho‘ba ibn Hajjojdan ta’lim olgan.
U zot juda ko‘p asarlar ham yozgan: "Kitab muxtasar fi an-nahv" (Nahvga oid qisqa bo‘lgan kitob), "Kitab al-hudud fi an-nahv" (Nahvdagi hadlar oid kitob), "Kitob al-qiroat (Qiroatga doir kitob)", "Kitab al-adad (Sonlarga doir kitob)", "Kitab ixtilaf al-adad (Sonlarning ixtilofiga oid kitob)", "Kitab al-huruf (Harflarga oid kitob)", "Kitab maoniy al-Qur’an (Qur’on ma’nolari haqidagi kitob)" kabi ko‘plab kitoblar yozgan.
Nahvdan Farro uning xos shogirdlaridan hisoblanadi.
Kisoiy 189/805 yil Roy shahrida vafot etgan.
Matkarimov Nurmuhammad,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.