Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyul, 2025   |   28 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:10
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:53
Xufton
21:23
Bismillah
23 Iyul, 2025, 28 Muharram, 1447

To‘y kunini kim belgilaydi

05.03.2018   5006   8 min.
To‘y kunini kim belgilaydi

Alloh ta’ologa beadad hamdu – sanolarimiz va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi  vasallamga esa behisob salavotu durudlarimiz bo‘lsin. 

Hozir nikoh to‘ylari mavsumi ayni qizigan pallada Allohga hamdu sanolar bo‘lsinki poytaxtimiz, qolaversa, yurtimizda har kuni bir necha o‘nlab nikoh valimalari uyushtirilayapti. Poytaxtdagi barcha to‘yxonalar bir kunda bir necha to‘y marosimlarini o‘tkazish manziliga aylanayapti. Albatta bu borada tungi bazmlar va nahorgi nikoh valimasi uchun berilayotgan oshlar e’tiborga olinadi. Biz bu o‘rinda bu bazm va nahorgi oshlarni qanday holatda va qanday shart-sharoitda, qanday qonun-qoidalarga muvofiq, milliyligimiz va urf-odatlarimizga, xossatan dinimiz ko‘rsatmalariga qay darajada muvofiq yoki nomuvofiq kelishi to‘g‘risida bahs yuritmoqchi emasmiz. Chunki bu masalada xalqimiz uchun yetarli darajada ma’lumotlar taqdim etilgan va uni takror taqdim etish niyatimiz yo‘q. Balki aynan nikoh valimasi bo‘ladigan kunni va o‘z-o‘zidan unga uzviy bog‘lanadigan kelin bilan kuyovning go‘shangaga kirib, birgalikda oilaviy hayotni boshlash kunini aslida kim belgilashi to‘g‘risidagi muammoni ko‘tarmoqchimiz. To‘g‘ri, kimlar uchundir bu o‘z-o‘zidan, yo‘l-yo‘lakay belgilanadigan, hech qanday bahs va munozaraga sabab bo‘ladigan ish emasdir. Ba’zilar «Bunga o‘ta jiddiy e’tibor berishni hech qanday hojati yo‘q» deydi yoki «shu ham muammomi, qariyalar ish boshilar, nima desalar shu bo‘ladida» yoki «sharoitga qarab belgilanaveriladigan oddiy ishku» deyishi mumkin. Albatta bunday fikrlarni mazkur muammolar bo‘yicha mutaxassis bo‘lmagan, balki biror marotaba shu ish yuzasidan mojaroga to‘g‘ri kelmagan oddiy insonlar aytishi mumkin, lekin bizga o‘xshash masjid xodimlariga murojaat qilinayotgan shikoyat va maslahatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, mazkur muammoni ham hal qilish vaqti yetganligi va bu boradagi dinimiz ko‘rsatmalarini aniq va tiniq holatda xalqimizga taqdim qilishimiz kerak ekanligi ma’lum bo‘ladi. Demak bo‘layotgan murojaatlarga qaraydigan bo‘lsak, to‘y kunini qachon va qayerda bo‘lishini  shak-shubhasiz, hech qanday gap so‘zsiz, hattoki quda taraf bilan biror marta ham maslahat qilmasdan turib, o‘z-o‘zidan kuyov taraf belgilaydi. Buni esa bir qancha sabablari bor. 

Birinchi: hozirgi kunda kuyov taraf o‘zini kelin tarafdan mutlaq yuqori qo‘yishi; 

Ikkinchi: kuyov taraf to‘y kunini belgilashni o‘zlarining haqqi deb bilishi; 

Uchinchi: kuyov taraf bu borada quda taraf bilan bomaslahat ish qiladigan bo‘lsa obro‘si to‘kilishi to‘g‘risida tasavvuri; 

To‘rtinchi: nafaqat shariat bo‘yicha, balki haqiqiy urf-odatdan mutlaqo bexabar bo‘lishi; (chunki asl urfimizda ham bunday bo‘lmagan). 

Beshinchi: hozirgi kunda bu asosiysi va muhimi bo‘lib, qaysidir to‘yxonaning bo‘sh vaqtini e’tiborga olish; 

Oltinchi: o‘zi yoqtirgan san’atkorlarning bo‘sh vaqtini e’tiborga olishi va hokazolar. 

Aslida ham o‘zi shundaymikan? Bunga oydinlik kiritish uchun shariatimiz va unga muvofiq bo‘lgan urf-odatimizda to‘y kuni qanday belgilanganligi to‘g‘risida ba’zi bir ma’lumotlarni o‘rganib chiqamiz. Buning uchun esa uzoq o‘tmishimiz va hattoki 21 asrgacha bo‘lgan urf-odatlarimizga e’tibor berishimizning o‘zi kifoya qiladi. Unda esa doimiy holatda to‘y kunini kuyov taraf kelin tarafdan so‘rab surishtirib, ular bilan bomaslahat va asosan kelinning shart-sharoitiga qarab turib belgilaganlar. Bunda esa e’tiborga olingan narsa shar’iy jihatdan kelinning uzrli bo‘lib qolishidir. Odatda ayollar  uch kundan o‘n kungacha shar’iy uzrli bo‘lishlari mumkin. Bu holatning takrorlanishi esa o‘rtacha hisobda bir oyda bir marta bo‘ladi. Bizning hanafiy mazhabimizda o‘rtadagi poklikni eng oz muddati o‘n besh kun bo‘lib, ko‘pinig chegarasi belgilanmagandir. Demak bo‘lajak kelinnig onasi o‘z qizining oyning qaysi kunlarida uzrli bo‘lishini biladi yoki bilmasa qizidan so‘rab surishtirib, so‘ngra pok bo‘ladigan kunlarining biriga to‘y kunini belgilaydi. Shunda har taraflama to‘g‘ri va ijobiy qaror qabul qilingan bo‘ladi. Aks holda hozirgi kunda tez-tez sodir etib turilayotgan ba’zi bir muammolar kelib chiqadi. Masalan: nikoh to‘yi bo‘lgan kunlarda kelin uzrli bo‘lishi mumkin. Bu esa o‘ziga yarasha qiyinchilik, mashaqqat va ba’zi bir kelishmovchiliklarni sodir etilishiga sabab bo‘ladi. Avvalo, ayol-qizlar uzrli holatlarida ularning deyarli butun vujudida o‘ziga yarasha o‘zgarish, inqilob, injiqlik, lohaslik, quvvatsizlik, ba’zi birlarida esa o‘ta kuchli og‘riq va hattoki ko‘ziga hech narsa yoqmaydigan darajadagi holat va kayfiyatining  o‘ta tushkinlik holati kuzatiladi. Albatta kelin o‘zining kelinlik hayosi, ibosi, axloq-odobi va tarbiyasidan kelib chiqqan holatda mazkur salbiy o‘zgarishlar to‘g‘risida kerakli odamlarga ayta olmasligi mumkin. Lekin uning o‘zini tutishi, xatti-harakatlari yangi kuyov bolaga va ba’zi bir holatlarda esa mutlaqo kuyov tarafidan bo‘lgan qaynona boshchiligidagi ba’zi bir ayollarga yoqmasligi mumkin. Agar o‘z vaqtida mazkur holatni  shar’iy yo‘l bilan tushuntirish ishlari olib borib, o‘rtadagi muammoning yechimini isloh qilmasa, bu katta salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu gaplarni bejiz aytayotganimiz yo‘q, balki aynan shu boradagi muammolar kundan-kunga ko‘payib, rivojlanib borayotganligi uchun aytayapmiz. Ba’zi bir tushungan diniy ma’rifati bor bo‘lgan kuyovlar kelib «qori aka to‘yim bo‘lganiga bir hafta bo‘layabdi, haligacha ayolim bilan birga bo‘lganim yo‘q, qandaydir uzri bormikan-ye, «shunaqa paytda birga bo‘lish mumkin emas», deb ayollar aytishayapti. «Bunday muammosi bor ekan shuni avvalroq aytmaydimi» deb shikoyat qilayotganlar yo‘q emas. Demak bu to‘g‘risidagi tushuncha va ma’lumotlar ham xalqimizda o‘ziga yarasha ekan. Biz ularga mazkur ma’lumotlarni tushuntirganimizda «qori aka unday bo‘lsa o‘zlarini holatiga qarab turib to‘yni belgilasa bo‘lmaydimi?» deyishadi. Biz esa «To‘g‘ri aytasiz. Lekin siz va sizga o‘xshagan ba’zi bir kimsalar shariatimiz va urf-odatlarimizdan bexabarligidan to‘y kunini belgilashda kelin taraf bilan umuman maslahatlashmaydi, to‘g‘rimi?», desam, noilojlikdan «ha, to‘g‘ri bilmagan ekanmizda», deydi. 

Ikkinchi bir mulohaza ko‘pincha kelin taraf osh beradi, lekin qaysi kuni bo‘lishini kuyov taraf belgilaydi. Kelinning otasi nahorgi oshda Amru ma’ruf qilish uchun bizga o‘xshash masjid  xodimlaridan birini taklif qilishga kelganida ming afsuski ko‘pchilik domlalar ular belgilagan vaqtga band bo‘lishadi. Shunda ular: «ey qori aka faloncha qori akalarning oldiga taklif qilib bordim hammalari band ekan, nima qilsam ekan» deb boshi qotadi. 

«To‘y vaqti, soatini  yoki kunini o‘zgartirsangiz bo‘lmaydimi?» deyilsa, «ey qori aka nimasini aytasiz? Quda taraf shunga belgilagan, ularning belgilagan kuniga esa zo‘rg‘a to‘yxonani gaplashib to‘g‘irladim, bilasizku qudalik ish oson emas» deydi. 

Bir necha yillar o‘zining qizini ko‘z qorachig‘idek avaylab-asrab, gavharni himoya qilgandek himoya qilib, uni o‘z egasini, ya’ni turmush o‘rtog‘ini qo‘liga qo‘sh-qo‘llab topshirayotgan qiz taraf aybdor-da. Shunday qilib qiz tarafda hech qanday huquq qolmayapti. «Mayli. Alloh sabr bersin. In shaa Alloh boshqa illatlar va yangi paydo bo‘layotgan odatlar kabi bu illatlarni ham sekin-sekin isloh qilish yo‘li bilan tuzatamizda», deb ularning ko‘ngliga taskin beriladi. 

Mazkur ijobiy holatni tezroq amalga oshib, voqelikda o‘z aksini topmoqligini Allohdan iltijolar qilib so‘rab qolamiz. 

Is'hoqjon domla Begmatov

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Odamlarni afv etadiganlar...”

16.07.2025   8203   4 min.
“Odamlarni afv etadiganlar...”

Abdurrazzoq San’oniy aytadi: Ali ibn Husayn roziyallohu anhum namoz uchun tahorat qilayotgan edi. Shu payt suv quyib turgan joriya qo‘lidan obdasta tushib ketib, uning yuziga ozgina shikast yetkazdi. Ali ibn Husayn boshini ko‘tarib, joriyaga qaradi. Joriya vaziyatni yumshatish maqsadida Qur’oni karim oyatlaridan o‘qidi: “... G‘azablarini yutadigan... (Oli Imron surasi, 134-oyat). Ali ibn Husayn roziyallohu anhum jimgina javob berdi: “G‘azabimni bosdim”.

Joriya oyatning davomini o‘qidi: ...odamlar-ni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir....

U kishi dedi: “Men seni afv etdim”.

Joriya oyatning oxirini o‘qidi: Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”.

Ali ibn Husayn roziyallohu anhum dedi: “Bor, sen Allox yo‘lida ozodsan”.

Abdulloh ibn Ato aytadi: “Ali ibn Husaynning bir g‘ulomi (quli) xatoga yo‘l qo‘ydi va jazoga loyiq bo‘ldi. Ali ibn Husayn qamchini oldi. So‘ng u zot bunday oyatni o‘qidi: (Ey Muhammad!) Imon keltirgan kishilarga ayting, ular Alloh kunlari (qiyomat)dan umid qilmaydigan kimsalarni kechirib yuboraversinlar! Shunda (u sabrli) kishilarni qilgan ishlari (kechirishlari) sababli mukofotlagay! (Josiya surasi, 14-oyat).

Qul esa dedi: “Men bunday emasman, men Allohning rahmatidan umidvorman va uning azobidan qo‘rqaman”.

Ali ibn Husayn roziyallohu anhum qamchini tashlab yubordi va dedi: “Sen Alloh yo‘lida ozodsan”.

Muso ibn Dovud aytadi: Ali ibn Husayn xizmatkorini ikki marta chakirdi, u javob bermadi. Uchinchi marta chaqirgach javob qildi. Ali ibn Husayn unga dedi: “Ey o‘g‘lim, ovozimni eshitmadingmi?”.

Xizmatkor: “Eshitdim”, dedi.

Ali ibn Husayn so‘radi: “Nega javob bermading?”.

Xizmatkor: “Sizning shafqatingizga ishondim”, dedi.

Abdulg‘ofir ibn Qosim aytadi: Ali ibn Husayn masjiddan chiqib ketayotgan edi. Bir odam kelib uni haqorat qildi. Shunda Alining xizmatkor va qullari unga tashlanishdi.

Ali ibn Husayn ularni to‘xtatdi va bunday dedi: “Bas qilinglar, uning holatiga qaranglar”.

So‘ngra o‘sha odamga dedi: “Bizda siz bilmagan yana ko‘p narsalar bor. Agar sizga yordam kerak bo‘lsa, ayting, yordam beraylik”. O‘sha odam xatosini anglab, uyaldi va ortiga qaytdi.

Ali ibn Husayn uni yoniga chaqirib, o‘zi kiyib turgan chakmonini yelkasiga tashladi va ming dirham pul berdirdi.

Abu Ya’qub Muzaniy deydi: Hasan ibn Hasan bilan Ali ibn Husayn o‘rtasida bir oz noxushlik bo‘lib qoldi. Hasan bir kuni masjidda Ali ibn Husaynning yoniga keldi, uni turli so‘zlar bilan haqorat qildi. Ali ibn Husayn esa unga bir og‘iz ham javob qaytarmadi.

So‘ngra Hasan chiqib ketdi. Kechasi u alining uyiga bordi va eshigini qoqdi. Ali ibn Husayn eshikni ochib chiqdi. Hasan unga:

- Ey aka, agar siz haqiqatan ham men aytganlarimdek bo‘lsangiz, Alloh meni mag‘firat qilsin. Agar men yolg‘onchi bo‘lsam, Allox sizni mag‘firat qilsin, dedi va ketdi.

Ali ibn Husayn ortidan borib, yetib oldi va uni og‘ushiga oldi. Ikkovi yig‘lab yuborishdi. Shunda Hasan:

- Qasamki, endi siz xafa bo‘ladigan biron ish qilmayman, - dedi.

Ali esa unga: - Sen ham menga aytgan so‘zla ring uchun halollikdasan,- dedi.

Ibn Abi Dunyo rivoyat qiladi: Ali ibn Husaynning xizmatkori shoshgan holda oshxonadan temir pechni olib kelayotgan edi. Kutilmaganda temir pech tushib ketdi ketdi va narigi tomondan pastga tushib kelayotgan Ali ibn Husayn o‘g‘lining boshiga tegib, jarohat yetkazdi. Oqibatda u halok bo‘ldi. Mehmonlar bilan suhbatlashib o‘tirgan Ali ibn Husayn o‘rnidan sakrab turib, xizmatkorga dedi: “Sen ozodsan. Bu ishni qasddan qilmaganingni bilaman”. So‘ngra Ali ibn Husayn mayyitni dafn etish tadorigini ko‘rdi.

Shayx Mahmud MISRIYning “Solih va solihalar hayotlaridan qissalar”
nomli asaridan Ilyosxon AHMЕDOV tarjimasi.