Alloh ta’ologa beadad hamdu – sanolarimiz va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga esa behisob salavotu durudlarimiz bo‘lsin.
Hozir nikoh to‘ylari mavsumi ayni qizigan pallada Allohga hamdu sanolar bo‘lsinki poytaxtimiz, qolaversa, yurtimizda har kuni bir necha o‘nlab nikoh valimalari uyushtirilayapti. Poytaxtdagi barcha to‘yxonalar bir kunda bir necha to‘y marosimlarini o‘tkazish manziliga aylanayapti. Albatta bu borada tungi bazmlar va nahorgi nikoh valimasi uchun berilayotgan oshlar e’tiborga olinadi. Biz bu o‘rinda bu bazm va nahorgi oshlarni qanday holatda va qanday shart-sharoitda, qanday qonun-qoidalarga muvofiq, milliyligimiz va urf-odatlarimizga, xossatan dinimiz ko‘rsatmalariga qay darajada muvofiq yoki nomuvofiq kelishi to‘g‘risida bahs yuritmoqchi emasmiz. Chunki bu masalada xalqimiz uchun yetarli darajada ma’lumotlar taqdim etilgan va uni takror taqdim etish niyatimiz yo‘q. Balki aynan nikoh valimasi bo‘ladigan kunni va o‘z-o‘zidan unga uzviy bog‘lanadigan kelin bilan kuyovning go‘shangaga kirib, birgalikda oilaviy hayotni boshlash kunini aslida kim belgilashi to‘g‘risidagi muammoni ko‘tarmoqchimiz. To‘g‘ri, kimlar uchundir bu o‘z-o‘zidan, yo‘l-yo‘lakay belgilanadigan, hech qanday bahs va munozaraga sabab bo‘ladigan ish emasdir. Ba’zilar «Bunga o‘ta jiddiy e’tibor berishni hech qanday hojati yo‘q» deydi yoki «shu ham muammomi, qariyalar ish boshilar, nima desalar shu bo‘ladida» yoki «sharoitga qarab belgilanaveriladigan oddiy ishku» deyishi mumkin. Albatta bunday fikrlarni mazkur muammolar bo‘yicha mutaxassis bo‘lmagan, balki biror marotaba shu ish yuzasidan mojaroga to‘g‘ri kelmagan oddiy insonlar aytishi mumkin, lekin bizga o‘xshash masjid xodimlariga murojaat qilinayotgan shikoyat va maslahatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, mazkur muammoni ham hal qilish vaqti yetganligi va bu boradagi dinimiz ko‘rsatmalarini aniq va tiniq holatda xalqimizga taqdim qilishimiz kerak ekanligi ma’lum bo‘ladi. Demak bo‘layotgan murojaatlarga qaraydigan bo‘lsak, to‘y kunini qachon va qayerda bo‘lishini shak-shubhasiz, hech qanday gap so‘zsiz, hattoki quda taraf bilan biror marta ham maslahat qilmasdan turib, o‘z-o‘zidan kuyov taraf belgilaydi. Buni esa bir qancha sabablari bor.
Birinchi: hozirgi kunda kuyov taraf o‘zini kelin tarafdan mutlaq yuqori qo‘yishi;
Ikkinchi: kuyov taraf to‘y kunini belgilashni o‘zlarining haqqi deb bilishi;
Uchinchi: kuyov taraf bu borada quda taraf bilan bomaslahat ish qiladigan bo‘lsa obro‘si to‘kilishi to‘g‘risida tasavvuri;
To‘rtinchi: nafaqat shariat bo‘yicha, balki haqiqiy urf-odatdan mutlaqo bexabar bo‘lishi; (chunki asl urfimizda ham bunday bo‘lmagan).
Beshinchi: hozirgi kunda bu asosiysi va muhimi bo‘lib, qaysidir to‘yxonaning bo‘sh vaqtini e’tiborga olish;
Oltinchi: o‘zi yoqtirgan san’atkorlarning bo‘sh vaqtini e’tiborga olishi va hokazolar.
Aslida ham o‘zi shundaymikan? Bunga oydinlik kiritish uchun shariatimiz va unga muvofiq bo‘lgan urf-odatimizda to‘y kuni qanday belgilanganligi to‘g‘risida ba’zi bir ma’lumotlarni o‘rganib chiqamiz. Buning uchun esa uzoq o‘tmishimiz va hattoki 21 asrgacha bo‘lgan urf-odatlarimizga e’tibor berishimizning o‘zi kifoya qiladi. Unda esa doimiy holatda to‘y kunini kuyov taraf kelin tarafdan so‘rab surishtirib, ular bilan bomaslahat va asosan kelinning shart-sharoitiga qarab turib belgilaganlar. Bunda esa e’tiborga olingan narsa shar’iy jihatdan kelinning uzrli bo‘lib qolishidir. Odatda ayollar uch kundan o‘n kungacha shar’iy uzrli bo‘lishlari mumkin. Bu holatning takrorlanishi esa o‘rtacha hisobda bir oyda bir marta bo‘ladi. Bizning hanafiy mazhabimizda o‘rtadagi poklikni eng oz muddati o‘n besh kun bo‘lib, ko‘pinig chegarasi belgilanmagandir. Demak bo‘lajak kelinnig onasi o‘z qizining oyning qaysi kunlarida uzrli bo‘lishini biladi yoki bilmasa qizidan so‘rab surishtirib, so‘ngra pok bo‘ladigan kunlarining biriga to‘y kunini belgilaydi. Shunda har taraflama to‘g‘ri va ijobiy qaror qabul qilingan bo‘ladi. Aks holda hozirgi kunda tez-tez sodir etib turilayotgan ba’zi bir muammolar kelib chiqadi. Masalan: nikoh to‘yi bo‘lgan kunlarda kelin uzrli bo‘lishi mumkin. Bu esa o‘ziga yarasha qiyinchilik, mashaqqat va ba’zi bir kelishmovchiliklarni sodir etilishiga sabab bo‘ladi. Avvalo, ayol-qizlar uzrli holatlarida ularning deyarli butun vujudida o‘ziga yarasha o‘zgarish, inqilob, injiqlik, lohaslik, quvvatsizlik, ba’zi birlarida esa o‘ta kuchli og‘riq va hattoki ko‘ziga hech narsa yoqmaydigan darajadagi holat va kayfiyatining o‘ta tushkinlik holati kuzatiladi. Albatta kelin o‘zining kelinlik hayosi, ibosi, axloq-odobi va tarbiyasidan kelib chiqqan holatda mazkur salbiy o‘zgarishlar to‘g‘risida kerakli odamlarga ayta olmasligi mumkin. Lekin uning o‘zini tutishi, xatti-harakatlari yangi kuyov bolaga va ba’zi bir holatlarda esa mutlaqo kuyov tarafidan bo‘lgan qaynona boshchiligidagi ba’zi bir ayollarga yoqmasligi mumkin. Agar o‘z vaqtida mazkur holatni shar’iy yo‘l bilan tushuntirish ishlari olib borib, o‘rtadagi muammoning yechimini isloh qilmasa, bu katta salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu gaplarni bejiz aytayotganimiz yo‘q, balki aynan shu boradagi muammolar kundan-kunga ko‘payib, rivojlanib borayotganligi uchun aytayapmiz. Ba’zi bir tushungan diniy ma’rifati bor bo‘lgan kuyovlar kelib «qori aka to‘yim bo‘lganiga bir hafta bo‘layabdi, haligacha ayolim bilan birga bo‘lganim yo‘q, qandaydir uzri bormikan-ye, «shunaqa paytda birga bo‘lish mumkin emas», deb ayollar aytishayapti. «Bunday muammosi bor ekan shuni avvalroq aytmaydimi» deb shikoyat qilayotganlar yo‘q emas. Demak bu to‘g‘risidagi tushuncha va ma’lumotlar ham xalqimizda o‘ziga yarasha ekan. Biz ularga mazkur ma’lumotlarni tushuntirganimizda «qori aka unday bo‘lsa o‘zlarini holatiga qarab turib to‘yni belgilasa bo‘lmaydimi?» deyishadi. Biz esa «To‘g‘ri aytasiz. Lekin siz va sizga o‘xshagan ba’zi bir kimsalar shariatimiz va urf-odatlarimizdan bexabarligidan to‘y kunini belgilashda kelin taraf bilan umuman maslahatlashmaydi, to‘g‘rimi?», desam, noilojlikdan «ha, to‘g‘ri bilmagan ekanmizda», deydi.
Ikkinchi bir mulohaza ko‘pincha kelin taraf osh beradi, lekin qaysi kuni bo‘lishini kuyov taraf belgilaydi. Kelinning otasi nahorgi oshda Amru ma’ruf qilish uchun bizga o‘xshash masjid xodimlaridan birini taklif qilishga kelganida ming afsuski ko‘pchilik domlalar ular belgilagan vaqtga band bo‘lishadi. Shunda ular: «ey qori aka faloncha qori akalarning oldiga taklif qilib bordim hammalari band ekan, nima qilsam ekan» deb boshi qotadi.
«To‘y vaqti, soatini yoki kunini o‘zgartirsangiz bo‘lmaydimi?» deyilsa, «ey qori aka nimasini aytasiz? Quda taraf shunga belgilagan, ularning belgilagan kuniga esa zo‘rg‘a to‘yxonani gaplashib to‘g‘irladim, bilasizku qudalik ish oson emas» deydi.
Bir necha yillar o‘zining qizini ko‘z qorachig‘idek avaylab-asrab, gavharni himoya qilgandek himoya qilib, uni o‘z egasini, ya’ni turmush o‘rtog‘ini qo‘liga qo‘sh-qo‘llab topshirayotgan qiz taraf aybdor-da. Shunday qilib qiz tarafda hech qanday huquq qolmayapti. «Mayli. Alloh sabr bersin. In shaa Alloh boshqa illatlar va yangi paydo bo‘layotgan odatlar kabi bu illatlarni ham sekin-sekin isloh qilish yo‘li bilan tuzatamizda», deb ularning ko‘ngliga taskin beriladi.
Mazkur ijobiy holatni tezroq amalga oshib, voqelikda o‘z aksini topmoqligini Allohdan iltijolar qilib so‘rab qolamiz.
Is'hoqjon domla Begmatov
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Nihoyat, Makka fath bo‘ldi. Bir paytlar g‘ordan vahiy dahshatidan titrab-qaltirab yolg‘iz tushib kelgan bir nafargina Inson butun bir ummatga aylandi.
Tun zulmatida Quraysh o‘ldirishga qasd qilgan Inson Makkadan sodiq do‘sti bilan Madina tomon chiqib, bir necha yildan so‘ng Makkaning to‘rt darvozasidan kuppa-kunduz kuni g‘olib bo‘lib kirib keldi! Kuraysh esa, o‘sha kuni o‘zlaridan qasos olinishini kutib, u zotning oldida bosh egib o‘tirardi. Ularni nima qildi deb o‘ylaysiz?
U kishini yolg‘onchiga chiqarganlarni, aziyat berganlarni, Ka’ba atrofida sajda qilayotganida ustiga tuyaning eshini (ya’ni, ko‘p kitoblarda " سَلَى جَزُور"ni tuyaning ichak-chavog‘i deb yozishadi. Ustoz Abdul Azim Ziyouddin domla «Nurul yaqiyn» kitoblarida yozgan izohda bunday tushuntirganlar: «Imom Buxoriy rivoyatida سَلَى جَزُور va Muslim rivoyatida سَلَى جَزُور, ya’ni «tuyaning qog‘onog‘ini» deyilgan. Qog‘onoq — homilani o‘rab turuvchi shilliq parda, yo‘ldosh.) ag‘darganlarni, Abu Tolib darasida qamal qilganlarni, u kishini yolg‘onchi, sehrgar, majnun deb ayblaganlarni, so‘ngra u kishini o‘ldirish uchun har bir qabiladan bittadan kishi tanlab, u kishining qoni barchaga tarqalishi uchun birgalikda o‘ldirmoqchi bo‘lganlarni nima qildi deb o‘ylaysiz?
U zot sollallohu alayhi vasallam ulardan qasos olmadilar. Balki ularga: «Boraveringlar, sizlar ozodsizlar!» dedilar!
Abu Bakr roziyallohu anhu uyiga borib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilishlari va islomga kirishi uchun qartayib qolgan, oyoqlarini ko‘tarishga ham majoli yo‘q otasi Abu Quhofani olib keldi. U hali-hamon iymon keltirmagan edi. Uni ko‘rgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qariyani ovora qilibsan-ku, uni uyida qoldirsang bo‘lmasmidi, biz o‘zimiz uning oldiga borar edik», dedilar.
Abu Bakr roziyallohu anhu aytdi: «Yo Allohning Rasuli! Sizning borishingizdan ko‘ra otam kelishi to‘g‘riroqdir».
Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni o‘tirishga taklif qildilar. Uning ko‘ksini siladilar va: «Musulmon bo‘l», dedilar. Abu Quhofa iymon keltirdi. Abu Bakr roziyallohu anhu yig‘ladi. Qo‘lida ko‘p sahobalar islomga kirgan, ko‘p buyuklar iymonga kirgan buyuk sahobaning otasi endi Islomga kirdi...
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odoblariga qarang! U kishi yoshi bir joyga borib qolgan qariyaning huzurlariga kelishini noo‘rin bildilar. O‘zlari uning oldiga borishga tayyor ekanliklarini aytdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimo yoshi kattalarga shafqatli edilar. Doimo: «Sochlari oqargan musulmonni ikrom qilish Allohni ulug‘lashdandir!» der edilar.
Bir qariya Nabiy sollallohu alayhi vasallamni qidirib keldi. Sahobalar unga yo‘l berishmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga: «Kichigimizga rahm qilmagan, kattamizni hurmat qilmaganlar bizdan emas!» dedilar.
Qariyalarga xuddi otamiz yoki bobomiz kabi muomalada bo‘lishimiz lozim. Onaxonlarga esa onamiz yoki buvimiz kabi muomalada bo‘lishimiz kerak. Inson qariganda o‘zining zaifligi, bemorligi va ojizligiga qarab qachonlardir yosh bo‘lganini, kuchli bo‘lgan paytlarini eslaydi, eziladi. Garchi boshqalarga ko‘rsatmasa-da, qalbida siniqlikni his qiladi. Bu siniqlikka faqatgina atrofdagilar beradigan e’tibor va hurmatgina davo bo‘la oladi! Ko‘ngil olish ibodatdir!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi