Yuqorida biz ota-onaga itoat va yaxshilik qilish savob ekanini, ularning dilini og‘ritish katta gunoh ekanini bilib oldik. Ota-onaga itoatning fazilatlari diniy adabiyotlarimizda juda ham keng va chiroyli tarzda bayon etiladi. Ayniqsa ularning duolarini olishga shijoat qilish, g‘ayrat ko‘rsatishga juda katta e’tibor qaratiladi. Hayotiy voqealar asosida yozilgan ko‘plab rivoyatu qissalarda bu mo‘tabar zotlarning qadr-qimmatini ham bu dunyoda ham oxirat dunyosida baland ko‘tarib turish har bir mo‘minning muqaddas burchi ekani ta’kidlanib kelinadi. Jumladan, Shir’atul-Islom kitobida Sayyid Alizoda quyidagi ajoyib rivoyatni naql qiladi.
Rivoyat.“Bir kuni Muso alayhissalom Alloh taologa iltijo qilib shunday debdi:
– Allohim, menga jannatdagi qo‘shnimni ko‘rsatgin. Uning bu niyoziga javoban Alloh taolo shunday buyuribdi:
– Falonchi qishloqdagi, falonchi bozorga borgin. U yerda qaddi-qomati shunday, yuzi bunday shaklda bo‘lgan bir qassob bor. Sening jannatdagi qo‘shning mana shu odam bo‘ladi.
Muso alayhissalom Allohdan yuqoridagi ma’lumotni olganidan so‘ng, tushuntirilgan manzilga qarab qassobni qidirib ketibdi. Aytilgan bozorga yetib kelib, qassobni topibdi va bir panaroq joyda quyosh botishini poylab o‘tiribdi. Qarab tursa Alloh taolo ma’lum qilgan qassob bir miqdor go‘shtni olib, turva xaltasiga solibdi. Narsalarini yig‘ishtirib, do‘konini berkitib, endi ketaman deb turganida Muso alayhissalom salomdan so‘ng:
– Bu oqshom siznikida mehmon bo‘lsam maylimi? – deb so‘rabdi. Qassob esa:
– Albatta, bexijolat, – deb aytibdi.
Qassob uyiga kelib, turvasiga solingan go‘shtdan juda ham mazali sho‘rva tayyorlabdi. Keyin uyining bir burchagida daraxtning qurigan shoxlari va barglaridan yasab, o‘rab quyilgan osma zambilning ichida yoshi nihoyatda ulug‘ bo‘lgani bois kaptarning bolasiga o‘xshab kichkina bo‘lib qolgan bir qari xotinning yoniga borib, uni zambildan ehtiyotkorlik bilan ko‘tarib olibdi.
Qassob bu xotinni oldiga o‘tqazib, yuz-qo‘llarini yuvib, pishirgan sho‘rvasidan qoshiq bilan sekin-sekin, yutumlatib ichirib, qornini to‘ydiribdi. Keyin kiyimlarini yuvib, quritib qaytadan kiyitib qo‘yibdi. Shu bilan xotinni yana zambilga solib, uni ohista ko‘tarib, uyning burchagidagi devorga qoqilgan temir osg‘ichga osib qo‘yibdi.
Qassobning butun bu harakatlari davomida, qari xotinning og‘zi tinmay pichirlar edi. Bu holatni diqqat va hayrat bilan kuzatib turgan Muso alayhissalom qassobdan bu xotinning kim ekanini so‘raydi. Bunga javoban qassob:
– Bu mening mehribon, mushtupar onam bo‘ladi. Juda ham qarib qolgan, shuning uchun ham o‘tira olmaydi. Bozordan kelib shunday tarzda yedirib ichiraman, to‘ydirib qo‘yaman, – debdi. Hazrati Muso alahisallom ajablanib:
– Lablari tinmay qimirlardi, biror narsa dedimi ajabo, – deb so‘rabdi.
Qassob esa Muso alayhissalomga qarab:
– Har doim, “Ey Robbim, o‘g‘limni jannatda Muso alayhissalomga qo‘shni qilgin”, deb mening haqqimga duo qiladi, – debdi.
Buni eshitgan Muso alayhissalom:
– Senga xushxabar bo‘lsin, men Muso payg‘ambar bo‘laman va sen mening jannatdagi qo‘shnimsan, – deb mujda beribdi.
Ushbu qissadan ma’lum bo‘ladiki, qassob onasiga qilgan xizmati evaziga hali shu dunyoda bo‘lgan paytining o‘zidayoq zamonasining payg‘ambari Muso alayhissalom suhbatidan bahramand bo‘lishdek yuksak sharafga muyassar bo‘ldi. Onasining duosi ijobat bo‘lishini esa bevosita payg‘ambarning o‘zidan eshitdi
***
Otaning duosi ham Alloh nazdida xuddi shunday maqbuldir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bu boradagi bir qancha muborak hadislari rivoyat qilinadi.
Hadis. “Otaning farzandi uchun qilgani duosi Alloh taoloning huzuriga yetadi va duo hamda qabul orasiga hech narsa monelik qilmaydi.” (Tabaroniy, “Majma’ul Kabir”, Termiziy)
“Qabul qilinishi xususida otaning farzandi uchun qilgan duosi, payg‘ambarning ummati haqqiga qilgan duosi kabidir.” (Imom Suyutiy, “Jomi-ul Ahodis”, Daylamiydan naql qilingan)
Otalarning farzandlari haqiga qilgan duosini Alloh taolo rad qilmaydi.
Ahmad bin Hambaldan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Men otam Ibrohimning duosiman”, deb byuradilar. “Hazrati Ibrohim va o‘g‘li Ismoil Ka’bani qurib bo‘lganlaridan keyin qo‘llarini dargohi ilohiyga ochib, shunday deb duo qiladilar:
– “Robbimiz, o‘zlarining ichidan ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitobni va hikmatni o‘rgatadigan, ularni poklaydigan Payg‘ambar yubor. Albatta, Sening O‘zing aziz va hikmatli zotsan”. (“Baqara” surasi, 129-oyat).
Alloh taolo yurakdan, samimiy qilingan bu duoni javobsiz qoldirmadi. Hazrati Ismoil alayhissalomning naslidan payg‘ambarlarning sultoni hazrat Muhammad sollallohu alayhi vasallamni oxir zamon payg‘ambari qilib yubordi.
O‘z navbatida Payg‘ambarlar ham farzandlarining haqlariga duolar qilganlari Qur’oni karimda bayon etiladi.
Lut alayhissalom farzandlari haqiga shunday duo qilgan:
“Ey Robbim, menga va ahlimga qilayotgan narsalaridan najot bergin!” dedi.” (“Shuaro” surasi, 169-oyat)
Hazrati Ibrohim alayhissalom esa farzandlari haqiga shunday duo qilgan:
“Ey Robbim, yen iva zurriyotlarimni namozni to‘kis ado etadiganlardan qilgin. Ey Robbimiz, duoni qabul etgin.” (“Ibrohim” surasi, 40-oyat)
“Robbimiz, ikkovimizni O‘zingga musulmon bo‘lganlardan qil va zurriyotimizdan ham O‘zingga musulmon ummat qil, bizga ibodatlarimizni ko‘rsat, tavbamizni qabul et. Albatta, Sening O‘zing tavbalarni ko‘plab qabul etuvchi, rahmli zotsan.” (“Baqar” surasi, 128-oyat)
Hazrati Zakariyoning farzandlari haqiga qilgan duosi:
“Shu choqda Zakariyo Robbiga duo qilib: “Ey Robbim, menga O‘z huzuringdan yaxshi zurriyot bergin. Albatta, sen duoni eshituvchisan”, dedi.” (“Oli Imron” surasi, 38-oyat)
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida shunday marhamat qiladilar: “Uch narsa kimda bo‘lsa, Alloh taolo rahmat nazari bilan qaraydi va jannatga kirgizadi.
Inson farzandi uchun qilinadigan duolarning orasida ota-ona duosidan ham yaxshiroq mukofat bormikan bu dunyoda. Yuqorida ota-onalarning duolari va Alloh o‘rtasida hech qanday parda, to‘siq yo‘qligini hadisi shariflardan bilib olgan edik. Qaysi farzand ota onasini e’zozlab, xizmatini qilib diliga surur-shodlik baxshida aylasagina ularning xolisona duolariga sozovor bo‘ladilar.
***
Hadis. Abu Ja’far roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Abu Hurayra roziyallohu anhuning shunday deganini eshitdim: “Uchta duo (borki ularning Alloh huzurida) maqbul bo‘lishi xususida hech qanday shubha yo‘q: Mazlumning duosi, musofirning duosi va ota-onaning farzandlari haqiga qilgan duolari”. (Ibni Moja, Termiziy va Abu Dovud ham rivoyat qilgan).
Hadisda tilga olingan uch toifa kishining duosi shubhasiz qabul qilinishi ma’lum qilinmoqda. Bu insonlar ochiq va sof ko‘ngil bilan Allohga iltijo qiladigan insonlardir. Hadisda boshqa toifa insonlarning duolari qabul bo‘lmasligi haqida so‘z aytilmagan. Chunki boshqa hadislarda adolatli poshshoning, ro‘zadorning iftor paytidagi duolari ham qabul bo‘lishi haqida xabarlar keltirilgan.
Ulamolarimiz hadisdagi bu uch toifaning duosi umumiy bo‘lib, ham duoi xayrlari ham duoibadlari maqbul ekanini ma’lum qilganlar. Mazkur masalala juda muhim bo‘lganidan ularni birma-bir tushutirishga ahd qildik. Zero bu mavzularni batafsil bilib olishlik hech qachon foydadan xoli bo‘lmaydi.
Birinchisi mazlumning duosi. Bu turli haqsizliklar tufayli zulm ostida turgan kishining duosi bo‘lib, uni zulmdan qutqarish uchun qo‘lini uzatgan va zulmni bartaraf etishga o‘ringan odamning haqiga qiladigan duoi xayri barobarida, unga nohaq zulm o‘tkazib turgan zolimga qarshi qiladigan duoibadi ham maqbuldir.
Hikoya. Bir zamonlar Xurosonni boshqargan Abdulloh bin Tohir o‘zining odilona hukmlari bilan xalq orasida “odil voliy” degan nom chiqargan edi. Bir kuni soqchilari bir qancha aybdorlarni ushlab, uning huzuriga olib kelayotgan paytda, ulardan biri yo‘l chetidagi daraxtzolar orasiga qarab qochib ketadi. Soqchilar uning ketidan quvib ketadilar. Ular jinoyatchini qidirib ketayotib, uni yo‘qotib qo‘yadilar. Izidan qidirib turganlarida yo‘lda borayotgan Hirotli bir temirchini ko‘rib qoladilar. Uni har qancha qarshilik ko‘rsatishiga qaramay jinoyatchi deb gumon qilib, ushlab, voliyning huzuriga olib keladilar. G‘azab otiga mingan voliy esa darhol:
– Buni zindongga otinglar! – deb amr beradi.
Dod-voy-yu, zorlariga qaramasdan, gap-so‘zlariga e’tibor ham bermasdan uni zindonga tashlaydilar. Uning bu holidan bexabar uyidagi bola-chaqalari, ota-onasi, yaqinlarini eslab, keyingi taqdiri nima bo‘lishini o‘ylab yurak-bag‘ri eziladi. Bu ahvolidan qattiq qayg‘uga tushgan temirchi ojiz va nochorligidan Xudoga yig‘lab, nola qilishni boshlaydi. Erta tonggacha ko‘z yoshi tukib, boshini sajdaga qo‘yib:
– Ey Parvardigoro! Mening bu jinoyatga hech qanday aloqam yo‘q. Lekin bular hech narsani surishtirmasdan meni zindonga tashladilar. Men ojizman Parvardigoro! Men Sening yordamingga muhtojman! Menga bu zulmni ravo ko‘rganning uyini shunday vayron qilginki, zulm nima ekanini tushunsin, es-hushini kiritib qo‘ygin! – deb duoibad qilishni boshlaydi.
Temirchining Xudoga qilayotgan bu nolasi zindon qorovuli va uning atrofidagi boshqa mahbuslarning qulog‘iga ham yetib borayotgan edi. Bu holat bir necha kun davom etadi.
Kunlarning birida shirin uyqudagi voliy tushida qattiq zilzila bo‘layotganini ko‘rib, uning vahmidan uyg‘onib ketadi. Tushidagi zilzila shunday shiddatli ediki, guyo uy-joyi vayron bo‘lib boshiga qarab qulayotgandek edi. Uyg‘onganidan keyin biroz muddat o‘tib, tinchlanib yana uyquga ketadi. Lekin biroz vaqt o‘tib tushida yana yer qimirlashni his etadi va saroyi boshiga qulayotgan vaqtda uyg‘onib ketadi. Buni tush ekaniga o‘zini ishontirib, yana uxlashga harakat qiladi. Ko‘zi yumilishi bilan bu safar ham tushida zilzila bo‘ladi. Yana qo‘rqqanida uyg‘onib ketib, bunda bir sir bor deydi o‘z-o‘ziga. Keyin buning sababini uzoq muddat izlab, asosli biror narsani topolmaganidan, zindon boshlig‘ini huzuriga chaqirtiradi.
– Men necha kundir umuman uxlolmayapman. Uyimni boshimga yiqitmoqdalar. Sen nima deb o‘ylaysan, kimnidir nohaq qamadikmi, zindonda mazlum bormi? – deb so‘raydi.
Soqchilar boshlig‘i shu kecha kunduzi zindonda bo‘layotgan voqealar haqida voliyni xabardor qiladi. Buni eshitgan voliy:
– Zudlik bilan u odamni mening yonimga olib keling! – deb amr beradi.
Ma’lum vaqt o‘tib Hirotli temirchi ikkita soqchi bilan voliyning huzuriga kirib keladi. U boshini egib, bo‘lib o‘tgan hamma voqeani ochiq-oydin gapirib beradi. Uning gunohi yo‘qligiga ishonch hosil qilgan voliy:
– Men seni nohaq qamaganim uchun uzr so‘rayman, mendan rozi bo‘lgin va shu ming kumush tangga hadiyami qabul qilgin. Bundan keyin boshingga birorta mushkilot tushsa, darhol mening huzurimga kelgin! Xo‘p-mi?– deydi
Temirchi esa hech ikkilanmasdan:
– Men haqqimni halol qildim, roziman. Bergan hadiyangizni ham qabul qilaman. Lekin ishim chiqib qolsa, sizning yoningizga kelmayman, – deydi.
– Nima uchun, – deb so‘raydi voliy hayron bo‘lib.
– Nima uchun sizni huzuringizga kelishim kerak? Menga zulm qilgan siz emasmi? Meni sizning zulmingizdan qutqargan, taxtingizni bir necha marta ostin-ustun qilgan Zotni tashlab, birovning huzuriga borishim yaxshi emas. Namozlarimdan keyin qilgan duolarim meni qanchadan-qancha tashvishlardan qutqardi. Murod-maqsadimga yetishtirdi. Robbim cheksiz rahmat xazinasini ochdi, ehsonlarini bermoqda, shuncha lutflardan keyin qanday qilib boshqasiga sig‘inaman? Qaysi so‘raganga bermabdi? Kimning qo‘lini quruq qaytaribdi? So‘rashni bilmagan olmaydi. Huzuriga qanday chiqish odobini bilmagan ham yetishmaydi. Shuning uchun ham dardimni, faqat, Unga aytaman! U toju-taxtingizni ostin-ustun qilmaganida, siz meni chaqirmagan bo‘lardingiz, men esa zindonda o‘tirgan bo‘lardim, zulm ham davom etardi! Ota-onam, bola-chaqalarim qon yig‘lab qolaverar edi! – deydi. Keyin voliydan ketishga ruxsat so‘raydi.
Mazlum temirchi so‘zini aytib bo‘lib, saroydan chiqib ketarkan, voliyning ko‘zlaridan shashqator yoshlar oqardi.
Shoir aytganidek:
Minglab to‘p-u miltiq, eplolmas aslo,
Ko‘zyoshining sahar vaqti qilganini.
Dushmanning qo‘rqituvchi nayzalarin, hatto,
G‘uborga aylantirar bir mo‘minning duosi.
Ikkinchisi musofirning duosi. Musofir ham unga nisbatan yaxshi muomalada bo‘lgan uy sohibiga duoi xayr qilsa, yoki unga yomon, qo‘pol munosabatda bo‘lgan xonadon egasi haqiga duoibad qilsa maqbuldir. Chunki musofir boshqa borar joyi bo‘lmaganidan uy egasiga jonini, molini va iffatini taslim qilgan, chorasiz ahvolda qolgan inson hisoblanadi. Bu ayniqsa g‘ariblikda yanada yaqqolroq ko‘zga tashlanadi. Shuning uchun uning duoi xayri ham duoibadi ham ijobatdir.
Hadis. Abdulloh bin Amr bin As roziyallohu anhu eng obid va zohid sahobalardan bo‘lgan. Rivoyatlarda kelishicha, holati shu darajaga yetgan ekanki, kunduzlari ro‘za, kechalari Qur’on tilovati va ibodat bilan mashg‘ul bo‘larkan. Natijada yangi uylangan bo‘lishiga qaramay turmush o‘rtog‘iga e’tibor bermay qo‘yibdi. Asri saodatda sahobiy ayollar har qanday muammoli masalalar bo‘yicha Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga murojaat etaverganlar. Abdullohning ayoli ham oilasidagi holatni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ma’lum qiladi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Abdullohni huzurlariga chaqirib, unga tanbeh berib, bunday qilmaslikka chaqiradilar va:
“Chunki ayolingni sening ustingda haqqi bor, musofirlarning sening ustida haqqi bor, badaningni sening ustingda haqqi bor” (Muslim) deb buyuradilar.
Ushbu hadisi sharifda musofirning uy egasida haqqi borligi yana bir bor ochiq-oydin ma’lum qilinmoqda. Bu haq uy egasining musofirni qabul qilib, unga xizmat ko‘rsatish orqali ado qilinadi. Odob kitoblarimizda musofirni qabul qilib unga hurmat ko‘rsatib, xizmatini qilish bu qandaydir lutf emas, balki bu xizmat musofirning uy egasidagi haqi ekani deb bayon etilgan.
Musofirni qabul qilib, unga hurmat ko‘rsatish hazrati Ibrohim alayhisallomning keyin esa bizning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir. Har narsaning zakoti o‘z jinsidan bo‘ladi, uyning zakoti uning ichida musofirni qabul qilib, xizmat ko‘rsatadigan alohida xonaning bo‘lishi bilan ado qilinadi deyiladi islomiy adabiyotlarda. Zero, Anas bin Molik roziyallohu anhudan kelgan rivoyatda: “Uyning zakoti, uning ichida musofir saqlash uchun bir xonaning mavjudligi bilandir”, deb (al-Hindi, “Kanz-ul-Ummol”) buyurilgan. Shu ko‘rsatma tufayli barcha uylar, ayniqsa, Movarounnahr o‘lkasidagi barcha musulmon xonadonlarda bu odatga qat’i amal qilib kelingan. Uylar qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ikki eshikli bo‘lib, musofir qabul qiluvchi alohida xonalar bilan barpo qilingan.
Musofir bu Allohning uy egasiga bergan lutfi va karami bo‘lib, unga nisbatan katta hurmat va e’tiborda bo‘lish talab etiladi. Chunki hammaga ham bu ne’mat nasib etilavermaydi. Alloh O‘zi sevgan bandalariga buni ravo ko‘radi.
Bir kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
– Alloh taolo birorta qavmga xayrni murod qilsa, ularga bir hadiyani ikrom qiladi, – dedilar. Shunda sahobalar:
– Yo Rasulalloh, bu qanday hadiya? – deb so‘raydilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
– Bu musofirdir, chunki musofir rizqi bilan keladi, ketishida esa Alloh taolo uy eagalirini mag‘firat qiladi, – deb marhamat qiladilar. (Ajluniy, “Kashf-ul-hafa”, Nabhoniy, “al-Fath-ul-kabir”)
Ushbu hadisda ikkita muhim xusus haqida so‘z bormoqda.
Birinchisi uy egasi tomonidan musofirni, faqat, Allohning hadiyasi sifatida qabul qilib, unga ikromda bo‘lish.
Ikkinchisi esa musofir o‘zining rizqi bilan keladi va ketishida uy sohiblarining gunohlari kechiriladi.
Buyuk mutasavvuf olim Fariduddin Attor o‘zining “Javohirnoma” asarida musofir haqida shunday tavsiyalarni bayon qiladi:
– Birodar, musofirga yaxshi muomalada bo‘l. Musofir Allohning atosi. Musofir rizqi bilan kelib, uy egalarining gunohlarini olib ketadi;
– O‘g‘lim, agar senda yigitlik, aql va idrok bo‘lsa musofirning qadrini bil. Unga hurmat va ehtiromda bo‘l. Kofir bo‘lsa ham tezda borib eshikni och;
– Musofirni aziz bilginki, seni ham Alloh izzatli qilsin;
– Musofirga yaxshi joy bergan iymon ahliga Alloh rahmat eshigini ochadi;
– Tabiati musofirni yoqtirmaydigan kimsadan Alloh ham, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham xafa bo‘ladi;
– Musofirga xizmat qilgan banda, o‘zini Allohning huzuridagi darajasini yuksaltiradi;
– Musofirni tabassum bilan qarshi olgan odam, Allohdan cheksiz lutflarga ega bo‘ladi.
Mutasavviflardan Shaqiqi Balxiy quddisa sirrahu shunday deydi: “Men uchun musofirdan ko‘ra yaxshi narsaning o‘zi yo‘q. Chunki uning rizqini Alloh beradi, ajr-savobi esa menga qoladi” (Sulamiy, “Tabaqoti-sufiya”)
Yuqoridagi hadisi sharif va ulamolarning so‘zlaridan musofir Allohning tanlab olgan bandalariga beradigan cheksiz rahmati va lutfi ekani ma’lum qilindi. Chunki o‘z rizqini orqalab kirib keladigan musofirning bu tabarruk tashrifi sabab, Alloh uy egasining rizqiga baraka bermoqda, darajasini oshirmoqda, gunohlarini kechirmoqda, uning xonadon ahli uchun qilgan duoi xayri esa ijobat bo‘lmoqda. Demak, musofiri bor xonadon barakali va fayzli xonadon bo‘lar ekan. Bunday xonadon egalari, ota-onalar, farzandlar barchasi Allohning bu lutfiga qilgan chiroyli munosabatlari tufayli xayrli insonlar bo‘ladi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasalllam shunday marhamat qiladilar:
“Musofir (qabul) qilmaganda xayr yo‘qdir” (Ahmad, “Musnad”).
Umuman olganda dinimizda shoshilib ish boshlash, yoki biror qarorni qabul qilish ma’qul ko‘rilmagan odatlardan ekani hammamizga ma’lum qoidadir. Chunki hadisi sharifda “Shoshilish shaytondan” (Termiziy, Ajluniy) deb buyurilgan. Dinimizdagi umumiy qoida shu bo‘lsa-da, ayrim masalalarda shoshilishga tavsiya qilingan. Xususan, musofirni kelishi bilan darhol qabul qilib, unga hurmat ko‘rastib, xizmat qilib, duoi xayrini olish shular jumlasidandir.
Rivoyat. Uch musofir
Bir kuni eski shahardagi uylarning biridan bir xotin tashqariga chiqqan edi, ko‘chaning chetida o‘tirgan, uzun soqolli uchta qariyaga ko‘zi tushib qoldi. Ularga qarab:
– Sizlarni yaxshi tanimadim, lekin juda ham och qolganga o‘xshaysizlar. Marhamat qilib mening uyimga kiringlar, taom yeb olasizlar, – dedi.
– Xo‘jayingiz uydami? – so‘rashdi qariyalar.
– Yo‘q, chiqib ketgan edilar, – dedi ayol.
– Unday bo‘lsa kirmaymiz, – dedilar.
Kechga yaqin uy egasi kelganidan keyin ayol bo‘lgan voqeani eriga gapirib berdi.
– Musofir atoi Xudo deydilar, ularning xizmatini qilib, duosini olamiz, gunohlarimizdan forig‘ bo‘lamiz. Qani bo‘l, nega qarab turibsan, ularga borib uyga kelganimni aytgin va mehmonga chaqir, – dedi eri.
Ayol yugurib tashqariga chiqib, qariyalarni uyiga taklif etdi. Lekin qariyalar:
– Biz hammamiz bir paytda bitta uyga kirmaymiz, magaram bittamiz bundan mustasno, – deyishdi.
– Nima uchun, – hayron bo‘lib so‘radi ayol.
Qariyalardan biri shunday javob berdi:
– Uning nomi “Boylik” deb yonidagi bitta qariyani ko‘rsatdi. Buniki esa “Muvaffaqiyat”, meniki “Sevgi”, – dedi. Keyin ayolga:
– Endi uyingga kirib, xo‘jayining bilan maslahatlashib, qaysi birimizni taklif etishingizni bizga aytgin, – dedi.
Ayol uyiga kirib qariyaning aytganlarini eriga ma’lum qildi. Eri xursand bo‘lib:
– Juda ham ajoyib. “Boylikni” taklif qila qolaylik, duosi bilan uyimizni boylikka to‘ldirsin, – dedi. Ayoli esa:
– Nega endi “Muvaffaqiyat”ni taklif qilmaymiz, hamma narsa shunga boqliq bo‘lsa, – dedi. Bu orada ularni eshitib turgan qizlari:
– “Sevgi”ni taklif qilsak hammasidan ham yaxshi bo‘lmaydimi? Uyimiz sevgiga to‘lardi – dedi.
Ayolning eri:
– Menimcha qizimizning aytgani to‘g‘ridir. “Sevgi”ni taklif qila qolgin, mehmonimiz bo‘lsin, – dedi.
Ayol tashqariga chiqib “Sevgi”ni tanlaganlarini ma’lum qilib, uni mehmonga taklif qildi. “Sevgi” taklifni eshitib, o‘rnidan turib to‘g‘ri uyga qarab yura boshladi. Shu mahal qolgan ikkita do‘sti ham uning ortidan ergasha boshladi. Buni ko‘rgan ayol shoshilib:
– Uzr, men faqat “Sevgi”ni taklif qilgan edim? – deb aytdi. Qariyalardan biri:
– Agar sizlar “Boylik” yoki “Muvaffaqiyat”ni taklif qilganingizda edi qolgan ikkitamiz kutib turgan bo‘lar edik. Lekin “Sevgi”ni taklif qildingiz. “Sevgi” qayerda bo‘lsa, “Boylik” bilan “Muvaffaqiyat” ham o‘sha yerda bo‘ladi, – dedi.
Uchinchisi ota-onaning farzandi haqiga qiladigan duosi. Ota-onaning farzandi haqiga qiladigan har qanday duosi ijobat bo‘lishi yuqorida aytib o‘tilgan edi. Farzandlarining chiroyli amallari, muomalalaridan mamnun bo‘lib, ularning yaxshiliklariga javoban qiladigan duoi xayrlari Jannnatga vasila bo‘lishi, ham bu dunyo hayotlarida ko‘p yaxshiliklarga sabab bo‘lishligi hadislarda ma’lum qilingan.
Hadis. Hazrati Savbon roziyallohu anhuning rivoyat qilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday buyuradilar:
“Taqdir duo bilan o‘zgartiriladi, umr yaxshilik bilan ortadi. Inson qilgan gunohi tufayli oxirat savobidan yoki dunyo rizqidan mahrum bo‘ladi.” (Ibni Moja, Ahmad bin Hambal, Hokim, Ibni Hibbon)
Ota-onalar farzandlarning barcha aziyatlarini, qusurlarini kechirib yuboraveradilar, ularning qalblari nozik to‘yg‘ularga to‘la bo‘ladi. Farzandlarining haddan ortiq beodobliklaridan, nochor qolib, umidlarini uzgan holda yo tushunib yoki chuqur tushunmagan holda ularga qarshi qiladigan duoibadlari ham juda shiddatli bo‘ladi, azbaroiyi ota-onaning buyuk haqlari sababidan bu duolar ham ijobat bo‘ladi.
“Adab-ul Mufrad” kitobida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisi sharif onaning farzandi haqiga qiladigan duoibadi mutlaqo ijobat bo‘lishi haqida yana bir bor eslatma bo‘ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhu:
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim:
– Insonlardan hech qaysi biri beshikdalik chog‘ida gapirmagan. Magaram Maryam o‘g‘li Iso alayhissalom bilan Jurayj (zamonidagi bir go‘dak) gapirgandir.
Sahobalar so‘radilar:
– Ey Allohning Rasuli! Jurayj (zamonidagi go‘dak) kim?
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasalllam shunday dedilar:
– Jurayj o‘ziga tegishli bo‘lgan bir ibodatxonada uzlatga chekingan rohib edi. Ibodatxonasining pastrog‘ida sigir boquvchi bir cho‘pon bor edi. Qishloqda yashaydigan bir xotin shu cho‘ponning oldiga kelib-ketardi.
Bir kuni Jurayj ibodat qilayotgan vaqtida onasi kelib:
– Jurayj, – deb chaqiradi. Jurayj namozi ichida o‘z-o‘ziga:
– Onamga (javob beraymi) yoki namozimni (davom ettiraymi)? – deydi. Keyin namozini davom ettirishni ravo ko‘radi. So‘ng onasi ikkinchi marta yana:
– Jurayj, – deb chaqiradi. Jurayj esa yana o‘z-o‘ziga:
– Onamga (javob beraymi) yoki namozimni (davom ettiraymi)? – deydi va yana namozini tanlaydi. Onasi esa uchinchi bora yana unga ovoz beradi. Jurayj esa yana namozini tanlaydi. Javob beravermagach onasi unga (duoibad) qilib, shunday deydi:
– Ey Jurayj! Fohishalarning yuziga boqmasdan, Alloh sening joningni olmasin. Keyin onasi qayrilib ketadi.
Oradan ma’lum vaqt o‘tib (sigirlarga qaraydigan cho‘ponning oldiga borib-kelib yurgan) haligi xotin (g‘ayri mashru’ yo‘l bilan) bola to‘g‘adi. Uni tuqqan bolasi bilan Malik (podshoh)ning oldiga olib keladilar.
Malik so‘raydi:
– Bu bola kimdan?
Xotin:
– Jurayjdan.
Malik yana so‘raydi:
– Ibodatxonaning egasidanmi?
Xotin:
– Ha.
Malik:
– Ibodatxonani buzib tashlab, egasini mening oldimga olib keling, – deydi. Borib boltalar bilan ibodatxonani buzadilar. Jurayjni qarshiligiga qaramay, qo‘l-oyoqlarini arqon bilan bog‘lab, olib keladilar. Keyin fohishalarning oldiga olib chiqadilar. Jurayj fohishalarni ko‘rib kuladi. Ular esa Jurayjga nazar solib turardilar. Shunda Malik Jurayjdan so‘raydi:
– Bu xotin nima da’vo qilmoqda?
Jurayj:
– Nimani da’vo qilmoqda ekan? – deb aytadi. Malik unga qarab:
– Bolani sendan deb da’vo qilmoqda, – deydi. Jurayj xotinga qarab:
– Sen shunday deb da’vo qilyapsanmi? – deydi.
Xotin:
– Ha, – deydi.
Jurayj:
– Bu bola qayerda? – deb so‘raydi.
– Xotinning quchog‘ida, – deydilar.
Shunda Jurayj bolaga burilib qaraydi va:
– Sening otang kim? – deb so‘raydi.
Bola:
– Sigirlar cho‘poni, – deydi.
Jurayjning tuhmat ostida qolganini ko‘rgan Malik bu ishning noto‘g‘ri bo‘lganini fahmlaydi va:
– Ibodatxonangni oltindan qurib beraylikmi? – deb so‘raydi. Jurayj:
– Yo‘q, – deydi.
– Kumushdan qurib beraylikmi? – deb (takror) so‘raydi.
– Yo‘q, – deydi.
– U holda uni qanday qilib quraylik? – deb so‘raganida Jurayj:
– Uni eski holidek qilib, quring, – deydi. Malik:
– Nima sababdan kulding? – deb so‘raydi. Jurayj:
– Bir narsani xotirlab (kuldim), onamning duoibadi menga yetdi, – deydi. Keyin boshidan o‘tgan o‘sha hodisani ularga gapirib beradi. (Buxoriy, “Adab-ul-mufrad”)
Hazrati Iso alayhissalom bilan ham Allohning mo‘jizasi ro‘y berib, u kishi beshikdalik paytlarida onalari Bibi Maryamni himoya qilish uchun Allohning qudrati bilan gapirganlar. Shuning uchun ham hadis boshida Iso alayhissalom ham eslatib o‘tilgan. Umuman olganda Iso alayhisalom va Jurayjga nisbat berilgan ushbu hadisi sharifda bolaning beshikdalik paytida gapirishi mo‘jiza va karomat bilan sodir bo‘lgani va buning shar’an joizligi ma’lum qilinmoqda. Allohning Payg‘ambarlari tomonidan sodir bo‘ladigan g‘ayri odatiy ishlarga mo‘jiza deyilsa, valiylari qo‘lida ro‘y beradigan bunday ishlarga karomat deb aytiladi. Bu holat Islom dinida mo‘jiza va karomatning haqligini bildiradi.
Hadisdan olinadigan ikkinchi muhim dars bu namoz o‘qib turgan paytda ota-ona chaqirib qoladigan bo‘lsa, qanday javob berish mavzusi hisoblanadi. Bu masala bo‘yicha olimlarning qarashlarida biroz tafovutlar mavjud bo‘lsa-da, bizning hanafiy mazhabimiz bo‘yicha quyidagi tartib to‘g‘ri deb qabul qilingan. Demak, farz va vojib namozlaridan tashqari nafila ibodatlarni bajarish asnosida ota-onalardan birortasi chaqirib qolsalar, javob bermaslik ularning g‘azablariga sabab bo‘ladigan bo‘lsa, namozni buzish lozim bo‘ladi. Bunday paytda nafila ibodatdan ko‘ra ota-onaning roziligi afzal ko‘riladi. Shuningdek, namoz o‘qayotganini bilib turib qasddan chaqirsalar buzilmaydi, bilmasdan chaqirsa buzsa bo‘ladi deyilgan. Faqat Allohning amrlari bo‘lgan farz va nahyilarda Allohga itoat qilish asos bo‘ladi.
Lekin qolgan vaqtlarda ota-ona chaqiradigan bo‘lsa, farzand, albatta, javob berishi lozim. Chunki bu haqda hazrati Ali roziyallohu anhu Rasuli Akram alayhissalomdan shunday rivoyat qiladilar:
Rasululloh (alayhissalom): “Har qachon ota-ona farzandini chaqirgan vaqtda, farzand hamma ishini tashlab, ularning oldiga borib, aytganlarini jonu dili bilan ado etsin. Agar beparvo bo‘lib, ularning buyurganini qilmasa, men unday ummatdan bezorman”, – deb marhamat qilganlar.
Hadisdan olinadigan navbatdagi dars bu ota-ona duosining maqbul bo‘lishligidir. Ota-ona duosi bobida zikr qilingan ushbu hadisi sharifda onaning duosi haq bo‘lgan holida garchi farzandining zarariga bo‘lsa-da, ijobat bo‘lishi ochiq-oydin namoyon bo‘lmoqda. Demak, ota-onaning duoibadini emas, balki ularning duoixayrin olishga g‘ayrat qilish kerak. Ularning farzandlari haqida ko‘ngillaridan o‘tadigan har qanday narsa agar tillariga keladigan bo‘lsa, ko‘pincha qabul bo‘lishi e’tiboridan ham bu masalada doimo hushyor bo‘lmoqlikni o‘zimizga vazifa deb bilishimiz lozim.
Ulug‘bek Sultonovning
"Ota-onaga xizmat qilish
odoblari" kitobidan olindi
O‘MI Matbuot xizmati
- 54دُخُولُ النَّاسِ فِي الْجَنَّاتِ فَضْلٌ مِنَ الرَّحْمَنِ يَا أَهْلَ الأَمَالِ
Ma’nolar tarjimasi: Ey umidvor bandalar, insonlarning jannatlarga kirishlari Ar-Rohmanning fazlidir.
Nazmiy bayoni:
Jannatga erishmoq Ar-Rohman fazli,
Bu muhim e’tiqod, ey umid ahli.
Lug‘atlar izohi:
دُخُولُ – mubtado.
النَّاسِ – muzofun ilayh.
فِي – jor harfi اِلَى ma’nosida kelgan.
الْجَنَّاتِ – lug‘atda “darxtzor bog‘” ma’nosini anglatadi. Jor majrur دُخُولُ ga mutaalliq.
فَضْلٌ – xabar. Lug‘atda “marhamat” va “muruvvat” kabi ma’nolarni anglatadi.
مِنَ – “tabyiniya” (uqtirish) ma’nosida kelgan jor harfi.
الرَّحْمَنِ – jor majrur فَضْلٌ ga mutaalliq.
يَا – yaqinga ham, uzoqqa ham ishlatiladigan nido harfi.
أَهْلَ الأَمَالِ – muzof munodo. Lug‘atda “umidvorlar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
Matn sharhi:
Qaysi bir inson jannatga kiradigan bo‘lsa, albatta, Alloh taoloning lutfu marhamati bilan kirgan bo‘ladi. Shuning uchun U mehribon zotning fazlu marhamatidan umidvor bo‘lib harakat qilish lozim.
Jannatdagi darajalar qilingan amallar e’tiboriga ko‘ra egallansa-da, unga kirish faqat va faqat Alloh taoloning fazlu marhamatiga bog‘liq bo‘ladi. Bu haqiqatni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari alohida ta’kidlaganlar:
عَنْ عَائِشَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ سَدِّدُوا وَقَارِبُوا وَاعْلَمُوا أَنْ لَنْ يُدْخِلَ أَحَدَكُمْ عَمَلُهُ الْجَنَّةَ وَأَنَّ أَحَبَّ الْأَعْمَالِ إِلَى اللَّهِ أَدْوَمُهَا وَإِنْ قَلَّ. رَوَاهُ البُخَارِيُّ
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “To‘g‘ri bo‘linglar, g‘uluga ketmanglar, bilinglarki sizlardan birortangizni amali jannatga kiritmaydi, albatta amallarning Allohga sevimlirog‘i oz bo‘lsa-da, davomlirog‘idir”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Ya’ni biror inson ham yaxshi amallari ko‘pligi sababli o‘zining jannatga kirishini naqd qilib qo‘ya olmaydi, balki jannat faqatgina Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘lgan baxtli insonlargagina nasib etadi.
Shuning uchun har bir banda Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lib yashashi lozim. Qur’oni karimda taqvodor bandalarning jonlari olinayotganda farishtalar ularga salom berib, jannat bashoratini berishlari bayon qilingan:
Ushbu oyati karimadagi ب harfi “sababiya” ma’nosida bo‘lsa ham, “badaliya” ma’nosida bo‘lsa ham, hadisda bayon qilingan ma’noga zid bo‘lib qolmaydi. Agar “sababiya” ma’nosi beriladigan bo‘lsa, “qilib yurgan yaxshi ishlaringiz sababli Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ldingiz, jannatga kiring” degan ma’no tushuniladi. Agar “badaliya” ma’nosi beriladigan bo‘lsa, “qilib yurgan yaxshi ishlaringiz badaliga Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ldingiz, jannatga kiring” bo‘ladi.
Modomiki, barcha Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘lish bilangina jannatga kirar ekan, doimo U zotning rahmatidan umid uzmay amal qilib borish lozim. Ammo umidvor bo‘lish bilan xom xayol surishning orasini ajratib olish kerak. Xom xayol surish – biron ish qilmasdan faqatgina “shirin xayol” surishning o‘zi bo‘lsa, umidvor bo‘lishning o‘ziga yarasha bir qancha shartlari bor.
Umidvor bo‘lish va xom xayol surish orasidagi farqlar
Umidvor bo‘lish va xom xayol surish orasidagi farqlar haqida “Talxisu sharhi aqidatit Tahoviya” kitobida quyidagilar aytilgan:
“Kimki bir narsadan umidvor bo‘lsa, uning umidvorligi bir qancha ishlarning bo‘lishi zarurligini keltirib chiqaradi:
1. Umid qilgan narsasiga muhabbatli bo‘lishi;
2. Umid qilgan narsasiga erisholmay qolishdan qo‘rqishi;
3. Umid qilgan narsasiga erishish uchun imkoni boricha harakat qilishi.
Ushbularning birortasiga ham bog‘lanmasdan, umid qilish xom xayol surish bo‘ladi. Umidvorlik va xom xayol surish boshqa-boshqa narsalardir”[2].
Demak, kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga muhabbatli bo‘lishi, uni doimo yodida saqlashi va unga olib boradigan yo‘llardan yurishi lozim.
Kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga erisholmay qolishidan qo‘rqishi, undan ajratib qo‘yadigan narsalardan saqlanib yurishi lozim.
Kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga erishishi uchun unga erishtiradigan barcha omillarni ishga solib imkoni boricha harakat qilishi lozim. Alloh muvaffaq qilsin.
Keyingi mavzular:
Ulug‘ hisob-kitob bo‘lishi bayoni.