Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Yanvar, 2025   |   2 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:32
Asr
15:23
Shom
17:08
Xufton
18:27
Bismillah
01 Yanvar, 2025, 2 Rajab, 1446

Ibrat olaylik

4.03.2018   3965   2 min.
Ibrat olaylik

Alloh taolo Qur’oni karimning bir necha oyatlarida bizni muhtasham koinotdan ibrat olishga chaqiradi. Odam bolasi Alloh taoloning borligini, birligini, cheksiz qudratini his qilish uchun tog‘larga, dengiz-daryolarga, hayvonotu o‘simlik olamiga va xususan, eng katta mo‘jiza bo‘lmish insonga ibrat nazari bilan boqishi, tafakkur qilishi kerak. Zero, mana bu oyati karimalar shunga undaydi:

(Ey insonlar,) yerda ishonuvchilar uchun alomatlar bordir. O‘zlaringizda ham. Axir, ko‘rmaysizlarmi?!” (Zoriyot, 20 -21).

“Axir, ular tuyaga qarab, qanday yaratilganiga, osmonning qanday ko‘tarib qo‘yilganiga, tog‘larning qanday tiklanganiga va Yerning qanday yoyib-tekislab qo‘yilganiga boqmaydilarmi?!” (G‘oshiya, 17-20).

Tabiatda kechayotgan qayta jonlanish, yangilanish va yasharish jarayonlari ulug‘ Allohning yaratuvchilik qudratini namoyon etadigan eng go‘zal dalillar ekanini payqamaslik mumkinmi? Alloh taolo yaratiqning nima uchun va qanday qilib yaratilganiga diqqatni tortib, bunday marhamat qiladi:

Sizlar o‘zlaringiz ichayotgan suvni (o‘ylab) ko‘rdingizmi?! Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘diruvchimizmi?! Agar Biz xohlasak, uni sho‘r va achchiq qilib qo‘ygan bo‘lur edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?! Sizlar yoqayotgan olovni (o‘ylab) ko‘rdingizmi?! Uning daraxtini sizlar paydo qildingizmi yoki Biz paydo qiluvchimizmi?! Biz uni (jahannam haqida) bir eslatma va yo‘lovchilar uchun foydalanadigan narsa qilib qo‘ydik. Bas, (Ey Muhammad,) Ulug‘ Rabbingiz nomini (poklab) tasbeh ayting!” (Voqea, 68 -74).

Bu oyatlarni o‘qigach, Allohning borligini, birligini, Uning ulug‘ qudratini tasdiq etishimiz, bergan ne’matlariga shukr qilmasdan ilojimiz qolmaydi. Yer yuzidagi hamma narsa o‘z tili bilan Allohni yod etib, Unga tasbeh aytar ekan, yaralmishlarning eng sharaflisi bo‘lmish insonlarning Undan uzoq qolishi to‘g‘ri bo‘ladimi?

So‘zimizni mana bu oyati karima bilan yakunlaymiz:

(Ey Muhammad,) ayting: “Xabar beringiz-chi, agar Alloh kechani qiyomat kunigacha ustingizda mangu qilib qo‘ysa, Allohdan o‘zga qaysi “iloh” sizlarga biror yorug‘lik keltira olur?! Axir, eshitmaysizlarmi?!” Ayting: “Xabar beringiz-chi, agar Alloh kunduzni qiyomat kunigacha ustingizda mangu qilib qo‘ysa, Allohdan o‘zga qaysi “iloh” sizlarga taskin topadigan kechani keltira olur?! Axir, ko‘rmaysizlarmi?!” (Qasas, 71-72).

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Safar soati

27.12.2024   6467   6 min.
Safar soati

Ba’zi ulamolar insonning hayot bilan vidolashuv damlarini “safar chog‘i”, “safar soati” deyishadi. Xususan, mashhur olim Oiz Qarniy “Sahobalar hayotidan xotiralar” kitobida Amr ibn Os roziyallohu anhuning “safar soati” haqida so‘z yuritib, bu vaqtning rostgo‘ylik, ruhning pok­lanishi, oshkoralik va shaffoflik onlari ekanini ta’kidlaydi. 
 

Bu vaqtda o‘lim to‘shagida yotgan insondan dunyo bezaklariga intilish, ig‘vo, munofiqlik, soxtakorlik kabi illatlar chekinar va u o‘zining haqiqati bilan yolg‘iz qoladi. Hatto Fir’avn ham jon berish onida ichidagi maxfiy haqiqatni oshkor qilib, bunday degan:

لا إِلَهَ إِلا الَّذِي آَمَنَتْ بِهِ بَنُو إِسْرَائِيلَ وَأَنَا مِنَ الْمُسْلِمِينَ

“Iymon keltirdimki, Isroil avlodi iymon keltirgan Zotdan o‘zga iloh yo‘qdir. Men ham musulmonlardanman” (Yunus surasi, ٩٠-oyat).


Mashhur sahobiy Amr ibn Os roziyallo­hu anhu o‘lim to‘shagida yotarkan, yuzini devorga burib olgandi. Atrofida o‘tirgan do‘stlari va o‘g‘li Abdulloh Amr ibn Osga Misrni fath etib, Islomning yoyilishi­ga katta hissa qo‘shganini, Allohning rahmatidan umidvor bo‘lishini eslatar, u zot bo‘lsa, o‘zini qanday oqibat kuta­yotganini bilmagani bois qo‘rquvdan yig‘lardi.


Amr ibn Os roziyallohu anhu so‘nggi lahzalarini boshdan kechirar ekan, yashab o‘tgan hayotini xotirlab, bunday xulosaga keladi: “Mening umrim uch bosqichda o‘tdi. Islomdan oldin jaholat bosqichida yashadim. O‘sha paytda eng yomon ko‘rganim Rasululloh sollallohu alayhi va sallam edilar. Har qancha hiyla-nayrang ishlatib bo‘lsa ham, u zotni o‘ldirishga tayyor edim. Islomni qabul qilgach, Madinaga hijrat qildim. Bu hayotimdagi ikkinchi bosqich, ya’ni kufrdan Islomga o‘tish bosqichi edi...”


Amr ibn Os Makkadan Madinaga Xolid ibn Valid bilan birga hijrat qilgandi. Ular Madinaga yaqinlasharkan, Amr ibn Os Xolid ibn Validga: “Yo oldinda yur yoki orqada qol. Mening gunohlarim ko‘p. Rasulullohga ular haqida aytmoqchiman. U zot bilan yolg‘iz qolishni istayman”, dedi. Shundan so‘ng Xolid ibn Valid oldinga o‘tib ketdi. Amr ibn Os ro­ziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga ke­lib: “Qo‘lingizni bering, bay’at qi­laman”, dedi.


Rasululloh Amr ibn Osga bay’at uchun qo‘llarini cho‘zganlarida, u payg‘ambarimizning muborak qo‘llarini mahkam ushlab oldi. Nabiy alayhissalom: “Senga nima bo‘ldi, ey Amr?” deb so‘radilar. Amr ibn Os: “Men shart qo‘ymoqchiman, ey Allohning Rasuli”, dedi. U zot: “Nimani shart qo‘yasan?” dedilar. Amr ibn Os: “Rabbim o‘tgan gunohlarimni mag‘firat qilishini shart qilib qo‘yaman”, dedi. Amr ibn Os johiliyat davrida Islomga qarshi janglarda qatnashgan va ko‘pgina gunoh ishlarga qo‘l urgandi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Amr, bilmaysanmi? Islom o‘zidan oldingi narsalarni yo‘q qiladi (gunohlarni kechiradi)”, dedilar.


Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: «Qo‘limni Rasululloh sollallohu alay­hi va sallamning qo‘llariga qo‘yib, bay’at qildim. Shundan so‘ng muhabbat va itoatkorlik ila u zotga hamroh bo‘ldim. U zot men uchun insonlarning eng sevimlisi edilar. Islomdan avvalgi nafratim muhabbatga aylandi. Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamga bo‘lgan hurmatim sababidan u zotga tik qaray olmaganman. Agar mendan u zotni tasvirlab berishimni so‘rasangiz, bu ishni uddalay olmayman. Chunki u zotga bo‘lgan muhabbatim, ehtiromim va hayoim sababli Rasulullohning yuzlariga qaray olmaganman. Ana shu muhabbat tufayli qaytadan dunyoga kelgandek bo‘ldim... Koshkiydi, o‘sha holatimda vafot topgan bo‘lsam. Chunki mazkur holat din uchun kurash, ilm, tavba va hidoyat kabi his-tuyg‘ularni o‘zida jamlagandi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan so‘ng o‘zgarib qoldim. Bu hayotimning uchinchi bosqichi edi. Bu bosqichda dunyo men bilan oshkora o‘yin qildi. Siffin va Jamal kabi fitnali hodisalar sodir bo‘ldi. Allohga qasam, jannatga kiramanmi yoki do‘zaxgami, bilmayman!.. Hozir birgina kalima bor, xolos. Uni Allohning huzurida o‘zim uchun hujjat qilaman. Bu: “La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah. Lahul-mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shay’in qodir” kalimasidir».


Shundan so‘ng Amr ibn Os roziyallohu anhu kaftini mahkam siqdi va ruhi tanasidan chiqib ketdi. Uning o‘g‘li Abdulloh ibn Amr aytadi: “Otamni yuvgani olib kirdik. G‘assollar uning barmoqlarini yuvish uchun ochmoqchi bo‘ldilar, lekin ular mahkam siqilgandi. So‘ng uni kafanlash uchun barmoqlarini ochdik, lekin ular yana yopilib qoldi. Uni qabrga qo‘yganimizda ham qo‘llari mahkam siqilgandi”...


Ushbu voqea zamirida barchamiz uchun ulkan saboq bor. Amr ibn Os roziyallohu anhuning naqadar samimiyligi, tavhid kalimasini dili va tilida mahkam tutib, Rabbisiga yuzlanganiga havasdamiz, albatta.


Amr ibn Os roziyallohu anhu umrini uch bosqichga bo‘ldi. Bizning “safar soati”miz qanday kecharkin? Hayotimiz necha bosqichdan iborat bo‘ladi? Umrimiz qanday kechyapti? Rabbimiz biz ojiz bandalariga bu borada ham O‘z “taklif”ini taqdim etgan. Oli Imron surasi ٨-oyatida bunday duo bor:

رَبَّنَا لَا تُزِغْ قُلُوبَنَا بَعْدَ إِذْ هَدَيْتَنَا وَهَبْ لَنَا مِنْ لَدُنْكَ رَحْمَةً إِنَّكَ أَنْتَ الْوَهَّابُ

“Robbanaa laa tuzig‘ quluubanaa ba’da iz hadaytanaa vahab lanaa mil-ladunka rohmah. Innaka antal Vahhaab”.

“Ey Rabbimiz, bizni hidoyat yo‘liga solganingdan keyin dillarimizni (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘dirma va bizga hu­zuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen Vahhob (barcha ne’matlarni tekin ato etuvchi)dirsan”. 


Mehribon Zot barchamizni ushbu duo-oyat haqiqati bilan rizqlantirsin! 

Mavjuda NURIDDINOVA
 tayyorladi.

Maqolalar