Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Ibrat olaylik

4.03.2018   4002   2 min.
Ibrat olaylik

Alloh taolo Qur’oni karimning bir necha oyatlarida bizni muhtasham koinotdan ibrat olishga chaqiradi. Odam bolasi Alloh taoloning borligini, birligini, cheksiz qudratini his qilish uchun tog‘larga, dengiz-daryolarga, hayvonotu o‘simlik olamiga va xususan, eng katta mo‘jiza bo‘lmish insonga ibrat nazari bilan boqishi, tafakkur qilishi kerak. Zero, mana bu oyati karimalar shunga undaydi:

(Ey insonlar,) yerda ishonuvchilar uchun alomatlar bordir. O‘zlaringizda ham. Axir, ko‘rmaysizlarmi?!” (Zoriyot, 20 -21).

“Axir, ular tuyaga qarab, qanday yaratilganiga, osmonning qanday ko‘tarib qo‘yilganiga, tog‘larning qanday tiklanganiga va Yerning qanday yoyib-tekislab qo‘yilganiga boqmaydilarmi?!” (G‘oshiya, 17-20).

Tabiatda kechayotgan qayta jonlanish, yangilanish va yasharish jarayonlari ulug‘ Allohning yaratuvchilik qudratini namoyon etadigan eng go‘zal dalillar ekanini payqamaslik mumkinmi? Alloh taolo yaratiqning nima uchun va qanday qilib yaratilganiga diqqatni tortib, bunday marhamat qiladi:

Sizlar o‘zlaringiz ichayotgan suvni (o‘ylab) ko‘rdingizmi?! Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘diruvchimizmi?! Agar Biz xohlasak, uni sho‘r va achchiq qilib qo‘ygan bo‘lur edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?! Sizlar yoqayotgan olovni (o‘ylab) ko‘rdingizmi?! Uning daraxtini sizlar paydo qildingizmi yoki Biz paydo qiluvchimizmi?! Biz uni (jahannam haqida) bir eslatma va yo‘lovchilar uchun foydalanadigan narsa qilib qo‘ydik. Bas, (Ey Muhammad,) Ulug‘ Rabbingiz nomini (poklab) tasbeh ayting!” (Voqea, 68 -74).

Bu oyatlarni o‘qigach, Allohning borligini, birligini, Uning ulug‘ qudratini tasdiq etishimiz, bergan ne’matlariga shukr qilmasdan ilojimiz qolmaydi. Yer yuzidagi hamma narsa o‘z tili bilan Allohni yod etib, Unga tasbeh aytar ekan, yaralmishlarning eng sharaflisi bo‘lmish insonlarning Undan uzoq qolishi to‘g‘ri bo‘ladimi?

So‘zimizni mana bu oyati karima bilan yakunlaymiz:

(Ey Muhammad,) ayting: “Xabar beringiz-chi, agar Alloh kechani qiyomat kunigacha ustingizda mangu qilib qo‘ysa, Allohdan o‘zga qaysi “iloh” sizlarga biror yorug‘lik keltira olur?! Axir, eshitmaysizlarmi?!” Ayting: “Xabar beringiz-chi, agar Alloh kunduzni qiyomat kunigacha ustingizda mangu qilib qo‘ysa, Allohdan o‘zga qaysi “iloh” sizlarga taskin topadigan kechani keltira olur?! Axir, ko‘rmaysizlarmi?!” (Qasas, 71-72).

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Hidoyat imomi

8.01.2025   1912   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov

VIDEO