Alloh taolo Qur’oni karimning bir necha oyatlarida bizni muhtasham koinotdan ibrat olishga chaqiradi. Odam bolasi Alloh taoloning borligini, birligini, cheksiz qudratini his qilish uchun tog‘larga, dengiz-daryolarga, hayvonotu o‘simlik olamiga va xususan, eng katta mo‘jiza bo‘lmish insonga ibrat nazari bilan boqishi, tafakkur qilishi kerak. Zero, mana bu oyati karimalar shunga undaydi:
“(Ey insonlar,) yerda ishonuvchilar uchun alomatlar bordir. O‘zlaringizda ham. Axir, ko‘rmaysizlarmi?!” (Zoriyot, 20 -21).
“Axir, ular tuyaga qarab, qanday yaratilganiga, osmonning qanday ko‘tarib qo‘yilganiga, tog‘larning qanday tiklanganiga va Yerning qanday yoyib-tekislab qo‘yilganiga boqmaydilarmi?!” (G‘oshiya, 17-20).
Tabiatda kechayotgan qayta jonlanish, yangilanish va yasharish jarayonlari ulug‘ Allohning yaratuvchilik qudratini namoyon etadigan eng go‘zal dalillar ekanini payqamaslik mumkinmi? Alloh taolo yaratiqning nima uchun va qanday qilib yaratilganiga diqqatni tortib, bunday marhamat qiladi:
Sizlar o‘zlaringiz ichayotgan suvni (o‘ylab) ko‘rdingizmi?! Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘diruvchimizmi?! Agar Biz xohlasak, uni sho‘r va achchiq qilib qo‘ygan bo‘lur edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?! Sizlar yoqayotgan olovni (o‘ylab) ko‘rdingizmi?! Uning daraxtini sizlar paydo qildingizmi yoki Biz paydo qiluvchimizmi?! Biz uni (jahannam haqida) bir eslatma va yo‘lovchilar uchun foydalanadigan narsa qilib qo‘ydik. Bas, (Ey Muhammad,) Ulug‘ Rabbingiz nomini (poklab) tasbeh ayting!” (Voqea, 68 -74).
Bu oyatlarni o‘qigach, Allohning borligini, birligini, Uning ulug‘ qudratini tasdiq etishimiz, bergan ne’matlariga shukr qilmasdan ilojimiz qolmaydi. Yer yuzidagi hamma narsa o‘z tili bilan Allohni yod etib, Unga tasbeh aytar ekan, yaralmishlarning eng sharaflisi bo‘lmish insonlarning Undan uzoq qolishi to‘g‘ri bo‘ladimi?
So‘zimizni mana bu oyati karima bilan yakunlaymiz:
“(Ey Muhammad,) ayting: “Xabar beringiz-chi, agar Alloh kechani qiyomat kunigacha ustingizda mangu qilib qo‘ysa, Allohdan o‘zga qaysi “iloh” sizlarga biror yorug‘lik keltira olur?! Axir, eshitmaysizlarmi?!” Ayting: “Xabar beringiz-chi, agar Alloh kunduzni qiyomat kunigacha ustingizda mangu qilib qo‘ysa, Allohdan o‘zga qaysi “iloh” sizlarga taskin topadigan kechani keltira olur?! Axir, ko‘rmaysizlarmi?!” (Qasas, 71-72).
O‘MI Matbuot xizmati
Shu yil 3-7 yanvar kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 237 nafar pedagog-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlari maxsus reja va dars jadvali asosida bo‘lib o‘tdi. Darslar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol uslublar yordamida o‘tildi. Unga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari, yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan ma’ruzachilar taklif qilindi.
Malaka oshirish davomida pedagog-o‘qituvchilarning davlat va din munosabatlari, o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishda bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, talabalar orasida mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘quv-mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati