Namanganda Tojikistonning So‘g‘d viloyati, Asht tumani bilan chegaradagi «Pop» o‘tkazish punkti ishi tiklandi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.
Mazkur maskanning ochilish marosimi ko‘hna do‘stlikning namoyishiga aylandi. Unga tashrif buyurgan tojikistonlik mehmonlar, namanganlik tojik millatiga mansub vatandoshlarimiz, ikki mamlakatning jamoatchilik vakillari va yoshlari karnay-surnay sadolari ostida bir-birlariga quchoq ochdilar.
Tantanada Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Alisher Fayzullayev, Pop tumani hokimi A’zamjon Sultonov, So‘g‘d viloyati raisining o‘rinbosari Anvar Yoqubiy, Asht tumani raisi Mirdado Zarif Mirmuhammadiy va boshqalar azaldan qon-qardoshlik rishtalari bilan chambarchas bog‘lanib ketgan o‘zbek va tojik xalqi o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlari O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning sa’y-harakatlari bilan yangicha asoslarda mustahkamlanayotgani, «Pop» nazorat o‘tkazish punkti faoliyatining qayta tiklanishi yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini yuksaltirishda xayrli va muhim yana bir qadam ekanini alohida ta’kidladi.
Manba: https://kun.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati