2 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida O‘zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi bilan hamkorlikda “Halol kasb – farovonlik omili” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir joriy yilni “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi o‘rtasida tuzilgan Memorandum doirasida o‘tkazildi.
Tadbirda Yoshlar ittifoqi vakillari, yosh tadbirkorlar, soha mutaxassislari, diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ulamolar, imom-xatiblar, Toshkent islom instituti va madrasalar talaba-yoshlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda Islom dinida bayon qilingan tijoratning qonun-qoidalari, odoblari hamda halol mehnat insonning ikki dunyosini obod qilishi haqida so‘z yuritildi. To‘g‘ri kasb-kor orqali qut-baraka kelishi, halol tirikchilik ibodat darajasiga ko‘tarilgani, unga katta ajr-savoblar ato etilishi to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. O‘z navbatida bugun Davlatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlarga keng yo‘l ochilgani, qulayliklar berilgani, qo‘llab-quvvatlovchi choralar ko‘rilgani hamda turli sun’iy to‘siq va cheklovlar olib tashlanganini alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur muloqotda so‘zga chiqib, tijorat bilan shug‘ullanuvchi inson eng avvalo niyati to‘g‘ri bo‘lishi, ya’ni halol mehnati bilan avvalo oilasini pokiza rizq ila boqishi, jamiyat va yurtga foyda keltirishi lozimligini tushuntirdi.
Zero, halol kasb obod turmush garovidir. Inson o‘z qo‘l mehnati orqali rizq talab qilishi esa vojib amaldir. Alloh taolo marhamat qilib aytadi: “Ey imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz! O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, u bundan mustasno” (“Niso” surasi, 29-oyat).
Tadbirda diniy idora mas’ul xodimi Isoqjon Begmatov so‘zga chiqib, tijorat qilishda kerakli bilim va diniy ko‘rsatmalarga rioya etish, birovning haqidan ehtiyot bo‘lish hamda durust savdo bilan nodurust savdoni ajratish zarurligini izohladi. Shuningdek, savdo-sotiq borasidagi Islom dini ko‘rsatmalari, halol-haromning farqlari, o‘tmishdagi ibratli voqealar va ulug‘lar o‘gitidan namunalar keltirdi. Jumladan, Hazrat Umar roziyallohu anhu davrlarida tobeinlarning ulug‘lari bozorlarni aylanishlari va bozordagi sotuvchilardan tijoratga doir masalalarni so‘rashlari, javob berolmaganlarni to o‘rganib kelmaguncha bozordan chetlatilganini so‘zlab berildi.
Isoqjon Begmatov so‘zida davom etib, agar tadbirkor halollikni shior qilib mehnat qilsa, kelishmovchiliklar barham topishini aytib, insonlar orasida bir-birga ishonch va ishda baraka bo‘lishini aytdi. Erta tongdan pokiza rizq topaman, oilamni boqaman, degan pok niyatda yo‘l olgan kishiga Alloh taolo huzurida katta savoblar yozilishi, Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning: “Kim halol mehnat qilib, horib charchagan xolda tunasa, gunohlari kechirilgan xolda tunaydi”, degan hadisi shariflarining mazmun-mohiyatini tushuntirdi.
Haqiqatan, har bir payg‘ambar o‘z qalbini Alloh zikri band qilib, halol mehnat ila rizq topishni o‘z burchi deb bilgan. Odam alayhissalom dehqonchilik, Idris alayhissalom temirchilik, Muso alayhissalom cho‘ponlik qilganlar. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tijorat bilan shug‘ullanganlar.
Payg‘ambarlardan meros qolgan ushbu qadriyat keyinchalik valiy zotlar tomonidan davom ettirilgan. Ulug‘ zotlar ushbu an’anaga sadoqat bilan yondoshishgan. Aziz avliyolar ishsiz, ma’lum kasb-hunar egasi bo‘lmagan insonlarni muridlikka qabul qilmaganlar, o‘zlari albatta biror kasb-hunar bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Xoja Ali Rometaniy – to‘quvchi, Muhammad Boboyi Samosiy – bog‘bon, Sayyid Amir Kulol – kulol, Bahouddin Naqshband – naqqosh, to‘quvchi, Xoja Ubaydulloh Ahror – chorvador va savdogar bo‘lishgan.
Bu an’ana asrlar davomida qalbini imon halovati, jismini mehnat rohati bilan oziqlantirgan komil insonlarning ko‘payishiga katta omil bo‘lgan.
So‘zga chiqqan notiqlar bugungi kunda dunyo aholisining taxminan 1,8 milliardini, ya’ni yer aholisining 24 foizini musulmonlar tashkil etishi, “Halol” belgisi ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va xizmatlarga talabning oshayotgani, hatto, Yevropa, AQSH, Avstraliya, Kanada, Xitoy, Hindiston, Lotin Amerikasi davlatlari ham bu masalaga alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etishdi.
Bugungi kunda mo‘min-musulmonlar tomonidan halol, pokiza oziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlarga bo‘lgan talab ortib borayotgani hamda ishlab chiqaruvchilar tomonidan “Halol sertifikat” joriy etish bo‘yicha murojaatlarni inobatga olib, “O‘zstandart” agentligi tomonidan “Halol” standarti qabul qilingani, “Halol sertifikat” yo‘riqnomasi va ushbu ish bilan bevosita shug‘ullanadigan ulamolar hay’ati tuzilganini ma’lum qilindi.
Tadbir yakunida yosh tadbirkorlarning qiziqtirgan savollariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari tomonidan batafsil javob berildi. Shu bilan birga halol tadbirkorlik sir-asrorlarini bilish masalasida diniy idoraning eshiklari ular uchun har doim ochiq ekani, har qanday savol yoki masala yuzasidan bevosita idora mas’ul xodimlariga yoki idoraning rasmiy muslim.uz portali orqali ham murojaat etishlari eslatib o‘tildi.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari “Hazrati Imom” majmuasidagi tarixiy obidalar, osori atiqalar va ma’naviy meroslarimizni ziyorat qilib, ruhiy quvvat olishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
- 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ
Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.
Nazmiy bayoni:
Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.
Lug‘atlar izohi:
لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.
دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.
تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.
بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.
وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.
قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.
يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.
Matn sharhi:
Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].
Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.
Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:
“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].
Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:
“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].
Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.
Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].
Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:
“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].
Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:
“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].
Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.
Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.
Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:
“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].
Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:
عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).
Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.
Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.
Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.
[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.
[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.
[3] Najm surasi, 39-oyat.
[4] Baqara surasi, 286-oyat.
[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.
[6] Muhammad surasi, 19-oyat.
[7] Hashr surasi, 10-oyat.
[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.
[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.
Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.
Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:
1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);
2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);
3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);
4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);
5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);
Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.