Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Yanvar, 2025   |   15 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:37
Shom
17:22
Xufton
18:40
Bismillah
15 Yanvar, 2025, 15 Rajab, 1446

To‘g‘riso‘zlik odatimiz bo‘lsin!

2.03.2018   4207   2 min.
To‘g‘riso‘zlik odatimiz bo‘lsin!

Dinimiz hamisha to‘g‘ri so‘zlashga buyuradi. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqinglar va to‘g‘ri so‘zlanglar! (Shunda Alloh) ishlaringizni o‘nglar va gunohlaringizni mag‘firat etar. Kim Allohga va Uning payg‘ambariga itoat etsa, bas, u ulug‘ yutuqqa erishibdi” (Ahzob, 70-71).

To‘g‘ri so‘zlash eng yaxshi fazilat, huzur-halovatning asosi. Oila va jamiyat farovonligi ham to‘g‘rilik, rostlik bilan davomli bo‘ladi. To‘g‘riso‘zlik tufayli oila, jamiyat a’zolari o‘rtasida mehr-muhabbat, ishonch kuchaya­di, har sohada rivojlanish, ilgarilash bo‘ladi.

Insonning eng sof va pokiza tuyg‘ulari, hayotiy tushuncha va tasavvurlari oilada shakllanadi. Ota-ona o‘rtasidagi ishonch xonadonda xotirjamlik muhitini yuzaga keltiradi, bu – farzandlar tarbiyasi uchun foydalidir. Oilalardagi muhit mahalla, jamiyatdagi insonlararo munosabatlarga ham ta’sir etadi. Demak, oilada katta-kichikning odob talablariga rioya qilishi juda muhimdir.

Ish yo o‘qish joyidagi hamrohlarning ma’naviy kasalliklari boshqalarga ham “yuqishi” tabiiy. Zero, Alloh taolo sodiqlar bilan birga bo‘lishga buyurgan: “Ey imon keltirganlar! Allohdan qo‘rqinglar va (imonda) sodiq kishilar bilan birga bo‘linglar!” (Tavba, 119). Sodiqlar so‘z, ish, niyat va imonda sadoqatli kishilardir. So‘zda sadoqatlilik rost gapirish,   yolg‘ondan saqlanish bilan bo‘ladi. Imon talabi, najotga yetishish vositasi shu. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “To‘g‘riso‘zlik yaxshilikka yetaklaydi. Yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Albatta, kishi to‘g‘ri so‘zlaydi, hatto Alloh huzurida siddiqlardan deb yoziladi” (Muttafaqun alayh).

Hamma narsa doimiy bajarib yurish bilan odatga aylanadi. To‘g‘riso‘zlik ham shunday. Hatto o‘z foydamizga qarshi kelsa ham, to‘g‘ri gapni o‘rnida ayta bilsak, buning mukofoti ikki dunyoda yaxshilik bo‘ladi.

Joziba JAMOL qizi,

“Xadichai Kubro” ayol-qizlar islom o‘rta-maxsus

bilim yurti mudarrisasi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Bizdan faqat yaxshilik qoladi

13.01.2025   3835   1 min.
Bizdan faqat yaxshilik qoladi

Vafot etishingiz bilan dastlab nomingiz odamlar yodidan ko‘tariladi. G‘assol kelsa: “Mayit qayerda” – deydi. Mansabingizni ham, nasabingizni ham va hatto ismingizni ham so‘ramaydi. Janozangizni o‘qishdan oldin Imom: “Marhumning yoshi nechchida edi?” – deydi. Mansabingiz ham, nasabingiz ham va hatto nomingiz ham zikr qilinmaydi. Keyin: “Tobutni ko‘taringlar!” – deyiladi. Bunda ham na mansabingiz, na nasabingiz va na nomingiz eslanadi. Hayotda tez unutilasiz, shunchaki xotiraga aylanasiz. Esingizdan chiqarmang, hamma narsa o‘tkinchi sizdan faqat yaxshilik qoladi xalos..!

Xulosa shuki, bugun sizu bizga ALLOH tomonidan umr berildi. Bugun yangi tong otdi. Siz uyg‘ondingiz, buning uchun ALLOHga hamd aytishni unutmang. Dunyoning qaysidir burchagida qanchadan-qancha odam bugun uyg‘onmadi. 

Avvalo, yoningizda bo‘lishsa, ota-onangizning hollaridan xabar oling, yoningizda bo‘lishmasa telefon orqali avhol so‘rang. Har kuni ko‘chaga chiqishingizdan avval ALLOH nomini zikr qiling, hamd aytib, ota-onangizni duolarini oling. ALLOH kasbingizga molingizga rizqingizga, albatta, baraka beradi, inshaalloh. Agar bu olamdan o‘tgan bo‘lsalar haqlariga ko‘p-ko‘p duolar qiling. Shunda ham ularning haqlarini ado eta olmaysiz. 

ALLOH bergan va berayotgan barcha ne’matlarni qadriga yetaylik! 

Akbarshoh RASULOV

Ibratli hikoyalar