Dinimiz hamisha to‘g‘ri so‘zlashga buyuradi. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqinglar va to‘g‘ri so‘zlanglar! (Shunda Alloh) ishlaringizni o‘nglar va gunohlaringizni mag‘firat etar. Kim Allohga va Uning payg‘ambariga itoat etsa, bas, u ulug‘ yutuqqa erishibdi” (Ahzob, 70-71).
To‘g‘ri so‘zlash eng yaxshi fazilat, huzur-halovatning asosi. Oila va jamiyat farovonligi ham to‘g‘rilik, rostlik bilan davomli bo‘ladi. To‘g‘riso‘zlik tufayli oila, jamiyat a’zolari o‘rtasida mehr-muhabbat, ishonch kuchayadi, har sohada rivojlanish, ilgarilash bo‘ladi.
Insonning eng sof va pokiza tuyg‘ulari, hayotiy tushuncha va tasavvurlari oilada shakllanadi. Ota-ona o‘rtasidagi ishonch xonadonda xotirjamlik muhitini yuzaga keltiradi, bu – farzandlar tarbiyasi uchun foydalidir. Oilalardagi muhit mahalla, jamiyatdagi insonlararo munosabatlarga ham ta’sir etadi. Demak, oilada katta-kichikning odob talablariga rioya qilishi juda muhimdir.
Ish yo o‘qish joyidagi hamrohlarning ma’naviy kasalliklari boshqalarga ham “yuqishi” tabiiy. Zero, Alloh taolo sodiqlar bilan birga bo‘lishga buyurgan: “Ey imon keltirganlar! Allohdan qo‘rqinglar va (imonda) sodiq kishilar bilan birga bo‘linglar!” (Tavba, 119). Sodiqlar so‘z, ish, niyat va imonda sadoqatli kishilardir. So‘zda sadoqatlilik rost gapirish, yolg‘ondan saqlanish bilan bo‘ladi. Imon talabi, najotga yetishish vositasi shu. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “To‘g‘riso‘zlik yaxshilikka yetaklaydi. Yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Albatta, kishi to‘g‘ri so‘zlaydi, hatto Alloh huzurida siddiqlardan deb yoziladi” (Muttafaqun alayh).
Hamma narsa doimiy bajarib yurish bilan odatga aylanadi. To‘g‘riso‘zlik ham shunday. Hatto o‘z foydamizga qarshi kelsa ham, to‘g‘ri gapni o‘rnida ayta bilsak, buning mukofoti ikki dunyoda yaxshilik bo‘ladi.
Joziba JAMOL qizi,
“Xadichai Kubro” ayol-qizlar islom o‘rta-maxsus
bilim yurti mudarrisasi
O‘MI Matbuot xizmati
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV