1-2 mart kunlari Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining taklifiga asosan Iordaniya Qiroli Abdulloh II Hindistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Bu haqda “Times of India” nashri xabar berdi.
Tashrif doirasida ko‘plab uchrashuvlar va davra suhbatlari tashkil etilgani xabar qilinmoqda. 1 mart, payshanba kuni o‘tkazilgan tadbirlar doirasida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Islom dini haqidagi fikrlarini bildirib, “Terrorga qarshi kurash Islom yoki musulmonlarga qarshi urush emas”ligini aytib o‘tdi.
Bosh vazir “Islom merosi: o‘zaro tushunish va boshqaruvni rag‘batlantirish” mavzusidagi konferensiyada “Bizning ko‘p fikrli demokratiyamiz ekstremizmga qarshi kurashda bizga kuch-qudrat beradi”, deb aytdi.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Hindiston yoshlari Islom dinining insoniylik jihatlari bilan tanishishi kerakligini, va ayni paytda, zamonaviy texnologiyalardan ham foydalana olishi kerakligini aytib o‘tgan.
“Musulmon yoshlarining bir qo‘lida Qur’on, ikkinchisida kompyuter bo‘lishi kerak”, - deya so‘ziga qo‘shimcha qildi Hindiston Bosh vaziri.
Anjumanda ishtirok etayotgan Iordaniya Qiroli Abdulloh II “Din nomidan uyushtirilgan hujum – dinga qarshi uyushtirilgan hujumdir. Din nomidan nafrat tarqatayotgan shaxslarning kimligi aniqlanishi va rad etilmog‘i lozim”, - deya bayonot berdi.
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Mo‘miyo halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.