Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Aprel, 2025   |   28 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:00
Quyosh
05:27
Peshin
12:26
Asr
17:13
Shom
19:18
Xufton
20:40
Bismillah
26 Aprel, 2025, 28 Shavvol, 1446

Yangi rukn: “Sog‘lom e’tiqod saboqlari”

02.03.2018   6987   7 min.
Yangi rukn: “Sog‘lom e’tiqod saboqlari”

Hurmatli muxlislar, to‘g‘ri e’tiqodli bo‘lish va xato e’tiqodiy qarashlardan saqlanish har bir musulmon uchun juda muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun saytimizda “Sog‘lom e’tiqod saboqlari” rukni ostida zaruriy e’tiqodiy masalalarni sodda, tushunarli va lo‘nda shaklda bayon qilib borishni rejalashtirdik. Alloh taolo boshlagan ushbu ishimizni xayrli va manfaatli bo‘lishini ta’minlagan bo‘lsin.

Birinchi saboq:

IMON KALIMALARI

  Imon kalimalari har bir mo‘min kishi bilishi va ularning ma’nolariga e’tiqod qilishi zarur bo‘lgan kalimalar hisoblanadi. Quyida ushbu kalimalarning tarjimalari va qisqacha izohlari bilan tanishib chiqamiz:  

كَلِمَةٌ طَيِّبَةٌ

  Yoqimli kalima 

لاَ اِلَهَ اِلاَّ اللهُ مُحَمَّدٌ رَسُولُ اللهِ

 Allohdan boshqa iloh yo‘qdir,  Muhammad alayhissalom Allohning elchisidir.

 Izoh: Allohdan boshqa iloh yo‘qdir degan so‘zdan U zotdan boshqa ibodat qilinishga haqli zot yo‘qdir, degan ma’no tushuniladi. Muhammad alayhissalom Allohning elchisidir, degan so‘zdan quyidagi ma’nolar tushuniladi:

  1. Muhammad alayhissalom Alloh taoloning tanlab olgan bandasi;
  2. Muhammad alayhissalom payg‘ambarlarning so‘ngisi.

كَلِمَةُ الشَّهَادَةِ

  Guvohlik berish kalimasi

اَشْهَدُ اَنْ لاَ اِلَهَ اِلاَّ اللهُ وَ اَشْهَدُ اَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ

Guvohlik beraman albatta Allohdan boshqa iloh yo‘qdir,  yana guvohlik beraman albatta Muhammad alayhissalom Allohning bandasi va elchisidir.

Izoh: ushbu kalimalar aytuvchisining musulmonligiga guvohlik beruvchi kalimalar hisoblanadi.  

كَلِمَةُ التَّوْحِيدِ

Tavhid kalimasi 

اَشْهَدُ اَنْ لاَ اِلَهَ اِلاَّ اللهُ وَحْدَهُ لاَ شَرِيكَ لَهُ لَهُ الْمُلْكُ وَلَهُ الْحَمْدُ يُحْيِى وَيُمِيتُ وَهُوَ حَىٌّ لاَ يَمُوتُ بِيَدِهِ الْخَيْرُ وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ

Albatta Allohdan boshqa iloh yo‘qligiga, Uning yakka-yu yagonaligiga, sherigi yo‘qligiga guvohlik beraman, mulk ham hamdu-sano ham Unikidir. Tiriltiradigan ham o‘ldiradigan ham Udir. U hech qachon o‘lmaydigan doimiy tirikdir. Baxt-saodat Uning qo‘lidadir. U barcha narsaga qodirdir.

Izoh: Tavhid so‘zi lug‘atda “yakkalash” ya’ni bir narsaga yakkayu yolg‘izlik nisbatini berish va uning ko‘p adadda ekanini inkor qilish ma’’nolarini anglatadi. Istilohda esa “Abadiy barhayot Zotning yakka-yu yanonaligini tasdiqlash – tavhid deb ataladi”. Tavhid Islomning shiori hisoblanadi.

كَلِمَةُ رَدِّ الْكُفْرِ

Kufrni rad etish kalimasi

اَللَّهُمَّ اِنِّى اَعُوذُ بِكَ مِنْ اَنْ اُشْرِكَ بِكَ شَيْأً وَ اَنَا اَعْلَمُ وَ اَسْتَغْفِرُكَ لِمَا لاَ اَعْلَمُ اِنَّكَ اَنْتَ عَلاَّمُ الْغُيُبِ

Ey Allohim, Sendan o‘zim bilib turib biror narsani Senga sherik qilib qo‘yishimdan panoh so‘rayman. Bilmagan narsalarimdan esa meni kechirishingni so‘rayman. Albatta Sen barcha narsalarni bilguvchi Zotsan.

Izoh: Shirk lug‘atda “sherik qilish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa “Alloh taoloning Zotida, yo sifatlarida, yo fe’llarida, yo ismlarida, yo hukmlarida U zotga o‘zgani teng qilish shirk keltirish deyiladi”. Shirkning katta va kichik turlari bor.  

Mazkur “kufrni rad etish kalimasi”ni ixlos bilan takrorlab yurgan mo‘min kishiga katta va kichik shirklardan xalos bo‘lish va’dasi berilgan.  

كَلِمَةُ الاِسْتِغْفَارِ

Mag‘firat so‘rash kalimasi

اَسْتَغْفِرُ اللهَ اَسْتَغْفِرُ اللهَ  اَسْتَغْفِرُ اللهَ تَعَالَى مِنْ كُلِّ ذَنْبٍ اَذْنَبْتُهُ عَمْدًا اَوْ خَطَأً سِرًا اَوْ عَلاَنِيَةً وَ اَتُوبُ اِلَيْهِ مِنَ الذَّنْبِ الَّذِى اَعْلَمُ وَ مِنَ الذَّنْبِ الَّذِى لاَ اَعْلَمُ اِنَّكَ اَنْتَ عَلاَّمُ الْغُيُوبِ

Allohdan mag‘firat so‘rayman, Allohdan mag‘firat so‘rayman, Alloh taolodan barcha qasddan qilgan gunohlarimni ham yoki bilmasdan qilib qo‘ygan yashirin va oshkora gunohlarimni ham kechirishini so‘rayman. Unga biladigan gunohlarimdan ham, bilmaydigan gunohlarimdan ham tavba qilaman. (Ey Allohim) Albatta Sen barcha g‘ayblarni bilguvchi Zotsan.

Izoh: Ixlos bilan “astag‘firulloh” deyish Allohdan mag‘firat so‘rash hisoblanadi. Ammo ba’zi ulamolar mazkur kalimalarni ham qo‘shib aytishni afzal sanaganlar.

كَلِمَةُ التَّمْجِيدِ

Ulug‘lash kalimasi

سُبْحَانَ اللهِ وَالْحَمْدُ لِلَّهِ وَلاَ اِلَهَ اِلاَّ اللهُ وَ اللهُ اَكْبَرُ لاَ حَوْلَ وَلاَ قُوَّةَ اِلاَّ بِاللهِ الْعَلِىِّ الْعَظِيمِ مَا شَاءَ اللهُ كَانَ وَمَا لَمْ يَشَأْ لَمْ يَكُنْ اَلاِيْمَانُ اِقْرَارٌ بِاللِّسَانِ وَتَصْدِيقٌ بِالْقَلْبِ بِمَا جَاءَ بِهِ مِنْ عِنْدِ اللهِ مُحَمَّدٌ رَسُولُ اللهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ

Allohni poklab yod etaman, hamdu-sano Allohgadir, Allohdan boshqa iloh yo‘qdir, Alloh buyukdir, kuch ham quvvat ham oliy va ulug‘ bo‘lgan Alloh yordami bilandir. Alloh taoloning xohlagani bo‘lgan, xohlamagani bo‘lmagan. Imon - Muhammad sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning huzuridan keltirgan narsani til bilan ifodalash va qalb bilan tasdiqlashdir.

Izoh: Ya’ni ma’siyatdan saqlanish ham, ibodat qilish ham Alloh taoloning yordami bilan amalga oshadi.

Qalban ishonish tasdiqlash deyiladi. Qalbiy ishonch bandalarga yashirin bo‘lgani sababli unga dalolat qiladigan biror alomat zarur bo‘ladi. Shunga ko‘ra dunyoda mo‘min hisoblanish uchun qalbiy tasdiqni til bilan ifodalash shart qilib qo‘yilgan. 

اِيْمَانٌ مُجْمَلٌ

Umumiy imon

آمَنْتُ بِاللهِ كَمَا هُوَ بِاَسْمَائِهِ وَصِفَاتِهِ وَقَبِلْتُ جَمِيعَ اَحْكَامِهِ

Allohga Uning ismlari va sifatlari qanday bo‘lsa xuddi shunday imon keltirdim, hamda Uning barcha hukmlarini qabul qildim.

Izoh: Imoni mujmal deganda qat’iy ishonilishi lozim bo‘lgan kalimalarning qisqa va lo‘ndasi tushuniladi. Kimga tavhid ilmining daqiq joylaridan biror narsa mushkul kelib qolsa darhol ushbu kalimalarni ixlos bilan o‘qishi va zudlik bilan uni biladigan kishidan so‘rab olishi lozim bo‘ladi.

اِيْمَانٌ مُفَصَّلٌ

Batafsil  imon

آمَنْتُ بِاللهِ وَ مَلآئِكَتِهِ وَ كُتُبِهِ وَ رُسُلِهِ وَ الْيَوْمِ الآخِرِ وَ الْقَدَرِ خَيْرِهِ وَ شَرِّهِ مِنَ اللهِ تَعَالَى وَ الْبَعْثِ بَعْدَ الْمَوْتِ

Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, Payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, qadarning yaxshisi ham yomoni ham Alloh taolodan ekaniga, o‘lgandan so‘ng qayta tirilishga imon keltirdim.

Izoh: Imoni mufassal deganda mo‘min kishining qat’iy ishonishi lozim bo‘lgan narsalarning asoslari tushuniladi.

Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad mustafoga  hamda u zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo‘lsin.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom

instituti o‘qituvchisi

Abdulqodir Abdur Rahim,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning yangi bosqichi: huquq va imkoniyatlar

25.04.2025   2685   2 min.
Diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning yangi bosqichi: huquq va imkoniyatlar

Nuqtayi nazar 

Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari bag‘rikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelmoqda. 2174 ta islomiy va 198 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyat ko‘rsatapti. So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda jami 130 ta – 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti, 102 ta masjid hamda turli konfessiyaga taalluqli 24 ta noislomiy diniy tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. 

Joriy yil 25 fevral kuni qabul qilingan qonun asosida tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga huquqiy asos bo‘lib xizmat qilyapti. 

Mazkur hujjat vijdon erkinligiga bo‘lgan huquq va O‘zbekiston dunyoviy davlat ekaniga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsip va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. 

O‘tgan qisqa vaqt ichida mamlakatimizda O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi. 

2017 yilga qadar mamlakatimizda 3 ta oliy (1 ta islomiy, 2 ta noislomiy) hamda 9 ta o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan. Bugun esa 16 ta diniy ta’lim muassasasi bor, ularning 6 tasi oliy o‘quv yurtidir. 

Mazkur sohadagi ishlarni yanada rivojlantirish maqsadida Prezidentimizning joriy yil 21 apreldagi "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni nafaqat diniy-ma’rifiy soha, balki keng jamoatchilik tomonidan ham mamnuniyat bilan kutib olindi. 

Sodiq Toshboyev, 

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi 

Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2025 yil 25 aprel, 84-son

MAQOLA