O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2018 yil 5 fevraldagi “O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi vakilliklar, masjidlar, xalqaro markazlar hamda ilmiy maktablarda “Arab tili” bo‘yicha pullik o‘quv kurslarini tashkil etish to‘g‘risida”gi 01A/017-sonli buyrug‘iga ko‘ra Imom Buxoriy xalqaro markazida “Arab tili” bo‘yicha pullik o‘quv kursi tashkil etildi. Bu haqda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy saytida xabar berildi.
Xabarda o‘quv kursi davomiyligi uch oy etib belgilangani, darslar O‘zbekiston musulmonlari idorasida tasdiqlangan o‘quv rejasi va o‘quv dasturi bo‘yicha Imom Buxoriy xalqaro markazining ilmiy xodimlaridan iborat o‘qituvchilar tomonidan o‘tkazilishi ma’lum qilingan.
Bundan tashqari, 2018 yilning 1 martidan boshlab Samarqand viloyati bo‘yicha fuqarolardan tushgan arizalarga ko‘ra 40 nafar tinglovchilar arab alifbosidan dars mashg‘ulotlarini boshlagani qayd etilgan.
Shu kuni Imom Buxoriy xalqaro markazida “Arab tili” o‘quv kursining ochilish marosimi bo‘ldi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari Xayrullo Sattorov, Samarqand hadis ilmi maktabi rahbari Olimxon Yusupov va markaz ilmiy xodimlaridan iborat o‘qituvchilar ishtirok etgani aytib o‘tilgan.
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun – chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov Diniy idoraga turli masalalarda kelgan fuqarolarni qabul qildi. Ularning masjidlar faoliyati, sohani rivojlantirish, moddiy yordam kabi masalalarida qilgan murojaatlari tinglandi.
Fuqarolar tomonidan bildirilgan taklif va so‘rovlar atroflicha o‘rganilib, Diniy idora vakolati doirasida tegishlilari bo‘yicha mas’ullarga tez fursatlarda hal etish yuzasidan topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati