Hindiston Islom akademiyasi – “Dor ul-ulum Devband” telefonlarga rington va chaqiruv musiqasi o‘rniga Qur’on oyatlari qo‘yish mumkin emas degan fatvo chiqardi va bu bilan Saudiya Arabistoni ulamolarning ayni masaladagi fikrini qo‘llab-quvvatladi.
“India.com” saytida muftiy Orif Kozimiyning intervyusi keltirilib, unga ko‘ra ulamo fatvoni sharhlagan.
“Telefon hojatxonada jiringlab qolishi mumkin. Bunday vaziyatda Qur’on oyatlari yoki azonni eshitish Islom qonunlariga ziddir. Arabistonmi, Hindistonmi yoki yer yuzining boshqa nuqtasimi – Islom hamma joyda bir. Shu sababli Saudiya Arabistonida chiqarilgan fatvo bu yerda ham muhim”, dedi shayx Kozimiy.
“Bundan tashqari, odamlar ko‘pincha telefonga javob berish uchun oyatni yoki azonni yarmidan uzib qo‘yadilar. Bu mumkin emas, bu xuddi birov Qur’on tilovat qilayotgan yoki azon aytayotganda, uni to‘xtatib qolish bilan teng. Shuningdek, muqaddas Kalomning nopok joylarda yangrashiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”.
Ushbu masalada dunyoning ko‘plab ulamolari bir xil fikr bildirganlar. Bunga qo‘shimcha ravishda eshik qo‘ng‘iroqlariga ham Qur’on oyatlaridan foydalanish ham nojoiz ekanligi aytilgan.
O‘MI Matbuot xizmati
#xabar #kirish_imtihoni #hadis_ilmi_maktabi
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi maktabining 2025-2026 o‘quv yili uchun qabul imtihonlari boshlandi.
Shu munosabat bilan erta tongda Toshkent shahridagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidida bo‘lib o‘tgan tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilari, imtihon oluvchi pedagog-o‘qituvchilar, abituriyentlar ishtirok etdi.
Dastlab Hadis ilmi maktabi rektori Barot domla Amonov qabul imtihonlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari, abituriyentlarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov nutq so‘zladi. Notiqlar yurtimizda diniy ta’limga berilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritish barobarida qabul imtihonlarida abituriyentlarning bilimlilarini saralab olish asosiy maqsad ekanini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, imtihonlarni shaffof, ochiq va oshkora o‘tkazilishi ta’minlanishiga urg‘u berishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Cho‘lponov tomonidan ijodiy imtihonni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari tushuntirildi. Shundan so‘ng Qabul hay’ati a’zolari, abituriyentlar va ota-onalar guvohligida imtihon varaqalari solingan va muhrlangan maxsus qoplar ochilib, ijodiy imtihonga start berildi.
Ma’lumot o‘rnida, bugun “Hadis” va “Mustalahul hadis” fanlaridan og‘zaki ijodiy imtihon o‘tkaziladi. Ertaga, 25 iyul kuni Arab tili va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
2025-2026 o‘quv yili imtihonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati