Savol: Ba’zilar namoz boshlanganida masjidga (jamoatga yetish uchun) yuguradi. Shu to‘g‘rimi?
Javob: Bu xato. Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Biz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan namoz o‘qiyotgan edik. Odamlarning oyoq tovushlari eshitildi. Payg‘ambarimiz namozni tugatgach, ulardan: “Sizlarga nima bo‘ldi?” deb so‘radilar. Ular: “Namozga shoshildik”, deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Unday qilmanglar. Agar namozga kelsalaring, xotirjamlik bilan kelinglar. Namozning qanchasiga yetsalaring, uni o‘qinglar, qanchasini o‘tkazib yuborsalaring, uni (o‘zlaringiz) to‘ldirib qo‘yinglar”, dedilar».
Shuning uchun namozga viqor bilan kelish, shoshmay niyat qilib, safga turish kerak.
“So‘ragan edingiz” kitobidan
Mishariy Xarroz rahimahulloh aytadilar:
“Noliyapsanmi?
Hovli-joying torlik qilyaptimi?
Yoki yashashing va turmushingdagi mushkulotlar ko‘pmi?
Yoki uyingdagi ehtiyojlaring tez tugab qolyaptimi?
Yoki oilang, ro‘zg‘oringda yetishmovchilik bo‘lyaptimi?
U holda senga Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘qigan quyidagi duolarini dalolat qilaman. Uni tajriba qilib ko‘rib, shaxsiy hayotimda ajib ta’sirini ko‘rganman: “Allohummag‘firliy zanbiy, va vassi’ liy fiy dariy, va barik liy fiy rizqiy!” (Robbim, gunohlarimni kechir. Hovlimni keng qil va rizqimga baraka ber).
Bunga rioya qilarkansan, tez orada uyingdagi holatni o‘zgarishini ko‘rasan, inshaalloh!”.