Qur’on zabt etgan qalblar
Abul Fazl Abbos ibn Faraj Riyoshiy Basriy hikoya qiladi: “Asma’iyning (asl ismi Abdulmalik ibn Qariyb ibn Abdulmalik ibn Ali Asma’iy Abu Sa’iyd Basriy bo‘lib, 216 hijriy sanada, to‘qson yoshga yaqinlashib vafot etgan deyiladi) bunday deganini eshitdim:
“Bir kuni Basradagi jome masjiddan chiqib ketayotsam, ro‘paramdan tuya mingan, beliga qilich osib, qo‘liga kamon ushlab olgan a’robiy chiqib qoldi. Yaqinlashib, menga salom berdi-da: “Sen qayerliksan?” deb so‘radi. “Asma’ urug‘idanman”, deb javob berdim. U: “Ey Asma’iymisan?”, dedi. Men: “Ha”, dedim. U: “Qayerdan kelyapsan?” deb so‘radi. Men: “Rahmonning Kalomi tilovat qilinadigan joydan”, deb javob berdim. U hayron bo‘lib: “Rahmonning odamlar tilovat qiladigan Kalomi bormi?” deb so‘radi. Men: “Ha, bor” deb javob berdim. “Menga o‘shandan tilovat qilib ber!” dedi u. Men unga: “Tuyangdan tush!” dedim. U tuyasidan tushdi. Zariyat surasining boshidan tilovat qila boshladim. Alloh taoloning:
وَفِي السَّمَاء رِزْقُكُمْ وَمَا تُوعَدُونَ
“Va osmonda rizqingiz hamda sizga va’da qilinayotgan narsalar (bor)” oyatiga yetganimda, a’robiy: “Ey Asma’iy, bu Rahmonning Kalomimi?” deb so‘radi. Men: “Ha, shunday. Muhammadni haq ila xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib yuborgan Zotga qasamki, bu Uning Kalomi! U Zot buni Muhammadga nozil qilgandir”, dedim. A’robiyning yuzida ajib bir o‘zgarishi ko‘rdim: “Shu kifoya qiladi”, dedi.
Keyin tuyasining oldiga bordi va uni so‘ydi. Go‘shtini bo‘laklarga bo‘lib, menga: “Bu yoqqa kelib, bu go‘shtlarni tarqatishga yordamlashib yubor!” dedi. Keyin biz bo‘lingan go‘shtni o‘tgan-qaytganlarga tarqatdik. so‘ngra qilichini va kamonini qo‘liga olib, ularni sindirdi. Siniqlarni qum ostiga yashirdi.
Keyin sahro ichkarisiga qarab ketdi. Ketarkan, “Va osmonda rizqingiz hamda sizga va’da qilinayotgan narsalar (bor)” oyatini o‘qib borar edi. Bu holatni ko‘rgach, o‘zimni malomat qila boshladim. “Nega a’robiy ta’sirlanganda, Allohning kalomi qalbiga yetib borganda, sen ta’sirlanmading!..” dedim.
Keyingi yili hajga borganimda Ka’bani tavof qilib tursam, kimdir past, muloyim ovozda meni chaqirdi. O‘girilib qarasam, o‘sha a’robiy turibdi. Menga salom berdi. Qo‘limdan tutdi-da, Maqomi Ibrohimning orqasiga boshlab bordi. Keyin meni o‘sha yerga o‘tqazib, “Menga Rahmonning Kalomini tilovat qilib ber!” dedi. Men yana “Zariyat” surasini boshidan boshlab o‘qidim. Alloh taoloning:
وَفِي السَّمَاء رِزْقُكُمْ وَمَا تُوعَدُونَ
“Va osmonda rizqingiz hamda sizga va’da qilinayotgan narsalar (bor)” oyatiga yetganimda, a’robiy qichqirib yubordi va: “Rabbimiz bizga va’da qilgan narsani haqiqatda topdik, ko‘rdik” dedi. Keyin: “Bundan boshqa Kalomi ham bormi?” deb so‘radi. Men: “Ha, Alloh taolo bu oyatning davomida:
فَوَرَبِّ السَّمَاء وَالْأَرْضِ إِنَّهُ لَحَقٌّ مِّثْلَ مَا أَنَّكُمْ تَنطِقُونَ
“Osmonu yerning Rabbisi ila qasamki, albatta, u (gap) misoli siz nutq qilayotganingizdek haqiqatdir” deb marhamat qilgan”, dedim. Shunda a’robiy shunaqa qattiq qichqirdiki, “Subhanalloh! Buyuk Allohni kim g‘azablantirdiki, hatto U Zot Kalomini qasam ila ta’kidlayapti. Bandalar Uning Kalomini tasdiqlamaydimi? Uning Kalomiga ishonmaydimi? U Zot Kalomi haqligini ta’kidlash uchun qasam ila gapiryapti” deb uch marta takrorladi. Uchinchi marta qaytardi-yu, o‘sha zahoti jon taslim qildi”.
Abu Is'hoq Sa’labiyning “Qotla-l-Qur’an” asaridan Nozimjon Iminjonov tarjima qildi
O‘MI Matbuot xizmati
Alloh taolo aytadi: «Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir»[1].
O‘zingizdan boyroq bo‘lganlar bilan tenglashishga urinmang. Aks holda bo‘yningizgacha qarzga botib, malomatga qolasiz.
O‘zingizga, oila a’zolaringizga, shuningdek, qo‘li yupin kishilarga nisbatan ziqnalik qilmang.
Ziqna odam uchun ta’magir bo‘lmasdan yashayotganining o‘zi katta gap. Alloh taolo aytadi: «(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang. Aks holda malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz»[2].
Men juda katta maosh oladigan, biroq oy tugamasidanoq oyligidan bir chaqa ham qolmaydigan kishilarni bilaman. “Ular shuncha pulni, mol-dunyoni qayerga sarflashyapti ekan”, deb hayron qolaman. Alloh taolo aytadi: «...va mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning do‘stlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukr edi»[3].
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Ancha kunga yetadigan ro‘zg‘orlikni bir kunda ishlatib yuboradigan oilaga achchig‘im keladi”, deganlar.
Muoviya roziyallohu anhu: “Zoye bo‘lgan, birovning haqqi o‘tib ketgan narsani “isrof” deb hisoblayman”, deganlar.
Sarf-xarajatda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadiganlar, ziqnalik qiluvchilar dunyoda har kuni qanchadan-qancha musulmon ochlikdan o‘layotganini nahot bilishmasa?!
Kimdir e’tiroz bildirib: “Ular bizdan uzoqda-da” desa, “Axir ular bizning Islomdagi birodarlarimiz, din qardoshlarimiz-ku!” – deymiz. Biz erta qiyomat kunida ular borasida ham so‘roq qilinmaymizmi? Qolaversa, oramizda ro‘zg‘origa ora-sirada go‘sht kiradiganlar bor. Gohida shu ozgina go‘shtni olishga ham imkon topa olmay, oylab go‘sht yemaydilar.
Bir jamoa odamlar Qays ibn Uboda roziyallohu anhuning oldilariga ozroq yegulik so‘rab kelishdi. U zot bog‘larida to‘kilgan mevalarni terib, yaxshisini chirigidan ajratib saralayotgan edilar. Ular Qays roziyallohu anhuga nima uchun kelishganini aytishdi. Sahobiy ularga so‘raganlarini berdilar. Kelgan jamoa bir-birlariga ajablanib qarab: “Nochor hayot kechirayotgan bo‘lsangiz, yana qizg‘anmay infoq qilishingiz qiziq bo‘ldi-ku”, deyishdi. U zot: “Sizlarga ehson qilish uchungina shunday yashayman”, dedilar (ya’ni, sahobiy roziyallohu anhu men iqtisod qilaman va isrof qilmaganim holda, siz kabi muhtojlarga yordam berishga ham ortinaman demoqchi bo‘ldilar).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Chiqimda iqtisod qilish tirikchilikning yarmidir. Odamlarga muhabbatli bo‘lish aqlning yarmidir. Chiroyli savol berish esa yarim ilmdir”, [4] dedilar.
Ulug‘lardan biri aytadi: “Kim farzandiga iqtisod qilib yashashni o‘rgatsa, unga ko‘p meros qoldirishdan ham ko‘proq yaxshilik qilibdi”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Furqon surasi, 67-oyat.
[2] Isro surasi, 29-oyat.
[3] Isro surasi, 26–27-oyatlar.
[4] Imom Tabaroniy rivoyati.