Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Aprel, 2025   |   20 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:39
Peshin
12:27
Asr
17:08
Shom
19:09
Xufton
20:28
Bismillah
18 Aprel, 2025, 20 Shavvol, 1446

Qur’on qalbiga yetgan a’robiy

01.03.2018   8766   4 min.
Qur’on qalbiga yetgan a’robiy

 Qur’on zabt etgan qalblar

Abul Fazl Abbos ibn Faraj Riyoshiy Basriy hikoya qiladi: “Asma’iyning (asl ismi Abdulmalik ibn Qariyb ibn Abdulmalik ibn Ali Asma’iy Abu Sa’iyd Basriy bo‘lib, 216 hijriy sanada, to‘qson yoshga yaqinlashib vafot etgan deyiladi) bunday deganini eshitdim:

“Bir kuni Basradagi jome masjiddan chiqib ketayotsam, ro‘paramdan tuya mingan, beliga qilich osib, qo‘liga kamon ushlab olgan a’robiy chiqib qoldi. Yaqinlashib, menga salom berdi-da: “Sen qayerliksan?” deb so‘radi. “Asma’ urug‘idanman”, deb javob berdim. U: “Ey Asma’iymisan?”, dedi. Men: “Ha”, dedim. U: “Qayerdan kelyapsan?” deb so‘radi. Men: “Rahmonning Kalomi tilovat qilinadigan joydan”, deb javob berdim. U hayron bo‘lib: “Rahmonning odamlar tilovat qiladigan Kalomi bormi?” deb so‘radi. Men: “Ha, bor” deb javob berdim. “Menga o‘shandan tilovat qilib ber!” dedi u. Men unga: “Tuyangdan tush!” dedim. U tuyasidan tushdi. Zariyat surasining boshidan tilovat qila boshladim. Alloh taoloning:

 

 وَفِي السَّمَاء رِزْقُكُمْ وَمَا تُوعَدُونَ

 

Va osmonda rizqingiz hamda sizga va’da qilinayotgan narsalar (bor)” oyatiga yetganimda, a’robiy: “Ey Asma’iy, bu Rahmonning Kalomimi?” deb so‘radi. Men: “Ha, shunday. Muhammadni haq ila xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib yuborgan Zotga qasamki, bu Uning Kalomi! U Zot buni Muhammadga nozil qilgandir”, dedim. A’robiyning yuzida ajib bir o‘zgarishi ko‘rdim: “Shu kifoya qiladi”, dedi.

Keyin tuyasining oldiga bordi va uni so‘ydi. Go‘shtini bo‘laklarga bo‘lib, menga: “Bu yoqqa kelib, bu go‘shtlarni tarqatishga yordamlashib yubor!” dedi. Keyin biz bo‘lingan go‘shtni o‘tgan-qaytganlarga tarqatdik. so‘ngra qilichini va kamonini qo‘liga olib, ularni sindirdi. Siniqlarni qum ostiga yashirdi.

 Keyin sahro ichkarisiga qarab ketdi. Ketarkan,  “Va osmonda rizqingiz hamda sizga va’da qilinayotgan narsalar (bor)” oyatini o‘qib borar edi. Bu holatni ko‘rgach, o‘zimni malomat qila boshladim. “Nega a’robiy ta’sirlanganda, Allohning kalomi qalbiga yetib borganda, sen ta’sirlanmading!..” dedim.

Keyingi yili hajga borganimda Ka’bani tavof qilib tursam, kimdir past, muloyim ovozda meni chaqirdi. O‘girilib qarasam, o‘sha a’robiy turibdi. Menga salom berdi. Qo‘limdan tutdi-da, Maqomi Ibrohimning orqasiga boshlab bordi. Keyin meni o‘sha yerga o‘tqazib, “Menga Rahmonning Kalomini tilovat qilib ber!” dedi. Men yana “Zariyat” surasini boshidan boshlab o‘qidim. Alloh taoloning:

 

وَفِي السَّمَاء رِزْقُكُمْ وَمَا تُوعَدُونَ

 

Va osmonda rizqingiz hamda sizga va’da qilinayotgan narsalar (bor)” oyatiga yetganimda, a’robiy qichqirib yubordi va: “Rabbimiz bizga va’da qilgan narsani haqiqatda topdik, ko‘rdik” dedi. Keyin: “Bundan boshqa Kalomi ham bormi?” deb so‘radi. Men: “Ha, Alloh taolo bu oyatning davomida:

 

فَوَرَبِّ السَّمَاء وَالْأَرْضِ إِنَّهُ لَحَقٌّ مِّثْلَ مَا أَنَّكُمْ تَنطِقُونَ

 

Osmonu yerning Rabbisi ila qasamki, albatta, u (gap) misoli siz nutq qilayotganingizdek haqiqatdir” deb marhamat qilgan”, dedim. Shunda a’robiy shunaqa qattiq qichqirdiki, “Subhanalloh! Buyuk Allohni kim g‘azablantirdiki, hatto U Zot Kalomini qasam ila ta’kidlayapti. Bandalar Uning Kalomini tasdiqlamaydimi? Uning Kalomiga ishonmaydimi? U Zot Kalomi haqligini ta’kidlash uchun qasam ila gapiryapti” deb uch marta takrorladi. Uchinchi marta qaytardi-yu, o‘sha zahoti jon taslim qildi”.

Abu Is'hoq Sa’labiyning “Qotla-l-Qur’an” asaridan Nozimjon Iminjonov tarjima qildi

O‘MI Matbuot xizmati

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

Kishi do‘stining dinidadir

17.04.2025   1381   2 min.
Kishi do‘stining dinidadir

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Do‘stingiz bilan biror dunyoviy manfaat yoki bir maqsad uchun emas, aksincha, Alloh yo‘lida birodar bo‘lishni xohlaysiz.

Bordi-yu, xatoga yo‘l qo‘ysangiz, hech ikkilanmay sizni to‘g‘ri yo‘lga boshlashini xohlaysiz.

Do‘stingiz siringizni birovlarga tarqatmasdan, ichida saqlashini xohlaysiz.

Do‘stingiz sizni g‘iybat qilmasligini va yana siz haqingizda yomon gaplar gapirmasligini xohlaysiz.

Barcha ishlarda tiliyu dili bir bo‘lishini xohlaysiz.

Ishingiz tushib turganida, sizga hech ikkilanmay yordam berishini xohlaysiz.

Do‘stingiz xulqingizdagi kamchiliklarni me’yor doirasida ko‘tarib, tashlab ketmasligini xohlaysiz.

Do‘stingiz sizni pastga tortqilamasin, aksincha, o‘zi ko‘tarilgan zinapoyalar tomon olib chiqsin. O‘zingizdan-da, xushxulq, amalda mahkam va  o‘tkir aql egasi bo‘lgan kishini do‘st sifatida tanlang!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu borada bunday dedilar: “Sizlarning yaxshilaringiz uni ko‘rish sizlarga Allohni eslatadigan va gapi ilmingizni ziyoda qiladigan va amali sizlarni oxiratga undaydigan odamdir”[1].

Qayerda bo‘lsangiz ham solih kishilarni izlab toping va ularni do‘st tuting. Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh aytadilar:

Ularning safida bo‘lmasam ham men,
Solih kishilarning oshuftasiman.
Ul zotlar ortidan ergashib zora,
Shafoat yo‘liga topsam gar chora.
Mukkasidan ketgan gunohlar ichra,
Bunday kishilarni suymasman sira,
Bo‘lsa ham amallarim undan-da qora.

Luqmoni Hakim rahimahulloh o‘g‘liga vasiyat qilib: “Ey o‘g‘lim, birga yursang senga bezak bo‘ladigan, uning oldida bo‘lmaganing payt seni himoya qiladigan kishi bilan do‘st tutin”, degan ekan.

Doimo sizga yordam qo‘lini cho‘zadigan va yaxshilik tomon yetaklab, yomonlikdan chetlatadigan kishilarga yaqin bo‘ling. Yaxshilar bilan birga bo‘lishga intiling.

Kuzatuvlardan ma’lumki inson do‘stiga juda katta ta’sir o‘tkazadi. U do‘stini yaxshilik yo‘liga boshlab, uning iymoniyu diyonatini ziyoda qilishi ham mumkin, yoki, aksincha, zalolat va buzg‘unchilik botqog‘iga botirib, uni halokatga yuz tuttirishi ham mumkin. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishi do‘stining dinidadir. Shunday ekan, biringiz kim bilan oshno bo‘layotganiga qarasin”.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” 
nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Termiziy rivoyati.