Sayt test holatida ishlamoqda!
02 May, 2025   |   4 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:50
Quyosh
05:19
Peshin
12:25
Asr
17:17
Shom
19:24
Xufton
20:48
Bismillah
02 May, 2025, 4 Zulqa`da, 1446

Ota-onaga yaxshilik qilish

01.03.2018   11295   30 min.
Ota-onaga yaxshilik qilish

Ota-ona rizoligini topishdagi ikkinchi muhim qadam bu ularga ixlos bilan yaxshilik qilishlikdir. Chunki, ixlos bilan beminnat qilingan yaxshilikgina ajru savobga noil bo‘ladi. Alloh taolo ota-ona haqida nozil qilgan oyati karimalarida ularga yaxshilik qilish, yaxshi so‘z aytish va yaxshi muomalada bo‘lish yuzasidan shunday buyuradi. 

“Baqara” surasining 83-oyatida:

“Bani Isroildan ahdu paymon olganimizni eslang. O‘shanda ularga dedikki, Allohdan boshqaga ibodat etmaysiz, ota-onangizga yaxshilik qilasiz”. 

“Baqara” surasining 215-oyatida:

“Sendan nimani nafaqa qilishni so‘rarlar. Sen: “Nafaqa qilgan yaxshiligingizdan ota-onalarga, yaqin kishilarga, yetimlarga, miskinlarga va vatangadolarga bo‘lsin. Qanday yaxshilik qilgan bo‘lsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir”, deb ayt”. 

“Niso” surasining 36-oyatida:

“Va Allohga ibodat qilinglar va Unga hech narsani shirk keltirmanglar. Ota-onaga yaxshilik qilinglar”. 

“An’om” sursining 151-oyatida:

“Keling, Robbingiz sizlarga harom qilgan narsalarni tilovat qilib beraman: “Unga hech narsani shirk keltirmang! Ota-onangizga yaxshilik qiling!”- deb ayt”. 

“Isro” surasining 23-24-oyatlarida:

“Robbing faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishnigni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga “uff” dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi so‘z ayt!”. (23-oyat) Tafsirlarda jumladagi “uff” so‘ziga bog‘liq ikki xil ma’nosi borligi bayon qilingan. Bir ma’nosi — ota-onaga yomon so‘z aytib, behurmat qilma, degani bo‘lsa, ikkinchi ma’nosi – ota-onang oldida “uff” dema, ular bolam og‘ir holga tushibdi, deb ozorlanadilar, deganidir.

“Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni paslat va “Robbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin”, deb ayt”. (24-oyat) 

“Maryam” surasining 14-oyatida:

   “U ota-onasiga mehribon bo‘lib, jabr-sitam qilguvchi va isyonchi emasdi”.        

“Ankabut” surasining 8-oyatida:

“Va insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tasviya qildik. Agar ular seni o‘zing bilmagan narsani Menga shirk keltirishing uchun jihod qilsalar, bas, ularga itoat qilma. Qaytishlaringiz Mengaginadir. Bas, sizlarga qilgan narsalaringiz xabarini berurman”.        

“Luqmon” surasining 14-15 oyatlarida:

“Biz insonga ota-onasi haqida tavsiya qildik: onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan ko‘tardi; uni sutdan ajratish ikki yil ichidadir: «Menga va ota-onaga shukr qilgin. Va qaytish faqat Mengadir». (14-oyat) 

 “Agar ikkovlari seni o‘zing bilmagan narsani Menga shirk keltirishga zo‘rlasalar, bas, ularga itoat etma! Va dunyoda ikkovlariga yaxshilik qil hamda Menga yo‘nalganlarning yo‘liga ergash. So‘ngra qaytishingiz faqat Mengadir. Bas, Men sizga nima amal qilganingiz xabarini berurman.” (15-oyat) 

“Ahqof” surasining 15-16 oyatlarida:

 “Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi unga qiylanib homilador bo‘ldi va uni qiylanib tug‘di. Va uning homilasi va ko‘krakdan ajratishi o‘ttiz oydir. Toki u kamolga yetib, qirq yoshga kirganida: «Robbim O‘zing menga va ota-onamga bergan ne’matlaringga shukr qilishimga va sen rozi bo‘lgan solih ishlarni qilishimga ilhom bergin. Va mening zurriyotlarimni ham solihlardan qilgin. Albatta, men tavba qildim va albatta, men musulmonlardanman, dedi. (15-oyat)

“Ana o‘shalarning eng yaxshi amallarni qabul qilib, yomonliklarini o‘tib yuborurmiz. Ular jannat egalaridandir. Ularga berilgan haq va’da shuldir. (16-oyat)

Yuqoridagi oyati karimalarda Alloh taolo insonlarni o‘ziga ibodat qilishdan keyin birinchi bo‘lib, ota-onaga yaxshilik qilishga buyurmoqda.

Behad mehribon Allohimiz ota-onalarimizga yaxshilik qilishga buyurar ekan bu bejizga emas albatta. Har  bir ota-onaning bunday hurmat va e’tiborga haqqi bor. Yoshlik paytlarini tushunsa bo‘ladi, lekin yoshlari o‘tib qarilik yetganida, soch-soqollari oqarib, badan va suyaklari ham noziklashib qolgan paytlarida xuddi shunday nozik va hassos muomalaga muhtoj bo‘lib qolishlarini, bu keng dunyoda hech narsaga emas, balki bir parchagina mehrga zor bo‘lishlarini hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Bu mehrni, eng avvalo, o‘zining jigarporasidan ko‘tayotgan bo‘lsa-chi?

Bunday holatda bo‘lgan ota-onaga qattiq so‘z aytish, qalblarini og‘ritish u yoqda tursin, hatto, eng qisqa so‘z - “Uff!” deyishga ham haqqingiz yo‘q demoqda Alloh taolo. Aksincha ularga nisbatan dunyoda hech bir insonga berilmagan mehr va shafqat nazari bilan qarab, “Robbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin”, deb duo qilgin demoqda. Farzandning chiroyli axloq sohibi bo‘lishligining zarurati aynan shundadir.

Islom olamining buyuk mufassir va olimlari shunday deydilar:

“Bir qancha oyati karimalarda ikkita buyruq birin-ketin, birga zikr qilingan. Bu buyruqlarni har ikkisiga rioya qilmasdan ulardan faqat bittasiga amal qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi, amal maqbul bo‘lmaydi.”

Jumladan, quyidagi oyati karimalarda buning misolini ko‘rishimiz mumkin: 

  1. Baqara surasining 43-oyatida Alloh taolo shunday buyuradi:

“Namozni to‘kis ado qiling, zakot bering va ruku’ qiluvchilar bilan ruku’ qiling.”

Bu yerda ikkita amr, ya’ni namoz o‘qish va zakot berish bitta oyati karimada birin-ketin zikr qilinmoqda. Bu amrlar bir-biriga bog‘liq bo‘lib, birini boshqasidan ayrib bo‘lmaydi.

“Oli imron” surasi 132-oyatida Alloh taolo shunday deydi:

“Allohga va Rasuliga itoat eting. Shoyadki rahm qilinsangiz.”

Allohga itoat qilib, Uning Rasuliga itoat qilimasa ham Allohga itoat qilmagan bo‘ladi.

  1. “Luqmon” surasining 14-oyatida Alloh taolo shunday byuradi:

“Menga va ota-onaga shukr qilgin. Va qaytish faqat Mengadir.”

Ushbu oyati karimaga muvofiq Allohga shukr qilib, ota-onasiga shukr qilmagan kimsaning Allohga keltirgan shukri ham qabul bo‘lmaydi. Allohga shukr, Uning amrlariga itoat bilan amalga oshiriladi, ota-onaga shukr ham ularning amrlariga itoat qilish bilan bo‘ladi.

  1. “Isro” surasining 23-oyatida Alloh talo shunday deydi:

“Robbing faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishnigni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga “uff” dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi so‘z ayt!”.

Ushbu oyati karimada Alloh taolo O‘ziga ibodatlarini ado etgandan keyin ota-onaga yaxshilik qilishga buyurmoqda. Mufassirlar bu yerdagi ikki hukm –Allohga ibodat va ota-onaga yaxshilik qilish yonma-yon zikr etilishi ham Islom dinida ota-ona haqi naqadar ulug‘ va muhim ekanidan dalolat berishini ma’lum qiladilar. Shuningdek, mazur oyatda Allohga qilinadigan ibodat ota-onaga qilinadigan yaxshlik bilan to‘la-to‘kis bo‘lishi ma’lum qilinmoqda. 

Allohga qulligini bajarayotgan inson, albatta, insonlarning haqlarini ado etish masalasida birinchi bo‘lib, o‘z ota-onasining haqlarini ado etishi lozim. Chunki ushbu oyati karimadan Allohga itoat va ota-onaga yaxshilik qilish bilan qullik bir butun bo‘lishi, u hech qanday bo‘linishni qabul etmasligi tushunilmoqda. Zero, bir podshohning o‘lkasida uning ayrim farmonlariga bo‘yin egib, ba’zilaridan bosh tortish bo‘lmaydi axir. Allohni sevaman deb Unga ibodat qilayotgan inson, bu qullik ota-onaning haqqini ado qilishlik bilan mukammal bo‘lishini hech qachon esidan chiqarmasligi lozim. Namoz o‘qib ota-onasiga yaxshilik qilmagan inson namozdan ham nasibasini ololmaydi demakki. 

Shuning uchun ham ulamolarimiz, “Allohning barcha maxluqotlarini yaratilishlari sababidan sevmaganlar, xalqqa xizmatni Haqqa xizmat deb bilmaganlar bilishlari lozimki, undaylarning dindan nasibalari bo‘lmaydi”, deb bejizga aytmaganlar. Chunki Haqni sevgan xalqni ham sevadi, ota-onasini ham sevadi va ularga xizmat ham qiladi. 

Demak, oyati karimada ota-onaga itoat Allohga itoat qilish qoidasining ichida joylashgan bo‘lib, Allohga itoatdan keyinda kelmoqda. Bundan chiqadigan xulosa shu bo‘ladiki, ota-onaga itoat qilmaslik Allohga itoat qilish asosiy qoidasining chegarasini buzish hisoblanadi. Faqat bu yerdagi nozik va rioya qilishi shart bo‘lgan narsa – Allohga isyon masalasida bandasiga itoat qilinmaydi. Buni biz yuqorida Sa’d bin Vaqqos roziyallohu anhuning misolida ko‘rib chiqqan edik. Ya’ni,  xuddi shu “isyon”gacha bo‘lgan yergacha farzand ota-onasining itoatida, xizmatida va ularga yaxshilik qilishda bardavom bo‘ladi. Hatto ota-onasi boshqa dinda bo‘lsa ham. 

Rivoyat. Islom tarixi, undagi mashhur sahibiylar, shaxslar hayoti bilan yaqindan tanishar ekanmiz yashab turgan hayotimizning naqdar omonat ekanini, Alloh bergan umrni faqat yaxshilik yo‘lida yashab o‘tkazishgina ikki dunyoda foyda keltirishi mumkinligiga amin bo‘lamiz.

Asmo hazrati Abu Bakr roziyallohu anuhning eng katta qizi bo‘lib, Islomdan oldingi hayotida ajrashib ketgan xotinidan dunyoga kelgan edi. Islom dinini hali qabul qilmagan Asmoning onasi musulmonlar va mushriklar orasida imzolangan Hudaybiya sulhidan foydalanib, Madinaga jigarporasining ziyoratiga keladi. Islomning ilk og‘ir sinovli paytlari. U qiziga berish uchun mayiz, yog‘ kabi ayrim yeguliklar ham olib kelgan bo‘ladi. Ona-bolaning o‘zoq diydorlashuvidan so‘ng, onasi qizidan ham hadiyalar berilishini va shu bilan o‘zaro yaqinlik rishtalari bog‘lanishini istaydi. Ich-ichidan o‘zi ham buni xohlab turgan Asmo volidasining bu harakatlarini darhol sezadi. U onasiga yaxshilik qilish va ehsonda bo‘lish joizligini bilish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bu haqda so‘rashni niyat qiladi.

Asmo roziyallohu anho shunday rivoyat qiladi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida Allohga iymon keltirmagan onam yonimga kelardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Onam meni sog‘ingani va sevgani uchun yonimga kelmoqda. Unga yaxshilik qilib, chiroyli muomala qilsam bo‘ladimi?” deb so‘radim. Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, onangga yaxshilik  qilgin va chiroyli muomalada bo‘lgin”, dedilar.” (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud)

***

Ota-onaga xizmat va yaxshilik qilishda xato-kamchilikka ham yo‘l qo‘ymaslik kerak. Hazrati Ibni Abbos roziyallohu anhu bu borada shunday degan: “Shikasta va zaif xizmatkor qattiqqo‘l, ba’dfel xo‘jayini oldida o‘zini qanday tutadigan bo‘lsa, sen ham ota-onannga xizmat qilishda xuddi shunday holatda bo‘lgin.” 

Imom G‘azzoliy rahmatullohi alayh:

“Otaning huzurida xuddi sotuvchi va oluvchining o‘rtasidagi xizmatchiga o‘xshab turmagan odam otasining haqqini ado qila olmaydi”, deydi. 

Masala. Imom Abu Hanifaning “Fiqhi Akbar” kitobi sharhida shunday rivoyat naql qilinadi. Bir kuni odamlar Imomi A’zamning o‘g‘li Hammodni namoz o‘qib berishi uchun oldingi safga chiqaradilar. Buni ko‘rib qolgan Abu Hanifa o‘g‘lining kiyimidan tortib, imomlikka o‘tishiga qarshilik ko‘rsatadilar. Namozni esa boshqa birov o‘qib berishiga ruxsat beradilar.

Bundan biroz noqulay holatga tushgan o‘g‘li Hammod otasiga:

– Meni xijolatga qo‘ydingiz ota, – deydi.

– Buni atayin, bilib qildim. Kimdir meni sening orqangda turganimni bilib qolib, namozlaringizni qayta o‘qing desa nima bo‘lardi? Keyin bu holat kitoblarga yozilib, qiyomatgacha odamlarning og‘zidan tushmasdi, – deydi Imom o‘g‘liga. 

Ulamolarimiz o‘g‘il otasiga nisbatan hur emasdir deydilar. Otasi har qancha johil bo‘lsa-da, o‘g‘li har qancha olim bo‘lishiga qaramay, otasi o‘g‘liga nisbatan ustun bo‘ladi. Suv olib kelmoqchi bo‘lganida, o‘g‘li har qancha olim bo‘lmasin, johil otasiga suv keltirib beradi. O‘g‘li xato qilsa ham xato qilmasa ham otasining unga dashnom berishiga haqqi bor deyiladi. Sen nima uchun bolangga qattiq gapirding deb aytilmaydi. Otasi xato qilsa o‘g‘li otasiga achchiqlansa, o‘g‘lining o‘zi aybdor bo‘lib qoladi. Masalan, bir odamning olim bo‘lgan o‘g‘li ko‘p kishilarga o‘tirib dars berib turgan bo‘lsa, otasi kelib qolsa, ma’ruzasini to‘xtatib, o‘rnidan turib, otasiga peshvoz chiqadi va hurmat ko‘rsatishi lozim. Agar shunday qilmasa uning olimligi qolmaydi. Agar bu darsga boshqa olimlar kelib qolsalar va’zini davom ettirishi mumkin. Ma’ruzasidan keyin hurmat va iltfotda bo‘ladi

Shundan kelib chiqib, farzand hurmati hammadan oldinda turadigan otasiga ham imomlik qila olmaydi deydilar ulamolarimiz. Bu xuddi johil odam atayin bilib turib, olimning ilmi sabab oldiga o‘tib imomlik qilishi kabidir deyilgan.

Agar shunday zarurat bo‘lib qolsa, “Men o‘g‘limga oldimga o‘tib, imomlik qilishiga ruxsat berdim” demasdan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamnnig “Otasi farzandiga payg‘ambar kabidir” (“Ramuz-ul Ahodis”, 2619-hadis) degan hadislariga muvofiq, ota o‘g‘li nazdidagi mavqei va darajasini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bayon etganlaridek ma’lum qilgan holda, keyin o‘g‘liga imomlikka o‘tishga ruxsat beriladi deyiladi.

Shuning uchun ham ulamolarimiz o‘g‘il otasi nazdida hur emas, balki xizmatchiga o‘xshaydi deganlar. Huzur bilan namoz o‘qib turgan vaqtida esiga otasi kelib qolishi mumkin yoki ota-onasi chaqirib qolishlari mumkin. Vaysal Qaroni yuksak darajaga onasining so‘zlariga itoati sabab erishdi. Onasiga bergan va’dasiga muvofiq, oylab yo‘l bosib borganiga qaramay sevimli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlaridan, U zotni ko‘rmasdan ortiga qaytadi. Agar Vaysal Qaroniyning ota-onasi unga jamoat bo‘lsalar, u imomlikka o‘tgan bo‘larmidi? Albatta yo‘q. Qolaversa, uning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni ko‘rishdan voz kechishi, onasining “u yerlarda aylanib yurmasdan” tezda ortingga qaytgin” degan so‘zlariga itoat etishining natijasi edi. (bu rivoyat quyiroqda batafsil naql qilinadi) 

Islom olimlaridan bo‘lgan Ibn Shurayh rahmatullohi alayh talabalariga masjidda ta’lim berib turganlarida onalari kelib: “O‘rningdan tur! Tovuqlarga don ber!” desalar, darhol onalariga itoat qilib, darsni tark etib huzurlariga borar ekanlar. “Onajon uzr, men dars beryapman, birozdan keyin bajaraman, hozir vaqtim yo‘qroq edi, keyinroq qilaman...” degan vajlarni qilmaganlar. 

Aslida ota-onaga xizmat va yaxshilik qilishda farzand o‘zini qanday tutishi kerakligini, mana shu azizlarning hayotlarini o‘rganib, bilib olishimiz lozim. O‘tmishdagi olimu fuzalolarimiz, azizlarimizning holu hayoti har birimiz uchun yetarlicha dars bo‘lishi darkor.

***

Hadis. Ibni Abbosdan rivoyat etilgan hadisi sharifda shunday deyiladi:

“Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Qaysi bir mo‘min banda tong otganida ota-onasi undan rozi bo‘lsa, unga jannatdan ikki eshik ochiladi. Agar biri rozi bo‘lsa, bir eshik ochiladi. Qaysi bir mo‘min banda tong ottirganida ota-onasi undan g‘azablangan bo‘lsa, unga do‘zaxdan ikki eshik ochiladi. Sahoba savol qildi: “Yo Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam), agar ota-ona unga zulm qilsa-chi? Zulm qilgan bo‘lsa ham”, deb javob berdilar” (Abu Ya’lo).

Hadis usuliga ko‘ra, bu hadisga qo‘shimcha bo‘lib kelgan ma’ruf rivoyatda: “Ota-onasiga yomonlik qilish bilan tong ottirsa Alloh u kishiga duzaxdan ikki eshik ochadi. Agar ulardan biriga yomonlik qilgan bo‘lsa, bitta eishk ochiladi” deb aytilgan. (Bayhaqiy, “Shu’abul Iymon”)

         

Abu Hurayradan rivoyat qilingan ushbu hadisi sharifga ko‘ra, bunday kimsalar o‘zlarining bu kabi yomon axloqlarini tark etmagunlaricha jannatga kirmaydilar.

***

Hadis. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan shunday rivoyat qilinadi:

– “Kishining o‘z ota-onasini haqorat qilish buyuk gunohdir” dedilar. Buni eshitgan sahobalar:

– Yo, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odam o‘zining ota-onasini qanday qilib haqorat qilishi mumkin? – deb so‘radilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

– Kimdir boshqa birovning ota-onasini yomon so‘zlar bilan haqorat qiladi. U odam esa buning ota-onasini yomon so‘zlar bilan haqorat qiladi.” (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy)                      

Rivoyat. Hishom bin Urva roziyallohu anhu otasidan shunday naqlni rivoyat qiladi:

“Ota-onasini la’natlagan, ko‘zlari ko‘r bo‘lgan kishining yo‘lini  kesib, uni yo‘lidan chalg‘itgan, hayvonni Allohning nomidan boshqa nom bilan so‘ygan, o‘zining tomorqasi va qo‘shnisining yeri orasidagi hududni xoinlarcha buzgan kishi la’natlangandir”.

Yuqoridagi hadis va rivoyatda diqqat qilinishi lozim bo‘lgan muhim bir jihat bor. “Farzandning ota-onasini la’natlashi, haqorat qilish” degan ibora zamirida, Alloh asrasin, farzandning o‘z ota-onasini to‘g‘ridan to‘g‘ri haqoratlash ma’nosi yotgan bo‘lsa-da, faqihlarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning aytganlaridan kelib chiqib, bu yerdagi la’natlash boshqacha tarzda ham bayon etilishi muqarrarligini ma’lum qiladilar. Ya’ni farzandning birorta bajargan yomon ishi, xatti-harakati, gap-so‘zlari tufayli boshqa birovlarning uning ota-onasiga la’nat keltirishlari bevosita farzand tomonidan o‘zining ota-onasiga aytilgan duoibadi hukmida bo‘lar ekan. Bas shunday ekan har bir farzand o‘zini yurish-turishi, gap-so‘zlarini nazoratga olishi, boshqa birovlarning dilini og‘ritib qo‘mayslikka ham qattiq ahamiyat berishi darkor.

Xuddi shuningdek, uning xayrli amallari tufayli olgan yaxshi duo va maqtovlari ham savobidan hech narsa kamaymagan holda ota-onasiga yetkazib turilishi manbalarda yozilgan. Demak, nafaqat o‘zining, balki boshqa birovning ota-onasi haqida ham yomon gap-so‘zlarni gapirmaslik, ularning ham hurmatini joyiga qo‘yish, kerak bo‘lsa har qanday yordamini ayamaslik  mo‘minning fazilatidan hisoblanadi.

Shuning uchun ham garchi iborada sharqona ta’lim-tarbiya deb yuritilsa-da, aslida islomiy ta’lim-tarbiyada yosh farzandlarning yurish-turishidan tortib, yeb-ichishigacha bo‘lgan har bir xatti-harakatlarida ma’lum qoidalar, tartibotlarga mutlaqo rioya qilish zarurligi ta’kidlab kelingan. Qolaversa, sharq va g‘arb falsafasi degan tushuncha va iboralarning bir-birini qabul qila olmaydigan nozik nuqtlaridan biri ham aynan shu masalada o‘z ifodasini topadi. Bu juda ham keng mavzu bo‘lib, shu yerda biroz masalani tushuntirib o‘tishga harakat qilamiz.         

Sharq ta’lim-tarbiya usulida ota-ona farzand uchun eng aziz va mo‘tabar zotlar sifatida o‘rgatiladi. Ularning manffatini o‘zinikidan ustun deb bilish, hurmat va ehtirom ko‘rsatish, har doim xizmatlariga shay turish, o‘zi uchun ravo ko‘radigan narsasini avvalo ularga ravo ko‘rish, o‘zini qanday pokiza tutsa ularni shunday pok va toza holda asrash, umrlarining oxirigicha va bu dunyodan o‘tib ketganlaridan keyin to o‘zining umri oxirigacha ham ularning haqqiga duoi xayrda bo‘lish kabi tushuncha va g‘oyalar eng oliy insoniy qadriyat, yuksak fazilat namunasi hisoblanadi.         

Xuddi mana shu g‘oyalar asosida shakllangan ta’lim-tarbiya uslublari o‘zining barcha jihatlari bilan g‘arb va boshqa din vakillarinikidan tubdan farq qiladi. Masalan, bugungi g‘arb ta’limoti tushunchasida ham ota-ona farzand uchun aziz insonlar deb o‘rgatilsa-da, ularga bo‘lgan munosabat ma’lum qonun-qoidalar, vaqtlar oralig‘ida o‘zgacha ko‘rinishda talqin etib boriladi. Jumladan, bolani yoshligidan boshlab to katta bo‘lib maktab yoshiga yetgunicha ota-onasi tarbiyalab borishga majbur. Agar bunga ota-onaning imkoni bo‘lmasa hamma jamiyatlarda bo‘lgani kabi bu ishni davlat o‘z zimmasiga oladi. Maktab yoshidan boshlab u yog‘iga esa bolaning bir qator huquq va majburiyatlari paydo bo‘lib, uning “hur va erkinligini”, “ta’lim-tarbiyasini” ta’minlab beradi. Rivojlangan jamiyatlarning aynan mana shu tartib-qoidalari vaqt o‘tishi bilan o‘zini oqlamaganini ko‘rsatmoqda.         

Bolalar huquqini ta’minlab beruvchi qonun bugun dunyodagi qariyib barcha davlatlarda qabul qilingan. Garchi ulardagi me’yorlar bir-biriga juda ham o‘xshash bo‘lsa-da, normalarning amliyotga joriy etilishida bir-biridan farq qiladi. Bugungi g‘arb olamida balog‘at yoshi atrofidagi bola uchun qotillik sodir etish, kuch ishlatish orqali zaif tomonning qarshiligi bo‘lgan holda zino qilish, jamoat tartibini buzish, turli alkogol ichimliklarni belgilagan me’yordan ziyod iste’mol qilish oqibatida jamoat tartibiga ziyon yetkazilsa, bu holatlar had me’yorlari qo‘pol ravishda buzilgani bois jinoyat alomati deb qayd etiladi. Lekin turli kayf beruvchi, dorixonalarda rasmiy ruxsat berilgan narslarni chekish, spirt darjasi past bo‘lgan alkogol ichimliklar iste’mol qilish, kechgi klublarda allamahalgacha yurish, turli rasmiy ishratxonalarda o‘z ehtiyojini qondirishga o‘xshash odatlarni tegishli nazoratchilar ko‘ziga tashlanmasdan me’yorida bajarib yurish, oddiy hayot mezoni deb qaraladi 

Aytaylik balog‘at yoshiga yetgan qizining erkak do‘sti bilan divanda quchoqlashib o‘tirishi ishdan yarim kechasi qaytib kelgan ota yoki onada hech qanday salbiy fikrlarni uyg‘otmaydi. To‘g‘rirog‘i bunday fikrni uyg‘otmasligi kerak. Aksincha bu rivojlangan g‘arbona madaniyatning bir qismi bo‘lib, inkor etilishi juda ham qiyin bo‘lgan jamiyat normalaridan biri hisoblanadi. 

Yoki bo‘lmasam kompyuterida turli axloq me’yorlariga zid film va tasvirlarni ko‘rgani uchun bolasini jazoga tortmoqchi bo‘lgan ota-onasi ustidan bolaning politsiyaga shikoyat qilib, ularni jazoga torttirishi ham ana shu taraqqiy topgan jamiyatning axloq normasi hisoblanadi. Bu bilan bolaning ma’lum huquqlari ta’minlanadi, shu huquqi bilan o‘zini “men erkin va himoyadaman” deb his etadi. Lekin ota-ona va bola o‘rtasidagi ilohiy hikmatga asoslangan samimiy va mehrli munosabatlar nima bo‘ladi? 

Ommaviy madaniyatni yoppasiga rad etib bo‘lmaydi. Uning ham qabul qilinishi zarur bo‘lgan tomonlari mavjud. G‘arbning ham boshqa rivojlangan jamiyatlarning ham inson hayoti farovonligi, jamiyat taraqqiyoti uchun xizmat qiluvchi har qanday tartib-qoidasidan foydalinish, ularni yashash muhitiga qarab moslashtirish (implimentatsiya qilish) bu faqat foyda keltiradi. Ularni qabul qilmaslik yoki inkor etishlik bu taraqqiyotni bug‘ish va uning rivojiga to‘siq bo‘lishdan boshqa narsa bo‘lmay qoladi. Masalan, g‘arbdagi aniq fanlar sohasidagi taraqqiyot bilan osiyoning tibbiyot sohasida qo‘lga kiritayotgan yutuqlarini, rivojlangan davlatlar axborot-kommunikatsiya sohasida erishilayotgan so‘nggi marralarni qabul qilmaslikning iloji yo‘q. Bularsiz jamiyatning aynan shu sohalarini rivojlantirib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham har yili amaldagi qonunlarga qo‘shimchalar qiritiladi, zarur bo‘lsa yangi qonun-qoidalar qabul qilinadi. Bu har doim ham shunday bo‘lib kelgan. 

Nomahram bilan yarim kechgacha tanho o‘tirish u yoqda tursin hammaning ko‘zi oldida birga yurish ham, har xil shahvoniy film va tasvirlarni ko‘rish emas, balki bolaning ta’lim-tarbiyasiyaga salbiy ta’sir etuvchi har qanday omil ham “sharqona” tarbiya uslubida mutlaqo qoralanadi. Ta’lim-tarbiyaning boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas.

Ibrat. Umar ibn Zarr rahimahulloh vafot etganda, otasi Zarrdan: “Uning siz bilan birga yurishi qanday edi?” deb so‘raldi. Otasi dedi: “Men bilan kechqurun birga yursa, oldimda yurardi. Men bilan kunduzi birga yursa, ortimda yurardi. Men ostida turgan tomga hech hachon chiqmagan”.

Padari buzrukvori o‘tirgan uyning tomiga chiqishni o‘ziga ep ko‘rmagan, volidalari nazdida yuqori ovozda gapirmagan, ularning yuzlariga tik qarashdan hayo qilgan va boshqa ko‘plab yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan xalq ekanligimiz har doim g‘arb va boshqa e’tiqod vakillari diqqatini o‘ziga jalb qilib, ularni hayron qoldirib kelgan.

 Hikoya. Mashhur “Hidoya” asari sohibi Shayx-ul-Islom Burhoniddin Marg‘iloniy hazratlari hikoya qiladilar:

Buxoroning buyuk imomlaridan biri, dars majlisida o‘tirganlarida, dars orasida ba’zan turib o‘tirar ekan. Shu haqda undan so‘rashibdi. Ul zot: “Ustozimning o‘g‘li bolalar bilan ko‘chada uynab yuribdi. Ahyonda masjid eshigiga kelib ketar edi. Uni har ko‘rganimda ustozimning ta’zimi uchun unga o‘rnimdan turar edim”, debdilar”.

Mana tarbiya, mana ustozga bo‘lgan hurmat. Ustoz ota kabi, ulug‘ zot deydi xalqimiz. Bu tarbiya, bu odob qayerdan olingan, asosi qayerda bularni?   

“Sharqona” ta’lim-tarbiyaning boshlang‘ich nuqtasi ham oxiri ham Qur’oni karim va hadisi shariflarda ko‘rsatib o‘tilgan amr va nasihatlarga asoslanadi. Odob-axloq me’yorlarimiz poydevorining mustahkamligi va ta’lim-tarbiyamiz ustunligi ham aynan shundandir.

 Bugun ommaviy madaniyat deb aytilayotgan urf-odatlarimizga mutlaqo yot bo‘lgan, an’anaviy axloq me’yorlarimizga to‘g‘ri kelmaydigan ayrim urflarning qabul qila olmasligimiz ham aslida bizda mavjud bo‘lgan eng oliy odob-axloq qadriyatlarimiz tufaylidir.

 Muqaddas dinimiz boshdan oxirigacha axloq dini bo‘lib, axloqning ilk asosi Allohning irodasiga bo‘yin egib, amrlariga itoat etishlikdir. Ikkinchi asosi esa Allohning barcha yaratgan maxluqotlariga yaxshi nazar bilan qarab, chiroyli munosabatda bo‘lish, ularga umuman yomonlikni ravo ko‘rmaslikdan iboratdir.

 

Atrofdagi hamma odamlarga, maxluqotlarga, hatto jonsiz narsalarga ham belgilab berilgan haq va huquqlari doirasida munosabatda bo‘lish ilohiy adolatning bosh mezoni hisoblanadi. Musulmonchilikda diniy buyruqlarga ahamiyat bermaslik, beparvo bo‘lishlik qanday keskin taqiqlangan bo‘lsa, dinda haddan oshib, mutaassiblik qilish ham shunday qoralandi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mo‘minning ifrat va tafritga berilmaslikka, ya’ni butun harakatlarida haddan oshishlik va orqada qolishlikni ham taqiqlab, har doim i’tidolni – o‘rtada bo‘lishlikni tavsiya qilganlar. 

Shu nuqtayi nazardan ham mas’uliyati har qanday ilohiy amrdan kam bo‘lmagan, ajru mukofoti har qancha ko‘p bo‘lishi barobarida uni bajarmaslik uchun beriladigan jazo ham juda og‘ir hisoblangan ota-ona rizoligini topish vazifasida ifrat va tafritga berilmasdan, og‘ir va bosiqlik bilan ularning xizmatlariga kamarbasta bo‘lishlik, hech qachon ularga qarshi bormaslik, itoat va yaxshilikda davomiy bo‘lishlik farzandni har ikki dunyo saodatiga yetishtiradi. 

“Tariqati Muhammadiya” kitobining sharhi bo‘lgan “Boriqo” risolasi hamda “Tanbehul g‘ofilin” asarida ota va onaning farzand ustida asosan o‘nta haqqi borligi yozilgan.

  • Taomga muhtoj bo‘lsalar taom bilan ta’minlash lozim.
  • Kiyinishga muhtoj bo‘lsalar kiyim bilan ta’minlash lozim.
  • Er-xotinning ob-tahoratga oid mahramli xizmatlaridan tashqari yedirish, ichirish kabi barcha xizmatlarini bajarishi shart.
  • Biror yumush sabab chaqirgan vaqtlarida “Labbay” deb javob berib, darhol huzurlariga yetib kelish.
  • Gunoh va isyondan tashqari barcha buyruqlarini bajarish.

  Ahli sunna val jamoaning fiqh kitoblarida agar ota-onaning buyruqlari shariatga ochiqcha isyon va gunoh bo‘ladigan bo‘lsa unga itoat qilinmasligi bayon qilingan. 

  • Ularga yumshoq va shirin so‘zlar bilan murojaat qilish lozim. Qattiq botadigan so‘z va iboralarni ishlatmaslik, gaplarni ham tez-tez gapirmaslik kerak.
  • Ularni nomlari bilan chaqirmasdan, “Onajonim, otajonim” kabi erkalovchi so‘zlar bilan murojaat qilish lozim.
  • Birga yurgan vaqtda ularni oldilariga chiqib yurmaslik, yon-atroflarini kesib o‘tavermaslik kerak.
  • Har qanday ishda ularning roziliklarini olishni asosiy maqsad deb bilish, o‘z manfaatlaridan ularning xohish-istaklarini ustun deb bilish lozim.
  • O‘zi uchun duo qilmoqchi bo‘lgan paytda, albatta, ota-onasining haqiga, ularning gunohlarini kechirishini so‘rab duo qilish farzandlarning bo‘ynidagi haqlardan hisoblanadi. 

           Quyida ota-onaga xizmat qilishda e’tibor berishi lozim bo‘lgan ayrim muhim jihatlarini ko‘rib chiqamiz.

Ulug‘bek Sultonovning 
"Ota-onaga xizmat qilish 
odoblari" kitobidan olindi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlik yangi bosqichga olib chiqiladi

02.05.2025   198   1 min.
Diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlik yangi bosqichga olib chiqiladi

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan anjuman doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev Misr Vaqf ishlari vaziri Shayx Usoma Azhariy, islom olamidagi nufuzli tashkilot Musulmon donishmandlar kengashi Bosh kotibi Muhammad Abdussalom hamda Ozarbayjon diniy tashkilotlar bilan ishlash qo‘mitasi raisi Ramin Alamshah o‘g‘li Mamedov bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.  

Muloqotlarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan yurtimizda vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik hamda allomalar merosini tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuqori baholandi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda alohida qonun, qaror va maxsus farmonlar qabul qilingani, jamiyatimizda turli diniy konfessiyalar vakillari orasida ahil-inoqlik yanada mustahkamlangani va mo‘min-musulmonlar toat-ibodat qilishi uchun keng imkoniyatlar taqdim etilgani alohida qayd etildi.

Martabali mehmonlar davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik yil sayin rivoj topib borayotganini ta’kidlashdi. Bugungi murakkab davrda mana shunday xalqaro hamkorlik, o‘zaro tajriba almashish va anjumanlar tashkil etishning ahamiyati katta ekaniga urg‘u qaratildi.

Uchrashuvda tomonlar ilmiy tadqiqot, diniy ta’lim, zamonaviy fatvolar ishlab chiqish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish va diniy soha xodimlari malakasini oshirish kabilarda hamkorlik qilishni kengaytirishga kelishdilar.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlik yangi bosqichga olib chiqiladi Diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlik yangi bosqichga olib chiqiladi Diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlik yangi bosqichga olib chiqiladi Diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlik yangi bosqichga olib chiqiladi Diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlik yangi bosqichga olib chiqiladi Diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlik yangi bosqichga olib chiqiladi Diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlik yangi bosqichga olib chiqiladi Diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlik yangi bosqichga olib chiqiladi Diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlik yangi bosqichga olib chiqiladi
O'zbekiston yangiliklari