“Xoja Ahror valiy” jome masjidida ayollar uchun namozxona ochildi. Bu haqda “islom.uz” nashri xabar berdi.
Ayollar uchun namozxona Toshkent shahridagi “Chorsu” dahasida joylashgan “Xoja Ahror valiy” jome masjidida ochilgani ma’lum qilingan.
Shuningdek, masjidda ayollar uchun alohida tahoratxona ham ajratilgan bo‘lib, muslimalarga namozlarni o‘z vaqtida ado etishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgani qayd etilgan.
Alloh taolo masjid rahbariyati hamda bu ishga hissa qo‘shgan barcha mutasaddi birodarlarimizni ushbu namozxonalarda o‘qilgan har bir namozdan, har bir ibodatdan hosil bo‘lgan ajru savoblardan bahramand qilsin.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati