Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Yanvar, 2025   |   20 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:44
Peshin
12:39
Asr
15:43
Shom
17:28
Xufton
18:45
Bismillah
20 Yanvar, 2025, 20 Rajab, 1446

Hizbut-tahrir va uning kirdikorlari

16.05.2023   851   4 min.
Hizbut-tahrir va uning kirdikorlari

Insonlar jamoalanish bo'yicha ikkiga bo'linadi. Rahmonning jamoasi va shayton malaylari. Alloh taoloning jamoasi tarqoq bo'lishi aslo mumkin emas. Alloh taolo marhamat qiladi:

«Dinlarini (firqalarga) bo'lib, (turli) guruhlarga aylanganlar (uchun) biror narsada (Siz mas'ul) emassiz. Ularning ishi Allohga (havola). So'ngra (U) ularni qilib yurgan amallaridan ogoh qilur» (An'om surasi, 159-oyat).

Imom Abu Dovud rahimahulloh Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Payg'ambarimiz alayhissalom: “Ularning hammasi do'zaxdadir. Birgina firqa bundan mustasno”, dedilar. Shunda sahobalar: “O'sha bir toifa kim, ey Allohning Rasuli!” deyishdi. U zot: “Jamoatdir”, dedilar. So'ng qo'shimcha qilib aytdilar: “Albatta, yaqin orada shunday qavmlar keladi, qutirish kasali bemorni qanday egallasa, ularni havoi nafs xuddi shunday egallaydi”, dedilar.

Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam xabar bergan narsalari voqelikda sodir bo'ldi. Havoi nafsga ergashish ko'paydi. Firqalar, jamoalar ko'paydi. Holbuki, Alloh taolo:

«Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur'onini) mahkam tuting va firqalarga bo'linmang hamda o'zaro adovatda bo'lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo'ygan Allohning ne'matini yodda tuting. Uning ne'mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do'zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo'lni topgaysizlar, deb Alloh O'z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi» (Oli Imron surasi, 103-oyat), deb marhamat qiladi.

Payg'ambarimiz alayhissalom aytadilar: «“O'zlaringizdan oldingilar yo'liga xuddi (kamon o'qining) patlari bir xil joylashgani kabi, izma-iz ergashasizlar. Hatto ular zobb (echkiemar)ning iniga kirgan bo'lsalar, sizlar ham albatta kirasizlar. Sahobalar aytishdi: “Yo Rasululloh! Yahudiylar va nasorolarmi?” Payg'ambar alayhissalom: “Unda kim?” dedilar.

Boshqa bir hadisi sharifda: “Mo'min mo'min uchun xuddi bir-birini mustahkamlab turuvchi bino kabidir”.

Ammo bu hizblar-jamoalar o'zaro bir-birlaridan nafratdadirlar. Bir-birlarini ta'na qiladilar, ayblaydilar. Hatto bir kishi: “Bu hizblar din dushmanlarining iroda-istaklarini, ya'ni ummatni tafriqaga solish, xotirini parishon qilish, oqibatda ummatni zaiflashtirish kabi ishlarni qilishyapti” desa, to'g'ri bo'ladi.

Hullas, “Hizbut tahrir” jamoasi qattiq adashgan toifalardan. “Hizbut tahrir” pastkash jamoa bo'lib, Urdunda paydo bo'lgan. “Ixvonul muslimin”dan ajrab chiqqan. “Ixvonchilar” ularga bu yo'ldan qaytishlari uchun elchilar yuborishgan. Lekin ular qaytishdan bosh tortishgan. Ularning etakchisi Taqiyuddin Nabahoniy edi.

Ular aqida masalalarida quyidagilarni aytadilar: “Aqidaviy hukm faqat aqldan olinadi. Agar sam'iy, ya'ni, naqliy dalildan olinsa, u faqat qat'iy dalil bo'lishi kerak”.

Hizbchilar safsata sotishga o'rgatilgan, dinimizga muxolif jamoadir.

Hizbchilarning etakchisidan: “Nima uchun sizlarda Qur'on yodlatiladigan madrasalar yo'q?” deb so'ralganda, u bunday javob bergan: “Men darveshlar etishtirmoqchi emasman”.

Ko'rib turganingizdek, ilm, axloq va qalb tarbiyasi, zuhd, taqvoga sabab bo'luvchi ilmlar ular uchun qiziq emas. Fiqhiy masalalarda ham hadlaridan oshishgan. Masalan, ularning nazdida erkak kishi nomahram ayol bilan qo'l berib ko'rishsa, joiz bo'ladi. Hullas, “Hizbut tahrir” adashgan toifalardan biridir.

Hulosa o'rnida shuni aytamizki: Hizbut-tahrir” ulamolari o'z ta'villariga odatda hech bir hujjat keltirmaydilar. Ming­lab sahih hadislar mavjud bo'la turib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan aniq va sahih rivoyatlarni keltirmaydilar. Na sahobalardan, na tobe'inlardan va na ularning atbo'laridan biron asar taqdim etmaydilar. Barcha Islom ummati birdek tan olgan Ahli sunna val jamoa ulamolari ijtihodlaridan va aytgan so'zlaridan misol keltirmaydilar. Barcha musulmonlarni bunday buzuq toifalardan uzoq bo'lishga da'vat etamiz

Muhibulloh Hudoyberdiyev To'raqo'rg'on tumani bosh imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Ehsoningiz o‘rnini Alloh to‘ldiradi

17.01.2025   5140   3 min.
Ehsoningiz o‘rnini Alloh to‘ldiradi

Savol: Hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har tong quyosh chiqqanda ikki farishta nido qiladi. Ey Alloh infoq qiluvchini infoqini o‘rnini to‘ldirgin va xasis, ziqnaga talofat ber” der ekanlar. Lekin biz hayotda bu hadisning aksini ko‘ramiz. Infoq, ehson va sadaqa qiluvchilar yashashda o‘rta hol, ba’zilari esa biroz qiynalgan bo‘lsa, ziqna, xasis Alloh yo‘lida bir chaqa ham infoq qilmaydiganlar esa, dunyolari ziyoda bo‘lib borayotganligini ko‘ramiz. Shunda kishi hayoliga bu hadis sahihmikan yoki yolg‘onmi degan o‘y keladi. Agar sahih bo‘lsa nega infoq qiluvchining qilgan infoqini o‘rni to‘lmayapti? Nega xasis, ziqna odam talofat ko‘rmayapti?

Javob: Mazkur hadis sahih, muttafaqun alayh. Hadisning to‘liq matni quyidagicha.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Bandalar har tong ottirganlarida ikki farishta tushib, ularning biri: "Yo Alloh infoq qiluvchini infoqini o‘rnini to‘ldirgin", ikkinchisi esa: "Yo Alloh xasis, ziqnaga talofat ber" deydi” (Al-Jome’ as-Sahih, 445-bet, 1442-hadis)

Ushbu hadisning ma’nosiga o‘xshash boshqa hadislar ham mavjud. Misol uchun, Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Ey Odam bolasi agar sahovatli bo‘lsang, bu ishing sen uchun yaxshidir. Agar ziqna, xasis bo‘lsang, bu ishing sen uchun yomondir" (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).

Oyatda esa: “Har bir infoq qilgan narsangizning o‘rnini U to‘ldirur. U zot rizq berguvchilarning yaxshisidir” deyiladi (Saba’ surasi, 39-oyat). Ushbu oyatni Ibni Kasir rahimahulloh tafsirlarida: "Robbingizning buyurgan yoki muboh qilgan ishlarida biror bir narsani infoq qilsangiz, albatta, U dunyoda uning badalini beradi. Oxiratda esa, savob va mukofot beradi", deganlar.

Endi savol beruvchining fikriga keladigan bo‘lsak, u inson faqatgina hadisdagi to‘ldirish va talofot so‘zlarini mol-mulk ma’nosida tushunganlar. Hadisning asl mohiyati esa, bundan ko‘ra chuqurroq va kengroqdir. Aslida infoq qiluvchi kishiga G‘oniy va Karim bo‘lgan Allohning O‘zi kifoya qilishi uning infoqiga eng yaxshi evazdir. Allohni infoq qiluvchi bandasining ahlini isloh, farzandlarini iqtidorli, tanasini sog‘, oziga baraka berishi va uni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi, yaxshiliklar qilishga muvaffaq qilishi, qalbida sakinat, insonlarni unga nisbatan muhabbatli va iymon halovatini sezuvchi qilib qo‘yishi infoq qiluvchi kishiga dunyo matolaridan cheklanishidan ko‘ra yaxshiroqdir. Zotan oriflar ruhiy rizqlarni ko‘zni quvontiruvchi dunyo matolaridan ko‘ra abadiy va qiymati baland deb biladilar.

“Talofat” esa, faqatgina molning talofati degani emas, balki kishining oilasini notinchligi, farzandlarini noqobil, o‘zgalar bilan yaxshi aloqada bo‘lmasligi, doim tashvishda, hayotda kishini xafa qiladigan ishlar bilan yashashi, moli ko‘p bo‘lsa-da foydalana olmasligi va doimo tanasining dardi bilan azob uqubatda hayot kechirishi tushuniladi. Bunday holatlar esa, molning talofotidan ko‘ra yomonroqdir.

Hadisda kelgan farishtalarning duosi Qur’oni karimdagi ushbu oyatlarga muvofiqdir: "Ammo kimki (ato) bersa va taqvo qilsa. Va go‘zal (so‘z)ni tasdiq qilsa. Bas, Biz uni osonga muyassar qilamiz.  Ammo kimki baxillik va istig‘no qilsa. Va go‘zal (so‘z)ni yolg‘onga chiqarsa. Bas, Biz uni qiyinga muyassar qilamiz" (Layl surasi, 5-10-oyatlar).

Alloh barchamizni oyatlarini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini asl mohiyatlari bilan anglab yetishimizni oson qilsin.

Yusuf Qorozoviyning “Fataava Muasira” nomli asaridan
“Imom at-Termiziy” jome’ masjidi imom xatibi
Yahyo Abdurahmonov tarjimasi