Hadisi shariflardan birida: “Tungi namozda bardavom bo‘ling. Chunki u sizlardan oldingi mo‘tabar zotlarning odati edi. Tungi sajda insonni Allohga yaqinlashtirib, yo‘l qo‘ygan gunohlaridan forig‘ qiladi, ko‘plab kasalliklardan qutqaradi va gunohu ma’siyat ishlardan qaytaradi” (Termiziy rivoyati), deyilgan. Alloh taolo Rasuliga xitoban: “Tunda (yarim kechada) uyg‘onib o‘zingiz uchun tahajjudni (nafl namozini) o‘qing! Shoyadki, Rabbingiz Sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa” (Isro, 79), deb marhamat qilgan.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tahajjud namozini hech qachon kanda qilmaganlar. Hatto, og‘ir bemorlik vaqtlarida ham tahajjudni o‘tirgan hollarida o‘qiganlar (Abu Dovud).
Tungi namoz o‘qiladigan uyda nur paydo bo‘ladi. Uni osmon ahli ko‘radi. Biz tunda osmonga qaraganimizda, yulduzlar yorug‘ligini ko‘rganimizdek, osmon ahli yerdagi nurning namoz o‘quvchining uyidan taralayotganini ko‘radi. Undan ham ajablanarlisi shuki, har kuni uyingdagi nurni ko‘rishga odatlangan farishtalar tungi namoz o‘qimagan kuning seni so‘rab-surishtiradilar, chunki ular uyingda zulmatni ko‘radilar. Ularga sening bemorliging yoki g‘amga botib qolganing aytiladi. Farishtalar senga shifo va g‘amdan xalos bo‘lishingni so‘raydilar yoki ehtiyojingga qarab duo qiladilar. Chunki ular sening namozing sababli nur taralayotgan uyingni ko‘rishni istaydilar.
Hurmatli mo‘min birodar. Agar uyingiz nurli, o‘zingiz fayzli bo‘lib doimo farishtalar e’tiborida bo‘lishni istasangiz, bugundan boshlab tungi namozni boshlang, agar o‘qib yurgan bo‘lsangiz davomiy bo‘lishida Alloh sizga yordamchi bo‘lsin!
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati