Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Tahajjud namozi fazilatidan bir shingil

28.02.2018   4579   1 min.
Tahajjud namozi fazilatidan bir shingil

Hadisi shariflardan birida: “Tungi namozda bardavom bo‘ling. Chunki u sizlardan oldingi mo‘tabar zotlarning odati edi. Tungi sajda insonni Allohga yaqinlashtirib, yo‘l qo‘ygan gunohlaridan forig‘ qiladi, ko‘plab kasalliklardan qutqaradi va gunohu ma’siyat ishlardan qaytaradi” (Termiziy rivoyati), deyilgan.  Alloh taolo Rasuliga xitoban: “Tunda (yarim kechada) uyg‘onib o‘zingiz uchun tahajjudni (nafl namozini) o‘qing! Shoyadki, Rabbingiz Sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa” (Isro, 79), deb marhamat qilgan.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tahajjud namozini hech qachon kanda qilmaganlar. Hatto, og‘ir bemorlik vaqtlarida ham tahajjudni o‘tirgan hollarida o‘qiganlar (Abu Dovud).

Tungi namoz o‘qiladigan uyda nur paydo bo‘ladi. Uni osmon ahli ko‘radi. Biz tunda osmonga qaraganimizda, yulduzlar yorug‘ligini ko‘rganimizdek, osmon ahli yerdagi nurning namoz o‘quvchining uyidan taralayotganini ko‘radi. Undan ham ajablanarlisi shuki, har kuni uyingdagi nurni ko‘rishga odatlangan farishtalar tungi namoz o‘qimagan kuning seni so‘rab-surishtiradilar, chunki ular uyingda zulmatni ko‘radilar. Ularga sening bemorliging yoki g‘amga botib qolganing aytiladi. Farishtalar senga shifo va g‘amdan xalos bo‘lishingni so‘raydilar yoki ehtiyojingga qarab duo qiladilar. Chunki ular sening namozing sababli nur taralayotgan uyingni ko‘rishni istaydilar.

Hurmatli mo‘min birodar. Agar uyingiz nurli, o‘zingiz fayzli bo‘lib doimo farishtalar e’tiborida bo‘lishni istasangiz, bugundan boshlab tungi namozni boshlang, agar o‘qib yurgan bo‘lsangiz davomiy bo‘lishida Alloh sizga yordamchi bo‘lsin!

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

10.01.2025   2191   2 min.
Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.