2018 yilning 26 fevral kuni yoqqan kuchli yomg‘ir tufayli Buxoro shahrining qadimiy qismidagi tarixiy binolardan birini suv bosdi.
Bu haqda mazkur shaharda yashovchi fuqaro o‘zining Facebookdagi sahifasida xabar qoldirgan.
U joylashtirgan suratlar va videoni ko‘rib, gap Chorminor madrasasi haqida ketayotganini anglash mumkin. Suratlarda Chorminorning hovlisi suvga to‘lgani yaqqol ko‘rinib turibdi.
Tabiiy hodisa yuz bergan joyga o‘t uchirish xizmati xodimlari yetib kelgan.
Suratlardan ko‘rinib turibdiki, tarixiy obida atrofiga yig‘ilgan suv maxsus texnika yordamida tortib olingan. Biroq bu toshqinning tarxiy obidaning holatiga ta’siri bo‘lishi tayin.
Ma’lumot uchun, Chorminor madrasasi xalifa Niyozqul tomonidan 1807 yilda barpo etilgan. U peshayvonli masjid, madrasa, kutubxona, hovuz va hujralardan iborat. Murakkab tarxli to‘rtta minora (mezana)ga ega. Kutubxonaga minora orqali chiqilgan.
Afsuski, mustabid sho‘ro tuzumi davrida ko‘plab tarixiy yodgorliklar qatori Chorminordan ham xo‘jalik maqsadlarida foydalanilgan. Bu esa uning qarovsiz ahvolga tushib qolishiga olib kelgan. Mustaqillik yillarida Chorminorning kirish qismi minoralari, hovuz va madrasa ta’mirdan chiqarildi va asl holiga keltirildi.
O‘MI Matbuot xizmati