2018 yilning 21-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Quvayt Davlati Hukumati o‘rtasida oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim kuchga kirdi. Hujjat 2017 yil 9-fevralda Al-Quvayt shahrida imzolangan edi.
Bitim oliy ta’lim va fan sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari (OTM) va tadqiqot markazlari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Hujjatga ko‘ra, tomonlar talabalar va tadqiqotchilar almashinuvini amalga oshiradilar va ular uchun har yili tegishli stipendiyalar ajratadilar, shuningdek, O‘zbekiston va Quvayt OTMlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashadilar.
Bitim ayni paytda arab tilini o‘qitish va o‘rganish, manbalarni tadqiq qilish va sharq qo‘lyozmalarini saqlash ishlarida o‘zaro hamkorlikka ko‘maklashadi.
Uning asosida Quvayt OTMlarida arab tili va adabiyoti o‘qituvchilarining amaliyot o‘tashi orqali hamkorlikni yanada kengaytirish, O‘zbekiston OTMlarida arab tili xonalari va kutubxonalarini zamonaviy texnika vositalari hamda arab tilidagi adabiyotlar bilan jihozlashda o‘zaro hamkorlik qilish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati