Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Koka-Kola Qoraqalpog‘istonga investitsiya kiritmoqda

27.02.2018   2893   2 min.
Koka-Kola Qoraqalpog‘istonga investitsiya kiritmoqda

Koka-Kola jamg‘armasi BMTning Orol dengizi bo‘yicha qo‘shma dasturi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir tumanida suv ta’minotini yaxshilash loyihasiga 100 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritmoqda. 

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda sayyoramiz aholisining 40 foizdan ortig‘i ichimlik suvi tanqisligidan aziyat chekmoqda. 884 million kishi toza suv ta’minotidan mahrum, 1,7 milliarddan ko‘proq odam qo‘shimcha chuchuk suv manbalariga ehtiyoj sezmoqda. 

Orol dengizi qurishi natijasida Qoraqalpog‘istonda ham bir qator ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolar vujudga kelgan. Mahalliy aholining faqatgina 50,8 foizi markazlashgan suv ta’minotidan foydalanish imkoniga ega. Uzoq tumanlar aholisi joylarda o‘rnatilgan suv manbalari hamda chuqurligi 400-500 metrlik artezian quduqlardan olinadigan suvni iste’mol qilmoqda. 

photo5233310920694933698.jpg

 
Taxtako‘pir tumanidagi «Ata ko‘l» qishloq fuqarolar yig‘inining «Maqpal ko‘l» ovulida aholining ichimlik suviga ehtiyoji qo‘l nasoslari orqali ta’minlanadi. Bu esa salomatlik va sanitariya borasida qator muammolarni yuzaga keltirmoqda. 

Koka-Kola jamg‘armasi va Global suv resurslari muammolari bo‘yicha tashkilot tomonidan Yangi olam dasturining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan «Orolbo‘yidagi qishloq hududlarida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash» loyihasi doirasida 2018 yil oxirigacha tumanda suv taqsimlash stansiyasini tiklash ishlari amalga oshiriladi. Natijada 2 mingga yaqin odam toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. 

photo5233332988236900536.jpg
 
Mahalliy aholini jalb qilgan holda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda ko‘mak berish BMTning hududda amalga oshirilayotgan «Orol mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik fondini tashkil qilish orqali Orol fojiasidan jabr ko‘rgan aholining turmush sharoitini yaxshilash» qo‘shma dasturining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. BMT Taraqqiyot dasturi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi va Taxtako‘pir tumani hokimligi hamkorligida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha Yangi olam dasturi tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. 

Yangi loyiha doirasida tuman hokimligi va aholi ishtirokida ta’lim va tibbiyot muassasalarida sanitariya-gigiyena masalalariga bag‘ishlangan turkum seminarlar tashkil etiladi. 
 
 

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   5206   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.