Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

“Ko‘z-ko‘z qilmang, ko‘z tegar”

27.02.2018   4028   8 min.
“Ko‘z-ko‘z qilmang, ko‘z tegar”

Ustoz Erkin A’zamning shunday sarlavhali fiqrasi bor. Shu ibora tilimga xush kelib qolganidanmi bir kuni nimadir sabab bo‘lib: “Ko‘z-ko‘z qilmang, ko‘z tegar”, degan edim, jufti halolim: “Hozir ba’zilarni Internet orqali issiq-sovuq, duoibad va boshqacha sehr-jodular qilayotgan emish. Shuning uchun Internetga rasm qo‘ymaslik kerak ekan”, deb qoldi... 

Ertalab gijinglagan toydek bo‘lib sog‘u salomat yurgan kishini kechga yaqin tez yordam mashinasi olib ketganini eshitasiz. Yana uch-to‘rt kun o‘tib uning do‘xtirxonama-do‘xtirxona kezib yurgani qulog‘ingizga chalinadi, do‘xtirlar tashxis qo‘ya olmayotgan emish – ko‘z tekkanmi?..

Nega bunday holatlar ko‘p uchrayapti, “mergan”lar shunchalik ko‘payib ketganmi yo. “islam today” e’lon qilingan “Ijtimoiy tarmoq orqali ko‘zikish rostmi?” (Muallif – Sofiya Musayeva) sarlavhali maqolada yozilishicha, ommaviy ravishda ko‘zikishning sababchisi bu – Internet va ijtimoiy tarmoqlardir. Chunki zamondoshlarimiz ularga ko‘z-ko‘z qilish uchun baxtdan masrur bo‘lib turgan suratlarini joylaydi. Shunchaki «Instagram»ga bir bo‘ylab ko‘ring: unda muhtasham oshxonada eng shirin taomlarni tayyorlash ham to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatilmoqda. Baxtdan masrur sohibjamol ayol nihoyatda hashamatli oshxonada, bundagi har bir ashyoni ko‘rgan kishi uning jimjimasiga havasi keladi. Shaxsiy sahifadagi suratlar nihoyatda boy xonadonni namoyish etadi.

Hatto odamda shunday fikr tug‘iladiki, odamlar go‘yoki jamiki sarvatlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylab kimlardandir olqish olish uchun yashayotgandek. Shuningdek, «Vatsap»ning deyarli har bir avatarkasiga – murg‘ak bolalarning, sevishgan yoshlarning, sovg‘a qilingan guldastaning, bezalgan, shirin tortlarning va boshqa narsalarning fotosurati joylangan. Bu yerda gap hatto moddiy boyliklarini ijtimoiy tarmoqlarda ko‘z-ko‘z qilib maqtanish ham emas, Gap – uning qanchalik baxtiyor ekanini imkon qadar ko‘p odamlar ko‘rishi va hammaning hayratga tushishini juda qattiq istashdadir. Ammo bir narsani unutmaylikki, biz o‘sha ijtimoiy  tarmoqlarga joylayotgan baxtimizni unda ko‘rayotgan yuzlab, minglab, millionlab begona ko‘zlar undan o‘zimiz sevinganimizdek sevinmaydi...

Yaqinda tanishlarim oilasida katta janjal bo‘ldi… Yosh juftlik o‘rtasidagi muomalada chuqur jarlik paydo bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay ularning qizchasi og‘rib qoldi.  Albatta, buning turlicha sabablari bordir. Ammo ulardan birini taxmin qilish mumkinki, kelinchak har kuni ijtimoiy tarmoqda  goh guldasta tutib turgan jufti bilan, goh bag‘riga olib turgan qizchasi bilan ko‘zlarida baxt uchquni porlab turgan holatda paydo bo‘ladi. Ammo ularni ko‘rgan har kishi “Yaratganning marhamatini qarang, qanday ajoyib juft! Alloh taolo ularning baxtini bardavom qilsin!” demaydi-da. Aksincha, ayrim fe’lida qusuri borlar hasad qilib: “Nega uning eri shunday chiroyli buketlar sovg‘a qiladi? Nima uchun ularning qizchasi bunchalik yoqimtoy? Uning omadi kulibdi...” va shunga o‘xshash gaplarni aytishi mumkin, deb yozadi Sofiya Musayeva.

Buning ijtimoiy jihatlari ham bor, Aytaylik, yillar davomida tirnoqqa zor bo‘lib birgina farzand ko‘ra olmayotgan oilalar bor. O‘sha oilalarga qizchasini ko‘z-ko‘z qilish og‘ir botishi ham mumkin. Yana oilaviy yetishmovchiliklardan aziyat chekayotganlar qancha. Biz maqtanib ijtimoiy tarmoqqa joylayotgan chiroyli tortlar, saryoqqa qovurilgan tovuq go‘shtlari, ruletlar, sixga tortilna kaboblar va hokazolar ularning qayg‘usini yanada ziyoda qilmasmikan. Dunyoda o‘zining munosib juftini topa olmasdan iztirob chekayotganlar qancha?! Oila qurib ham sira rohat ko‘rmasdan ajralish ostonasidagilar-chi! Yoki yuragiga eng yaqin odamini boy berib firoq azobini tortayotganlar yo‘qmi...

Nima bo‘lganda ham o‘z hayotini ko‘z-ko‘z qilish bu – to‘g‘ri ish emas. Buni dinimiz ham ma’qullamaydi. Shariatimiz bizni hamma narsada vazmin bo‘lishni, me’yorni saqlashni, o‘z baxti haqida olamga jar solmaslikni, odamlarda o‘zining baxtiga nisbatan hasad tuyg‘usini uyg‘otmaslikka chaqiradi.

“Ko‘p yillar burun bir domlaga o‘qitishga bordim. Uyini so‘roqlab topib bordik. Hovlida tumonat odam yig‘ilib turibdi. Navbat kutayotganlar ekan. Biz ham ularga qo‘shilib turdik. Bir mahal ichkaridan bir suruv odam chiqdi. Keyin bizga kiringlar degan ishora bo‘ldi. Kirsak o‘rtada katta xontaxta. Uning usti to‘la odamlarning surati: o‘smir qizlar, ayollar, turli yoshdagi erkaklar, hatto bolalarning ham suratlari bor. Biz xontaxtani aylanib o‘tirdik. Hamma o‘tirganidan keyin to‘rda o‘tirgan domla ko‘zini xiyol yopib o‘qishga tushib ketdi. Men to‘rdagilardan boshlab o‘qib navbatma-navbat dam solar ekan-da, deb taxmin qilib turgan edim bir mahal xuddi kalashnikov avtomatidan o‘q otgandek qilib “suf, suf, suf...” deb hammaga, xontaxta ustidagi suratlarga ham dam solib yubordi”, deydi bir qo‘shnimiz.

Bu hikoyadan suratga qarab dam solish tajribasi amalda qo‘llanilayotgani ayon bo‘ladi. Demak, Internetdagi suratlarga qarab dam solar ekan, ko‘z tegar ekan, issiq-sovuq qilar ekan deganlari asossiz emas ekan-da.

Bizning baxtiyorligimizni qanchalik kam odam bilsa, uni muhofaza etishimiz shunchalik qulay bo‘ladi. Ko‘p odam biz haqda bilmagandan keyin “ko‘zi” bor odamlarning ham ko‘pi bizdan bexabar bo‘ladi va ko‘zikish degan narsa bizni chetlab o‘tib ketadi.

Ushbu mavzuda berilgan bir savolga javob bergan Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li bunday degan ekan: “Ko‘z tegishidan himoyalanish uchun, avvalo, Alloh taolo bergan ne’matlar shukri ado etiladi, ular bilan maqtanchoqlik qilinmaydi, imkon qadar ko‘pchilikdan – to‘g‘ri ma’noda – berkitiladi, ne’matni ko‘z-ko‘z qilavermaydi”.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlaridan 2011 yilda ko‘z tegishi haqida  so‘rashganida bu savolga javobni ushbu hadis bilan boshlagan ekanlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Ko‘z tegishi haqdir», dedilar».

To‘rtovlari rivoyat qilishgan. Muslim va Termiziy quyidagilarni ziyoda qilishgan:
«Agar biror narsa qadardan o‘tadigan bo‘lsa, albatta, ko‘z tegishi o‘tar edi. Qachonki sizdan g‘uslga yordam so‘ralsa, g‘uslga yordam bering», dedilar».
G‘uslning bayoni Ahmad, Nasaiy va Ibn Hibbonlar rivoyat qilgan hadisda quyidagicha bayon qilinadi:

«Ko‘zi tekkan kishi yuzini va ikki qo‘lini chig‘anog‘i bilan yuvadi. Keyin kindigidan jismining pastigacha yuvadi. Suvni qadahga quyib turib, ko‘z tekkanning boshidan va yelkasidan quyiladi. So‘ngra qadahni to‘ntarilib qo‘yiladi. Allohning izni ila tuzalib ketadi».

Ushbu hadisi sharifdan ayon bo‘ladiki, ko‘z tegishining davosini topish unchalik qulay ish emas. Birinchidan, bemorga kimning ko‘zi tekkanini aniqlab olish oson ish emas, Ikkinchidan, ko‘zi tekkan kishi kishi uyalganidan yoki odamlarning malomat qilishidan qo‘rqib o‘zining ko‘zi tekkanini tan olmaslgigi mumkin. Uchinchidan esa ijtimoiy tarmoqqa suratlarini joylagan odamga dunyoning qaysi bir kunjagidan kimningdir ko‘zi tekkan bo‘lsa, uni aniqlab bo‘ladimi, aniqlagan taqdirda ham Afrikagami, Xitoygami borib uni kim olib keladi. Kim unga bu ishlarni tushuntiradi...

Shunday ekan, azizlar, ko‘z-ko‘z qilmang, ko‘z tegar

Donishmandlar ham baxtni mustahkam qurg‘on ichra saqlash darkor va uni hadeb odamlarga ko‘rsataverish shart emas, deydilar. Axir odam eng baholi va qadrli narsalarni ko‘zdan pana qiladi – boyligini yashiradi, boshqa narsalarini yashiradi, nega baxtini yashirmasin!

Damin JUMAQUL

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

9.01.2025   1627   4 min.
Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:

Birinchisio‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.

Ikkinchisihaqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.