Ustoz Erkin A’zamning shunday sarlavhali fiqrasi bor. Shu ibora tilimga xush kelib qolganidanmi bir kuni nimadir sabab bo‘lib: “Ko‘z-ko‘z qilmang, ko‘z tegar”, degan edim, jufti halolim: “Hozir ba’zilarni Internet orqali issiq-sovuq, duoibad va boshqacha sehr-jodular qilayotgan emish. Shuning uchun Internetga rasm qo‘ymaslik kerak ekan”, deb qoldi...
Ertalab gijinglagan toydek bo‘lib sog‘u salomat yurgan kishini kechga yaqin tez yordam mashinasi olib ketganini eshitasiz. Yana uch-to‘rt kun o‘tib uning do‘xtirxonama-do‘xtirxona kezib yurgani qulog‘ingizga chalinadi, do‘xtirlar tashxis qo‘ya olmayotgan emish – ko‘z tekkanmi?..
Nega bunday holatlar ko‘p uchrayapti, “mergan”lar shunchalik ko‘payib ketganmi yo. “islam today” e’lon qilingan “Ijtimoiy tarmoq orqali ko‘zikish rostmi?” (Muallif – Sofiya Musayeva) sarlavhali maqolada yozilishicha, ommaviy ravishda ko‘zikishning sababchisi bu – Internet va ijtimoiy tarmoqlardir. Chunki zamondoshlarimiz ularga ko‘z-ko‘z qilish uchun baxtdan masrur bo‘lib turgan suratlarini joylaydi. Shunchaki «Instagram»ga bir bo‘ylab ko‘ring: unda muhtasham oshxonada eng shirin taomlarni tayyorlash ham to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatilmoqda. Baxtdan masrur sohibjamol ayol nihoyatda hashamatli oshxonada, bundagi har bir ashyoni ko‘rgan kishi uning jimjimasiga havasi keladi. Shaxsiy sahifadagi suratlar nihoyatda boy xonadonni namoyish etadi.
Hatto odamda shunday fikr tug‘iladiki, odamlar go‘yoki jamiki sarvatlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylab kimlardandir olqish olish uchun yashayotgandek. Shuningdek, «Vatsap»ning deyarli har bir avatarkasiga – murg‘ak bolalarning, sevishgan yoshlarning, sovg‘a qilingan guldastaning, bezalgan, shirin tortlarning va boshqa narsalarning fotosurati joylangan. Bu yerda gap hatto moddiy boyliklarini ijtimoiy tarmoqlarda ko‘z-ko‘z qilib maqtanish ham emas, Gap – uning qanchalik baxtiyor ekanini imkon qadar ko‘p odamlar ko‘rishi va hammaning hayratga tushishini juda qattiq istashdadir. Ammo bir narsani unutmaylikki, biz o‘sha ijtimoiy tarmoqlarga joylayotgan baxtimizni unda ko‘rayotgan yuzlab, minglab, millionlab begona ko‘zlar undan o‘zimiz sevinganimizdek sevinmaydi...
Yaqinda tanishlarim oilasida katta janjal bo‘ldi… Yosh juftlik o‘rtasidagi muomalada chuqur jarlik paydo bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay ularning qizchasi og‘rib qoldi. Albatta, buning turlicha sabablari bordir. Ammo ulardan birini taxmin qilish mumkinki, kelinchak har kuni ijtimoiy tarmoqda goh guldasta tutib turgan jufti bilan, goh bag‘riga olib turgan qizchasi bilan ko‘zlarida baxt uchquni porlab turgan holatda paydo bo‘ladi. Ammo ularni ko‘rgan har kishi “Yaratganning marhamatini qarang, qanday ajoyib juft! Alloh taolo ularning baxtini bardavom qilsin!” demaydi-da. Aksincha, ayrim fe’lida qusuri borlar hasad qilib: “Nega uning eri shunday chiroyli buketlar sovg‘a qiladi? Nima uchun ularning qizchasi bunchalik yoqimtoy? Uning omadi kulibdi...” va shunga o‘xshash gaplarni aytishi mumkin, deb yozadi Sofiya Musayeva.
Buning ijtimoiy jihatlari ham bor, Aytaylik, yillar davomida tirnoqqa zor bo‘lib birgina farzand ko‘ra olmayotgan oilalar bor. O‘sha oilalarga qizchasini ko‘z-ko‘z qilish og‘ir botishi ham mumkin. Yana oilaviy yetishmovchiliklardan aziyat chekayotganlar qancha. Biz maqtanib ijtimoiy tarmoqqa joylayotgan chiroyli tortlar, saryoqqa qovurilgan tovuq go‘shtlari, ruletlar, sixga tortilna kaboblar va hokazolar ularning qayg‘usini yanada ziyoda qilmasmikan. Dunyoda o‘zining munosib juftini topa olmasdan iztirob chekayotganlar qancha?! Oila qurib ham sira rohat ko‘rmasdan ajralish ostonasidagilar-chi! Yoki yuragiga eng yaqin odamini boy berib firoq azobini tortayotganlar yo‘qmi...
Nima bo‘lganda ham o‘z hayotini ko‘z-ko‘z qilish bu – to‘g‘ri ish emas. Buni dinimiz ham ma’qullamaydi. Shariatimiz bizni hamma narsada vazmin bo‘lishni, me’yorni saqlashni, o‘z baxti haqida olamga jar solmaslikni, odamlarda o‘zining baxtiga nisbatan hasad tuyg‘usini uyg‘otmaslikka chaqiradi.
“Ko‘p yillar burun bir domlaga o‘qitishga bordim. Uyini so‘roqlab topib bordik. Hovlida tumonat odam yig‘ilib turibdi. Navbat kutayotganlar ekan. Biz ham ularga qo‘shilib turdik. Bir mahal ichkaridan bir suruv odam chiqdi. Keyin bizga kiringlar degan ishora bo‘ldi. Kirsak o‘rtada katta xontaxta. Uning usti to‘la odamlarning surati: o‘smir qizlar, ayollar, turli yoshdagi erkaklar, hatto bolalarning ham suratlari bor. Biz xontaxtani aylanib o‘tirdik. Hamma o‘tirganidan keyin to‘rda o‘tirgan domla ko‘zini xiyol yopib o‘qishga tushib ketdi. Men to‘rdagilardan boshlab o‘qib navbatma-navbat dam solar ekan-da, deb taxmin qilib turgan edim bir mahal xuddi kalashnikov avtomatidan o‘q otgandek qilib “suf, suf, suf...” deb hammaga, xontaxta ustidagi suratlarga ham dam solib yubordi”, deydi bir qo‘shnimiz.
Bu hikoyadan suratga qarab dam solish tajribasi amalda qo‘llanilayotgani ayon bo‘ladi. Demak, Internetdagi suratlarga qarab dam solar ekan, ko‘z tegar ekan, issiq-sovuq qilar ekan deganlari asossiz emas ekan-da.
Bizning baxtiyorligimizni qanchalik kam odam bilsa, uni muhofaza etishimiz shunchalik qulay bo‘ladi. Ko‘p odam biz haqda bilmagandan keyin “ko‘zi” bor odamlarning ham ko‘pi bizdan bexabar bo‘ladi va ko‘zikish degan narsa bizni chetlab o‘tib ketadi.
Ushbu mavzuda berilgan bir savolga javob bergan Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li bunday degan ekan: “Ko‘z tegishidan himoyalanish uchun, avvalo, Alloh taolo bergan ne’matlar shukri ado etiladi, ular bilan maqtanchoqlik qilinmaydi, imkon qadar ko‘pchilikdan – to‘g‘ri ma’noda – berkitiladi, ne’matni ko‘z-ko‘z qilavermaydi”.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlaridan 2011 yilda ko‘z tegishi haqida so‘rashganida bu savolga javobni ushbu hadis bilan boshlagan ekanlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Ko‘z tegishi haqdir», dedilar».
To‘rtovlari rivoyat qilishgan. Muslim va Termiziy quyidagilarni ziyoda qilishgan:
«Agar biror narsa qadardan o‘tadigan bo‘lsa, albatta, ko‘z tegishi o‘tar edi. Qachonki sizdan g‘uslga yordam so‘ralsa, g‘uslga yordam bering», dedilar».
G‘uslning bayoni Ahmad, Nasaiy va Ibn Hibbonlar rivoyat qilgan hadisda quyidagicha bayon qilinadi:
«Ko‘zi tekkan kishi yuzini va ikki qo‘lini chig‘anog‘i bilan yuvadi. Keyin kindigidan jismining pastigacha yuvadi. Suvni qadahga quyib turib, ko‘z tekkanning boshidan va yelkasidan quyiladi. So‘ngra qadahni to‘ntarilib qo‘yiladi. Allohning izni ila tuzalib ketadi».
Ushbu hadisi sharifdan ayon bo‘ladiki, ko‘z tegishining davosini topish unchalik qulay ish emas. Birinchidan, bemorga kimning ko‘zi tekkanini aniqlab olish oson ish emas, Ikkinchidan, ko‘zi tekkan kishi kishi uyalganidan yoki odamlarning malomat qilishidan qo‘rqib o‘zining ko‘zi tekkanini tan olmaslgigi mumkin. Uchinchidan esa ijtimoiy tarmoqqa suratlarini joylagan odamga dunyoning qaysi bir kunjagidan kimningdir ko‘zi tekkan bo‘lsa, uni aniqlab bo‘ladimi, aniqlagan taqdirda ham Afrikagami, Xitoygami borib uni kim olib keladi. Kim unga bu ishlarni tushuntiradi...
Shunday ekan, azizlar, ko‘z-ko‘z qilmang, ko‘z tegar
Donishmandlar ham baxtni mustahkam qurg‘on ichra saqlash darkor va uni hadeb odamlarga ko‘rsataverish shart emas, deydilar. Axir odam eng baholi va qadrli narsalarni ko‘zdan pana qiladi – boyligini yashiradi, boshqa narsalarini yashiradi, nega baxtini yashirmasin!
Damin JUMAQUL
O‘MI Matbuot xizmati
Vatan – bu insonning tug‘ilib o‘sgan yeri, uning go‘daklik chog‘idanoq mehr qo‘ygan o‘chog‘i, mahallasi va qishlog‘i bilan ta’riflanadi. “Vatan” so‘zi arab tilida tug‘ilib o‘sgan joy, ona yurt ma’nosini anglatadi. Vatanga muhabbat yuksak insoniy fazilat. Bu borada: “Vatanni sevmoq iymondandir” hikmatini esga olishning o‘zi kifoyadir. Bizga ma’lumki, Vatanga bo‘lgan muhabbat joy, makon va vaqt tanlamaydi. Bu tuyg‘u inson tug‘ilishi bilan vujudga kelib, vafot etishi bilan o‘z poyoniga yetadi.
Vatanga mehr esa ona suti bilan qalbga singadi. Shu o‘rinda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘iloniy, Qaffol Shoshiy, Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Ahmad Farg‘oniy kabi buyuk allomalarimiz Vatanga bo‘lgan kuchli muhabbatlari tufayli ko‘plab asarlarini yurt nomi bilan bog‘laganlari tarixdan ma’lum.
Buyuk ajdodlarimiz Najmiddin Kubro Vatan himoyachisi qanday bo‘lishiga yorqin misol bo‘la oladi. Minglab muridlarga ega bo‘lgan bu tariqat peshvosi mo‘g‘ullar bostirib kelganligidan xabar topgach, birinchilardan bo‘lib Vatan himoyasiga otlanadi. Mo‘g‘ul hukumdorlari Najmiddin Kubroning xalq orasidagi obro‘-e’tiborini ko‘rib, unga shaharni tashlab, o‘zi ixtiyor qilgan tarafga ketishini taklif qiladi. Biroq, vatanini o‘z jonidan ustun bilgan Najmiddin Kubro bosqinchilarga qarshi jangga kirishadi, lashkarlarni olg‘a chorlab borayotganida shahid bo‘ladi. Jaloliddin Manguberdining esa mohir lashkarboshiligi, jasorati va mardligi mo‘g‘ul imperiyasi hukmdori Chingizxonni lol qoldirgani tarix sahifalaridan ma’lum. U Jaloliddinning sha’niga maqtov so‘zlarini izhor etib: “Otadan dunyoda hali bunday o‘g‘il tug‘ilmagan. U sahroda sher kabi g‘olib jangchi, daryoda esa nahang (akula) kabi botirdir”, deydi va o‘g‘illariga yuzlanib: “Otaga shunday o‘g‘il zarurki, u ikki girdob – olov va suv girdobidan ozodlik maydoniga chiqa oladi”, deb ta’riflashi uning mardligini tan olganini anglatadi.
Bir so‘z bilan aytganda, ming yillar davomida yurtimizga ko‘plab bosqinchilik hujumlari bo‘lgan. Barcha zamonlarda o‘z yurti himoyasi uchun bosqinchilarga qarshi ozodlik bayrog‘ini baland ko‘targan vatanparvar yo‘lboshchilar, millat qahramonlari dushmanlar bilan tinimsiz kurash olib borgan.
Vatanni sevish uni himoya qilish savobli ish. Unga xiyonat qilish esa kechirilmaydigan katta gunoh bo‘lsa-da, ayrim kishilar o‘z vatanini tashlab o‘zga yurtlarda vatangadolik qilib yurganliklariga nima deyish mumkin.
Bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan “O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha o‘z yurtingning gadosi bo‘l” degan hikmatli so‘zga ko‘ra, bu insonlarda na vatan, na insoniylik, na ota-onaga bo‘lgan hurmat, aka-uka, opa-singilga bo‘lgan mehr, qavmu qarindosh va qo‘ni qo‘shnichilikka nisbatan oqibatni aks etmaganini ko‘rishimiz mumkin. Ularning ayrimlari esa turli radikal diniy-ekstremistik tashkilot va oqimlarga qo‘shilib ketayotgani kishini ajablantiradi. Ular o‘zga ayrim manfaatdor yovuz kishilarning nayrangiga uchib o‘z vatanidan, oilasidan hatto ota-onasidan ham voz kechib ketmoqda… Bunday xislat insoniylik me’zoniga xam to‘g‘ri kelmaydi. Zero, inson o‘z vatani ravnaqi uchun fidoiylik ko‘rsatishi, bu yo‘lda kerak bo‘lsa, jonini ham berishga tayyor bo‘lishi lozimdir.
Donishmandlardan birining aytishicha: “Vatan bir bog‘dir, Vatanning sodiq farzandlari bu bog‘ni o‘z yurak qonlari ila sug‘armaklari darkordir”. O‘zini vatan farzandi deb hisoblovchi inson butun tanu-joni bilan yurak qoni ila vatan bog‘ini yashnatish uchun xizmat qilishi kerak. “Vatan ostonadan boshlanadi”, deganidek vatan har bir kishining qalbidan, vijdonidan boshlanadi.
Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahar “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi