Rasululloh (s.a.v.) muttasil uch yil Makka ahlini maxfiy da’vat qildilar. Islomga xayrixoh kishilar soni biroz ko‘paygandan keyin Rasululloh (s.a.v.) ochiq-oydin da’vatga buyurildilar. Makkaliklarning dushmanligi qattiqlashgan va Madina ahli islomni qabul qilib, Rasululloh (s.a.v.)ni himoya qilish va yordam berishga va’da berganidan keyin, Alloh taolo hijratga amr qildi. Rasululloh (s.a.v.) as'hoblari bilan Madinaga borganlaridan so‘ng, u shahar vahiy nozil bo‘ladigan markaz va islomning poytaxtiga aylandi. O‘sha yerdan islom dushmanlariga qarshi g‘azotlarga bordilar, o‘sha yerda ko‘plab muborak sunnatlarni joriy qildilar. Ammo mushriklar bilan tez-tez sodir bo‘lib turgan janglar Rasululloh (s.a.v.)ning da’vatlari Jazira arablariga yetib borishga, shunigdek ko‘pchilik qabilalarni islomni qabul qilishiga to‘sqinlik qilardi. Hijratning oltinchi (6) yilida Rasululloh (s.a.v.) bilan Makka mushriklari orasida tuzilgan Hudaybiya sulhidan so‘ng odamlar bir-birlarining tajovuzlaridan amonda bo‘ldilar, bir-birlari bilan hamsuhbat bo‘ldilar, “bu yangi din” ning ahamiyati haqida suhbatlashdilar va suhbatlardan ta’sirlangan ko‘plab arablar islom dinini qabul qildilar. Rasululloh (s.a.v.) bu fursatni g‘animat bilib, atrof mamlakatlarning podshohlariga maktublar yo‘lladilar, Yaman, Bahrayn, Yamoma, Hazramavt, Ummon va boshqa arab shaharlaridagi islomni qabul qilgan qabilalarga muallimlik qilish uchun elchilar yubordilar. Bu elchilar, birinchidan borgan qabila ahliga Allohning rahmati sifatida Qur’on va Sunnatni ta’lim bergan bo‘lsalar, ikkinchidan Arab jazirasidagi musulmonlar orasida Rosululloh (s.a.v.) hadislarini tarqalishiga sabab bo‘ldilar. Rasululloh (s.a.v.) elchilikning dinni tarqalishidagi ahamiyatini yaxshi bilganlari uchun, bu vazifaga O‘zlari ishongan, taqvosi, odobi, ilmi yuqori saviyada bo‘lgan, Alloh va Rasulining diniga chiroyli mav’izalar bilan da’vat qiladigan sahobalarni tanlab, u yerdagi vaziyatni tushuntirib, da’vat olib borish uslubini o‘rgatib yuborar edilar. Yamanga Mu’oz ibn Jabalni yuborayotib shunday dedilar: “Sen ahli kitob bo‘lgan qavmga ketyapsan. Ularga borib Alloh taolo musulmonlarga besh vaqt namoz o‘qishni farz qilganini ayt. Ular senga itoat qilsalar, Alloh taolo Ramazon ro‘zasini tutishni ham farz qilganini ayt. Ular senga yana itoat qilsalar, Alloh taolo, yo‘lga qodir bo‘lgan musulmonlarga Baytullohni haj qilish ham farz qilinganini ayt. Bunga ham rozi bo‘lsalar, Alloh taolo mollaringizdan sadaqa(zakot) farz qilingan, boylaringizdan olib kambag‘allaringizga beriladi, deb ayt”.
Tabiiyki, Rasululloh (s.a.v.)dan topshiriqni olgan sahoba borgan joyida U zot aytgan gaplarning aynini takrorlar, vazifasini bajarishga kirishar, shu tariqa Rasululloh (s.a.v.)ning hadislari yangi qavm orasida keng tarqalishiga sabab bo‘lardi.
Hijratning 8-9 yillarida Rasululloh (s.a.v.) Makka fathi, Hunayn va Tabuk g‘azotlaridan g‘alaba bilan qaytishlari atrofdagi mamlakatlarni vahimaga soldi. Arab jazirasidagi ba’zi qabilalarning islomga qiziqishi ortdi. Makkalik Quraysh qabilasi-ki islom bayrog‘i ostiga o‘tdimi, musulmonlar bilan o‘ynashib bo‘lmaslikni tushundilar. Natijada bu ulug‘ Payg‘ambar (s.a.v.) bilan muloqot qilish, ziyorat qilish, islom ne’matidan bahramand bo‘lish ishtiyoqida qabilalar guruh-guruh bo‘lib ham, yakka-yakka holda ham Madina sari ravona bo‘ldilar. Bu haqda Alloh taolo xabar bergan edi:
1.“(Ey Muhammad), Qachon Allohning yordami va g‘alaba kelsa; 2. Va odamlar to‘p-to‘p bo‘lishib Allohning dini (Islom)ga kirayotganlarini ko‘rsangiz; 3. Darhol Parvardigoringizga hamd aytish bilan (U Zotni har qanday “sherik”lardan) poklang va U Zotdan mag‘firat so‘rang! Zero, U tavbalarni qabul qilguvchi bo‘lgan Zotdir .
Madinaga kelayotgan musulmonlarning soni kundan-kunga ko‘paygan kabi, atrofdagi islomni qabul qilgan, kufrni va kufr ahlini tark etgan mamlakatlar podshohlaridan kelayotgan elchilarning soni ham ortib borardi. Rasululloh (s.a.v.) kelgan odamlarga ehtirom ko‘rsatardilar, hidoyat va diyonatni o‘rgatardilar, ularga Allohga itoat qiluvchilarga beriladigan ajr-savoblar bashoratini berardilar. Ularning Madinaga kelish sabablari Rasululloh (s.a.v.) beradigan ato (hadya) uchun emas, balki, islom arkonlari, ahkomlari, usuli, furu’ini o‘rganish, ya’ni din ta’limi uchun edi. Rasululloh (s.a.v.) ularga hamma narsa haqida gapirib berardilar, savollariga javob berardilar, xutba o‘qirdilar, hidoyatga chaqirardilar, umrlarining oxirigacha taqvo, itoat qilishni tavsiya etardilar. Madinaga hijrat qilib kelganlar soni haddan ortiq ko‘p bo‘lgani uchun, tarixda hijratning 9-yili elchilar yili, deb nomlandi.
Rasululloh (s.a.v.)ga kelgan elchilarning behisobligiga qaramay, sahobalar bu elchilarning qaysi qabiladan kelganlari, ularga Rasululloh (s.a.v.) qanday mav’iza qilganlariyu, nima haqda gapirganlari, ular qanday savol berganlariyu, Rasululloh (s.a.v.) qanday javob berganlarini yodda saqlab qolgan edilar. Bunga bir necha misol keltiramiz:
-Sendan oldingiyu, sendan keyingilarning Parvardigori haqqi-a?
-Alloh haqqi rost.
-Alloh haqqi, senga bir kecha-kunduzda besh vaqt namoz o‘qishni Alloh buyurdimi?
-Alloh haqqi rost.
-Alloh haqqi, boylarimizning molidan olib, kambag‘allarga berishni ham senga Alloh buyurdimi?
-Alloh haqqi rost.
-Alloh haqqi, o‘n ikki oydan Ramazon oyi ro‘zasini tutishni Alloh buyurdimi?
-Alloh haqqi, rost.
-Alloh haqqi, yo‘lga qodir bo‘lgan odam Baytullohni haj qilishini Alloh buyurdimi?
-Alloh haqqi, rost.
Zammom: “Men Allohga imon keltirdim, sizni tasdiq etdim. Men Zammom ibn Sa’labaman”,- dedi va qavmiga qaytib borib, ularni islomga kiritdi.
1). Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad (s.a.v.) Allohning elchisi, deb imon keltirish;
2). Namoz o‘qish;
3). Ramazon ro‘zasini tutish;
4). O‘ljadan beshdan birini berish.
Va to‘rt narsadan qaytardilar:
1). Ko‘za;
2). Qovoq;
3). Yog‘ochdan ichi o‘yib ishlangan idish;
4). Meshdan (ya’ni mazkur idishlarda saqlab, achitib ichiladigan mast qiluvchi ichimliklar iste’molidan) va dedilar: “Shularni yodda saqlanglar va orqangizda qolganlar(qavmingiz)ga yetkazinglar!” (Imom Buxoriy, Imon kitobi)
Elchilar Rasululloh (s.a.v.) huzurlarida Qur’on va Sunnatdan so‘rashdi. Rasululloh (s.a.v.) ularga rag‘bat qilib, ko‘p masalalrni bayon etib berdilar. Elchilar Rasululloh (s.a.v.) bilan vidolashib, o‘z qavmlari tomon jo‘namoqchi bo‘ldilar. Rasululloh (s.a.v.): “Sizlardan birortangiz qolmadimi?”-deb so‘radilar. Elchilar, ularning yuklarini qo‘riqlab turish uchun qolgan yosh yigitni aytishdi. Rasululloh (s.a.v.) yigitni chaqirib keltirishni buyurdilar. Yigit yetib kelgandan so‘ng Rasululloh (s.a.v.)ga dedi: “Ey Allohning Rasuli, men sizning huzuringizga hozirgina kelib ketgan elchilardanman. Men ularning hojatlarini chiqardim. Siz mening hojatimni chiqarsangiz”. Rasululloh (s.a.v.): “Nima hojating bor?”-deb so‘radilar.”Allohdan so‘rasangiz, U meni mag‘firat qilsa, menga rahm-shafqat qilsa, mening qalbimni xotirjam qilsa!”-deb iltijo qildi yigit. Rasululloh (s.a.v.): “Allohim, u yigitni mag‘firat qilgin, unga rahm-shafqat qilgin, unga xotirjamlik ato etgin”,-deb duo qildilar va boshqalarga buyurgan islom amallaridan unga ham buyurdilar. Elchilarning hammasi Haj mavsimida Minoda Rasululloh (s.a.v.)ni kutib oldilar, ammo duo olgan yigit ko‘rinmadi. Rasululloh (s.a.v.) u haqda so‘radilar. Elchilar: “Ey Allohning Rasuli, dunyoda unga o‘xshashni, Alloh bergan rizqqa undan ko‘ra sabrliroqni ko‘rmadik. Odamlar butun dunyoni taqsimlab olsalar ham, u qayrilib qaramaydi”,-deyishdi. Rasululloh (s.a.v.): “Allohga hamd bo‘lsin, men umid qilamanki, hammasidan (nafsi) o‘lishini”,-dedilar. Bir kishi so‘radi: “Ey Allohning Rasuli, bir odam (ning nafsi) hammasidan o‘lishi mumkinmi?” Rasululloh (s.a.v.) dedilar: “Odamning orzulari va tashvishlari dunyo vodiylariga sochilgan bo‘ladi. Ajal uni shu vodiylardan birida ushlashi mumkin. Qaysi vodiyda ushlanmasin u halok bo‘ladi”.
Shunday qilib, atrof qabilalardan, mamlakatlardan Rasululloh (s.a.v.)ning ziyoratlariga kelgan elchilar ham, U Zot taraflaridan atrofga yuborilgan elchilar ham Rasululloh (s.a.v.) sunnatlarini tarqalishida muhim ahamiyat kasb etganlar.
Hijratning 10-yilida Rasululloh (s.a.v.) boshchiliklarida qilingan “Vado’ hajji” Sunnatni butun olam ahliga tarqalishida muhim voqe’a bo‘ldi. Rasululloh (s.a.v.) Arafotda Arab jazirasining turli burchaklaridan kelgan 120 ming hoji huzurida olamshumul, mashhur xutbalarini o‘qidilar. Eskidan qolgan butun yomonliklarni, qon da’volarini, sudxo‘rlikni, qimorni, fahshni, har turli haqsizliklarni bekor qildilar. Musulmonlar o‘rtasida mol, jon, nomus xavfsizligini ta’minladilar. Allohning amr va nahiylarini yana bir bor eslatdilar. Erkaklarning o‘z xotinlari va xotinlarning o‘z erkaklari ustidagi haqlarini tushuntirdilar. Barcha musulmonlarning birodar ekanligini ta’kidlab: «Sizlarga ikki narsani qoldiryapman, agar unga mahkam yopishsalaringiz, haq yo‘ldan hech qachon adashmaysizlar. Biri Allohning Kalomi, ikkinchisi mening sunnatimdir»,-degan muborak hadisni aytdilar.
Vidolashuv so‘nggida o‘sha sahoba hojilarga: «Sizdan meni so‘raydilar, nima deysizlar?»- dedilar. Sahobalar: «Allohning amrlarini bizga bildirdingiz. Vazifangizni bajardingiz, deymiz»,- dedilar. Rasululloh (s.a.v) uch marta: «Allohim shohid bo‘l»,-dedilar. Shu vaqtda Allohning ushbu oyati karimasi nozil bo‘ldi:
«Bugun sizlarga dininggizni komil qildim, ne’matimni benuqson, to‘kis qilib berdim va sizlar uchun Islomni din qilib tanladim» .
“Sunnat, hadis va muhaddislar” kitobi asosida tayyorlandi
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hech shubha yo‘qki, xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o‘limlariga sabab bo‘lgan hodisalardan tortib hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning o‘limlarigacha bo‘lgan davrda bo‘lib o‘tgan hodisalar Islom uchun, musulmon ummati uchun misli ko‘rilmagan musibat bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati o‘rtasida bo‘linish yuz berdi. O‘sha paytgacha bir tanu bir jon bo‘lib, butun dunyoga Islom nurini taratib kelayotgan, butun insoniyatga xayru barakani ulashib kelgan dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat ichida darz paydo bo‘ldi. Avvallari bu ummat vakillari ixtilof nimaligini bilmas edilar. Vaqti kelib, ular avval ikkiga, keyinroq uchga bo‘linib ixtilof qildilar. Xuddi o‘sha mash’um hodisalar tufayli boshlangan bu bo‘linishlar sekin-asta davom etib, musulmon ummatining sog‘lom tanasi ichidan turli-tuman toifalar chiqdi. Shiy’a, rofiza, xavorij va shunga o‘xshash boshqa har xil toifalarning kelib chiqishi aynan ana shu hodisalardan boshlangan edi.
Mazkur hodisalar tufayli musulmon ummati avval hokim shaxs haqidagi ba’zi mulohazalar bilan bahs boshlagan bo‘lsa, oxiri kelib iymon va kufr borasida bahs qiladigan, bir-birini kufrga ketganlikda ayblaydigan darajaga yetdi.
Ushbu hodisalar, avvalo, fitnachilarning hazrati Usmonga u kishi ishga qo‘ygan ba’zi voliylar haqida shikoyat qilishlari bilan boshlangan edi. Oxiri kelib xorijiylar o‘zlariga muxolif bo‘lganlarni, hatto hazrati Aliydek zotni kofirlikda ayblay boshlashdi. Tabiiyki, qarshi tomondan ham o‘ziga yarasha javob bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati ichida bir-birining qonini o‘zi uchun halol bilish va bir-birini o‘ldirishni ravo ko‘rish boshlandi.
Birinchi marta fitnachilar hazrati Usmon roziyallohu anhuning qonlari va mollarini o‘zlariga halol hisoblab, u kishini o‘ldirib, mollarini talashdi. Ana shu nobakorlik oqibatida ishlar rivoj topib, «Tuya hodisasi»da, «Siffin»da bir necha o‘n minglab kishi halok bo‘ldi. Xorijiylar bilan bo‘lgan alohida hodisalarni qo‘shadigan bo‘lsak, bu hisob yana ham ortadi.
Bir tanu bir jon bo‘lib, dunyo xalqlarini birin-ketin bandalarning bandalarga sig‘inishidan Allohning ibodatiga, noto‘g‘ri dinlarning jabridan Islomning adolatiga, dunyo torligidan oxirat kengligiga, johiliyat zulmatlaridan Islom nuriga chiqarayotgan ummat bir-birini Robbiga ibodat qilishdan chiqarish, bir-biriga jabr qilish, Islomning kengligidan ixtilof torligiga, Islom nuridan jaholat zulmatiga o‘ta boshladi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummatining guli, yetakchi kuchi bo‘lmish sahobai kiromlarning ko‘pchiligi nobud bo‘ldilar. Ularning ma’naviy kuchlariga futur yetdi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati boshiga tushgan musibatlarni birma-bir sanab chiqish nihoyatda og‘ir ish. Shuning uchun bu borada gapni qisqa qilganimiz ma’qul.
Endi ijozatingiz bilan mazkur hodisalarga baho berish haqida bir necha og‘iz so‘z.
Bu hodisalar bo‘lib turgan vaqtlarning o‘zidayoq ularga baho berish boshlangan. Unda har bir tomon o‘zini haq, o‘zgani nohaq deb bilgan. Tarafkashlik bo‘lib turgan joyda bundan boshqa narsa bo‘lishi mumkin ham emas. Ammo mazkur hodisalarga baho berish ular bo‘lib o‘tganidan keyin nihoyatda avj olgani kutilmagan hol. Ushbu hodisalar bo‘lib o‘tgandan keyin turli sabablarga ko‘ra ularni baholash, «kim nima qilgan-u, kim nima qilmagan, aslida nima qilish kerak edi», kabi mavzularda munozaralar qizib ketgan. Bu borada har kim o‘sha to‘palonlar yuz bergan vaqtdagi har bir harakat va sakanot, har bir og‘iz gap va so‘zdan o‘z fikrini qo‘llashga, o‘zganing fikrini rad qilishga dalil izlagan. Tarafkashlik va nizo olovida qizib ketib, dalil topa olmay qolgan paytlarda o‘zidan qo‘shib yuborishlar bo‘lmaganiga esa hech kim kafolat bera olmaydi.
Tarafkashlik avj olgan joyda har kim o‘zining haq ekanini isbot qilishga urinib, o‘zida bo‘lmagan yaxshi sifatlarni bemalol da’vo qilganidek, o‘zida bo‘lgan salbiy sifatlarni taraddudsiz inkor etadi. Shu bilan bir vaqtda, qarshi tarafning barcha yaxshiliklarini inkor etgan holda, barcha yomonliklarni unga ag‘daradi. Mana shu jarayonda nima bo‘lsa bo‘ladi.
Islom ummati yolg‘on nima ekanini bilmas edi. Ammo fitnachilar o‘z qilmishlarini xaspo‘shlash, odamlarni ortlaridan ergashtirish maqsadida bu ummat ichiga «yolg‘on» degan illatni olib kirishdi. Jumladan, ular: «Bizga Aliydan xat keldi» «Bizga Oishadan xat keldi», «Bizga falonchidan xabar keldi» «U debdi», «Bu debdi» degan yolg‘onlarni ham tarqatishgan edi.
Fitnachilar mazkur mash’um hodisalar o‘tib ketganidan keyin ham o‘z tarafini olib, o‘zgani tanqid qilishda davom etaverishdi. Bu narsalar asta-sekin avj ola boshladi. Tarafkashlikda uchiga chiqqan tomonlar esa o‘z gaplarini tasdiqlash uchun oyat va hadislarni nohaq ta’vil qilganlari yetmagandek, yolg‘onlar to‘qib, hatto ularga hadis sifatini berishgacha yetib borishdi.
Ammo mas’ul kishilar, ulamolar bu nobakorlikni darhol bo‘g‘ib tashlash yo‘liga o‘tdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga oid barcha rivoyatlar yaxshilab himoya qilindi. Hadislarning darajalarini aniqlashning mustahkam qoidalari ishlab chiqildi. Bu borada fitnachilarning fitnasi o‘tmadi.
Ammo tarixchilar keltirgan rivoyatlarga bu qadar e’tibor qaratilmadi, chunki tarix haqidagi rivoyatlar din va e’tiqod masalalari bo‘yicha rivoyatlar ahamiyatiga ega emas, degan o‘y bor edi. O‘sha paytlarda bo‘lib o‘tgan hodisalar haqidagi rivoyatlar to‘plandi. Ammo ularni saralash va yaroqsizini tashlab yuborish ishlari qilinmadi. Bu narsa ayniqsa hukmdorlik uchun o‘zaro kurash olib borgan toifalarga qo‘l keldi. Ular turli asossiz rivoyatlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish bilan birga, yetmay qolgan joylariga o‘zlaridan qo‘shib yuborishdi.
Asta-sekin sahobai kiromlarga til tekkizish boshlandi. Til tekkan sahobiyning tarafdorlari o‘ziga yarasha javob berishdi. Har kim o‘zi ergashgan shaxsni ulug‘lashga o‘tdi.
Ayniqsa, hazrati Aliy roziyallohu anhu haqlarida bunga o‘xshash gap-so‘zlar ko‘p uchraydi. Ba’zi g‘uluvga ketgan toifalar u zotni ilohlik darajasigacha ko‘targan bo‘lishsa, xorijiylarga o‘xshash kimsalar: «Kufrga ketdi», deyishgan.
Yana boshqa bir toifalar hazrati Aliy roziyallohu anhuning taraflarini olish maqsadida u zotni mazlum qilib ko‘rsatishga urinib, boshqa bir nechta katta sahobalarni esa kofirga chiqarib qo‘yishgan.
Bu masalalarga bag‘ishlangan majlislar, janjallar bo‘ldi, kitoblar yozildi, xutbalar o‘qildi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, lekin ixtilof ko‘payib boraverdi.
Nihoyat, musulmonlar jumhuri – ahli sunna val jamoa bu masalada ijmo’ ila eng adolatli va so‘nggi nuqtani qo‘ydi: orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda hazrati Aliy va u zotning tarafdorlari haq bo‘lganlar. Ular haqida boshqacha gap bo‘lishi mumkin emas. Bunga dalil va hujjatlar yetarli. Ularning eng ishonchli va kuchlisi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislardir. Xususan, Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va Zul Sadyaynining hazrati Aliy roziyallohu anhuning fazilatlari haqidagi, kelajakda bo‘ladigan fitnalar haqidagi hadislari fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarning aybdorlari Ibn Saba’ boshliq fitnachilar va xorijiylardir, barcha qilingan gunohlar ularning bo‘ynida. Ular haqida boshqa gap bo‘lishi mumkin emas.
Fitnachilar asosan Misr, Basra va Kufada tuxum qo‘yib, urchib ketishdi. Fitnaning bosh qarorgohi Misr edi. Uning Islom jamiyatining markazidan uzoqda joylashgani, u yerda haqiqiy ulamolarning, xususan, sahobalarning kam bo‘lgani va boshqa shunga o‘xshash omillar fitnachilarning o‘z fikr-mulohazalarini avom xalqqa yetkazishlariga katta imkon berar edi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda fitnachilarga ham, hazrati Aliy roziyallohu anhuga ham qo‘shilmagan, balki u zotga talab qo‘yib, talabi bajarilgandagina bay’at qilishlarini aytgan toifa ham bor edi. Ularning gaplari va qilgan ishlari «Tuya» va «Siffin» hodisalaridan hammamizga ma’lum. Ushbu toifaning mashhur shaxslari sifatida Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Muoviya ibn Abu Sufyon va Amr ibn Os roziyallohu anhumni eslash mumkin. Ahli sunna val jamoa musulmonlari ularni: «Xato ta’vil va ijtihod qilganlar», deb baholaydi. Ular haqoratlanmaydilar, yomonlanmaydilar. Balki sahobiy bo‘lganlar boshqa sahobai kiromlar bilan bir qatorda ko‘riladi.
Ulamolarimiz va musulmonlar jumhuri bu ishda g‘oyatda talabchan bo‘lgani sababli bu haqda har bir musulmon shaxs e’tiqod qilishi lozim bo‘lgan narsani aqiyda kitoblarimizga bitib ham qo‘yganlar.
Jumladan, ahli sunna val jamoaning eng mashhur aqiyda kitoblaridan biri bo‘lmish «Aqiydai Tahoviyya»da quyidagilar aytiladi:
«Biz ularning hammalari haqida yaxshilik bilan: «Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga nisbatan qalbimizda g‘ashlik qilmagin. Robbimiz, albatta, Sen o‘ta shafqatlisan, o‘ta rahmlisan», deymiz (Hashr surasi, 10-oyat).
Alloh taolo bizning qo‘llarimizni o‘z vaqtida bo‘lib o‘tgan fitnadan asragan. Biz Allohdan tillarimizni ham mazkur fitnadan saqlashini so‘raymiz».
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi