Mamlakatimizda so‘nggi vaqtlarda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar samarasida bir qancha masjidlar ochilmoqda. Ta’mirtalablari ta’mirlanmoqda.
Xuddi shunday ishlardan biri Namangan viloyati Chust shahridagi qarovsiz qoldirilgan masjid binosini ta’mirlash ishlari boshlangani haqida ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan, oshpaz Bahriddin Chustiy xabar berdi.
Bahriddin Chustiy ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasi quyidagi so‘zlarni yozib qoldirgan:
“Yoshligimizda Chustda, yo‘l bo‘yida joylashgan ajoyib bir masjid bo‘lar edi. Har gal maktabga o‘sha masjid yonidan o‘tganimizda azon ovozi quloqni, u yerdan chiqayotgan nuroniy otaxonlar esa ko‘zni quvontirar edi. Ammo negadir ushbu masjid 1998 yili yopilgan edi.
O‘tgan yillar mobaynida ushbu masjidni qayta ochishga bir necha bor urinishlar besamar bo‘lgan. Va nihoyat Prezidentimizning diniy sohadagi islohotlari doirasida o‘tgan kuni masjidni rekonstruksiya qilib, qayta ochishga ruxsat berildi. Ramazon oyigacha ushbu masjidda xatm va tarovex o‘qish umidi ila kechadan masjidda hashar boshlandi”.
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Qur’oni karim oyatlari yozilgan qog‘ozlarni yerga tashlash yoki ulardan meva-cheva, pista-bodom va shunga o‘xshash narsalarni o‘rashda foydalanish holatlari uchramoqda. Bunga dinimizning munosabati qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni karim oyatlari, hatto uning boshqa tilga o‘girilgan tarjimasi yozilgan varaqlardan siz aytgan holatlarda foydalanish noto‘g‘ri, balki og‘ir gunoh hisoblanadi. Chunki bu Qur’oni karimni tahqirlash va xorlash demakdir. Bunday ishlarni qasddan qilgan kishi iymonidan ayriladi. Qur’oni karimni ulug‘lab ehtirom qilish, tahoratsiz holda ushlamaslik, nojo‘ya joylarga qo‘ymaslik dinimizning qat’iy talabidir. Imom an-Navaviy rahimahulloh bu haqda shunday deganlar:
“Barcha musulmonlar Qur’on mus'hafini asrash va uni hurmat qilish farz ekaniga ijmo (ittifoq) qilishgan. Bizning mazhab ulamolari va boshqalar ham bunday deyishgan: "Agar bir musulmon Mus'hafni axlatxonaga tashlasa, u bu amali bilan kofir bo‘ladi (Alloh saqlasin)!” (“At-Tibyon” kitobi).
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytganda, Qur’oni karimni hurmat qilish har bir musulmonning e’tiqodiy burchidir. Qur’on sahifalarini har qanday nojo‘ya maqsadda ishlatish, uni kamsitish — Allohning Kalomiga nisbatan ochiq behurmatlik bo‘lib, bu ish katta gunoh bo‘lishi bilan birga iymondan ayiruvchi razil amaldir. Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.