Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Yanvar, 2025   |   18 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:38
Asr
15:41
Shom
17:25
Xufton
18:43
Bismillah
18 Yanvar, 2025, 18 Rajab, 1446

Jannat ahli jannatda nima bilan mashg‘ul bo‘ladilar?

26.02.2018   6666   4 min.
Jannat ahli jannatda nima bilan mashg‘ul bo‘ladilar?
  • Jannat ahli jannatda bezanib oladilar: «...Ular u joyda oltin bilakuzuklar va marvaridlar bilan bezalurlar, liboslari esa harir (ipak) bo‘lur» (Haj surasi, 23-oyat).  
  • Jannat ahli behuda gap-so‘zlarni eshitmaslar, ularga o‘zlari istagan rizqlar paydo bo‘ladi: «U joyda ular behuda so‘z eshitmaslar, balki «salom» (so‘zini eshiturlar). U joyda ular uchun ertayu kech rizqlari hozirdir» (Maryam surasi, 62-oyat).
  • Jannat ahli jannatda xursandchiliklar qiladilar: «Bas, imon keltirgan va solih amallarni qilganlargina ravza (jannat)da xursandchilik qilurlar» (Rum surasi, 15-oyat).
  • Jannat ahli Allohni ko‘radilar: «U kunda ba’zi yuzlar yashnab turuvchi, Parvardigorlariga boquvchidir» (Qiyomat surasi, 22-oyat).
  • Jannat ahliga Alloh taoloning salomi bo‘ladi: «(Ularga) rahmli Parvardigor (tomoni)dan salom (aytilur)» (Yosin surasi, 58-oyat).
  • Jannat ahli salqin soyalarda o‘tiradilar: «Ular o‘z juftlari (xotinlari) bilan birga soyalarda, so‘rilarda suyanib o‘tirurlar» (Yosin surasi, 56-oyat).
  • Jannat ahli och ham, yalong‘och va tashna ham bo‘lmaslar: «Shubhasiz, sen u joyda (jannatda) och va yalang‘och ham qolmaysan. Shuningdek, sen u joyda tashna ham bo‘lmaysan va issiqda ham qolmaysan» (Toho surasi, 118-119-oyat).
  • Jannatda jannat ahli uchun faqat rohat-farog‘at, anvoyi nozu ne’matlar bo‘ladi, u yerda o‘lim, kasallik, musibatu g‘am-tashvish bo‘lmas: «Albatta, jannat ahli u kunda (rohat va farog‘at) ish(lari) bilan shoddirlar» (Yosin surasi, 55-oyat).
  • Jannat ahli turli xil shirin mevalar iste’mol qiladilar: «...Rizq etilgan mevalardan har gal tanovul qilganlarida: «Bu ilgari biz yegan mevalarning xuddi o‘zi-ku?!» – deydilar. Zero, ularga (surati) bir-biriga o‘xshash mevalar berilgan edi...» (Baqara surasi, 25-oyat).

Jannatdagi noz-ne’matlarning tashqi ko‘rinishi xuddi bu dunyodagiga o‘xshash bo‘lib, mazasining totliligi bilan farq qilar ekan. Jannat ahli tanovul qilmay turib: “Bu oldin (dunyoda) tanovul qilgan narsalarimizning o‘zi-ku!” der ekanlar. Yeb ko‘rganlaridan keyin esa, jannat mevalarining mislsiz totli ekaniga amin bo‘lar ekanlar.

  • Jannat ahli baland ko‘rpachalar ustida o‘tiradilar: «(Ular) tikansiz butazorlarda, tizilgan bananzorlarda, yoyiq soya (osti)da, oqizib qo‘yilgan suv (bo‘yi)da, ko‘plab meva (uzra)ki, (ular) tuganmas va man etilmasdir. Shuningdek, (ular) baland to‘shalgan ko‘rpachalar (usti)dadirlar» (Voqea surasi, 28-34-oyat).
  • Jannat ahli pok sharob ichadilar: «Ustilarida yashil ipak va shoyi liboslar bo‘lib, ular kumush bilakuzuklar bilan bezangan bo‘lurlar va Parvardigorlari ularga pok sharob ichirur» (Inson surasi, 21-oyat).
  • Jannat ahli sut, may ichadilar, asal va mevalar yeydilar: «Taqvoli zotlar uchun va’da qilingan jannatning misoli (sifati budir): Unda aynimas suvdan iborat anhorlar ham, ta’mi o‘zgarmas sutdan iborat anhorlar ham, ichuvchilar uchun lazzatli (aqldan ozdirmaydigan) maydan bo‘lmish anhorlar ham va musaffo asaldan iborat anhorlar ham bordir. Ular uchun u joyda barcha mevalardan bordir va (u joyda) Parvardigorlari (tomoni)dan mag‘firat bordir» (Muhammad surasi, 15-oyat).
  • Jannat ahli ko‘rpachalar ustida, yostiqlar uzra yastanib o‘tiradilar: «(Jannat ahli) astarlari shoyidan bo‘lgan ko‘rpachalar uzra yastangan holda (o‘tirurlar)» (Rahmon surasi, 54-oyat). (Jannat ahli) yashil yostiqlar va go‘zal gilamlar uzra yastangan hollarida (o‘tirurlar) (Rahmon surasi, 76-oyat).
  • Jannat ahli Alloh taologa hamd aytadilar: ...(Shunda) ayturlarki: «Ushbu (hidoyat)ga bizni boshlagan Allohga hamd (aytamiz). Agar bizni (O‘zi) boshlamaganida, to‘g‘ri yo‘lni topa olmagan bo‘lur edik. Rabbimizning payg‘ambarlari haqiqatni keltirgan ekanlar». Ularga nido qilinurki: «Mana shu – jannat. Qilgan (savobli) amallaringiz sababli u sizlarga meros qilib berildi» (A’rof surasi, 43-oyat).

Alloh taolo barcha mo‘min-musulmonlarni jannat bog‘larida taqvodor va solihlar bilan birga qilishini, O‘z rahmati bilan o‘rab olishini hamda Payg‘ambarimiz alayhissalomning shafoatlariga noil  qilishini so‘rab, duolar qilaman. Omin Ya Robbal A’lamiyn.

 

Davron NURMUHAMMAD to‘pladi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ankabut surasidan 2 go‘zal foyda

15.01.2025   4775   3 min.
Ankabut surasidan 2 go‘zal foyda

Birinchi foyda:

Nega Qur’oni karimda “ankabut” (o‘rgimchak) so‘zi muannas (ayol) shaklida keltirilgan, garchi u muzakkar (erkak jinsida) bo‘lsada?

Oyatda bunday deyilgan:

مَثَلُ الَّذِينَ اتَّخَذُوا مِنْ دُونِ اللَّهِ أَوْلِيَاءَ كَمَثَلِ الْعَنْكَبُوتِ اتَّخَذَتْ بَيْتًا

Allohdan o‘zgani do‘st tutganlarning misoli, o‘z uyini qurgan o‘rgimchak kabidir... (Ankabut surasi, 41-oyat).

Oyatdagi اتَّخَذَتْ kalimasida ayol jinsiga dalolat qiluvchi ت “t” harfi kelganiga e’tibor bering.

Aslida “عَنْكَبُوتِ” (o‘rgimchak) so‘zi erkak jinsiga taalluqli.

Demak oyatda اتخذ bo‘lishi kerak edi. Lekin, اتَّخَذَتْ shaklida, ayol siyg‘asida keldi.

Zamonaviy ilm-fan shuni isbotladiki, tabiatan urg‘ochi o‘rgimchakkina uy qurishga qodir ekan. Erkak o‘rgimchak esa, faqat to‘rdan foydalanib harakatlanar, lekin uy qurish imkoniyatiga ega emas ekan.

Agar Alloh taolo oyatda “ankabut”ni erkak siyg‘asida zikr qilganida, bu ilmiy va biologik jihatdan noto‘g‘ri bo‘lardi. Ammo Alloh taolo, ayol siyg‘asini ifodalovchi ت “t” qo‘shimchasini keltirishi Kur’oni karim haq kalom ekaniga bo‘lgan iymonimizni yanada mustahkamladi va bizga haqiqatni ko‘rsatdi. Subhanalloh...

 

Ikkinchi foyda:

Urg‘ochi o‘rgimchak, bolalari tug‘ilishi bilan erkagini o‘ldirib, uyning tashqariga uloqtiradi.

So‘ngra bolalar kattalashganda, onasini o‘ldirib, uni ham uydan tashqariga uloqtiradilar.

 

Eng zaif va notavon uy

Alloh taolo Qur’onda buni bitta oyat bilan tasvirlagan:

Holbuki, eng zaif uy o‘rgimchakning uyasidir. Koshki bilsalar edi (Ankabut surasi, 41-oyat).

Odamlar o‘rgimchak uyining jismonan zaifligini bilishgan, lekin uning ma’naviy zaifligini faqat shu zamonda tushundilar. Shuning uchun, oyat: “Koshki bilsalar edi!”, jumlasi bilan yakunlandi.

Shunga qaramay, Alloh taolo Qur’on suralaridan birini shunday yoqimsiz hasharotning nomi bilan atadi. Ushbu sura boshidan oxirigacha fitnalar haqida hikoya qiladi.

Suraning boshlanishi: Odamlar iymon keltirdik deyishlari ila imtihon qilinmay, tark etilishlarini o‘yladilarmi? (Ankabut surasi, 2-oyat).

Davomida:

“Va odamlardan, Allohga iymon keltirdik, deydigan, so‘ngra Allohning yo‘lida ozorlansa, odamlarning fitnasini Allohning azobidek qabul qiladiganlari ham bor. Agar Robbing tomonidan nusrat kelsa, ular, albatta, biz siz bilan birga edik, derlar. Alloh olamlarning ko‘ksilaridagi narsalarni o‘ta bilguvchi zot emasmi?!” (Ankabut surasi, 10-oyat).

Ehtimol, fitnalarga o‘rgimchakning nima aloqasi bor deb o‘ylarsiz?

Javob shuki, fitnalarning bir-biriga chambarchas bog‘liqligi go‘yo o‘rgimchak to‘rining iplariga o‘xshaydi.

Fitnalar shunchalik bir-biriga kirishib ketganki, uni bir-biridan ajratib, farqlab olish juda mushkul. Ular juda ko‘p va murakkab, ammo Allohdan madad tilaganlar uchun ular o‘ta zaif va juda nozikdir.

 

Homidjon domla ISHMATBЕKOV