“Ey Allohim, menga haromingdan, halolingni kifoya qilgin. Va O‘z fazling ila O‘zingdan o‘zgadan behojat qilgin”
Kuni kecha niqob taqqan talonchilar o‘g‘rilik sodir etgani va jinoyat davomida qorovulga tajovuz qilishgani hamda agar jinoyatni fosh etsa joniga tahdid qilish bilan qo‘rqitganligi haqida daryo.uz saytida xabar berildi. Undan oldin o‘g‘rilik sodir etayotganida birovning joniga ham tajovuz qilingani va yana boshqa bir qancha o‘g‘rilik haqida xabar berilgan edi.
Islom dini 5 narsaning muhofazasini talab qiladi: jon, din, aql, nasl, mol. Jonga tajovuz – qatl. Dinga tajovuz – riddat. Aqlga tajovuz – mast qiluvchi narsalarni iste’mol qilish. Naslga tajovuz – zino. Molga tajovuz – o‘g‘rilikdir. Bularning bir nechtasi esa o‘g‘rilikda namoyon bo‘ladi. Islom dini bularning har birini ulkan jinoyat hisoblab, barchasiga maxsus iqob va jazolar tayin qilgan.
Alloh taolo hayoti dunyoda faqatgina halol-pok narsadan taomlanishga buyurib: “Ey odamlar! Yer yuzidagi narsalardan halol - poklarini yenglar. Va shayton izidan ergashmanglar, chunki u sizga ochiq-oydin dushmandir”, (“Baqara” surasi, 168 - oyat). Hamda “Niso” surasining 29 – oyatida: “Ey iymon keltirganlar! Bir-biringizni mollarini botil yo‘l bilan yemanglar!” – deb amr qildi.
Ya’ni: Alloh taolo halol-pok rizq yeyishga zid qilib, shayton yo‘lidan yurmaslikka buyurdi. Chunki shayton yo‘lidan yurganlar halol-pok yemaydilar. Ular mol-mulkni qayerdan topyotganlariga ahamiyat bermaydilar. Shayton esa halol yedirmaslik yo‘li bilan bandalarni Allohning toatidan chiqaradi. Unday inson esa halol nima, harom nima farqiga bormay qo‘yadi.
Ikkinchi oyatda Alloh taolo bandalarini bir-birlarining mollarini botil yo‘l bilan yemaslikka amr qildi. Botil yo‘l bilan yeyishning turlari bir qancha bo‘lib, ularning eng yomonlaridan biri – o‘g‘rilikdir. O‘g‘rilik jamiyatni parokanda qiladigan og‘ir jinoyatlardan biri bo‘lib, Islom shariatida qattiq qoralandi. Chunki o‘g‘rilik qilgan inson avvalo o‘zining hamda oila ahlining sha’nini toptaydi, birovning nafaqat mulki, balki joni, or-nomusiga ham tajovuz qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deb marhamat qiladilar: “Qiyomat kuni bandadan birinchi bo‘lib 4 narsa haqida so‘raydilar: hayoti haqida – uni nimaga sarf qildi? Yoshligi haqida – uni qanday o‘tkazdi? Mol-mulki haqida – uni qayerdan oldi va nimaga sarf qildi? Hamda bilmi haqida – uni nima qildi”, (Imom Termiziy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sizu biz oxiratda birinchi bo‘lib so‘raladigan 4 narsa haqida xabar bermoqdalar. Ulardan biri mol-mulk. Qiyomat kuni Alloh taolo har bir bandadan u haqida, albatta, so‘raydi, hisob-kitobini talab qiladi.
O‘g‘rilikdan ehtiyot bo‘lish kerakki, Alloh uning iqobini og‘ir qiladi. Oxiratda birovning mulkini harom yo‘l bilan o‘zlashtirib olgan insonni savol - javobini haqdorlarga qaytarmagunicha kechiktirib turadi. Ularning haqqini esa u kunda pul bilan topishra olmaydi. Zero u kunda insonning savob va gunohidan o‘zga mulki bo‘lmaydi. Natijada u birovning haqlarini egalariga savobini berish bilan qaytaradi. Alloh saqlasin, savobi tugab qolsa, haqdorlarning gunohlarini o‘z zimmasiga olishni boshlaydi. Endi, jannatga qanday kiradi...
O‘g‘irlikning ham darajasi turlicha bo‘ladi. Biri bir shaxsning mulkiga tajovuz qilish bo‘lsa, boshqasi butun jamiyatning mulkiga tajovuz qilish, yana biri yetimlarning, beva – bechoralarning mulkiga tajovuz qilishdir. Unga qarab iqobining darajasi ham turlicha bo‘ladi.
Bir kuni bir odam boshqasini shunday deb yodga oladi: “U judayam yaxshi inson. Bir kuni ishxonada tekshiruv bo‘lib qoldi, men xavotirga tushdim. Chunki bir oy oldin uyda tom yopayotganda ishxonadan ruxsatsiz 17 kg tunuka olgandim. Agar bilib olishsa, sharmanda qilib, ishdan haydab yuborishar edi. Shunda u odam mendan «spisat» - «ro‘yxatdan o‘chirib» bergan edi”, deydi.
Ba’zi odamlarning ongi shunchalik ham past bo‘lar ekan, o‘zi qilgan gunohiga sherik bo‘lgan kishini yaxshi yodlab xotirlasa. Ular qanchalik katta gunohga qo‘l urganini tasavvur ham qila olishmaydi. Axir ular bu yurtda yashovchi barcha insonlarning haqqiga tajovuz qilishdi. Oxirat kuni mahshargohda haqdor insonlarning har biri ularning oldiga o‘z haqqini talab qilib borishsa, ular nima deb javob berishadi? Ikkalasi ham qariyb 60 yoshga kirishgan, garchi muborak, nuroniy yoshga kirib qolgan bo‘lsada, bu og‘ir gunohining natijasida yuzida nur, elning orasida hurmati yo‘q edi. Bu o‘g‘irlikning hayti dunyodagi jazosi. O‘g‘rilar hech kimga hurmat qilmaydigan, biror kishining hurmatiga sazovor bo‘lmagan, xor holda yashab o‘tadi. Oxiratda esa qanday jazo berilishini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha bayon qilganlar: “To‘rt toifa insonga do‘zaxda og‘ir azob berilishi tayin qilingan. Ulardan hatto (o‘zi azoblanayotgan) do‘zax ahli ham zarar ko‘radi. Do‘zah ahli bir-biridan: “Bularni nima sababdan azoblashmoqda? Ular bizning azobimiz ustiga battar ziyoda qilishdi” deyishadi. Ulardan (maxsus jazo olayotganlardan) biri birovning mulkini (egasiga) qaytarmasdan vafot etgan kishi bo‘ladi”, dedilar (Imom Bazzor rivoyati).
E’tibor bering, do‘zah ahli o‘zi judayam og‘ir jazo olayotgan bo‘lsada, uning ustiga-ustak yanada ziyoda qilib, o‘zidan boshqalarga ham zarar yetkazadigan kishi – o‘g‘ri ekan. Darhaqiqat, birovning mehnat qilib, zahmat chekib, oila-ahlini boqaman, yaxshilikka sarflayman, muhtojlarga yordam beraman deb topgan pulini o‘g‘rilagan kishiga yana qanday jazo berilishi mumkin.
Ular nopokdan taomlanishdan tiyilsinlar. Bu dunyoda o‘zi va oila-ahlininig sha’nini oyoqosti qilib, sharmanda qilishdan to‘xtashsin. Zudlik bilan ongini ishlatib, tavba-tazarru qilib hayotini to‘g‘rilashga urinishi, birovning mulkini egasiga topshirishi lozim. Zero, qilmishlari uchun ular Alloh oldida ham, qonun oldida ham, albatta, javob berishadi. Allohning huzurida hotirjam turish uchun ibodatlarni vaqtida bajarib, birovning haqqidan qattiq ehtiyot bo‘lish lozimdir.
Hadisi sharifda halol rizq talab qilish va o‘zgaga muhtoj bo‘lmaslik haqida:
“Alloohumma akfini bihalalika ’an haromik. Va ag‘nini bifadzlika ’amman sivak”
Ya’ni: “Ey Allohim, menga haromingdan, halolingni kifoya qilgin. Va O‘z fazling ila O‘zingdan o‘zgadan behojat qilgin”, deb duo qilishni Habibimiz sollallohu alayhi vasallam ta’lim beradilar.
Alloh taolo barchamizni O‘z rushdu hidoyatidan adashtirmasin!
O‘MI matbuot xizmati
Jannat ahliga va’da qilingan abadiy ne’matlar haqida ham uzoq fikr et, qalbing umidga to‘lsin. Nafsingni xavf qamchisi bilan haydab, umid bilan jilovla va sirotul mustaqimga yo‘lla. Ana shunda buyuk mulkka yetasan, alamli azobdan xalos bo‘lasan.
Ahli jannat xususida, ularning yuzlarida aks etgan ne’matlar jilvasi, mushk bilan muhrlangan may ila qondirilishlari haqida o‘ylaganmisan?! Jannat ahli oq durdan tikilgan chodirlar ichida, qizil yoqutdan bo‘lgan minbarlarda, yashil bolishlar va gilamlar ustida, may va asal oqayotgan daryolar bo‘yida qurilgan so‘rilarda yastanib o‘tirurlar. Ularning atrofida xizmatga hozir g‘ulomlar va hech qachon qarimaydigan bolalar bo‘lur. Jannat ohu ko‘zli, xushxulq va go‘zal yuzli ayollar bilan ziynatlangan. Yoqut va marjondek nafis bu bokiralarga ilgari na bir ins va na bir jin tegingan...
Ularning egnidagi oppoq ipak ko‘zlarni qamashtiradi. Boshlaridagi inju va marjonlar qadalgan tojlari undan-da nurafshon. Ishvalari sokinlik va osudalik bilan bezangan yuzlar qarib qolish kabi noqisliklardan xoli. Ular jannat bog‘chalarining o‘rtasida yoqutdan bunyod etilgan chodirda yolg‘iz bo‘lurlar.
Ularning huzurida borlig‘i hayo bilan to‘silgan musaffo ohu ko‘z hurlar bor. Ustlarida esa mangu yosh bolalar oqar chashmadan qadahlarni, ko‘zalarni va kosalarni aylantirib tururlar. Yana ular uchun xuddi sadaf ichida yashirib qo‘yilgan gavhar misoli ohu ko‘z hurlar bordir. Bu hurlar jannat ahlining dunyo hayotida qilib o‘tgan solih amallarining mukofotidir. Ular jannatning chashmalar, daryolar oqib turgan emin maqomida, Qodir Podshoh huzuridagi rozi bo‘lingan o‘rinda Malikul Karim Parvardigorining jamoliga boqadilar. Ularning yuzlarida ne’matlar jilvasi porlaydi. Ularga na bir zaiflik, na bir xorlik yetadi. Balki ular Parvardigori tomonidan yog‘dirilayotgan turli ne’matlardan baxtiyor, o‘zlari istagan maskanda abadiy qolguvchidirlar. Ularga u yerda na bir xavf, na bir hazinlik yetmas, balki baloyu falokatlardan omondadirlar.
Ular jannat taomlaridan yeydilar. Sut, may, asal to‘la daryolardan ichadilar. U daryolarning yerlari kumushdan, toshlari marjon, tuprog‘i mushk, o‘tlari za’farondir. Quyuq kofur aralashgan oq atirgul suvlariga to‘la bulutlardan yomg‘irlar yog‘adi. Jannat ahliga asli kumushdan bo‘lgan, dur, yoqut, marjonlar bilan ziynatlangan qadahlar, shuningdek, ichida muhrlangan may, aralashmasi chuchuk salsabil bo‘lgan maykosalar keltiriladi. U maykosalardan nur porlaydi. Ularning sofligi shu darajadaki, mayning mayinligi va qirmizi ranggi kosaning tashqari tomonidan bilinib turadi. Chunki, bu odamzodning san’ati emas, u bunday go‘zallikdan ojiz. Maykosalar chehrasidan nur yog‘ilayotgan xodimlar kaftida (jannat ahliga uzatilgan holda) turadi.
Ha, xodimlarning nur porlayotgan yuzlari quyoshga o‘xshaydi, faqat, u yuzlardagi halovat, u ko‘zlardagi husnu malohat quyoshda ne qilsin!
Ajabo! Oxirat diyorining bu sifatlariga, bu diyor ahlining o‘lmasligiga va jannat ahlining kutilmagan o‘zgarish, ofat-balolardan omonda ekanligiga aniq ishongan kishi, qanday qilib, oxiri xarobalikka yuz tutuvchi bu o‘tkinchi dunyoni o‘ziga do‘st bilishi mumkin?! Qanday qilib, u diyor lazzatini, bu dunyo lazzatiga almashtirish mumkin?!
Allohga qasamki, agar jannatda sihat-salomatlik bilan birga o‘lim, ochlik, tashnalik kabi ofatlardan omonlik bo‘lsa-yu, boshqa hech narsa bo‘lmasa, faqat shu sababning o‘zi ham bu dunyodan yuz o‘girishga arziydi. Nega endi oxirat diyori bu dunyodan ustun qo‘yilmasin? Axir, jannat ahli har qanday xavfdan omon podshohlardir. Ular turli-tuman ne’matlar ichida shod-xurram, xohlagan ne’matlari oldida muhayyo! Ular har kuni Arsh yonida hozir bo‘lib, Allohning diydoriga nazar soladilar...
Abu Hurayra Rasuli akram alayhissalomning bunday deganlarini rivoyat qiladi: «Munodiy nido qiladi: "Ey jannat ahli! Endi siz hamisha sog‘lomsiz, hech qachon dardga chalinmaysiz, hamisha tiriksiz, hech qachon o‘lmaysiz. Doimo yoshsiz, hech qachon qarimaysiz. Albatta, siz saodatli bo‘lasiz, hech qachon baxtsizlikka yo‘liqmaysiz"» (Muslim rivoyati).
Alloh taolo deydi: «Qilib o‘tgan (yaxshi) amallaringiz sababli sizlarga meros qilib berilgan jannat mana shudir» (A’rof, 43-oyat).
Jannat sifatlari bilan tanishmoqchi bo‘lsang, Qur’on o‘qi. Jannat haqida Alloh taoloning bayonidan ulug‘roq bayon bormi?!
«Parvardigori (huzurida) turishidan (ya’ni, Parvardigor oldida turib, hayoti dunyoda qilib o‘tgan barcha amallariga javob berishidan) qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir» (Rahmon, 46) oyatidan to sura oxirigacha, shuningdek, Voqea va boshqa suralarni ham o‘qi, jannat haqidagi xabarlarning tafsilotiga boq! Avvalo, jannatning soni bilan bog‘liq jihatlarga e’tiboringni qarat. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Rahmon surasidagi «Parvardigori (huzurida) turishidan qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir» oyati xususida deydilar: «Ikki jannat bor, u yerning idishlari va boshqa barcha narsalari kumushdan. Ikki jannat bor, u yerning idishlari va boshqa barcha narsalari oltindan. «Adn» deyilmish mangu jannatda ahli jannat va Parvardigorining orasida kibriyo ridosigina bo‘lur» (Muttafaqun alayh).
Keyin jannat eshiklarini tasavvur qil. Ularning soni toatingga yarasha. Ya’ni, qaysi mo‘minning Alloh taologa itoati ko‘p bo‘lsa, unga ochiladigan jannat eshiklari ham shunchalik ko‘p bo‘ladi. Jahannam eshiklarining soni ham kishining ma’siyatiga muvofiq bo‘ladi. Ya’ni, inson Alloh taologa qancha ko‘p itoatsizlik qilsa, unga shuncha ko‘p do‘zax eshiklari ochiladi.
Abu Hurayra Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini rivoyat qiladi: «Kimki Alloh yo‘lida o‘z molidan bir juft narsani infoq qilsa, u jannatning barcha eshiklaridan chorlanadi. Jannatning sakkizta eshigi bor. Kimki ahli namoz bo‘lsa, «Bobus solat» (Namoz eshigi)dan, ro‘za ahli «Bobus siyam» (Ro‘za eshigi)dan, ahli sadaqa bo‘lsa, «Bobus sadaqa» (Sadaqa eshigi)dan, ahli jihod bo‘lsa, «Bobul jihod» (Jihod eshigi)dan ichkariga chorlanadi». Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu:
– Allohga qasamki, bu eshiklarning bittasidan chaqirilgan kishi najot topadi. Jannat eshiklarining barchasidan chorlanadigan kishi ham bormi?
– Ha, sen o‘shalardan biri bo‘lishingni umid qilaman, dedilar Nabiy alayhissalom» (Muttafaqun alayh).
Osim ibn Zamra Ali karramallohu vajhahudan rivoyat qiladi: «Hazrati Ali do‘zaxni eslatdi. Shunday bir qo‘rqinch bilan eslatdiki, uning dahshatidan hozir qo‘rqinchdan boshqasi xotirimdan ko‘tarildi. Keyin shu oyatni o‘qidi: «Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar esa to‘p-to‘p holda jannatga kiritiladilar. Qachonki ular darvozalari ochilgan holdagi (jannatga) kelib yetganlarida va uning qo‘riqchilari: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz» deganlarida (ular behad shodlanurlar)» (Zumar, 73-oyat).
So‘ngra keyingi chashmaga borib, u bilan poklanadilar. Ularga ne’matlar jilvasi yog‘iladi. Badandagi tuklardan mudom xush bo‘ylar taraladi. Sochlar go‘yo atirli moy surilgandek bir tekis, tartibli. Keyin ular jannatga yetib keladilar. Jannat qo‘riqchilari ularga: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz» – deyishadi.
So‘ng vildon – mangu yosh bolalar ularni qarshi olishib, atrofida aylanishadi, bamisoli, dunyo bolalari uzoq vaqt ko‘rmagan yaqinlarini sog‘inch bilan kutib olib, atrofida aylanishganlari kabi. Ular ahli jannatga: «Quvoning, shodlaning! Qarang, Alloh taolo sizga shunchalik ne’matni ato qilibdi!» – deya suyunchilashadi».
Roviy deydi: «Mangu yosh bolalardan biri jannat ahli zavjalaridan bo‘lgan ohu ko‘z hurlardan biriga: «Falonchi keldi!» deb u jannatiyning dunyoda chaqirilgan ismini aytadi. Shunda ohu ko‘z hur:
– Sen uni aniq ko‘rdingmi? – deb so‘raydi.
– Ha, aniq ko‘rdim, mana u izimdan kelyapti, – deydi u. O‘shanda u hur sevinchdan shu darajada yengillashib ketadiki, bir zumda jannat eshigi bo‘sag‘asida hozir bo‘ladi. Jannatiy banda o‘z maskaniga yetib, marjonlardan iborat sohil ustiga qurilgan qizil, sariq, yashil kabi turfa rangda tovlanayotgan ko‘shkka nazari tushadi. Boshini ko‘tarib, chaqmoqdan chaqnayotgan ko‘shkning shiftiga asta qaraydi. Agar Alloh taoloning taqdiri bo‘lmaganida bu yorqinlik uning ko‘zini ko‘r qilgan bo‘lar edi. Ko‘zini shiftdan olar ekan, qoshida zavjalarini, buloq bo‘yiga qo‘yilgan qadahlarni, tizib qo‘yilgan yostiqlarni va to‘shalgan gilamlarni ko‘radi. So‘ngra ularga suyanib: «...Bizlarni bu (ne’matlarga) yo‘llagan Zot-Allohga hamdu sano bo‘lgay. Agar bizni Alloh hidoyat qilmaganida hargiz yo‘l topa olmas edik...» – deydi (A’rof, 43-oyat).
Keyin munodiy nido qiladi: «Mangu hayotsiz, hargiz o‘lmaysiz. Doimo bunda muqimsiz, hech qachon ketmaysiz. Hamisha salomatsiz, hech qachon xastalanmaysiz».
Rasuli akram alayhissalom dedilar: «Qiyomat kuni jannat eshigi oldida hozir bo‘laman, uning ochilishini so‘rayman. Shunda jannat qo‘riqchilari:
– Kim u? – deydi.
– Muhammad! – deyman.
– Sizdan oldin birorta kishiga eshikni ochmaslikka buyurilgan edim, – deydi u» (Muslim rivoyati).
Jannatdagi ko‘shklar, u yerda darajalarning farqlanishi to‘g‘risida ham fikr et. Chunki, oxirat daraja jihatidan eng yuksak, afzalligi jihatidan eng ulug‘ mezondir. Odamlar toatlarning zohiriy ko‘rinishida va botiniy xulqda bir-biridan farqlangani kabi amallariga ko‘ra taqdirlanishda ham farqlanadilar. Agar yuksak darajalarni ko‘zlayotgan bo‘lsang, jiddu jahd qil, toki Olloh taologa itoat qilishda hech kim sendan o‘zib ketolmasin. Axir, Olloh taolo ayni shu maydonda senga musobaqa va raqobatni buyurgan-ku!
«(Ey insonlar), Parvardigoringiz tomonidan bo‘ladigan mag‘firatga hamda Olloh va Uning payg‘ambarlariga iymon keltirgan zotlar uchun tayyorlab qo‘yilgan, kengligi osmon va yer kengligi kabi bo‘lgan jannatga shoshilingiz...» (Hadid, 21-oyat).
«U (may)ning muhri mushk bo‘lur. Bas, bahslashguvchi – musobaqa qilguvchi kishilar (mana shunday mangu ne’matga yetish yo‘lida) bahslashsinlar – musobaqa qilsinlar» (Mutaffifun, 26-oyat).
Ajabo! Yaqinlaring yo qo‘shnilaringdan birortasi boyib ketsa yoki imoratini baland qilib ko‘tarsa, siqilasan, qiynalasan. Hasad tufayli hayoting achchiq zardobga aylanadi. Lekin eng oliy qarorgohda, jannatda shunday yaqinlaring yoki qo‘shnilar borki, ular o‘z fazilatlari bilan allaqachon sendan o‘zib ketdi. Bu fazilatlarga dunyo va undagi jamiki narsalar ham bas kelolmaydi.
Abu Said Xudriy Payg‘ambar alayhissalomning shunday deganlarini rivoyat qiladi: «Ustma-ust, darajama-daraja joylashgan ko‘shk ahli jannatiylarga, bamisoli uzoq ufqlarda mag‘ribu mashriqqa sochilib, bir-biri bilan musobaqalashayotgan yulduzlardek bo‘lib ko‘rinadi.
– Ey Ollohning rasuli, ular payg‘ambarlardan o‘zgasi yetolmaydigan manzilmi? – deya so‘rashdi.
– Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, u Ollohga iymon keltirgan va mursallarni tasdiqlagan kishilarning manzillaridir» (Muttafaqun alayh).
Rasuli akram bu haqda yana shunday deganlar: «Jannatdagi baland daraja egalarini ulardan quyidagilar xuddi osmon ufqlarida porlagan yulduzlarni ko‘rganday ko‘radilar. Abu Bakr va Umar shulardandir...» (Termiziy rivoyati).
Jobir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bunday rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar alayhissalom bizga:
– Sizlarga jannat ko‘shklarining xabarini beraymi? – dedilar.
– Ota-onamiz Sizga fido bo‘lsin, yo Allohning rasuli, xabarini bering, – dedik.
– Jannatda hamma tomoni gavhardan bunyod qilingan ko‘shklar bor. Bu ko‘shklar shu darajada shaffofki, tashqarisidan ichi, ichidan tashqarisi ko‘rinib turadi. Ko‘shk ichkarisida na ko‘z ko‘rgan, na quloq eshitgan, na inson xotiriga kelgan bir ne’mat, tuganmas lazzat, adoqsiz surur bor, – dedilar.
– Yo Allohning rasuli, bu ko‘shklar kim uchun hozirlangan? – so‘radim.
– Shunday bir kishi uchunki, u salomni yoyadi, taom yediradi, davomli ro‘za tutadi, tunda odamlar uyquga g‘arq paytda namoz o‘qiydi, – dedilar.
– Yo Allohning rasuli, bularni kim bajara oladi? – dedik.
– Ummatim bu ishlarni bajarishga qodir. Ular haqida sizlarga xabar berayinmi? Kim birodariga yo‘liqqan paytda salom bersa yo alik olsa, demak u salomni yoygan bo‘ladi. Kimki ahli oilasini to‘yguncha oziqlantirsa, taom yediruvchilar jumlasidan bo‘ladi. Kimki ramazon oyida va har oyning uch kunida ro‘zador bo‘lsa, davomli ro‘za tutgan hisoblanadi. Kimki xufton va bomdod namozini jamoat bilan ado qilsa, tunda odamlar ya’ni, yahudiylar, nasoralar va majusiylar uyquda paytda namoz o‘qigan bo‘ladi, – dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam» (Abu Naim rivoyati).
Alloh taoloning: «...abadiy jannatlardagi pokiza maskanlarga kiritur» (Saf, 12) oyati haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘rashdi. Rasuli akram dedilar: «Pokiza maskanlar – marjonlardan bunyod qilingan qasrlardir. Har bir qasrda qirmizi yoqutdan bo‘lgan yetmishta hovli, har hovlida yashil zumraddan bo‘lgan yetmishta uy, har uyda bir taxt, har taxtda barcha ranglardan uyg‘un yetmishta to‘shak, har to‘shakda ohu ko‘zli hurlardan bir jufti halol bor. Har uyda yetmishta dasturxon, har dasturxonda yetmish xil taom bor. Har uyda yetmishta xodima bor. Mo‘min kishiga har kuni ertalab shunday bir quvvat beriladiki, kun davomida xodimlarning barchasi bilan qo‘shilishga qodir bo‘ladi» (Abu Shayx rivoyati).
Abu Homid G‘azzoliy "Ihyo ulumud din (So‘nggi manzil zikri)" kitobidan