O‘tgan zamonda Hajjoj ismli bir zolim podshoh bor edi. Ko‘p ulamo va saidlarning boshlarini kesmish va qonlarini to‘kmish edi. Aning jabr va zulmi shul darajaga yetmishdur, tarix kitoblarining har birida aning ismini Hajjoji zolim deb yod qilmishlar.
Mana ushbu Hajjoj bir kun yo‘lda bir darveshga yo‘liqdi. Oldiga chaqirib: «Ey darvesh, manim haqimga bir yaxshi duo qil!» — dedi. Darvesh qo‘lini duoga ko‘tarib: «Yo Rab! Bu zolimni jonini tezroq olg‘aysan», — deb duo qildi. Hajjoj achchig‘lanib: «Na uchun bunday yomon duo qilursan?» — dedi. Darvesh: «Agar san tezroq o‘lsang, gunohing ko‘paymas. Va barcha fuqaro sening zulmingdan qutulur. Shuning uchun manim bu duom ham sanga va ham barcha kishilarg‘a foydalidur», — dedi.
Darveshning to‘g‘ri javobi Hajjojga xush kelub, ko‘p in’omlar berdi. Ham ul kundan boshlab zulmdan qo‘l yig‘di.
Munavvarqori Abdurashidxonov. Adibus-soniy
Manba: http://ukkosha.shosh.uz
Maqolaning audio shakli
Sahobalar ichida eng zehni o‘tkiri Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Kunlardan birida bozorga bordim. Odamlarning mol-dunyo bilan ovora ekanliklarini ko‘rib ularga:
– Siz bu yerda savdo-sotiq bilan mashg‘ulsiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslari tarqatilayotganidan xabaringiz yo‘qmi? – dedim. Savdogarlar qo‘llaridagi mollarini tashlab:
– Yo‘q, qayerda? – deb hovliqib so‘radilar.
– Falon masjidda, – deb javob berdim. Ular shoshib masjid tomon yugurib ketishdi.
Ammo birozdan so‘ng qaytib kelib:
– Nega bizni aldadingiz? Masjidda hech qanday meros tarqatilmayapti-ku? –deyishdi.
Men:
– Qanday qilib? Axir masjidda kimlarni ko‘rdingiz? – deb so‘radim.
Ular:
– Qur’on o‘qiyotgan qorilarni va hadis o‘rganayotgan tolibi ilmlarni, –deyishdi.
– Ana shu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslaridir, – deb javob berdim.
“O‘zimdan so‘ng sizga ikki narsa qoldirdim, agar ularni mahkam tutsangiz hargiz adashmaysiz. Ular Allohning kitobi va Payg‘ambarning hadisidir”, degan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlar bo‘lsin”.
Davron NURMUHAMMAD