Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

“Yetti pir” haqida kitob tayyor, endi unga homiy kerak

26.02.2018   3560   4 min.
“Yetti pir” haqida kitob tayyor, endi unga homiy kerak
Ma’lumki, yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga safarini aziz-avliyolar qabrini ziyorat qilishdan boshladi. Safar davomida Buxoro zaminidagi yetti buyuk avliyo – pirlar haqida juda iliq va foydali fikrlarni bildirdi. Ularni dunyoga tanitish borasida barcha choralarni ko‘rish, ulug‘ ajdodlarimiz muqaddas maskanlarini olam ahliga tanitish haqida tavsiyalar berdi. Shuningdek, Prezidentimiz “Yetti pir” haqida kitoblar yozish, ularning asarlarini tarjima qilish kerakligi haqida ham kuyunib gapirdi.
 
Aynan ana shu ulug‘ allomalarimiz haqida ilmiy asoslangan, pishiq va puxta kitobni nashrga tayyorlash uchun filologiya fanlari nomzodi Sayfiddin Rafiddinov bir qancha izlanishlar olib borgan. Yaqinda adibning buxorolik yetti pir to‘g‘risidagi – “Dunyo murshidlari” deb nomlangan asari tayyor bo‘ldi.
 
“Faqat endi ushbu asarni nashr etish uchun mutasaddi yoki ko‘ngilli insonlarning yordami kerak”, deydi O‘zA bilan suhbatda yetti buyuk avliyo to‘g‘risida bir yil davomida izlanib kitob yozgan muallif Sayfiddin Rafiddinov. 
 
– Bu yil mamlakatimizda Abdulxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 915 yilligi va Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligi keng nishonlanadi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mazkur sanalarga bag‘ishlab, Islom olamining yirik olimu ulamolari ishtirokida xalqaro anjuman o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan kaminaga “Yetti pir” haqida kitob yozish hamda ularning asarlarini tarjima qilish vazifasi topshirishgan edi. 
 
Bir yil davomida Xojagon Naqshbandiya mashoyixlari bilan bog‘liq beshta kitob tayyorlandi. Kitoblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Diniy Qo‘mitaning ekspertlar guruhi tomonidan nashrga tavsiya qilindi. Ayrim masalalarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari bilan kengashib ish tutildi.
 
Beshta kitobning birinchisi, buxorolik yetti pir – Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fag‘naviy, Ali Romitaniy, Muhammad Bobo Sammosiy, Amir Kulol va Bahovuddin Naqshband haqida bo‘lib “Dunyo murshidlari” deya nomlandi. Kitobni yozishda arabiy va forsiy manbalardan, yetti pirning asarlaridan, xorijda va yurtimizda nashr etilgan manbalardan foydalanildi. 
 
Qolgan kitoblar yetti pirning asarlari tarjimasidir. Ular: Yusuf Hamadoniyning “Rutbat ul-hayot”, “Odobi tariqat” va “Inson va koinot haqida”gi risolalari hamda ilova ma’lumotlar, Abdulxoliq G‘ijduvoniyning “Maqomoti Yusuf Hamadoniy”, “Vasiyatnoma” hamda ilova ma’lumotlar; Xoja Orif Revgariyning “Mahbub ul-orifin” risolasi va ilova ma’lumotlar; Kaminaning “Xojagon-Naqshbandiya tariqati” haqidagi rosolasini o‘z ichiga oladi.
 
Kitoblarning ilmiyligini hisobga olib, ayrimlarining oxiriga asarning qo‘lyozma matnini ham ilova qildik. Bu xorijlik kitobxonlarning foydalanishlari uchun ham qo‘l keladi. 
 
Bo‘lajak xalqaro anjumanga to‘yona sifatida endi ularni tezroq nashr etish payidaman.
 
Beshak, avvalo, kitoblarni oxiriga yetkazishda kuch-quvvat va ilhom bergan Allohga beadad hamdu sanolar bo‘lsin! Tilagim – ushbu kitoblar tezroq, bexato va sifatli nashr etilsa. Buxoro viloyati hokimiyati yoki boshqa nufuzli tashkilotlar mazkur kitoblarga homiylik qilsa, yaxshi bo‘lardi. 
 
Prezidentimiz yoshlarimizning ilmi va axloqi, kelajagi xususida kuyinib gapiryapti. Farzand tarbiyasida kitoblarning o‘rni nechog‘lik muhim ekanini bot-bot takrorlamoqda. 
 
Mashoyixlarimiz haqidagi ushbu kitoblar, ularning asarlari yoshlarimizni ilmu ma’rifatga, odob-axloq, ota-ona va ustozlarni hurmat qilishga, dinimiz va e’tiqodimizni qadrlashga, elu yurt, jonajon Vatanni sevishga, targ‘ib va tashviq qilishi bilan ham e’tiborga molik, deb hisoblaymiz.
 
 
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   5100   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.