Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Ziyorat turizmidan avvalo xalqimiz manfaatdor bo‘ladi

24.02.2018   2591   3 min.
Ziyorat turizmidan avvalo xalqimiz manfaatdor bo‘ladi

Munosabat: Turizm mamlakatning qiyofasini, odamlarning turmush tarzini, muomala madaniyatini butkul o‘zgartirib yuboradigan hodisa.

Avvalo, turistlar ko‘p keladigan mamlakat gullab ketadi. Chunki sayyohlarga qulayliklar yaratish uchun ko‘plab mehmonxonalar, bog‘lar barpo etiladi, yo‘llar ta’mirlanadi, ko‘priklar solinadi. Odamlarning muomalasi o‘zgarib qarshisidagi kishi bilan ochiq chehrali tarzda muloyim gaplashishni odat qiladi Uzoq-yaqindan kelgan mehmonlar ko‘rganda uyalib qolmaylik degan andeshada hamma joy top-toza qilinadi, davlatga valyuta tushumi ortadi.

Ziyorat turizmi esa, inchunun. Zero, bunda ziyorat turizmiga kelgan sayyohlar ham, ularga xizmat ko‘rsatgan mamlakatimiz aholisi ham savob oladi. O‘tgan azizlarning qarovsiz qolib ketgan qabrlari obod etiladi. O‘sha manzillarda yotgan Allohning do‘stlarini ziyorat etishga kelganlar qabr qoshida turib tilovat qilar ekan, qabristonda yotgan mo‘min-musulmonlarning haqlariga ham duo qilib, Kalomi sharifning fazilatidan jamiki qabr ahlining ruhi bahramand bo‘ladi.

Ushbu masala 22 fevral kuni Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan turizmni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektorda quyidagicha ta’kidlab o‘tildi: «Yurtimizda islom dunyosida tan olingan allomalarning maqbaralari, tabarruk qadamjolar ko‘p. Masalan, turli viloyatlarda Naqshbandiya tariqatini targ‘ib qilgan 12 ulamoning qabri bor. Biz hozir ularning 8tasi, ya’ni Buxorodagi «Yetti pir» va Samarqanddagi «Xo‘ja Ahror Valiy» ziyoratgohlarini obod qilyapmiz. Lekin Surxondaryodagi Muhammad Zohid Buxoriy, Alouddin Attor va Qashqadaryodagi Muhammad Darvesh, Muhammad Inganakiy maqbaralari ta’mirga muhtoj», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimlariga ushbu qadamjolarni obodonlashtirish, ularga olib boruvchi yo‘llar holatini yaxshilash, ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Ushbu azizlarning qabrlari, qabristonning atrofi obod bo‘lishi, o‘ydum-chuqur bo‘lib yotgan yo‘llarning tekislanishi, sayyohlar uchun yaratiladigan sharoitlardan sayyohlardan ham ko‘proq mahalliy aholi foydalanadi. Sayyohlik manzillariga turniketlar, videokameralar va yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatiladi, axborot markazlari tashkil etib, ularda turistlarni qiziqtiruvchi xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi. Xizmatlar ko‘rsatiladi, savdolar tashkil etiladi, santitariya-gigiyena shoxobchalari ochiladi. Bu  orqali davlat g‘aznasiga valyuta tushumi ko‘paytiriladi hamda aholiga o‘z-o‘zidan yangi ish o‘rinlari, daromad manbalari paydo bo‘ladi.  

Demak, ziyorat turizmi mahalliy aholi uchun ham har jihatdan katta foyda keltiradi, kishilarimizning turmush sharoitini yaxshilaydi.

Yig‘ilishda ziyorat turizmi bo‘yicha mamlakatimizning salohiyati juda yuqori ekani, bu yo‘nalishda zarur qulayliklar yaratish maqsadida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tarkibida Ziyorat turizmini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tashkil etilgani Malayziya, Turkiya, Indoneziya kabi davlatlar uchun vizasiz rejim joriy etilgani ta’kidlandi. Shuningdek, xorij davlatlardagi elchilar mamlakatimiz, milliy qadriyatlarimizning targ‘ibotchilari bo‘lishi, bunga chet eldagi vatandoshlarimiz ham  hissa qo‘shishi zarurligi ta’kidlandi. Turizm rivoji uchun zarur sharoitlar yaratishga doir ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi.

Xorijga borgan yurtdoshlarimiz yaxshi biladi: sayyohlar ko‘p boradigan davlatlardagi e’tiborli binolarga yoki shunga o‘xshash inshootlarning ko‘rinarli joyiga ushbu inshootning qachon, kim tomonidan barpo etilgani, qaysi yillarda ta’mirlangani, ta’mirlanganlik darajasi qanchalik darajada bo‘lgani yozib yirik-yirik harflarda qo‘yiladi. Bizda ham shu tajriba qo‘llanilsa, bu – sayyohlar uchun yana bir qulaylik bo‘lishi barobarida ularga yo‘lboshlovchilik qilayotganlarga ham foydasi tegardi.

 

O‘MI Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

10.01.2025   2114   2 min.
Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.