26 yashar hindistonlik Hadiya o‘zining islomni qabul qilganligi bois Oliy sudda o‘z huquqlarini himoya qilishiga to‘g‘ri keldi.
O‘tgan yili Hadiya (uning avvalgi ismi – Akxila Ashokan) ning otasi Kerala shtati sudiga murojaat qilib, “qizining erini musulmon bo‘lganligi uchun o‘z diniga kirishga majburlashda ayblab, shu bois bu nikohni bekor qilishni so‘radi. Kerala shtati sudi Hadiyaning islom dinini o‘qishdagi dugonalari bilan suhbatlardan keyin qabul qilishiga qaramay, uning eri bilan nikohini bekor qildi va uning boshqa dinga o‘tganligini tan olishni rad etdi.
Keyinchalik Oliy sud quyi sudlarning qarorini bekor qilib, Hadiyaga ota-onasi e’tiroziga qaramay, o‘z eri bilan birga yashashga ruxsat berdi.
Ammo Hindustan Times nashrining xabariga ko‘ra, bu hafta tinimsiz politsiya kuzatuvi va ota-onalarining bosimi tufayli Hadiya yana sudga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.
«Shafin Jahon – mening erim, men bundan keyin ham suyukli turmush o‘rtog‘im bilan birga yashash niyatidaman, men o‘z xohishimga ko‘ra islomni qabul qildim va turmushga chiqdim. Men suddan iltijo qilib erimni menga vasiy qilib tayinlab berishlarini so‘rayman, - dedi suddagi o‘z chiqishida Hadiya. –Hattoki hozir ham politsiya kuzatuvi ostidaman. O‘tinib so‘rayman, mening erkimni to‘liq o‘z ixtiyorimga qaytarib beringlar”.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov