O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2016 yil 2 dekabrdagi PF-4861-son farmoni, shuningdek, yurtimizda turizm sohasini rivojlantishga qaratilgan izchil sa’y-harakatlarga hamohang tarzda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham “ziyorat turizm” faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Joriy yilning 23 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamoat fondiga O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan turizm faoliyatini kirish, chiqish va ichki turizm yo‘nalishlarida amalga oshirish huquqini beruvchi T-0151-son maxsus litsenziyasi taqdim etildi.
Endilikda, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamoat fondi yurtimizdagi qadamjo, ziyoratgoh va masjidlarni ta’mirlash va obod etish bilan bir qatorda, bunday tabarruk maskanlarga mahalliy va xorijiy fuqarolarning keng ko‘lamdagi ziyoratlarini uyushtirish, ziyoratchilar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish va musulmon dunyosidagi nufuzini yanada oshirishga ham xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamoat fondi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 7 avgustdagi PQ 938 – sonli Qaroriga asosan tashkil etilgan. Fondning asosiy maqsadi muqaddas Islom dini, Islom falsafasi va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ulamo va aziz avliyolarning tabarruk nomlari bilan bog‘liq Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Hazrati Imom, Shohi Zinda, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Ko‘k gumbaz, Dorus-saodat, Qosim shayx kabi mamlakatimiz hududidagi qutlug‘ ziyoratgoh va qadamjolarni talab darajasida saqlash va obodonlashtirish, ularning infratuzilmasini takomillashtirish ishlarini amalga oshirishdan iborat.
Yuridik manzil: 100002, Toshkent shahar, Qorasaroy ko‘chasi, 47-uy.
Aloqa telefonlari: (+99871) 150-64-11, 240-17-69
Internet manzil: www.qadamjo.uz
e-pochta: info@qadamjo.uz
Ikromjon Axmedov
O‘MI Matbuot xizmati
Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov