Alloh taolo Qur’oni karimda O‘zining “Xoliq”, ya’ni, “Yaratuvchi” Zot ekanligini eslatib shunday deydi: “(Alloh) Otlar, xachirlar va eshaklarni minishingiz va ziynat uchun (yaratdi) va siz bilmaydigan narsalarni yaratadir”. (Nahl, 8) Ushbu oyatni tafsir qilgan mufassirlarimiz aytadilar: “ Alloh taolo kelajakda sizlar uchun tuya, ot, xachir va eshakdan boshqa siz bilmaydigan naqliyot vositalarini yaratadi ”. Darhaqiqat, shunday ham bo‘ldi. Ushbu oyatlar tushgan davrda mavjud bo‘lmagan havoda, suvda va yerda yuradigan ko‘plab naqliyot vositalari vujudga keldi. Bu esa, o‘z navbatida, Qur’oni karim mazkur: “va siz bilmaydigan narsalarni yaratadi”, jumlasi ila mo‘min-musulmonlarni kelajak yangiliklaridan xabardor qilayotganiga dalolatdir.
Ushbu oyatning tasdig‘i o‘laroq Alloh taoloning bandalariga bildirgan ilmi orqali vujudga kelgan naqliyot vositalaridan biri bu telefon apparatidir. Insonlarning uzog‘ini yaqin qilish, mehr-oqibat va siylai-rahm ibodatlariga eng qulay vosita bo‘lishlikka sabab bo‘luvchi bu mo‘jaz ixtiro shiddat bilan rivojlanishda zamondosh ixtirolarining ko‘pini narxda ham, qulaylik jihatidan ham ortda qoldirdi. Televizor, radio, kitob va jurnallar, ovoz yozgich, fotoapparat va boshqa judayam ko‘p imkoniyatlarni o‘zida jamlagan bu mitti ovunchoq bugun ko‘pchilikning ajralmas do‘stiga aylandi. Har kim kasbiga va extiyojiga qarab, aql saviyasi, fahm va farosati miqdoricha hohlagan qulayliklardan foydalana boshladi. Zahiriddin Muhammad Bobur bobomizning “ Illat izlaganga illatdir dunyo, Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo ”, degan misralari aynan telefon apparati uchun aytilgandek bo‘ldi. Kimdir ish yuzasidan foydalansa, kimdir shunchaki ko‘ngil ochish uchun, yana kimdir xursandchilik va shodiyona kunlarini estalik sifatida saqlash uchun, yana kimlardir esa yoqtirgan musiqalarini tinglash uchun ushbu apparatni sotib ola boshladi.
Kimdir o‘ylashi mumkin. Xo‘sh, buning nimasi yomon? Har kim o‘z puliga olyapti. Hohlaganicha ishlatishi mumkin. Endi shaxsiy telefondan ham hohlaganimizcha foydalana olmaymizmi?
Ularning gap fikri to‘g‘ri. Har kim o‘z mulkidan hohlaganidek foydalanishga, o‘zi istaganidek tasarruf qilishga haqli. Ulamolamiz telefonni o‘tkir pichoqqa o‘xshatdilar. Yaxshilik uchun ham, yomonlik uchun ham birdek ishlashga qodir. Biz faqat bu ajoyib ixtironing qaysi funksiyasidan foydalanishingizdan qat’iy nazar bir narsani yoddan chiqarmasligingizni eslatib qo‘ymoqchimiz: “ Allohdan qo‘rqinglar! Albatta Alloh nima qilayotganingizdan xabardordir ”. (Hashr,18)
Ey, yaqinlaridan berkitgancha nomahram qizlar bilan turli xil mavzularda gaplashib tong ottirayotgan YIGITLAR! Allohdan qo‘rqinglar! “ Va siz so‘zingizni sir tutasizmi yoki oshkora aytasizmi, albatta U (Alloh) ko‘ngillardagini ham biluvchi zotdir ”. (Mulk,13) Hargiz, men faqat SMS yozmoqdaman xolosku, deb o‘ylamang. “ Yaratgan zot O‘zi bilmasmi? U daqiqlargacha biluvchi va xabardor Zotdir ”. (Mulk,14)
Ey, qizlik va ayollik sha’niga dog‘ tushirgancha avrat joy hisoblangan yotoqxona va hammomlarda o‘zini suratga olib, nomaxramlar tomosha qilishi uchun suratini tarqatayotgan AYOLLAR! Allohdan qo‘rqinglar! U Zot berkitib turgan gunohlaringizni o‘zingiz fosh qilmanglar. Chunki, Rosululloh (s.a.v.) aytganlar: “ Ummatimdan har biri avf qilingandir. Faqat mujohirlar bunday emas. Mujohir shunday bir kishiki, u tunda bir amalni qiladi-da, so‘ngra tong ottiradi. Alloh esa uning gunohini berkitgan edi. Bas, u: “Ey falonchi, unday va bunday qildim”, deydi. Vaholanki, Robbisi uni berkitgan edi. U esa Allohning yopib qo‘ygan pardasini ochib yuboradi ”. (Muttafaqun alayh) Sizning o‘z tanangizni reklama qilib kimgadir yuborgan suratingiz, yoki behayo qiliqlar jamlangan videolavhangiz ushbu texnika rivojlangan asrimizda butun dunyoga bir zumda tarqalmoqda. Otilgan o‘qni o‘z joyiga qaytarishni iloji bo‘lmagandek, sizning behayo suratingizni tomosha qilayotgan har bitta kishining gunohidan sizga kelib turgan nasibani ham qaytarishni iloji bo‘lmaydi.
Ey, musulmonlik nomiga dog‘ tushirgancha o‘zgalarning gunohini, xatosini ommaga taqdim qilish uchun kimo‘zarga videoga olayotgan do‘stlarim, boshiga og‘ir musibat tushgan birodariga yordamga uzatish mumkin bo‘lgan qo‘lini telefoniga cho‘zayotgan dindoshlarim, Allohdan qo‘rqinglar! “ Shak-shubhasiz Parvardigoringiz (barcha narsani) kuzatib turguvchidir ”. (Fajr,14) “ Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh uning aybini bu dunyoyu oxiratda berkitadi. Modomiki, banda o‘z birodarining yordamida ekan, Alloh ham uning yordamida bo‘ladi ”. (Imom Muslim) Axir Alloh taologa extiyojing yo‘qmi? Sattor va Nasiyr Zotning yordamiga muxtoj emasmisan? Yoki Rosuling Muhammad (s.a.v.)ning va’dalariga, u zotning xushxabarlariga shubhang bormi?
Ey, Alloh taolo uchun xolis ado qilinadigan ibodatlarini ham Selfi tayoqchasi ila suratga olgancha butun dunyo bilan “baham ko‘rayotgan” ibodatli yaqinlarim! Allohdan qo‘rqinglar! Robbingizning so‘zlari haqqdir. U Zot aytadi: “Bir “namozxonlar”ga vayl bo‘lsinki, ular namozlarini unutuvchilardir. Undoq kishilar riyo qiladiganlardir. Va maa’uunni man qiladiganlardir”. (Maa’uun,4-7) Biz har bir qadamini selfi qilayotgan, Maxoratini selfi qilayotgan, xashamatli uy joyiniyu, qimmatbaho mashinasida selfi holatda suratga tushayotgan kishilarning ushbu maqtanchoqliklarini ilmsizlikka yo‘ydik. Lekin sizning bu ibodatingiz dunyolarga ko‘z-ko‘z qiladigan amal emas. Bu sizning bandalik burchingiz, oxirat manzili uchun xozirlayotgan zahirangiz. Bu amallarda na riyo, na ujub va na faxrlanish bo‘lmasligi kerak, balki, ixlos, muhabbat, qabul bo‘lmay qolishligidan xavf ham bo‘lishi darkor. Agar sening qilayotgan ushbu amaling xolis Alloh uchun bo‘lsa, boshqalarga reklama qilishning ila savoblaringni chang kabi to‘zg‘itib, ajr va mukofotdan bebahra xolda faqat tushilgan suratlar ila qolmagin. Hukamolar aytadilar: “Riyo va dovruq uchun toat-ibodat qilgan kishining misoli cho‘ntagini toshga to‘ldirib bozorga chiqqan kishiga o‘xshaydi. Odamlar aytishadi: “Bu kishining cho‘ntagi qanchalar to‘la”. Holbuki, unga insonlarning shu so‘zidan boshqa foyda yo‘qdir va agar biror narsa sotib olmoqchi bo‘lsa, nga xech narsa berishmaydi. Oxiratda unga savob bo‘lmaydi. Alloh taolo aytganidek: “(Zotan) Biz ular qilgan har bir (yaxshi) amalga kelib, uni sochilgan to‘zon (kabi) qilib qo‘ygandirmiz”. (Furqon,23) ya’ni, Alloh taolodan boshqasi uchun qilingan amallarning savobini yo‘q etib, ularni xuddi sochilgan to‘zondek qilgaymiz. Boshqa bir hukamolar aytadilar: “Amal qilguvchi amalida qo‘y boquvchidan o‘rnak olishi lozim bo‘ladi. Albatta, qo‘y boquvchi agar namoz o‘qisa, qo‘ylardan namoziga maqtov eshitishni o‘ylamaydi. Shuningdek, amal qilguvchi ham insonlar unga qarashlarini ko‘ngliga keltirmasligi lozim. Alloh taolo uchun insonlar oldida va yolg‘iz qolganda ham bir xil tarzda amal qiladi. Insonlarning maqtovini talab etmaydi”.
Xullas, kim bo‘lishingizdan, qaysi kasb egasi bo‘lishidan, jinsingiz va yoshingizdan qat’iy nazar, Allohdan qo‘rqinglar! Alloh bizga bergan bu mo‘jaz ixtirodan Allohni unutmagan holatda foydalaning. Ulamolar aytadilar: “Agar sen bir gunohni qilayotganingda, Alloh ko‘rib turganini bilib turib qilayotgan bo‘lsang, demak, sen Alloh taologa qarshi borishga jur’at topibsan. Agar, bu qilayotgan amalimni Alloh ko‘rmayapti, degan hayolda qilayotgan bo‘lsang, demak, sen Allohga kufr keltiribsan”.
So‘zim so‘nggida Abdulloh ibn Mas’uddan rivoyat qilingan bir hadisni eslataman. Rosululloh (s.a.v.) shunday marhamat qiladilar: “ Alloh taolo Adn jannatini yaratgan vaqtida Jabroil alayhissalomni chaqirib: “ Ey Jabroil, bandalarim va avliyolarim uchun yaratib qo‘ygan adn jannatiga bor va undagi ne’matlarga nazar sol”dedi. Jabroil alayhissalom u yerga bordilar. Jannatni tomosha qilib turgan vaqtlarida u yerdagi qasrlarning biridan bir xur chiqib keldi va Jabroil alayhissalomga qarab tabassum qildi. Shu payt uning tishidan taralgan nurdan Adn jannati yanada nurafshon bo‘lib ketdi. Shunda Jabroil alayhissalom “Bu nur Robbul-izzatning nuridan bo‘lsa kerak”, deb o‘ylab boshlarini sajdaga qo‘ygan edilar, haligi xur: “Ey Aminulloh, boshingizni ko‘taring”, dedi. Jabroil alayhissalom boshlarini ko‘tarib xurga qaradilar va: “Seni yaratgan Zot pokdir”, deya tasbeh aytdilar. Xur dedi: “Ey Jabroil, Alloh taolo meni kim uchun yaratganini bilasizmi?”. Jabroil alayhissalom: “Yo‘q”, dedilar. Xur Aytdiki: “Albatta men Allohning roziligini havoyi nafsidan ustun qo‘yganlar uchun yaratilganman”. (“Daqiqul axbor fi zikril jannati van nar” kitobi, Imom Abdurrohim ibn Ahmad al Qoziy)
Ha azizlarim, bir necha soniyalik, vaqtinchalik hoyu havasni deb, shunday ulkan mukofotlardan bebahra qolmaylik. Har bir amalimizda Allohning roziligi bosh mezonimiz bo‘lsin.
Uchko‘prik tumanidagi “Shoh muqaddam” jome’ masjidi noib imomi:
Islomov Yorbek.
O‘MI Matbuot xizmati
Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).
Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!
Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV