Farzandning otasi ustidagi yana bir muhim haqi bu balog‘at yoshiga yetganidan keyin uni uylantirib qo‘yishlikdir. Zero Qur’oni karimda ham sunnati Rasulullohda ham balog‘at yoshiga yetgan yoshlar va yetimlarga g‘amxo‘rlik qilishga buyuriladi.
Aslida esa uylanish va uylantirish ham bolaga beriladigan oilaviy tarbiyaning eng muhim qismi hisoblanadi. Shu boisdan ham Qur’oni karimda nomus va iffatini saqlangan mo‘minni fahsh va buzuq ayollardan uzoq bo‘lgan pokiza qizlar bilan halol, shar’iy nikoh orqali uylanishga buyuradi.
Alloh taolo aytadi:
“Mushrika ayollarni iymon keltirmagunlaricha nikohingizga olmang. Shubhasiz, mo‘mina cho‘ri mushrikadan, gar u sizni ajablantirsa ham, yaxshidir. Va mushriklar iymonga kelmagunlaricha (mo‘minani)ularga nikohlab bermang. Shubhasiz, mo‘min qul mushrikdan, gar sizni ajablantirsa ham, yaxshidir. Anavilar do‘zax o‘tiga chaqiradilar. Alloh esa, O‘z izni ila jannatga va mag‘firatga chaqiradi hamda odamlarga O‘z oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki esga olsalar.” (“Baqara” surasi, 221-oyat)
***
“Nikoh insoniy aloqalar ichida eng muqaddas va ahamiyatlisidir. Bu aloqa odam bolasining ko‘plab xohish istaklariga javob beradi. Nikohdagi ikki shaxs bir-biriga eng yaqin shaxslar hisoblanadi. Bu holga erishish avvalo qalblarning birlashmog‘ini, qalblarning birlashmog‘i esa, aqida birligini taqozo etadi. Chunki har bir insonning hayotiy yo‘lini belgilaydigan o‘lchov diniy nuqtayi nazari bo‘ladi. Shu boisdan Islomda aqidasi buzuq ayollarga uylanish, mushrik erkaklarga turmushga chiqish man qilinadi” deb sharhlangan ushbu oyati karima “Tafsiri Hilol”da.
Demak, balog‘at yoshiga yetgan o‘g‘il bolani birorta kasbga o‘rgatib, uni uylantirib mustaqil hayotga chiqarib yuborish ham otaning zimmasidagi muhim vazifalardan ekan.
Biz ota-onalar farzandlarimizga qiladigan munosbatlarimizda o‘ta ehtiyokor bo‘lishimiz, har bir bajarilgan ishlarimiz uchun, albatta, Alloh huzurida hisob berishimiz muqarrar ekanini har doim yodimizdan chiqarmasligimiz shart.
Shuning uchun mohiyatan sharafli bo‘lgan farzand haqlarini o‘z vaqtida sidqi dildan, aql-idrokni ishga solib ado qilishmiz ularning kelajagda jamiyatdagi o‘rinlarini topishlarida katta yordam beradi.
Aslida ham yosh farzandlarimiz bizning qo‘llab-quvvatlashimizga har doim muhtoj bo‘ladilar. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘n yoshidagi Anas roziyallohu anhuni va un bir yoshdagi hazrati Ali roziyallohu anhuni har xil vazifalarga tayinlab, natijasini nazorat qilganlari shundan dalolat beradi. Yana o‘n to‘qqiz yoshdagi hazrati Usoma roziyallohu anhuni qo‘shinga bosh qilishlari, yigirma bir yoshdagi Attob bin As’ad roziyallohu anhuni Makkaga valiy etib tayinlashlari, o‘n besh yoshdagi Zayd bin Sobit roziyallohu anhuni ibroniycha va suryoniycha tillar bo‘yicha tarjimon qilib vazifador qilganlari yoshlarning ichki imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lgan. Aynan shuning uchun ham har bir ota-ona o‘z naslining kelajagi bo‘lgan farzandlarini hayotda qoqilmasdan, to‘g‘ri o‘z o‘rinlarini topib ketishlari uchun qo‘ldan kelgunicha yordam berishlari faqat foyda beradi.
Biz farzandlarimizga “yaxshi” emas “juda ham yaxshi” tarbiyani berishimiz lozim, o‘zimiz ham bu masalada “bo‘laveradi” deb emas, balki “ana shunday bo‘lishi kerak” degan niyatda harakat qilishimiz lozim.
Bu narsalar o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Buning uchun mo‘min kifoya miqdorida bo‘lsa-da, zaruriy bilimlarga ega bo‘lishi kerak. Bugungi sharoitda bu masalada oqsoqlanish, bexabar qolishda birovlarni emas, faqat va faqat o‘zimizni ayblashimiz mumkin bo‘ladi. Ta’lim-tarbiya mavzuida chop etilayotgan kitoblar, tele-radio dasturlari, muntazam nashr etib kelinayotgan davriy nashrlar va internet tarmog‘idagi bu yo‘nalishidagi veb-saytlarni inobatga olganda, bunday asossiz da’volarni qilishdan ko‘ra undan voz kechgan maqul. Hamma ham pedagog bo‘la olmaydi, lekin hamma ota-onalar ham oq-qorani, to‘g‘ri-noto‘g‘rini bolalariga o‘rgatishlari mumkin. Chunki “hayot” deb ataluvchi bu “diplomsiz akademiya” har bir inson uchun o‘zining beminnat ta’lim-tarbiyasini vaqt o‘tishi bilan berib boraveradi. Faqat undan o‘z vaqtida to‘g‘ri xulosa chiqarib borilsa bas.
Ana endi asosiy maqsadimizga o‘tamiz. Bolaga yoshligidan shariatda buyurilganga muvofiq chiroyli va adolatli muomala qilib, to‘g‘ri tarbiya berishlik uning ota-onaga itoat qilishiga yordam berishi haqida yuqorida ko‘plab oyatu hadislarni o‘qib, tanishib chiqdik. Endi esa farzandlarning ota-ona roziligini olish uchun nimalarga e’tibor berishlari va nimalardan o‘zlarini tiyishlari lozimligi haqida suhbatlashamiz.
Ulug‘bek Sultonovning
"Ota-onaga xizmat qilish
odoblari" kitobidan olindi
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Biz tomonlarda o‘g‘il farzand uchun qilinadigan sunnat (xatna) to‘yiga kelinning otasi yoki aka-ukalari so‘qim (so‘yiladigan qoramol) olib borishlari shartdek bo‘lib qolgan. Hatto bu narsa kelin tarafdagilarning burchi degan tushuncha ham bor. Shuning uchun ayrim hollarda ba’zi otalar nevarasini sunnat to‘yiga yerini sotish yoki katta qarzlarni olishgacha majbur bo‘layapti. Shu ishlar dinimizda bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xatnani bor ekanligi barchaga ma’lum va bu uchun ziyofat qilib berish ham bor. Ammo bu narsa farz yoki vojib, hatto sunnat ham emas, balki u ayrim sahobiylarning shunchaki odati bo‘lgan. Lekin u hozirgi kunda avj olgandek bema’ni dabdabozlik bilan emas, balki tor doirada kamtarona dasturxon yozib o‘tkazilgan.
Demak, aslida sunnat ham bo‘lmagan ushbu “to‘y”ga so‘qim olib kelish qiz tomonning burchi deyish mantiqsiz ekani ko‘rinib turibdi. Buni johilona hoyu havas ortidan paydo bo‘lgan xurofot desak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Aynan mana shunaqa tayini yo‘q “majburiyat”lar tufayli qanchadan-qancha oilalar jabr ko‘ryapti va hatto ayrim oilalar “so‘qim qilinmagani yoki olib kelingan so‘qimning kichkinaligi” sababidan buzilib ketishgacha ham bormoqda.
Dinimizda hadya ulashishga targ‘ib qilingan. Ammo bu chin yurakdan hamda beruvchiga malol kelmasdan amalga oshirilishi kerak.
Shunday ekan, kuyov tomonga yuboriladigan novvoslarni hadya deb bo‘lmaydi. Chunki bu narsa oshkora yoki zimdan qilingan talab yoki kelin tomonning odamlardan uyalib yoxud “qizim xijolat bo‘lmasin”, deb qiladigan “sovg‘asi” bo‘ladi. Kuyov tomonning kelin tomonga bunday talablar qo‘yishi katta xato va gunoh sanaladi. Qolaversa, chin ko‘ngildan berilmagan narsani yeyish ham shubhali hisoblanadi. Zero Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
لا يحل مال امرئ مسلم الا عن طيب نفسه رواه احمد
“Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Shunday ekan, bunday ishga chek qo‘yish lozim. Agar qilmoqchi bo‘lsalar, kuyov tomon imkoni darajasida o‘zlari qilsinlar. Agar imkonlari bo‘lmasa, qaynotani zimmasiga yuklamasliklari lozim. Imkon bo‘lmagani uchun bu kabi ehsonni qila olmasa, gunohkor bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.