Sayt test holatida ishlamoqda!
18 May, 2025   |   20 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:02
Peshin
12:24
Asr
17:26
Shom
19:41
Xufton
21:11
Bismillah
18 May, 2025, 20 Zulqa`da, 1446

Allohning arqonini mahkam tuting...

23.02.2018   4375   4 min.
Allohning arqonini mahkam tuting...

“Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. (Hujurot surasi, 13-oyat). Ushbu rabboniy chaqiriq barcha insonlarning asli bir ekanligiga, shuning uchun bir-birlari bilan go‘zal muomalada bo‘lib, ahil hayot kechirishlariga dalolat qiladi. Boshqa bir oyatda mana bunday xitob qilinadi: "Albatta, mo‘minlar dinda o‘zaro birodardirlar. Bas, sizlar ikki birodaringiz o‘rtasini tuzatib qo‘yingiz va Allohdan qo‘rqingiz, shoyad, rahm qilinsangiz." (Hujurot surasi, 10-oyat). 

Darhaqiqat, bu birodarlik din qardoshligi bo‘lib, dunyodagi barcha insoniy aloqalardan ustun turadi. Bu birodarlik Alloh uchun, dinu - diyonat uchun, Islom - iymon uchundir. U o‘zaro muhabbat, tinchlik-omonlik va hamkorlik asosiga qurilgan bo‘ladi. Bu birodarlikka putur yetsa zudlik bilan isloh qilishga o‘tmoq kerak. Chin mo‘min boshqa birovga zarra miqdorda bo‘lsa ham ozor bermasligi lozim. 

Afsuski, bugun ko‘p musulmonlar na bu oyati karimadan nasihat oladilar va na tarixiy tajribalardan saboq oladilar. Birlashishlari uchun minglab sabab, turtki va omillar bor, birortasiga qiyo boqib qo‘ymaydilar. Balki tafriqa uchun bahona istab turgandek, birgina sabab topib qolishsa bas, har kim o‘zini to‘g‘ri deb, hidoyatda sanab, boshqani gumrohlikda ayblab, tumtaraqay bo‘lib ketaverishadi. Shuning uchun ham hozirda nima balo bo‘lsa, musulmonlarning boshida bo‘lmoqda. O‘ldirilayotganlar ham, talanayotganlar ham, qiynoqqa solinayotganlar ham asosan musulmonlar. Ammo shunda ham o‘zlariga kelmayotganlari yanada achinarli hol. Xilma-xil firqalarga bo‘linib, janjallashib, bir-birini kofirga chiqarib, hatto xunrezlikkacha boradiganlar ham topilayotgani esa eng katta musibatdir. Shariatimiz tafriqaning barcha turlari va ko‘rinishlariga qarshi kurashadi. Musulmonlar shu paytgacha tashqi dushmanga mag‘lub bo‘lmaganlar, faqat ichki nizo sababligina mag‘lubiyatga uchraganlar. Bugun ham ularning zaiflashuvi, musibatlarining asosiy sababi ixtilof va tafriqaga tushish bo‘lmoqda. E’tiqodi buzuq ba’zi toifalar dinimizning sof qarashlariga raxna solish bilan ko‘pgina kishilarning e’tiqodiga raxna solyaptilar. Diniy atamalarni ataylab buzib talqin qilish va odamlarni kufrda ayblash orqali ularning molu jonlariga tajovuz qilib, obod yurtlarini xarobaga aylantirmoqdalar. Aslida esa Islom o‘zaro muhabbat, birodarlik ruhini taratuvchi din bo‘lib, hatto kundalik hayotimizda, oilaviy munosabatlarimizda ham bo‘linishga, tafriqaga yo‘l qo‘ymaydi. Chunonchi, bolalar, yetimlar o‘rtasida adolatsizlik qilib, ularning birini ikkinchisidan ustun qo‘ymaslikka, eru xotin, qarindosh-urug‘lar o‘rtasida chaqimchilik qilib, tuhmat, bo‘hton uyushtirib oralarini ajratmaslikka qattiq buyuradi.

So‘zimiz oxirida Alloh taoloning quyidagi oyati karimasini ozgina tafsir qilib tushuntirmoqchimiz: «Barchangiz Allohning ipini mahkam tuting va bo‘linib ketmang» (Oli Imron, 103-oyat). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohning kitobi – Allohning osmondan yergacha tortilgan arqonidir», dedilar. Oyati karimadagi «Allohning ipi» degan iboradan Qur’oni Karim tushuniladi. Jarga qulash xavfidagi inson ip-arqonni mahkam ushlasa, qutilib qolganidek, do‘zax tubiga qulamaslikning  ham birdan-bir chorasi – Qur’oni karimni mahkam ushlashdir. Shundagina inson najot topadi. Musulmon ummati najot topishi uchun barcha bir bo‘lib Allohning kalomi Qur’oni Karimni mahkam tutishlari lozimdir.

Ba’zi mufassirlar «Allohning arqoni» deganda Islom dini nazarda tutilgan deydilar. Ba’zilar esa uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam deb tafsilot berganlar. Ya’ni, «Allohning Rasuli sunnatini mahkam ushlang, unga amal qiling, uning atrofida jamlaning, undan uzoqlashmang!»

Bo‘linib ketmang, aks holda, Allohning arqonini qo‘ldan berib, halokatga uchraysiz. Ushbu oyatdan o‘zaro tafriqaga tushish Allohning arqonini tutishning ziddi ekani tushuniladi. Demak, tafriqaga tushish Allohning arqonini qo‘yib yuborish, uning najotidan uzoqlashish ekan.

Ha, Qur’oni karim Alloh taoloning insoniyatni dunyo qiyinchiliklaridan va oxirat azobidan qutqarish uchun tushirgan arqonidir. Qur’oni karim hayvoniylik chohidan malaklik cho‘qqisiga olib chiquvchi nurli arqondir. Qur’oni karim g‘aflat botqog‘idan qutulish uchun yagona vositadir.

Azizxo‘ja Inoyatov,

“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus

 islom bilim yurti mudiri

O‘MI Matbuot xizmati

 

 

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘tirgan tik turgandan yaxshiroq

14.05.2025   3697   3 min.
O‘tirgan tik turgandan yaxshiroq

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.

Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.

Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.

Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.

“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.

Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.

Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.

Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.

Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.

Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.

Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.

Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.

MAQOLA