“Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. (Hujurot surasi, 13-oyat). Ushbu rabboniy chaqiriq barcha insonlarning asli bir ekanligiga, shuning uchun bir-birlari bilan go‘zal muomalada bo‘lib, ahil hayot kechirishlariga dalolat qiladi. Boshqa bir oyatda mana bunday xitob qilinadi: "Albatta, mo‘minlar dinda o‘zaro birodardirlar. Bas, sizlar ikki birodaringiz o‘rtasini tuzatib qo‘yingiz va Allohdan qo‘rqingiz, shoyad, rahm qilinsangiz." (Hujurot surasi, 10-oyat).
Darhaqiqat, bu birodarlik din qardoshligi bo‘lib, dunyodagi barcha insoniy aloqalardan ustun turadi. Bu birodarlik Alloh uchun, dinu - diyonat uchun, Islom - iymon uchundir. U o‘zaro muhabbat, tinchlik-omonlik va hamkorlik asosiga qurilgan bo‘ladi. Bu birodarlikka putur yetsa zudlik bilan isloh qilishga o‘tmoq kerak. Chin mo‘min boshqa birovga zarra miqdorda bo‘lsa ham ozor bermasligi lozim.
Afsuski, bugun ko‘p musulmonlar na bu oyati karimadan nasihat oladilar va na tarixiy tajribalardan saboq oladilar. Birlashishlari uchun minglab sabab, turtki va omillar bor, birortasiga qiyo boqib qo‘ymaydilar. Balki tafriqa uchun bahona istab turgandek, birgina sabab topib qolishsa bas, har kim o‘zini to‘g‘ri deb, hidoyatda sanab, boshqani gumrohlikda ayblab, tumtaraqay bo‘lib ketaverishadi. Shuning uchun ham hozirda nima balo bo‘lsa, musulmonlarning boshida bo‘lmoqda. O‘ldirilayotganlar ham, talanayotganlar ham, qiynoqqa solinayotganlar ham asosan musulmonlar. Ammo shunda ham o‘zlariga kelmayotganlari yanada achinarli hol. Xilma-xil firqalarga bo‘linib, janjallashib, bir-birini kofirga chiqarib, hatto xunrezlikkacha boradiganlar ham topilayotgani esa eng katta musibatdir. Shariatimiz tafriqaning barcha turlari va ko‘rinishlariga qarshi kurashadi. Musulmonlar shu paytgacha tashqi dushmanga mag‘lub bo‘lmaganlar, faqat ichki nizo sababligina mag‘lubiyatga uchraganlar. Bugun ham ularning zaiflashuvi, musibatlarining asosiy sababi ixtilof va tafriqaga tushish bo‘lmoqda. E’tiqodi buzuq ba’zi toifalar dinimizning sof qarashlariga raxna solish bilan ko‘pgina kishilarning e’tiqodiga raxna solyaptilar. Diniy atamalarni ataylab buzib talqin qilish va odamlarni kufrda ayblash orqali ularning molu jonlariga tajovuz qilib, obod yurtlarini xarobaga aylantirmoqdalar. Aslida esa Islom o‘zaro muhabbat, birodarlik ruhini taratuvchi din bo‘lib, hatto kundalik hayotimizda, oilaviy munosabatlarimizda ham bo‘linishga, tafriqaga yo‘l qo‘ymaydi. Chunonchi, bolalar, yetimlar o‘rtasida adolatsizlik qilib, ularning birini ikkinchisidan ustun qo‘ymaslikka, eru xotin, qarindosh-urug‘lar o‘rtasida chaqimchilik qilib, tuhmat, bo‘hton uyushtirib oralarini ajratmaslikka qattiq buyuradi.
So‘zimiz oxirida Alloh taoloning quyidagi oyati karimasini ozgina tafsir qilib tushuntirmoqchimiz: «Barchangiz Allohning ipini mahkam tuting va bo‘linib ketmang» (Oli Imron, 103-oyat). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohning kitobi – Allohning osmondan yergacha tortilgan arqonidir», dedilar. Oyati karimadagi «Allohning ipi» degan iboradan Qur’oni Karim tushuniladi. Jarga qulash xavfidagi inson ip-arqonni mahkam ushlasa, qutilib qolganidek, do‘zax tubiga qulamaslikning ham birdan-bir chorasi – Qur’oni karimni mahkam ushlashdir. Shundagina inson najot topadi. Musulmon ummati najot topishi uchun barcha bir bo‘lib Allohning kalomi Qur’oni Karimni mahkam tutishlari lozimdir.
Ba’zi mufassirlar «Allohning arqoni» deganda Islom dini nazarda tutilgan deydilar. Ba’zilar esa uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam deb tafsilot berganlar. Ya’ni, «Allohning Rasuli sunnatini mahkam ushlang, unga amal qiling, uning atrofida jamlaning, undan uzoqlashmang!»
Bo‘linib ketmang, aks holda, Allohning arqonini qo‘ldan berib, halokatga uchraysiz. Ushbu oyatdan o‘zaro tafriqaga tushish Allohning arqonini tutishning ziddi ekani tushuniladi. Demak, tafriqaga tushish Allohning arqonini qo‘yib yuborish, uning najotidan uzoqlashish ekan.
Ha, Qur’oni karim Alloh taoloning insoniyatni dunyo qiyinchiliklaridan va oxirat azobidan qutqarish uchun tushirgan arqonidir. Qur’oni karim hayvoniylik chohidan malaklik cho‘qqisiga olib chiquvchi nurli arqondir. Qur’oni karim g‘aflat botqog‘idan qutulish uchun yagona vositadir.
Azizxo‘ja Inoyatov,
“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudiri
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Kengash a’zolari to‘g‘ridan to‘g‘ri va onlayn tarzda ishtirok etishdi. Dastlab, London qirollik kolleji Arxeologiya bo‘limi ilmiy xodimi, doktor Miliana Radivoyevich Namangan viloyatidagi Axsikent mavzeida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasi bilan tanishtirdi.
Miliana Radivoyevich uzoq yillarda beri mamlakatimizda olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlarda faol ishtirok etib keladi.
— Axsikent dunyodagi eng qadimiy metallurgiya markazlaridan biri hisoblanadi. Men o‘zbekistonlik, kiprlik va buyuk britaniyalik hamkorlarimiz bilan birga Axsikentda ilk o‘rta asrlarda metallurgiya yuqori darajada rivojlanganini aniqladik. Jumladan, islom olamining dastlabki davrida tayyorlana boshlagan mashhur Damashq qilichlari ham aynan Axsikentda qazib olingan va qayta ishlangan po‘latdan foydalanganini isbotladik. Nasib etsa, Markazning ochilishi marosimida bu tarixiy voqeani alohida medialoyiha sifatida taqdim etamiz, — dedi u.
ITSM xalqaro aloqalar bo‘limi mutaxassisi Yekaterina Soboleva Kengash a’zolarini O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tantanali ochilishi marosimi konsepsiyasi bilan tanishtirdi. Unda ushbu marosim doirasidan joy olgan tadbirlar, “O‘tmishning boqiy merosi – buyuk kelajak asosi” mavzusidagi IX kongress kun tartibi, ishtirokchilar ro‘yxati, Imom Buxoriy majmuasining yangi binosi va innovatsion muzeyi singari qator masalalar o‘rin olgan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Markazning ochilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan Xalqaro ko‘rgazma, xorijdan olib kelinadigan qo‘lyozmalar, eksponatlar haqida ma’lumot berdi. Xorijiy mamlakatlardagi qator muzey va kutubxonalar, shaxsiy kolleksiyalar rahbarlarning ushbu ko‘rgazmasidagi ishtiroki bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilayotganini qayd etdi.
— Biz 25 aprel-2 may kunlari Buyuk Britaniyaning “Sotbis” va “Kristis” auksionlaridan O‘zbekiston madaniy merosiga oid 46 ta lotni saraladik, — dedi Markaz rahbari. — Ayni paytda ularni sotib olish va O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha muzokaralar davom etyapti. Biz bu tarixiy merosni qaytadan qo‘lga kiritayotganimizni jahon ilmiy jamoatchiligiga yetkazishimiz kerak. Shu bois, Buyuk Britaniya va Fransiyada shu masalada xalqaro tadbirlar o‘tkazishni rejalashtiryapmiz.
Kengash a’zolari tomonidan ushbu yirik anjumanlarga tashrif buyuradigan xorijiy mehmonlar ro‘yxati ham taqdim etildi. Kengaytirilgan ilmiy kengash a’zolari tomonidan ushbu xalqaro tadbirlarda ishtirok etadigan o‘zbekistonlik olimlar va ekspertlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Kengash davomida, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi Alisher Egamov O‘zbekistonning turli hududlaridagi muzey fondlaridan Markaz ekspozitsiyasida namoyish qilish uchun to‘plangan tarixiy eksponatlar haqida ma’lumot berdi. Mart-aprel oyida joylarga uyushtirilgan ekspeditsiyalar natijasida 1500 dan ortiq tarixiy eksponatlar aniqlangan. Mamlakatimiz tarixining turli davrlariga mansub bu tarixiy buyumlar orasidan saralanganlari Markazning ochilishi munosabati bilan o‘tadigan xalqaro ko‘rgazmadan joy oladi.
Shuningdek, Markaz ekspozitsiyasi uchun 2-toifali medialoyihalarning ilmiy-amaliy materiallar bazasini yaratish masalasi ham kun tartibiga qo‘yildi. Boshqa bir qator masalalar bo‘yicha Kengash a’zolari o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Kengash uchrashuvida Markaz hamda O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati qo‘shma loyihasi - "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi kitob-albomlarning 81-90 jildlarini nashr qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, nashrga tayyorlanayotgan yettita sovg‘abop kitob-albom haqida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari uchrashuvda Kengash a’zolari Qur’oni karim zalining yangi dizaynini ham tasdiqlashdi.
— Qur’on zali binoning markaziy qismidan o‘rin olgani uchun uning dizayniga alohida e’tibor berilyapti, — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi boshlig‘i Azimjon G‘afurov. — Biz Kengash a’zolari e’tiboriga Hazrati Usmon Qur’oni joylashtiriladigan ayvon ustida joylashadigan nurli installyatsiyaning ikki xil ko‘rinishini taqdim qildik. Yig‘ilishda eng maqbul variant tanlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markaziga navbatdagi tashrifi chog‘ida xalqaro hamkorlar, jumladan, dunyoning yetakchi muzeylari, kutubxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Markaz binosining ikkinchi qavatini xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari uchun xonalar ajratish, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi uchun alohida yangi bino qurish to‘g‘risidagi qarorning muhim bandlaridan biri bo‘ldi. Qirqqa yaqin asosiy hamkor davlatlar mavjud. Markazning ikkinchi qavatida ularning faoliyati uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib, zamon talabi darajasida tashkil etish O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining navbatdagi kengaytirilgan ilmiy kengashi jarayonida alohida ta’kidlandi.