Alloh taolo barcha maxluqotlari ichida insonni aziz, mukarram, mukammal va afzal suratda yaratgan. Haq taolo Qur’oni karimda insonga juda ko‘p ne’matlar ato etganini, unga pokiza narsalardan rizq-ro‘z qilib berganini eslatib aytadi: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik hamda dengizda (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik. Ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik”.
Oyatda insonning qadr-qimmati nechog‘lik ulug‘ ekani, uning barcha jonzotlardan afzalligi bayon qilingan. Parvardigor bizga shunchalik muruvvat ko‘rsatgan ekan, biz insoniyat ahli shunga mos ravishda hayot kechirmog‘imiz darkor. Insonga berilgan hayot, umr – eng katta omonatdir. Inson bu omonatga xiyonat qilsa, o‘zini halokat domiga tashlagan bo‘ladi. Bu esa Alloh taoloning irodasiga zid amal bo‘lib, u qattiq qoralangandir.
Insonga hayot ne’matini Alloh taolo ato qildi, uning hayotini faqat O‘zigina olishga haqlidir. Hattoki, yashash huquqi berilgan kishi o‘z hayotiga o‘zi suiqasd qila olmaydi. Islom dinida birovni o‘ldirish qanchalik gunoh bo‘lsa, o‘zini o‘zi o‘ldirish ham shunchalik og‘ir ma’siyat sanaladi. Payg‘ambar s.a.v. ham o‘zlarining hadisi muboraklarida o‘z-o‘zini o‘ldirish – xudkushlik harom ekanligi, bunday ishni qilganlar uchun oxiratda qattiq azoblar borligi haqida aytib o‘tganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim joniga qasd qilib o‘tkir tig‘li narsa bilan o‘zini o‘ldirsa, jahannam olovida qorniga o‘sha o‘tkir tig‘ni ushlab abadul-abad sanchaveradi. Kim zahar ichib o‘z joniga qasd qilsa, jahannam olovida abadul-abad o‘sha zaharni yutadi. Kim tog‘dan o‘zini tashlab o‘z joniga qasd qilsa, jahannam oloviga abadul-abad o‘zini uloqtiradi», dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati)
Afsuski, hozirgi kunimizda ba’zi zamondoshlarimizga sabru matonat yetishmay, o‘z jonlariga qasd qilayotganlarining guvohi bo‘lib turibmiz. Bu holat Alloh taolo bergan hayot – umr deb atalgan ne’matga noshukurlik oqibatidir. Bu mudhish hodisalar qazoi qadar tushunchalarini bilmaslik, taqdirga rozi bo‘lmaslik, Haq taoloning amriga qarshi chiqishlik natijasida yuz beradi. Islom ilmidan yetarli xabari bo‘lmagan iymoni zaif kimsalar turmush qiyinchiliklariga, boshga tushgan turli xildagi musibatlarga, ba’zi g‘iybatchi, tuhmatchi kimsalarning mish-mishlariga sabr qilmay, oxirgi chora sifatida o‘z jonlariga qasd qilib, Alloh taolo ato qilgan hayot nurini bevaqt o‘chirishga, ikki dunyoda abadiy la’natga va do‘zax azobiga duchor bo‘lishdek og‘ir gunoh qilishga o‘tmoqdalar. Alloh taolo sabr qilgan bandasiga ne’matini ziyoda qilib berishini, aks holda noshukurlik qiluvchilar uchun azobi qattiq ekanligini bayon qilib: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” (Ibrohim surasi, 7-oyat) deb ogohlantiradi.
Xoh erkak va xoh ayol bo‘lsin shunday to‘kin, tinch va farovon zamonda yashayotgani uchun Alloh taologa shukr qilishi lozim. Har qanday ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni sabr-qanoat, chiroyli tadbir, maslahat va mashvarat bilan hal qilsa bo‘ladi. Ammo sabrsizlik natijasida noshukurlik qilinsa, oqibati xayrli bo‘lmaydi. Yoki bo‘lmasa, ayrim irodasi bo‘sh kishilar ichkilik va giyohvandlikka berilib, bebaho umrlarini xazon qiladilar. Bunday kimsalar ushbu narsalar dinimizda harom sanalishini bilmaydilar, yoki bilib turib nafslarining amriga quloq solib, o‘zlarini abgor qiladilar. Haq subhanahu va taolo bu haqda barchamizni ogohlantirib, aytadi: “...O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!..” (Baqara surasi, 195- oyat)
Eng achinarlisi, o‘zini turli yo‘llar bilan o‘ldirish – xudkushlik hozirgi vaqtda ba’zi bir mutaassib toifalar orasida odat tusiga aylanib qolmoqda. Dunyoda ro‘y berayotgan hodisalarni, tanasiga portlovchi moddalarni bog‘lab, jamoat joylarida o‘zlarini portlatib yuborayotgan kimsalar to‘g‘risida eshityapmiz. Bunday ayanchli holatni “shahidlik maqomi” deb baholayotgan kishilar ana shu mudhish jinoyatlarning sababchilaridir. Holbuki, o‘z-o‘zini o‘ldirish – hudkushlik shahidlik emas, balki jaholat va qabohatdir. O‘zlarini portlatayotgan kimsalar gunohi azimga qo‘l urmoqdalar, qanchadan-qancha odamlarning o‘limiga, bolalarning yetim qolishiga, ota-onalarning farzand dog‘ida kuyishlariga sababchi bo‘lmoqdalar. Bugungi kunda o‘zlarini go‘yoki musulmonlardek tutib, odamlarni islomga da’vat qilib yurgan, asl niyatlari esa, terrorizm va nohaq odam o‘ldirish bo‘lgan manfurlarni butun dunyo qoralamoqda. Ular maqsadlarini amalga oshirish uchun diniy ilmi yetarli bo‘lmagan, g‘o‘r yoshlar ongiga o‘z g‘oyalarini singdirish yo‘lida barcha imkoniyatlardan, shu jumladan, internet saytlaridan foydalanmoqdalar. Yoshlarimizning mana shunday qora niyatli kishilarning ta’sir doirasiga tushib qolmasliklari uchun har bir ota-ona o‘z farzandiga, ustoz o‘z shogirdiga, yoshi ulug‘ otaxonlar mahalladagi o‘g‘il-qizlarga hamisha ko‘z-quloq bo‘lib, go‘zal tarbiya bergan holda nasihat qilishlari lozim. Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, “Din – nasihatdir”, vaqt borida bu muammolarning muolajasiga kirishmog‘imiz kerakki, kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal. Mana shundagina ko‘ngilsiz voqealarning oldi olinadi, hayotimiz go‘zal, farzandlarimiz esa salohiyatli bo‘ladi.
Alloh taolo bergan hayot ne’matini savobli ishlar, xayrli amallar qilish bilan o‘tkazish, hayotiy muammolarni chiroyli tadbir bilan hal etish, Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lib yashash haqiqiy imonli kishining fazilatidir.
Azizxo‘ja INOYATOV,
“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudiri
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sovchilik ishlari, yuqorida zikr qilinganidek, doimo yengil ko‘chavermaydi. Ba’zi holatlarda bir oilaning o‘zining ichida ham fikr va rag‘batlar to‘qnashib qolishi ro‘y beradi. Gohida ota-onaga yoqqan kelin kuyov bo‘lmish farzandga yoqmay qolishi yoki aksincha bo‘lishi ham mumkin. Bugungi kunimiz voqe’ligida bu muammoni tez-tez uchratib turibmiz.
O‘zimizga internet tarmog‘i orqali kelgan savollardan birini e’tiboringizga havola qilishga ijozat bergaysiz: «Bir kishi qizini do‘stining o‘g‘liga berishni ahd qilgan. Qiz mo‘mina bo‘lib, bir solih yigit bilan turmush qurmoqchi ekan. Ota qizning ko‘ngliga qaramay: «Do‘stimning o‘g‘liga tegmasang, seni oq qilaman», – dedi. Shunday vaqtda otaga quloq solishi kerakmi? Otaning oq qilishi to‘g‘rimi yoki noto‘g‘rimi?».
Bunga o‘xshash savol va hodisalar oz emas.
Boshqa muammolar qatori, bu muammoni ham dinimiz ta’limotlari asosida hal qilishimiz kerak bo‘ladi. Buning uchun esa, dinimizning bu boradagi ta’limotlarini qunt bilan o‘rganishimiz va ularga ixlos bilan amal qilishimiz lozim bo‘ladi.
عَنْ خَنْسَاءَ بِنْتِ خِدَامٍ الْأَنْصَارِيَّةِ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا: أَنَّ أَبَاهَا زَوَّجَهَا وَهِيَ ثَيِّبٌ فَكَرِهَتْ ذَلِكَ، فَأَتَتْ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم فَرَدَّ نِكَاحَهُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ.
Xonsa bintu Xidom al-Ansoriya roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Otasi u kishini so‘ramay, juvon holida erga berdi. Bu unga yoqmay, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi. Bas, u zot uning nikohini bekor qildilar» (Buxoriy va Abu Dovud rivoyat qilganlar).
Demak, juvon ayolni o‘zidan so‘ramay yoki majbur qilib birovning nikohiga berib bo‘lmaydi. Islom dini bunday vaqtda o‘sha ayolga qoziga arz qilish huquqini beradi. Arz qilingan chog‘ida esa, qozi unday nikohni buzish haqida hukm chiqaradi. Izn so‘ramay nikohlangan chog‘da ish ayolning roziligiga bog‘liq bo‘lib qoladi. U: «Roziman», desa, nikoh nikoh bo‘ladi, bo‘lmasa, buziladi.
وَجَاءَتْ جَارِيَةٌ بِكْرٌ إِلَى النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم، فَذَكَرَتْ أَنَّ أَبَاهَا زَوَّجَهَا وَهِيَ كَارِهَةٌ فَخَيَّرَهَا النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَأَحْمَدُ.
«Bir bokira qiz Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, otasi uni yoqtirmasa ham erga berganini zikr qildi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam ixtiyorni uning o‘ziga berdilar».
Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilganlar.
Bunday holatda o‘sha qiz nikohda qolishni iroda qilsa, nikoh aqdi kuchga kiradi, bo‘lmasa, yo‘q.
Bu ish Islomda ayol-qizlarning erki, haq-huquqlari qanchalik rioya qilinishini ko‘rsatadi. Zotan, shu hukmdan boshqasi to‘g‘ri ham emas. Chunki nikoh – umr savdosi, ko‘ngil masalasi. Ko‘ngliga yoqmagan odam bilan bir yostiqqa bosh qo‘yib, umr bo‘yi yashash oson bo‘libdimi? Odatda, erkaklar avval o‘zlari rozi, talabgor bo‘lib sovchi qo‘yganlari uchun ularning roziligi haqida rivoyatlar kelmagan. Rozilik haqida, asosan, ayol-qizlar haqidagi rivoyatlar kelgan. Bu hayot taqozosidir.
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا: أَنَّ فَتَاةً دَخَلَتْ عَلَيْهَا فَقَالَتْ إِنَّ أَبِي زَوَّجَنِي ابْنَ أَخِيهِ لِيَرْفَعَ بِي خَسِيسَتَهُ وَأَنَا كَارِهَةٌ، قَالَتِ اجْلِسِي حَتَّى يَأْتِيَ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم، فَجَاءَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم فَأَخْبَرَتْهُ، فَأَرْسَلَ إِلَى أَبِيهَا فَدَعَاهُ فَجَعَلَ الْأَمْرَ إِلَيْهَا، فَقَالَتْ: يَا رَسُولَ اللهِ قَدْ أَجَزْتُ مَا صَنَعَ أَبِي وَلَكِنْ أَرَدْتُ أَنْ أُعْلِمَ النِّسَاءَ أَنَّ لَيْسَ لِلْآبَاءِ مِنَ الْأَمْرِ شَيْءٌ. رَوَاهُ النَّسَائِيُّ.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Bir qiz u kishining oldiga kelib:
«Otam meni o‘z ukasining o‘g‘liga turmushga berdi. Bu bilan pastligini ko‘tarmoqchi. Men buni xush ko‘rmayman», – dedi.
U kishi: «To Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelgunlaricha o‘tirib tur», – dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelganlaridan keyin xabar berdilar. U zot uning otasiga odam yuborib, chaqirtirib keldilar. So‘ngra ixtiyorni qizga berdilar. Shunda u:
«Yo Rasululloh, otam qilgan narsani joiz qildim. Lekin ayollarga bu ishda otalarga hech narsa yo‘qligini bildirib qo‘yishni iroda qilgan edim», – dedi» (Nasaiy rivoyat qilgan).
Demak, o‘zlariga turmush o‘rtog‘i tanlashda qizlarimizning haqlari bor ekan. Ularning roziligini so‘rashda esa ishboshilar – qizning otasi, aka-ukasi yoki amaki-tog‘asi bo‘ladimi, kim bo‘lsa ham, albatta, majbur qilmasdan, nihoyatda odob-axloq bilan muomala qilishlari kerak bo‘ladi. Bu ish hadisda kelgan narsa bo‘lib, shariatimizning qonunidir! Bizda esa, afsuski, shariatning hukmi bir chetda qolib, odamlar o‘zicha chiqarib olgan urf-odatlar, bid’at-xurofotlar hukm suradigan bo‘lib qolgan.
Bu borada barcha ota-onalar va ishboshilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olishlari zarur. Keling, buning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z qizlariga bu borada qanday muomala qilganlarini o‘rganaylik.
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم إِذَا أَرَادَ أَنْ يُزَوِّجَ شَيْئًا مِنْ بَنَاتِهِ جَلَسَ إِلَى خِدْرِهَا، فَقَالَ: إِنَّ فُلَانًا يَذْكُرُ فُلَانَةً، يُسَمِّيهَا وَيُسَمِّي الرَّجُلَ الَّذِي ذَكَرَهَا فَإِنْ هِيَ سَكَتَتْ زَوَّجَهَا، وَإِنْ هِيَ كَرِهَتْ نَقَرَتِ السِّتْرَ، فَإِذَا نَقَرَتْهُ لَمْ يُزَوِّجْهَا. رَوَاهُ أَحْمَدُ بْنُ حَنْبَلٍ.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon qizlaridan birortasini uzatmoqi bo‘lsalar, uning pardasi oldiga o‘tirib, «Falonchi Falonani zikr qilmoqda», deb, uning ham, uni zikr qilgan erkakning ham ismini aytar edilar. Agar u sukut saqlasa, nikohlar edilar. Agar u qiz yoqtirmasa, pardani chertar edi. Qachon qiz pardani chertsa, uni nikohlamas edilar».
Ahmad rivoyat qilgan.
Olamlarning sarvari, Robbul olamiynning Rasuli bo‘lgan zotning o‘z qizlari bilan nikoh, oila qurish borasida qilgan muomalalariga nazar soling. Qanday yuksak odob! Qanday oliy madaniyat! Qizlarning odobini, axloqini ko‘ring!
عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبيِّ صلى الله عليه وسلم فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، عِنْدَنَا يَتِيمَةٌ قَدْ خَطَبَهَا رَجُلَانِ مُوسِرٌ وَمُعْسِرٌ، هِيَ تَهْوَى الْمُعْسِرَ وَنَحْنُ نَهْوَى الْمُوسِرَ، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: لَمْ يُرَ لِلْمُتَحَابِّينَ مِثْلُ النِّكَاحِ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi kelib:
«Yo Rasululloh! Bizning bir yetim qizimizga ikki kishi – bir boy va bir kambag‘al sovchilik qildi. U kambag‘alni istayapti, biz boyni istayapmiz», – dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Sevishganlar uchun nikohga o‘xshagani ko‘rilmagan», – dedilar».
Ibn Moja rivoyat qilgan.
Bu hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yetim qizning ko‘ngliga qanchalik e’tibor berganlariga qarang! Kim bo‘lishidan qat’i nazar, insonning ko‘ngli bor. Uning rioyasini qilish kerak.
Ammo, ushbu o‘ta muhim masalaning ikkinchi tarafi ham bor. Bunda bolalarning ota-onalariga qarshi chiqishlari noqulay holatga sabab bo‘ladi.
"Baxtiyor oila" kitobidan