Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Yanvar, 2025   |   23 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:42
Peshin
12:40
Asr
15:47
Shom
17:31
Xufton
18:48
Bismillah
23 Yanvar, 2025, 23 Rajab, 1446

O‘z joniga qasd qilish – qazoi qadarga isyondir

23.02.2018   4307   6 min.
O‘z joniga qasd qilish – qazoi qadarga isyondir

Alloh taolo barcha maxluqotlari ichida insonni aziz, mukarram, mukammal va afzal suratda yaratgan. Haq taolo Qur’oni karimda insonga juda ko‘p ne’matlar ato etganini, unga pokiza narsalardan rizq-ro‘z qilib berganini eslatib aytadi: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik hamda dengizda (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik. Ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik”.

Oyatda insonning qadr-qimmati nechog‘lik ulug‘ ekani, uning barcha jonzotlardan afzalligi bayon qilingan. Parvardigor bizga shunchalik muruvvat ko‘rsatgan ekan, biz insoniyat ahli shunga mos ravishda hayot kechirmog‘imiz darkor. Insonga berilgan hayot, umr – eng katta omonatdir. Inson bu omonatga xiyonat qilsa, o‘zini halokat domiga tashlagan bo‘ladi. Bu esa Alloh taoloning irodasiga zid amal bo‘lib, u qattiq qoralangandir.

Insonga hayot ne’matini Alloh taolo ato qildi, uning hayotini faqat O‘zigina olishga haqlidir. Hattoki, yashash huquqi berilgan kishi o‘z hayotiga o‘zi suiqasd qila olmaydi. Islom dinida birovni o‘ldirish qanchalik gunoh bo‘lsa, o‘zini o‘zi o‘ldirish ham shunchalik og‘ir ma’siyat sanaladi. Payg‘ambar s.a.v. ham o‘zlarining hadisi muboraklarida o‘z-o‘zini o‘ldirish – xudkushlik harom ekanligi, bunday ishni qilganlar uchun oxiratda qattiq azoblar borligi haqida aytib o‘tganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim joniga qasd qilib o‘tkir tig‘li narsa bilan o‘zini o‘ldirsa, jahannam olovida qorniga o‘sha o‘tkir tig‘ni ushlab abadul-abad sanchaveradi. Kim zahar ichib o‘z joniga qasd qilsa, jahannam olovida abadul-abad o‘sha zaharni yutadi. Kim tog‘dan o‘zini tashlab o‘z joniga qasd qilsa, jahannam oloviga abadul-abad o‘zini uloqtiradi», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati)

Afsuski, hozirgi kunimizda ba’zi zamondoshlarimizga sabru matonat yetishmay, o‘z jonlariga qasd qilayotganlarining guvohi bo‘lib turibmiz. Bu holat Alloh taolo bergan hayot – umr deb atalgan ne’matga noshukurlik oqibatidir. Bu mudhish hodisalar qazoi qadar tushunchalarini bilmaslik, taqdirga rozi bo‘lmaslik, Haq taoloning amriga qarshi chiqishlik natijasida yuz beradi. Islom ilmidan yetarli xabari bo‘lmagan iymoni zaif kimsalar turmush qiyinchiliklariga, boshga tushgan turli xildagi musibatlarga, ba’zi g‘iybatchi, tuhmatchi kimsalarning mish-mishlariga sabr qilmay, oxirgi chora sifatida o‘z jonlariga qasd qilib, Alloh taolo ato qilgan hayot nurini bevaqt o‘chirishga, ikki dunyoda abadiy la’natga va do‘zax azobiga duchor bo‘lishdek og‘ir gunoh qilishga o‘tmoqdalar. Alloh taolo sabr qilgan bandasiga ne’matini ziyoda qilib berishini, aks holda noshukurlik qiluvchilar uchun azobi qattiq ekanligini bayon qilib: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada)  ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim  (ham) juda qattiqdir” (Ibrohim surasi, 7-oyat) deb ogohlantiradi.

Xoh erkak va xoh ayol bo‘lsin shunday to‘kin, tinch va farovon zamonda yashayotgani uchun Alloh taologa shukr qilishi lozim. Har qanday ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni sabr-qanoat,  chiroyli tadbir, maslahat va mashvarat bilan hal qilsa bo‘ladi. Ammo sabrsizlik natijasida noshukurlik qilinsa, oqibati xayrli bo‘lmaydi. Yoki bo‘lmasa, ayrim irodasi bo‘sh kishilar ichkilik va giyohvandlikka berilib, bebaho umrlarini xazon qiladilar. Bunday kimsalar ushbu narsalar dinimizda harom sanalishini bilmaydilar, yoki bilib turib nafslarining amriga quloq solib, o‘zlarini abgor qiladilar. Haq subhanahu va taolo bu haqda barchamizni ogohlantirib, aytadi: “...O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!..” (Baqara surasi, 195- oyat)

Eng achinarlisi, o‘zini turli yo‘llar bilan o‘ldirish – xudkushlik  hozirgi vaqtda ba’zi bir mutaassib toifalar orasida odat tusiga aylanib qolmoqda. Dunyoda ro‘y berayotgan hodisalarni, tanasiga portlovchi moddalarni bog‘lab, jamoat joylarida o‘zlarini portlatib yuborayotgan kimsalar to‘g‘risida eshityapmiz. Bunday ayanchli holatni “shahidlik maqomi” deb baholayotgan kishilar ana shu mudhish jinoyatlarning sababchilaridir. Holbuki, o‘z-o‘zini o‘ldirish – hudkushlik shahidlik emas, balki jaholat va qabohatdir. O‘zlarini portlatayotgan kimsalar gunohi azimga qo‘l urmoqdalar, qanchadan-qancha odamlarning o‘limiga, bolalarning yetim qolishiga, ota-onalarning farzand dog‘ida kuyishlariga sababchi bo‘lmoqdalar. Bugungi kunda o‘zlarini go‘yoki musulmonlardek tutib, odamlarni islomga da’vat qilib yurgan, asl niyatlari esa, terrorizm va nohaq odam o‘ldirish bo‘lgan manfurlarni butun dunyo qoralamoqda. Ular maqsadlarini amalga oshirish uchun diniy ilmi yetarli bo‘lmagan, g‘o‘r yoshlar ongiga o‘z g‘oyalarini singdirish  yo‘lida barcha imkoniyatlardan, shu jumladan, internet saytlaridan foydalanmoqdalar. Yoshlarimizning mana shunday qora niyatli kishilarning ta’sir doirasiga tushib qolmasliklari uchun har bir ota-ona o‘z farzandiga, ustoz o‘z shogirdiga, yoshi ulug‘ otaxonlar mahalladagi o‘g‘il-qizlarga hamisha ko‘z-quloq bo‘lib, go‘zal tarbiya bergan holda nasihat qilishlari lozim. Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, “Din nasihatdir”, vaqt borida bu muammolarning muolajasiga kirishmog‘imiz kerakki, kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal. Mana shundagina ko‘ngilsiz voqealarning oldi olinadi, hayotimiz go‘zal, farzandlarimiz esa salohiyatli bo‘ladi.

Alloh taolo bergan hayot ne’matini   savobli ishlar,  xayrli amallar qilish bilan o‘tkazish,    hayotiy muammolarni  chiroyli tadbir bilan hal etish,  Alloh taoloning rahmatidan umidvor  bo‘lib  yashash  haqiqiy imonli kishining  fazilatidir.

 

Azizxo‘ja INOYATOV,

“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus

 islom bilim yurti mudiri

 O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

O‘rta Mag‘ribdagi rustamiylar davlati

20.01.2025   8089   5 min.
O‘rta Mag‘ribdagi rustamiylar davlati

2. Mag‘ribdagi Sijilmosaning Banu Midror davlati

By davlat hijriy 140–297 (milodiy 757–909) yillar orasida hukm surgan. Banu Midror davlatining odamlari xavorijlarning safariyya toifasidan bo‘lishgan. Ular abbosiylar bilan murosasozlik qilishgan va ichki ishlari va shjoratlarida o‘zlariga xon, o‘zlariga bek bo‘lib olganlar. Ularni fotimiylardan bo‘lgan ubaydiylar davlati yo‘q qilgan. Bu voqea hijriy 297 yilda sodir bo‘lgan.
 

Bu davlatning eng mashhur hokimlari:
1. Iyso ibn Yazid Asvad. Bu shaxs davlatga muassis bo‘lgan. Hijriy 140–155 (milodiy 757–772) yillar.
2. Abul Qosim Samku. Hijriy 155–168 (milodiy 772–784) yillar.
3. Al-Yasa’ ibn Abul Qosim. Hijriy 174–208 (milodiy 790–823) yillar.
4. Maymun ibn Midror. Hijriy 224–263 (milodiy 839–877) yillar.

 

3. O‘rta Mag‘ribdagi rustamiylar davlati
(hijriy 160–29; milodiy 776–908)

Ular iboziy xavorijlardan bir firqadir. Bu davlatga Abdurrahmon ibn Rustam asos solgan. U barbarlarni tugatgandan so‘ng o‘z davlatini qurdi. So‘ng Tohart nomli shaharni qurib, uni o‘ziga poytaxt qilib oldi. Bu davlatni ubaydiylar toifasi yiqitdi va hijriy 296 (milodiy 908) yilda o‘ziga qo‘shib oldi.

Mazkur davlatning kuzga kuringan xukmdorlari:
1. Abdurrahmon ibn Rustam. Hijriy 160–168 (milodiy 776–784) yillar.
2. Abdulvahhob ibn Abdurrahmon. Hijriy 167–208 (milodiy 784–823) yillar.
3. Aflah ibn Abdulvahhob. Hijriy 208–258 (milodiy 823–872) yillar.
4. Abul Yakzon Muhammad ibn Aflah. Hijriy 260–281 (milodiy 874–894) yillar.

 

4. Marokashdagi idrisiylar davlati
(hijriy 172–375; milodiy 788–985)

Abbosiylar Fax jangida alaviylar oilasiga katta zarar yetkazganlaridan so‘ng, hijriy 169 (milodiy 785) yilda Idris ibn Abdulloh ibn Hasan ibn Hasan ibn Aliy ibn Abu Tolib va uning ukasi Yahyolar qochib ketishdi. Yahyo Daylam yurtlarida qo‘zg‘alon ko‘tardi, so‘ng ar-Rashid uni yo‘q qildi. Lekin Idris Mag‘ribning eng uzoq yurtiga qochib bordi. U yerda barbarlar uni qo‘llab-quvvatlashdi. Idris Marokashda o‘zining amirligiga asos soldi, uning shavkati kuchaydi. Undan keyin o‘g‘li Idris davlatni qo‘lga oldi. U mazkur davlatning eng ko‘zga ko‘ringan hukmdori, haqiqiy asoschisi hisoblanadi. Yahyo ibn Idris ibn Umarning davrida Idris Fa’s shahrini ko‘rgan. Mag‘rib yurtlarining barchasida bu davlatning nufuzi ortgan.

Idrisiylar davlati tarixdagi birinchi shiy’a davlati hisoblanadi. Idrisiylarga Islom tamaddunini Mag‘ribga olib kelgan birinchi shaxslar sifatida qaraladi. Ularni fotimiy-ubaydiylar yo‘q qilgan.
 

Idrisiylar davlatining ko‘zga ko‘ringan hukmdorlari:
1. Idris ibn Abdulloh ibn Hasan. Hijriy 172–177 (milodiy 788–793) yillar.
2. Idris ibn Idris. Hijriy 177–213 (milodiy 793–828) yillar.
3. Muhammad ibn Idris ibn Idris. Hijriy 213–221 (milodiy 828–836) yillar.
4. Yahyo ibn Idris ibn Umar. Hijriy 292–310 (milodiy 905–922) yillar.

 

5. Tunis – Qayruvondagi ag‘labiylar davlati
(hijriy 184–296; milodiy 800–908)

Rashid ibn Ibrohim ibn Ag‘lab barbarlarga odob berish, ularni idrisiylarga, Misr va Shomga qarshi hujum qilishdan to‘sib turish uchun hijriy 184 yilda Afrikaga voliy etib tayinlandi. U ishlarni tartibga soldi, qo‘zg‘alonlarni bostirdi. O‘zining hukmronligi uchun Qayruvonni markaz qilib tanladi va o‘z mintaqasini abbosiylar davlatidan ajratib, mustaqil davlat qilib oldi. Abbosiylar davlati ularni o‘z holiga tashlab qo‘ydi. Ushbu davlatning nufuzi Tunis va Liviyaga tarqaldi.

 

Tashqi fathlar

Ziyodatulloh ibn Ibrohim o‘sha vaqtda hijriy 212, milodiy 827 yilda Siqilliya orolini fath qilishga imkon topdi.

Musulmonlar Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhuning davridan buyon Siqilliyaga yurishlar qilib kelar, lekin u yerda sobit qolmagan edilar. Faqat ag‘labiylar davrida u yerda turib hukm yuritish imkoniga ega bo‘ldilar. Siqilliya orolini fath qilishda Asad ibn Furot qozi ul-quzot (bosh qozi) o‘laroq ishtirok etdi. Islomning hukmronligi bu orolda hijriy 483 (milodiy 1090) yilgacha davom etdi.

Ag‘labiylar O‘rta yer dengizidagi orollarga doimiy ravishda hujumlar uyushtirib turdilar. Ular hijriy 256 (milodiy 870) yilda Maltani fath qildilar. Shuningdek, Italiyaning janubiy taraflariga va Fransiyaga ham g‘azotlar uyushtirib, muvaffaqiyat qozondilar. Fransiyaning sohillariga ega chiqishdi va Italiyaning bir qancha shaharlarini – Brindizi, Napoli, Kalyarini, Taranto va Barini fath qildilar.

Ubaydiylar davlati hijriy 296 (milodiy 908) yilda ag‘labiylar davlatini ham tugatdi.

Ag‘labiylar davlatining mashhur hokimlari:
1. Ibrohim ibn Ag‘lab ibn Solim. Hijriy 184–196 (milodiy 800–811) yillar.
2. Ziyodatulloh ibn Ibrohim. Hijriy 201–223 (milodiy 816–838) yillar.
3. Ibrohim ibn Ahmad. Hijriy 261–289 (milodiy 875–902) yillar.
 

Keyingi mavzu:
Ikkinchi Abbosiylar asri;
Turklarning ustunligi;
Zanjiylar qo‘zg‘aloni;
Qarmatiylar harakati.