Mazhabimizni o‘rganamiz
Yakka tartibda rivoyat qilgan hadislarga furu’iy masalalarda amal qilish borasida Imom Abu Hanifa va as'hoblari hamda ulardan keyingi hanafiy olimlar Ray – fikr bildirish masalasida boshqa faqihlar (islom huquqi olimlari) va barcha muhaddislar qo‘ygan shartlarga amal qilishgan. Bu roviyning adolati va zabti, ya’ni hadisni xotirasida mustahkam saqlashidir. Hanafiy faqihlar “zabt” ma’nosining tafsirida boshqalarga qaraganda qattiqroq bo‘lishdi. Faxrul islom Imom Bazdaviy o‘zining “Usul” kitobida buni juda daqiq bayon qilgan. U shunday deydi: Zabt – mukammal bilishdan murod roviy hadisni juda yaxshi eshitgan bo‘lishi va undan iroda qilingan ma’noni yaxshi fahmlashi hamda eshitganini mukammal holda yodida saqlashi va eshitgan hadisni batafsil hifzida saqlashida sobit turishi, hadisni rivoyat etgunga qadar o‘ziga talabchan bo‘lishida bardavom bo‘lishidir. Bu holat ikki xil bo‘ladi:
birinchisi, hadis matni tartibi va lug‘aviy ma’nosini to‘la bilishi;
ikkinchisi, bunga qo‘shimcha ravishda mazkur hadisni fiqh va shariat nuqtayi nazaridan yaxshi bilishi ham qo‘shiladi. Bu mukammallik bo‘lib hisoblanadi.
Mutloq yaxshi bilish o‘z ichiga kamolotni oladi. Shuning uchun ham roviyning xilqiy g‘aflati, ya’ni bilmasligi yoki bilimsizligi roviy zabtida hadis tarkibi va ma’nosini mukammal bilish mavjud emasligiga hujjat bo‘ladi. Natijada qaysi hadis kuchliroq yoki undan murod nima ekanini bilishda fiqhni yaxshi bilgan roviyning rivoyati fiqhni yaxshi bilmagan roviyning rivoyatidan ustun bo‘ladi.
Yuqoridagi mazmundan ma’lum bo‘ladiki, hanafiy mazhab fuqaholari “zabt” ya’ni yaxshi bilish va anglashni nozik qirralarini yaxshi bilgan va roviyning faqih bo‘lishida “zabt” ma’nosini batafsil bayon qilishgan. Ammo ular roviyning rivoyatini qabul qilishda uni olish shart ekaniga e’tibor qilishmaydi. Balki roviyning hadisi ishonchliroq bo‘lishini shart qilishadi. Agar ikki rivoyat bir-biriga zid bo‘lsa: birinchi, faqih, ya’ni bilimdon roviy rivoyat qilgan bo‘lsa, ikkinchisini esa faqih bo‘lmagan roviy rivoyat qilgan bo‘lsa, hanafiy mazhabi fuqaholari faqih rivoyatini afzal biladilar, zero bu zabtliroqdir, bilishda kuchli, dinni ko‘proq biladi va anglaydi. Biz bu holatni ya’ni roviyning faqih bo‘lishi muhim ekanligini Imom Abu Hanifa, Imom Abu Zoiy rahimahulloh bilan bayon qilgan munozarasini o‘zining tilidan rivoyat qilamiz.
“Sufiyon ibn Uina rivoyat qilib, bunday dedi: Imom Abu Hanifa rahimahulloh Makkada tikuvchilar hovlisida Imom Avzoiy rahimahulloh bilan birga bo‘ldi. Imom Abu Zoiy Imom Abu Hanifaga dedi: “Nima uchun sizlar namozda rukuga borganda va undan ko‘tarilganda qo‘llaringizni ko‘tarmaysizlar?” Imom Abu Hanifa aytdi: “Shuning uchunki namozni boshlash vaqtidan tashqari ruku va undan turishdan tashqari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘llarini ko‘targanlari haqidagi hadislar sahih emas”. Imom Avzoiy: “Bu qanday? Menga Zuhriy u Salimdan, u otasidar rivoyat qilgan hadisda Rasululloh qo‘llarini ko‘targanliklarini bayon qilingan-ku?” dedi. Shunda Abu Hanifa aytdi: Bizga Hammod u Ibrohimdan, u Alqama va Avsdan, u Abdulloh ibn Mas’uddan rivoyat qilgan hadisdan Rasululloh alayhii vasallam namozni boshlashdan boshqa biron bir holatda qo‘llarini ko‘tarmaganliklari haqida rivoyat qilingani haqida bayon etilgan.
Shunda Imom Avzoiy rahimahulloh dedi: “Men sizga Zuhriydan, u Salimdan, u otasidan rivoyat qilgan hadisni aytsam, siz Hammoddan, u Ibrohimdan rivoyat qilgan hadisni keltirdingiz-a?” dedi. Imom Abu Hanifa dedi: Hammod Zuhriyga qaraganda faqihroq, Ibrohim Salimga qaraganda faqihroq, Alqama ham Abdulloh ibn Umardan kam emas, agarchi Abdulloh sahoba bo‘lsa ham Asvadning fazilati ko‘p.
Boshqa bir rivoyatda shunday keladi. Ibrohim Salimga qaraganda faqihroq. Abdulloh ibn Umar sahobalik fazilati bo‘lmaganda Alqama Abdulloh ibn Umardan ko‘ra faqihroq derdim. Abdulloh esa ibn Mas’uddir. Uning darajasiga esa zikr etilganlarning birontasi ham yetolmaydi.
Mazkur munozara shunga dalolat qiladiki, Imom Abu Hanifa rahimahulloh hadis ustivorligida roviyning faqih bilimdonligini mulohaza etgan. Shuning uchun ham faqihroq bilimdonroq roviyning rivoyatini yuqori darajaga qo‘ygan. Bir so‘z bilan aytganda, Imom Abu Hanifa rahimahulloh, o‘z asrida hadisni boshqalarga qaraganda yaxshiroq bilgan va tushungan. Hadis zabtiga doir shartlariga rioya qilganligi uchun ham hadis rivoyatlari ko‘p emas.
Ilmiy munozarada nomlari zikr etilgan faqehlarning muxtasar siyratlari:
Imom Zuhriy Qur’oni karim ilmlari, arablar nasabini yaxshi bilar edi. Uning xotirasi juda o‘tkir va mustahkam bo‘lgan. Shuning uchun u xotirani zaiflashtiradi deb nordon olma yemas, doim asalli sharbat ichardi. Uning ustoz va shogirdlari ziyoda ko‘p bo‘lgan.
U yetuk faqih, mufassir, muhaddis, olim sifatida o‘ziga o‘xshagan yetuk ilmli ko‘plab Umar, Usmon, Ali, Salmon, Abu Dardo, Xolid, Xuzayfa, Oisha, Sa’d, Ammor rahimahulloh kabi sahobalardan hadis rivoyat qilgan.
Alqama hijriy 62 sanada 90 yoshda vafot etgan. Vafoti oldidan shunday vasiyat qilgan edi: “Vafotim yaqinlashsa oldimda menga “La ilaha illalloh”ni aytib turadigan kishini hozir qilinglar, vafot etsam meni darhol qabrimga dafn etinglar, zero, vafotim xabari johiliyat xabariga o‘xshashidan qo‘rqaman.
Manbalar
Abdulhamid TURSUNOV,
O‘MI raisi maslahatchisi
Xorazm viloyatining turizm salohiyatini yuzaga chiqarish bo‘yicha qilinayotgan ishlar katta natija bermoqda, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, buni hududga xorijiy sayyohlarning tashrifi yetti-sakkiz yil oldingi davrga nisbatan 30 barobar ko‘payganida ham ko‘rish mumkin. Sohadagi o‘zgarishlar hisobiga viloyat turizm xizmatlari eksporti 2017 yildagi 7 million dollardan o‘tgan yilda 380 million dollarga yetdi.
Sir emas, ilgari hudud turizmi haqida gapirilganda ko‘pchilik faqat Ichan qal’ani hayoliga keltirar edi. Keyingi vaqtlarda bu boradagi qarashlar butunlay o‘zgardi. Sayyohlar uchun qirqdan ortiq turistik yo‘nalishlar ishlab chiqildi va ularning umumiy soni yuztaga yetdi.
Endi bu yerda yana bir noyob majmua – "Arda Xiva" bor. Uning ochilishi Xorazm viloyatiga Prezident tashrifining muhim voqeasi bo‘ldi.
Majmua qadim kent ichra yana bir betakror shaharni eslatadi. Mazkur maskan o‘zida tarix va bugunni uyg‘unlashtirgan me’moriy yechimi bilan noyob loyiha sanaladi.
"Arda Xiva" hududdagi 25 gektarlik past unumli, sho‘rxok maydonda qurildi. Uning bir tomoni 150 gektarlik G‘ovuk ko‘lga tutashib ketgani, bu maydonlarda esa yashil hududlar tashkil etilayotgani loyihani sayyohlar uchun yanada jozibador ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari majmua bo‘ylab yurib, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalari hamda bozor rastalarini tomosha qildi.
Bu yerda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Xususan, qadimiy shahar muhitini aks ettiruvchi binolar, jami ming o‘rinli 20 ta mehmonxona qurildi. Ochiq-yopiq akvapark va attraksionlar, uch ming o‘rinli amfiteatr va musiqali favvora barpo etildi.
Shuningdek, tarixiy qiyofadagi 11 ta hunarmand uyi, sharqona bozor, "Ko‘hna Urganch" muzeyi mehmonlar uchun qiziqarli bo‘ladi. Ikki kilometrlik kanalda qayiqda sayr qilish imkoniyati yana bir o‘ziga xos yangilik.
Beshta kinoteatr va konsert zali, ko‘plab restoranlar, zargarlik markazi, savdo do‘konlari va rastalari, suv moto-turizmi joyi hamda avtoturargoh zamonaviy talablarga mos tarzda qurilgan. Hududdagi barcha inshootlar uchun yagona sovitish va isitish tizimi barpo etilgan. Elektr energiyasi ta’minoti uchun quyosh panellari o‘rnatilgan.
Majmua yiliga uch million nafar tashrif buyuruvchini qabul qilish imkoniyatiga ega. Bu yerda ikki mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.
Ichan qal’a tarixiy bo‘lsa, "Arda Xiva" Xorazmning zamonaviy "tashrif qog‘ozi" bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari shu yerda xorazmlik yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.
- Har qanday zaxira, yerosti boyliklari qachonlardir tugaydi. Lekin bobolarimiz bizga shunday buyuk ma’naviy meros, ulug‘vor obidalar qoldirganki, ular asrlar davomida xalqqa xizmat qilib kelayapti. Biz mana shu boylikdan elimiz manfaati yo‘lida foydalanishimiz kerak. Ancha ishlar qilindi, lekin hali rejalar ham ko‘p. Men bu yo‘lda siz, yoshlarga ishonaman. Sizlar baland cho‘qqilarni ko‘zlab, shunga yarasha bilim olsangiz, zamonaviy kasblarning ustasi bo‘lsangiz, yuksak maqsadlarimizga albatta erishamiz, - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Yoshlarning o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, orzu-intilishlari haqida fikr almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati