Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Iyun, 2025   |   8 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:51
Peshin
12:26
Asr
17:35
Shom
19:55
Xufton
21:31
Bismillah
04 Iyun, 2025, 8 Zulhijja, 1446

Imom Abu Hanifa mazhabida fiqhiy dalillarning o‘rni

22.02.2018   9182   10 min.
Imom Abu Hanifa mazhabida fiqhiy dalillarning o‘rni

Mazhabimizni o‘rganamiz 

Yakka tartibda rivoyat qilgan hadislarga furu’iy masalalarda amal qilish borasida Imom Abu Hanifa va as'hoblari hamda ulardan keyingi hanafiy olimlar Ray – fikr bildirish masalasida boshqa faqihlar (islom huquqi olimlari) va barcha muhaddislar qo‘ygan shartlarga amal qilishgan. Bu roviyning adolati va zabti, ya’ni hadisni xotirasida mustahkam saqlashidir. Hanafiy faqihlar “zabt” ma’nosining tafsirida boshqalarga qaraganda qattiqroq bo‘lishdi. Faxrul islom Imom Bazdaviy o‘zining “Usul” kitobida buni juda daqiq bayon qilgan. U shunday deydi: Zabt – mukammal bilishdan murod roviy hadisni juda yaxshi eshitgan bo‘lishi va undan iroda qilingan ma’noni yaxshi fahmlashi hamda eshitganini mukammal holda yodida saqlashi va eshitgan hadisni batafsil hifzida saqlashida sobit turishi, hadisni rivoyat etgunga qadar o‘ziga talabchan bo‘lishida bardavom bo‘lishidir. Bu holat ikki xil bo‘ladi:

birinchisi, hadis matni tartibi va lug‘aviy ma’nosini to‘la bilishi;

ikkinchisi, bunga qo‘shimcha ravishda mazkur hadisni fiqh  va shariat nuqtayi nazaridan yaxshi bilishi ham qo‘shiladi. Bu mukammallik bo‘lib hisoblanadi.

Mutloq yaxshi bilish o‘z ichiga kamolotni oladi. Shuning uchun ham roviyning xilqiy g‘aflati, ya’ni bilmasligi yoki bilimsizligi roviy zabtida hadis tarkibi va ma’nosini mukammal bilish mavjud emasligiga hujjat bo‘ladi. Natijada qaysi hadis kuchliroq yoki undan murod nima ekanini bilishda fiqhni yaxshi bilgan roviyning rivoyati fiqhni yaxshi bilmagan roviyning rivoyatidan ustun bo‘ladi.

Yuqoridagi mazmundan ma’lum bo‘ladiki, hanafiy mazhab fuqaholari “zabt” ya’ni yaxshi bilish va anglashni nozik qirralarini yaxshi bilgan va roviyning faqih bo‘lishida “zabt” ma’nosini batafsil bayon qilishgan. Ammo ular roviyning rivoyatini qabul qilishda uni olish shart ekaniga e’tibor qilishmaydi. Balki roviyning hadisi ishonchliroq bo‘lishini shart qilishadi. Agar ikki rivoyat bir-biriga zid bo‘lsa: birinchi, faqih, ya’ni bilimdon roviy rivoyat qilgan bo‘lsa, ikkinchisini esa faqih bo‘lmagan roviy rivoyat qilgan bo‘lsa, hanafiy mazhabi fuqaholari faqih rivoyatini afzal biladilar, zero bu zabtliroqdir, bilishda kuchli, dinni ko‘proq biladi va anglaydi. Biz bu holatni ya’ni roviyning faqih bo‘lishi muhim ekanligini Imom Abu Hanifa, Imom Abu Zoiy rahimahulloh bilan bayon qilgan munozarasini o‘zining tilidan rivoyat qilamiz.

“Sufiyon ibn Uina rivoyat qilib, bunday dedi: Imom Abu Hanifa rahimahulloh Makkada tikuvchilar hovlisida Imom Avzoiy rahimahulloh bilan birga bo‘ldi. Imom Abu Zoiy Imom Abu Hanifaga dedi: “Nima uchun sizlar namozda rukuga borganda va undan ko‘tarilganda qo‘llaringizni ko‘tarmaysizlar?” Imom Abu Hanifa aytdi: “Shuning uchunki namozni boshlash vaqtidan tashqari ruku va undan turishdan tashqari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘llarini ko‘targanlari haqidagi hadislar sahih emas”. Imom Avzoiy: “Bu qanday? Menga Zuhriy u Salimdan, u otasidar rivoyat qilgan hadisda Rasululloh qo‘llarini ko‘targanliklarini bayon qilingan-ku?” dedi. Shunda Abu Hanifa aytdi: Bizga Hammod u Ibrohimdan, u Alqama va Avsdan, u Abdulloh ibn Mas’uddan rivoyat qilgan hadisdan Rasululloh alayhii vasallam namozni boshlashdan boshqa biron bir holatda qo‘llarini ko‘tarmaganliklari haqida rivoyat qilingani haqida bayon etilgan.

Shunda Imom Avzoiy  rahimahulloh dedi: “Men sizga Zuhriydan, u Salimdan, u otasidan rivoyat qilgan hadisni aytsam, siz Hammoddan, u Ibrohimdan rivoyat qilgan hadisni keltirdingiz-a?” dedi. Imom Abu Hanifa dedi: Hammod Zuhriyga qaraganda faqihroq, Ibrohim Salimga qaraganda faqihroq, Alqama ham Abdulloh ibn Umardan kam emas, agarchi Abdulloh sahoba bo‘lsa ham Asvadning fazilati ko‘p.

Boshqa bir rivoyatda shunday keladi. Ibrohim Salimga qaraganda faqihroq. Abdulloh ibn Umar sahobalik fazilati bo‘lmaganda Alqama Abdulloh ibn Umardan ko‘ra faqihroq derdim. Abdulloh esa ibn Mas’uddir. Uning darajasiga esa zikr etilganlarning birontasi ham yetolmaydi.

Mazkur munozara shunga dalolat qiladiki, Imom Abu Hanifa rahimahulloh hadis ustivorligida roviyning faqih bilimdonligini mulohaza etgan. Shuning uchun ham faqihroq bilimdonroq roviyning rivoyatini yuqori darajaga qo‘ygan. Bir so‘z bilan aytganda, Imom Abu Hanifa rahimahulloh,  o‘z asrida hadisni boshqalarga qaraganda yaxshiroq bilgan va tushungan. Hadis zabtiga doir shartlariga rioya qilganligi uchun ham hadis rivoyatlari ko‘p emas.

Ilmiy  munozarada nomlari zikr etilgan faqehlarning muxtasar siyratlari:

  1. Shom ahli, Mag‘rib va Andalus imomi nomi bilan mashhur bo‘lgan Abu Amr ibn Yuhmad Avzoiy  (rahimahulloh) 88 hijriy sanada (707 milodiy) Livanning Ba’labakka shahrida tavallud topdi. U umaviylar va abbosiylar davrida yashadi. Imom Avzoiy yashagan zamonda ilmu ma’rifat yuksak darajaga ko‘tarilgan edi. Uning nisbasi Yaman qabilalaridan biri Avzoiy qabilasiga mansubdir. Uning asrida Molik ibn Anas, Ja’far Sodiq, Sufyon Savriy, Hasan Basriy, Muhammad Sirrin, Abu Hanifa No‘mon, Lays ibn Sa’d va boshqalar hayot bo‘lishgan. Imom Avzoiy 13 yoshidan boshlab fiqh masalalari haqida fatvo bera boshlagan, 17 yoshida esa aqidaviy masalalar borasida fatvo bergan. U “Ilm talabida safar qilish farz” degan islom qoidasiga bor vujudi va iymoni bilan ishongan va amal qilgan holda Shom, Yaman, Madinai munavvara, Baytul maqdis va boshqa  shaharlarga ilm talabida safar qildi. Bir necha bor haj qildi. Imom Avzoiy yashagan zamonda jamiyat ichida turli bid’at va tortishuvlar avjiga chiqqan vaqtda Islom dini va Payg‘ambar sunnatlarini u qattiq himoya qildi. Imom Avzoiy 157 hijriy sanada (774 milodiy) Bayrutda vafot etdi. Uning janozasida musulmonlar, nasorolar, yahudiylar va qibtiylar ishtirok etishdi. Rivoyat qilinishicha, Makkai mukarramada Imom Avzoiy bilan Sufyon Savriy o‘rtalarida ham “namozda qo‘l ko‘tarish” haqidagi masala ustida munozara bo‘lib o‘tgan.    
  2. Faqih, Hofiz, Muhaddis, Kalom ilmi olimi Abu Bakr Muhammad ibn Muslim ibn Ubaydulloh ibn Abdulloh Shihob Zuhriy 58 hijriy sanada Madinai munavvarada tavallud topdi. Shu yili mo‘minlarni onasi Oisha roziyallohu anho vafot etgandilar. Imom Zuhriyning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadislari 2200ga yetgan. Undan Imom Buxoriy, Imom Muslim, Abu Dovud, Imom Termiziy, Nasoiy, Ibn Moja hadis rivoyat qilishgan. Imom Zuhriy 124 hijriy sanada 66 yoshda vafot etdi.

Imom Zuhriy Qur’oni karim ilmlari, arablar nasabini yaxshi bilar edi. Uning xotirasi juda o‘tkir va mustahkam bo‘lgan. Shuning uchun u xotirani zaiflashtiradi deb nordon olma yemas, doim asalli sharbat ichardi. Uning ustoz va shogirdlari ziyoda ko‘p bo‘lgan.

  1. Muhaddis Abu Umar Solim ibn Abdulloh ibn Umar ibn Xattob roziyallohu anhu madinalik tobeinlardan bo‘lib, Payg‘ambarimizdan ko‘plab hadis rivoyat qilgan roviylardan biri. O‘z zamonasida Madinada muftiylik qilgan. Madinadagi yetti faqihlardan biri. U hazrati Usmon ibn Affon zamonasida tavallud topib, hijratning 106 sanasida Madinada vafot etgan, Jannati Baqi’ qabristoniga dafn etilgan.
  2. Imom, Hofiz, Faqih, Qoriy, Mujtahid Abu Shibl Alqama ibn Qays ibn Abdulloh ibn Molik ibn Salmon Nahaiy Ko‘fiy Payg‘ambarimiz zamonida Madinada tavallud topgan. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rmagan. Keyin Iroqdagi Ko‘fa shahrida yashagan. U Abdulloh ibn Mas’uddan ta’lim oldi. U Ibn Mas’udga juda ham o‘xshashga harakat qilardi. Abdulloh ibn Mas’ud va Ali ibn Abu Tolib vafot etganlaridan keyin fatvo berishni boshlagan, hatto ba’zan sahobalar undan masalalar haqida so‘rashardi.

U yetuk faqih, mufassir, muhaddis, olim sifatida o‘ziga o‘xshagan yetuk ilmli ko‘plab Umar, Usmon, Ali, Salmon, Abu Dardo, Xolid, Xuzayfa, Oisha, Sa’d, Ammor rahimahulloh kabi sahobalardan hadis rivoyat qilgan.

Alqama hijriy 62 sanada 90 yoshda vafot etgan. Vafoti oldidan shunday vasiyat qilgan edi: “Vafotim yaqinlashsa oldimda menga “La ilaha illalloh”ni aytib turadigan kishini hozir qilinglar, vafot etsam meni darhol qabrimga  dafn etinglar, zero, vafotim xabari johiliyat xabariga o‘xshashidan qo‘rqaman.

  1. Faqih imom Hammod ibn Abi Sulaymon rahimahulloh kufalik faqihlardan biri, U Imom Abu Hanifa No‘mon rahimahullohning ustozi. Abu Hanifa undan o‘n sakkiz yildan ko‘proq fiqh ilmidan ta’lim olgan. Imom Hammod Kufadagi tobein faqihlardan bo‘lib, imom Ibrohim Nahiydan fiqh ilmini o‘rgangan edi. Imom Hammod rahimahulloh 120 hijriy sana (737 milodiy) vafot etgan.
  2. Faqih, imom Abu Imron Ibrohim ibn Yazid Naxaiy rahimahulloh kufalik faqih, qoriy, muhaddis bo‘lib, hijriy sananing 47 da Yamanda tavallud topib, 96 hijriy yilda Kufada vafot etgan. U nihoyat darajada parhezkor, zohid edi, kunora ro‘zador edi. Faqih Ibrohim rahimahulloh o‘zining amakisi Alqama ibn Qays Naxaiy va tog‘asi Asvad ibn Yazid Naxiy va boshqa ko‘plab roviylardan hadis rivoyat qilgan. Imom Ahmad ibn Hanbal u haqda shunday degan: “Ibrohim zakiy, hofiz va sunnat sohibi edi”. 

Manbalar

  1. Usul Faxrul Islom. 2juz, 717 bet.
  2. Hujjatulloh al bolig‘a. Dehlaviy. 1 juz. 231 bet.
  3. Kashf ul asror, 2 juz, 818 bet.
  4. Siyar a’lom annubalo.
  5. Attabaqot al kubro. Ibn Sa’d.
  6. Tarix Damashq. Ibn Asokir.
  7. Albidoya va annihoya. Ibn Kasir.
  8. Jomi bayon alilm va fazlihi. Ibn Abd albar.
  9. Tazkira al xuffoz. Xofiz Zahabiy.
  10. Alisoba fi tamyiz as sahoba. Ibn Xajar Asqaloniy.

 

Abdulhamid TURSUNOV,

O‘MI raisi maslahatchisi

 

Fiqh
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qur’on matni saqlanib qolishiga oid manbalar aniqlandi – mutaxassislar

04.06.2025   2470   4 min.
Qur’on matni saqlanib qolishiga oid manbalar aniqlandi  –  mutaxassislar

 
 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari orqali islom madaniyati va Qur’on ilmining turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari haqida chuqur tasavvur olish imkoniyatiga ega bo‘lish mumkin. Shuningdek, Qur’on matnlari qanday saqlanib qolgani haqida ham ma’lumotlar taqdim etilishi kutilyapti. 

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi megaloyiha — Islom sivilizatsiyasi markazining ekspozitsiyalarini shakllantirishda kontentlarni zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlash bosh vazifa sifatida belgilangan.

 

Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Markazning maxsus shtabida Qur’on zali ekspozitsiyasi bo‘yicha yakuniy taklif va xulosalar muhokama qilindi. Unda ekspozitsiyani mazmunan boyitish, noyob qo‘lyozmalarni tanlab joylashtirish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida keng ommaga taqdim etish kabi masalalar muhokama qilindi.


 

Zalda 114 ta noyob Qur’on qo‘lyozmasi to‘plangan bo‘lib, bu yurtimizda Qur’onga bo‘lgan hurmat va e’tiborni namoyon etadi. Qo‘lyozmalar orasida juda qadimiy va nodir nusxalar ham mavjud. Jumladan:

 

- “Katta Langar Qur’oni” — bugungi kunda juda kam sonli nusxalari saqlanib qolgan, ilk islomiy qo‘lyozmalardan biri;

 

Hazrati Usmon Qur’oni — Qur’onning ilk nashrlaridan biri bo‘lib, islom olamida muqaddas manba sifatida e’tirof etiladi.

 

Shuningdek, boshqa davrlarga oid ko‘plab arab grafikasida yozilgan, bezakli, noyob qo‘lyozmalar namoyish qilinadi. Bu qo‘lyozmalar tarixiy va diniy ahamiyatga ega bo‘lib, ularni o‘rganish orqali islom madaniyati va Qur’on ilmining turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari haqida chuqur tasavvurga ega bo‘lish mumkin.

 

Muhokamada Qur’on zalini tashkil etishda zamonaviy uslublarni qo‘llash, ya’ni nafaqat kitoblarni saqlash, balki ularni interaktiv va tushunarli shaklda taqdim etish masalalari muhim o‘rin tutdi. Jumladan, quyidagi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilmoqda:

interaktiv ekranlar – har bir qo‘lyozmaning sahifalarini yaqinlashtirib, harflari va bezaklarini ko‘rib chiqish imkoniyati;

audiogidlar (ovozli yo‘lboshchilar) – har bir eksponat haqida o‘zbek, arab, ingliz tillarida ma’lumotlar tinglash imkoniyati;

virtual ekspozitsiyalar – internet orqali Qur’on zalini masofadan turib tomosha qilish imkoniyati;

Zamonaviy yoritish va namoyish texnikasi – qo‘lyozmalarni zarar yetkazmasdan ko‘rsatish imkonini beradi.

 

Bu usullar orqali tashrif buyuruvchilar har bir Qur’on nusxasining tarixi, yozilgan davri, geografiyasi va san’at darajasi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishadi.

 

Mazkur zal faqat ko‘rgazma emas, balki ilmiy tadqiqotlar olib boriladigan markaz ham bo‘ladi. Bu yerda sharqshunoslar, tarixchilar, filologlar, hattotlar va diniy olimlar uchun bebaho manbalar taqdim etiladi.

 

Hamidulla Lutfullayev, Sharqshunoslik instituti Tarixiy manbalar bo‘limi boshlig‘i, olim:


– Qur’oni karimning dastlabki davrlariga oid, ayniqsa Hazrati Usmon davrida yozilgan yettita qo‘lyozma nusxasi aniqlangan. Ekspozitsiyadan joy olishi kutilayotgan bu manbalar bizga Qur’on matni qanday saqlanib qolganini ko‘rsatadi va o‘rganishimizga zamin yaratadi. Qur’on zali yosh avlod, xorijiy mehmonlar, tadqiqotchilar va ziyoratchilar uchun diniy, madaniy va ilmiy boylikni bir joyda ko‘rish imkonini beradi.

 

Mazkur loyiha orqali O‘zbekiston musulmon olamida yana bir bor ilm, ma’naviyat va bag‘rikenglik markazi sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlashi kutilmoqda. Qur’on zali esa bu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

cisc.uz

Qur’on matni saqlanib qolishiga oid manbalar aniqlandi  –  mutaxassislar
O'zbekiston yangiliklari